Murojaat nega rad etildi?

Pasurxi — qadimiy va tarixiy nom. Biroq u yerdagi “Fidokor” ko'chasi nega “Fidokor” bo'lgani va bu nom qanday paydo bo'lgani, ushbu mahalla bilan qanday bog'liqlik tomoni borligini qishloq ahli ham, ko'cha nomini o'zgartirishga qarshi mahkama mutasaddilari ham bilishadimi?

Asli Surxon farzandi, o'zbek va qardosh tojik adabiyotining taniqli namoyandasi, Tojikiston xalq yozuvchisi, mohir tarjimon, ikki xalq adabiyoti, madaniy muhiti hamkorligiga ulkan hissa qo'shgan adib Sattor Tursun o'zbek va tojik xalqi va adabiyoti o'quvchilari uchun ham qadrli, yaqin inson edi. Qolaversa, uning O'zbekistonda, Boysunda tug'ilib, shu yurtda ta'lim olgani, bugungi o'zbek adabiyotining Erkin A'zam, Usmon Azim kabi zabardast vakillari bilan bir ariqdan suv ichib, katta adabiyotga qadam qo'ygani Sattor Tursun nafaqat adib, balki shaxs sifatida ham biz uchun begona emasligini anglatadi.

Adib Boysunning Pasurxi qishlog'ida tavallud topgan. Shu qishloqdagi 5-sonli umumta'lim maktabida tahsil olgan. Adibning o'zi e'tirof etishicha, u bolalik va o'smirlik davrlarini Boysunsoy qirg'oqlarida, o'z tengqurlari Erkin A'zam, Usmon Azim va boshqa do'stlari, yaqinlari bilan deyarli bir ko'chada o'tkazgan.

Sattor Tursun o'zining ilk “Cho'qqilar sukuti” qissasi bilan o'zining navqiron yoshidayoq nafaqat o'zbek kitobxonlari, balki o'zbek munaqqidlari nazariga tushgan ijodkor ham edi. Xususan, uning bu asarini o'qigan O'zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov yosh iste'dod egasiga alohida maktub yo'llab, jumladan, Sattor Tursun asari, ijodi haqida shunday fikrlar bildirgan: “Men Chingiz Aytmatov va Rasputin qissalarini o'qib, jahon urushi haqida bu darajada boshqa hech kim yozolmasa kerak deb o'ylagandim. Ammo Siz asaringizda yangi qirralarni kashf etdingiz”.

Bugungi kunda adibning asarlari dunyoning o'ttizdan ortiq tillariga tarjima qilingan, uning tarjimasida ko'plab dunyo adabiyoti durdonalari va o'zbek yozuvchilarining asarlaridan tojik kitobxonlari ham bahramand bo'lishgan. Adibning dunyo adabiyoti, xalqlar do'stligi va tinchlikka qo'shgan hissasi e'tiborga olinib, 2000 yilda “Yil odami — 2000” xalqaro titul nominanti sifatida e'tirof etilgan.

Albatta, boysunliklar ushbu mo''jaz makondan dunyo e'tirofidagi mashhurlar, taniqli adiblar, shoir va akademik olimlar, san'atkorlar yetishib chiqqanidan hamisha faxrlanib kelganlar. Jumladan, Sattor Tursun uchun ham. Shu ma'noda ular taniqli hamyurtlari, adabiyot, fan, madaniyat va san'at yo'lida katta xizmatlar qilib o'tgan birodarlari vafotidan keyin ham qadr topishlari, ularning nomlari o'chib ketmasligi haqida mudom qayg'urib kelishadi. Masalan, Boysun xalqi bugungacha O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning nomini abadiylashtirish haqida qayg'urilmayotganidan afsusdalar. Arzimaydimi betakror adib Shukur Xolmirzayev e'tiborga? Nega bugungacha taniqli adib tug'ilib o'sgan yurtida, hech bo'lmasa, kichik bir ko'cha uning nomi bilan atalmayapti? Vaholanki, Shukur Xolmirzayevning o'zbek adabiyoti, ayniqsa, o'zbek hikoyachiligi rivojiga qo'shgan hissasining o'ziyoq bundan yuksakroq hurmatga, e'tibor va e'tirofga loyiq edi.

