Oqilona fikrlovchilar sardori
Evropalik faylasuf Rene Dekart “Aqlli bo'lish kifoya emas, muhimi, uni ishlata bilishdir” degan edi. Har bir inson Yaratganning bergan aqli bilan dunyoni anglaydi, yangiliklar qilishga intiladi. Aql egalarida ixtirochilik qobiliyatini namoyon etishi uchun doimo ish topiladi.
“Ratsionalizator” deganda, mehnatni tashkil qilishning yanada maqbul hamda yanada samarali usullarini izlash, texnologik jarayonni takomillashtirish va soddalashtirish faoliyati bilan shug'ullanadigan shaxs tushuniladi. U insoniyat ongu tafakkuri, bilim va salohiyati bilan yaratiladigan innovatsion yangilik, soddaroq aytganda, texnika tilidir. Shu o'rinda, ratsionalizator so'zi ma'nosiga qisqacha izoh berib o'tish joiz. “Ratsionalizator” so'zi lotin tilidan olingan bo'lib, “rationalis”, ya'ni “oqilona fikrlovchi”, degan ma'noni anglatadi. Bundan ko'rinib turibdiki, ularni hech ikkalanmasdan yaratuvchi kasb egalari, desak, yanada to'g'riroq bo'ladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ilm bilan ishlab chiqarishni baqamti olib borayotgan iqtidor egalari, ya'ni ratsionalizatorlar juda ko'plab topiladi. Ular uchun kombinat rahbariyati tomonidan har yili tashkil etilib, an'anaga kirgan turli tanlovlar, zakovat shoulari doimo motivatsiya berib kelmoqda.
Bugun kombinatning eng yirik ishlab chiqarish majmuasi hisoblangan 2-gidrometallurgiya zavodida “O'zbekiston” tamg'asi bilan ishlab chiqarilayotgan oltin timsolida iqtidor egalarining haqli ravishda mashaqqatli mehnati tasavvur etiladi. Zavod jamoasi oldiga qo'yilgan barcha vazifalar vaqtida ado etilib, ma'danni qayta ishlash hajmi yildan-yilga oshirib borilayapti.
Ushbu zavodning bosh muhandisi lavozimi ishonib topshirilgan Sardor Polvonov yosh bo'lishiga qaramasdan ko'plab ratsionalizatorlik takliflari egasi hisoblanadi. Noyob texnologiya, gigant-zavod, yuqori sifatli mahsulot. Markaziy kon boshqarmasi 2-gidrometallurgiya zavodiga bugun qisqacha ana shunday ta'rif berish mumkin. Yaqin kelajakda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni oshirish yuzasidan qabul qilingan dasturlar asosida zavod qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan.
Bugun zavodda ma'danni qayta ishlash hajmi 52 million tonnaga yetdi. Bunda korxonada yosh ishchi-xodimlarning innovatsion g'oyalari va ratsionalizatorlik takliflariga alohida e'tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2022-2023 yillarda yoshlarning innovatsion loyihalari mazkur zavodda ishlab chiqarishga tatbiq etilishi o'tgan yili kombinatga 22,3 milliard so'm iqtisodiy foyda keltirgani fikrimizning yaqqol isbotidir.
— Gidrometallurgiya yo'nalishi juda qiziqarli va ayni vaqtda chuqur tahliliy yondashuvni talab qiladi. Bu yerda aniqlikdan ko'ra ko'zga ko'rinmas, mavhum bo'lib qoluvchi masalalar ko'proq, nazarimda, — deya o'z fikrini bildirdi zavod bosh muhandisi Sardor Komilovich.