Gap shundaki, 2023 yilda katta adib Sattor Tursun ham olamdan o'tgach, marhumning ma'rakalaridan so'ng qishloq oqsoqollari yig'ilib maslahat qilishdi. Adibning ikki qardosh xalq do'stligi, adabiyoti va madaniy aloqalarini mustahkamlashda ko'rsatgan xizmatlarini e'tiborga olib, uning nomini o'zi tug'ilib o'sgan qishloqdagi ko'chaga qo'yishlarini iltimos qilib, tegishli davlat idoralariga murojaat yo'llashdi.

Har holda, qishloq ahli murojaatlari tezda inobatga olinib, “yuqori”dan yaxshi xabar kelishidan umidvor edilar. Axir shu qishloqda tug'ilib o'sgan Sattor Tursundek taniqli inson hurmati uchun uning nomini bir kichik qishloq ko'chasidan qizg'anishmasa kerak degan fikr bor edi-da murojaatchilarda.

Biroq kutilmaganda qishloq ahlining yaxshi niyatda qilgan murojaatlari katta-katta idoralarning temir eshiklariga urilib, bir parchagina ilovasi bilan qaytib kelaverdiki, alhol, bu qog'ozbozlik bir yildan oshib, bugungacha ham davom etmoqda.

Boysunning Pasurxi mahallasi oqsoqollari iltimosiga binoan, ularning murojaatlari e'tiborga olinmasligi sabablari mohiyatini o'rganishga harakat qildik. Aniqlanishicha, murojaatchilarga tumandan o'tib viloyat, respublika darajasidagi tegishli idoralardan bir jumlasi ham o'zgartirilmagan bir xil javoblar kelgan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i Sh.Suvonov imzosi bilan kelgan javob xatida: “Geografik ob'yektlarning nomlari to'g'risida”gi qonunning 5-12-moddalarining bandlariga muvofiq “Fidokor” ko'chasining nomini Sattor Tursun nomi bilan qayta nomlash bo'yicha taklif nomuvofiq deb hisoblangan…”

Endi Sh.Suvonov imzosi bilan kelgan javob xatida ilova qilingan va alohida rangda ko'rsatilgan ushbu qonunning aynan 5-12-moddalarining boshqarma boshlig'i ishora qilgan bandlariga e'tibor qilamiz. “Geografik ob'yektlarning nomlarini o'zgartirishga doir talablar” deb nomlanuvchi moddada “geografik ob'yektning belgilangan maqsadi jiddiy tarzda o'zgarganda”, “ayrim geografik ob'yektlarning tarixiy nomlarini tiklash zarur bo'lganda” joy nomlari o'zgartirilishiga yo'l qo'yilishi ko'rsatilgan.

Aytaylik, Pasurxi — qadimiy va tarixiy nom. Biroq u yerdagi “Fidokor” ko'chasi nega “Fidokor” bo'lgani va bu nom qanday paydo bo'lgani, ushbu mahalla bilan qanday bog'liqlik tomoni borligini qishloq ahli ham, ko'cha nomini o'zgartirishga qarshi mahkama mutasaddilari ham bilishadimi? Qolaversa, ko'chaga ushbu nomni qo'yishdan oldin mahalliy aholi bilan hech kim maslahatlashmagan, fikr so'ramagan. Ushbu nom tumandagi aksariyat ko'chalarda bo'lganidek, geografik ob'yektlarni nomlash va qayta nomlash komissiyasi tomonidan majburan “yopishtirib” qo'yilgan, xolos. Umuman, respublikaning boshqa hududlarida bo'lganidek, Boysunda ham ko'chalarni qayta nomlash kampaniyasi davomida o'ylamay-netmay shunaqa nomlar qo'yilganki, ko'rib ensangiz qotishi turgan gap. Hatto tuman markazida ba'zi ko'chalarga bir nom yetmaganidek, ikkita nom qo'yilgan holatlar ham uchraydi. “Fidokor” nomiga keladigan bo'lsak, shu nom viloyatdagi bir qancha ko'chalarga qo'yilgan. Shundan kelib chiqib, Pasurxi mahallasidan o'tuvchi ko'chaga berilgan “Fidokor” nomi qishloqning tarixi, kecha va buguniga umuman aloqasi bo'lmagani sababli, uni Sattor Tursun nomi bilan qayta nomlash qonunga zid bo'lmasdi. Qolaversa, bahonada tarixiylikka mutlaqo aloqasi bo'lmagan nom ham barham topgan bo'lardi.

Endi ta'kidlangan qonunning 12-moddasiga qaytamiz. Unda geografik ob'yektlarga nom berish va ularning nomlarini o'zgartirish masalalari bo'yicha komissiyalarning asosiy vazifalari ko'rsatilgan. Jumladan, komissiya a'zolari xalqimizning tarixiy-madaniy qadriyatlari va merosi bilan bog'liq geografik ob'yektlarning nomlari asossiz o'zgartirilishining oldini olish, nom berish va ularning nomlarini o'zgartirish chog'ida mahalliychilik, oshna-og'aynigarchilik, xizmat mavqeini suiiste'mol qilishga yo'l qo'ymaslik qayd etilgan.

Ta'kidlash joizki, murojaatchilarga yuborilgan javoblarda ilova qilingan qonunning ushbu bandlari aynan davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan alohida rangda ajratib ko'rsatilgani uchun ham qonunning ushbu modda va bandlariga e'tiborni qaratdik. Ochig'i, biz aynan mutaxassislar da'vo qilib turgan 12-moddada qayd etilgan “O'zbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari hamda merosi bilan bog'liq geografik ob'yektlarning nomlari muhofaza qilinishini ta'minlash, asossiz o'zgartirilishining oldini olish”ga qaratilgan e'tirozni yuzaga keltiradigan vaziyat pasurxiliklar murojaatida mavjud ekanligini ko'rmadik. Ya'ni yuqorida eslatganimizga ko'ra “Fidokor” nomi ko'chaning ham, qishloqning ham tarixiyligi bilan bog'liq bo'lmagan va rasmiyatchilik uchun “Ko'chaning nomi bormi? Bor” qabilida qo'yilganga o'xshaydi.

Murojaat 12-moddaning keyingi bandini ham mohiyatan inkor qilmayapti. Chunki Pasurxi mahallasi aholisining qishloq ko'chasiga taniqli adib va ikki qardosh xalq do'stligi, birodarligini hamisha tarannum qilib kelgan Sattor Tursun nomini berish taklifi — bu mahalliychilik deb baholanadigan holat emas aslo. Chunki qardosh birodar xalqning ulug' yozuvchisiga qilinayotgan hurmat va e'tibor, aslida, tojik va o'zbek xalqining necha ming yillik do'stlik va birodarlik rishtalarining mustahkamligi va bardavomligining nozik bir ko'rinishiki, bu holni mahalliychilik, oshna-og'aynigarchilikka yo'yish hech bir toshu tarozida turmaydigan gap. Yana ham aniqrog'i, qonimizda hali ham qo'zg'alib turadigan to'rachilik-byurokratiyaning bir ko'rinishi, xolos. Qolaversa, Sattor Tursun faqat Pasurxi ahlining emas, butun Boysun elining farzandi. U hayoti davomida Boysunni o'zining tug'ilgan go'shasi, kichik Vatani sifatida qadrlab, e'zozlab keldi. U hamisha Boysundan ilhomlandi: aksariyat qahramonlarining xarakterlari, asarlaridagi o'ziga xos tasvirlar kindik qoni to'kilgan maskan tabiati, odamlari, Boysunning betakror ranglarini eslatadi kishiga.

Taniqli adibning hamqishloqlari bugungacha ham respublikaning turli mahkamalariga bu haqda murojaat qilishdan to'xtamayaptilar. Ular hanuz yaxshi xabar ilinjida mushtoq bo'lib kutyaptilar. Ikki qardosh xalqning bir farzandi bo'lgan eldoshlarining tabarruk oyoq izlari qolgan ko'cha uning nomi bilan atalishiga bo'lgan ishonch esa so'ngani yo'q.

Shu o'rinda Boysun ahli, Pasurxi mahllasi oqsoqollari bu borada Surxondaryo viloyati hokimi, senator Ulug'bek Qosimovning ushbu masalaga e'tibor qaratishiga ishonadi. Negaki, viloyat rahbari ma'naviyat sohasiga ham jiddiy munosabatda bo'lmoqda. Zero, o'zi tug'ulib voyaga yetgan kichkina bir ko'chaga ikki buyuk xalq – o'zbek va tojik elining taniqli adibi nomining berilishi – adolatli, xayrli bir ish bo'lar edi.

Davron ORIPOV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − seventeen =