Bugun shu kabi yosh rahbarlar oldiga ishlab chiqarish bilan bog'liq masalalarga innovatsion, ilg'or yondashish talabi qo'yilmoqda. Bu esa eng to'g'ri va zamon ruhiga mos qarash hisoblanadi. Sardor Polvonov 2011 yil Tomsk politexnika universitetini muvafaqqiyatli tugatib, kombinatning 2-gidrometallurgiya zavodiga ishga qabul qilindi. Universitetda tajribali olimlardan ta'lim olgan Sardorjon umrini, borlig'ini shu soha rivojiga safarbar etdi. U yosh mutaxassis sifatida dastlab tayyor mahsulot sexi qimmatbaho metallar ishlab chiqarish apparatchisi bo'lib faoliyatini boshladi. O'sha paytlarda unga ishlab chiqarishdagi orttirgan tajribasi bilan ustozlik qilgan sex apparatchisi Farhod Qilichev, sex boshlig'i Baxtiyor To'layev va texnolog olim Ulug'bek Ergashevlarning maslahatlariga quloq soldi. Tez orada sorbsiya va regeneratsiya sexi asl va nodir elementlarni ajratish apparatchisi, zavod boshqarmasi ishlab chiqarish texnika bo'limi muhandis-texnologi, 2013 yildan 2015 yilgacha sorbsiya va regeneratsiya sexi regeneratsiya bo'linmasi katta ustasi, 2018 yilgacha ushbu sex boshlig'i o'rinbosari, 2018 yildan 2023 yilgacha sex boshlig'i sifatida samarali faoliyat yuritdi. Yosh mutaxassis o'n ikki yil davomida turli lavozimlarda ishlab, bilimli, tashabbuskor va intiluvchan kadr sifatida jamoa e'tiborini qozongani bois 2023 yilning fevral oyidan zavod bosh muhandisligiga tayinlandi. Qahramonimiz kasb pillapoyalaridan ko'tarilar ekan, bu yo'l o'zi uchun katta hayot maktabi bo'lib xizmat qilganligi, eng asosiysi, bugungi zavod bosh muhandisi lavozimi uchun zaruriy bilim va ko'nikmalar shakllanishida muhim ahamiyat kasb etganligini alohida ta'kidlaydi.
Bosh muhandis — zavod ishlab chiqarishi texnik faoliyati uchun mas'ul shaxs hisoblanadi. Qimmatbaho metallar ishlab chiqarish davlat rejalarini o'z vaqtida bajarish osondek tuyulsa-da, ancha murakkab vazifa hisoblanadi. Har qanday uskuna yoxud konstruksiyaning turg'un turib qolishi, favqulodda to'xtashi katta yo'qotishlarga sabab bo'lishi tayin. Shunday ekan, bosh muhandis shunchaki rahbar emas, yetakchi ijrochi hamdir. Har qanday murakkab vaziyatda ham qiyinchiliklarni munosib qarshi olishi, o'z ishiga sidqidildan yondashishi lozimdir. Bosh muhandisning faoliyat doirasi ancha keng, yuqoridagi vazifalar esa dengizdan bir tomchi. Bundan tashqari, 2-GMZ bosh muhandisi ishlab chiqarishning texnik jihatdan tayyorligi, texnologik uskunalar, yordamchi muhandislik tizimlari, sog'liqni saqlash, mehnat xavfsizligini ta'minlash, zavod taraqqiyoti, uning kengayishi, modernizatsiyasi bilan bog'liq investitsion loyihalar joriy etilishi uchun ham javobgar shaxs sanaladi.
Halolligi va tashabbuskorligi uchun Sardor Polvonov 2017-2018 yillarda “Eng faol yosh metallurg” nominatsiyasi g'olibi bo'ldi, 2019 yilda “Oltin qazib olish texnologiyasi bo'yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” nominatsiyasida birinchi, 2020 yilda xuddi shu nominatsiyada kon boshqarmasida birinchi va kombinatda ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
— Korxonamizda 3,5 mingdan ziyod ishchi-xodim ishlasa, shundan 40 foizini yoshlar tashkil etadi. Men kabi yosh ratsionalizatorlar klub a'zosi, ular o'z izlanishlari bilan ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda munosib hissa qo'shayotganligidan baxtiyorman, — dedi S.Polvonov.
So'nggi yillarda maydalash sexining o'n yettita blokida boshqaruvning avtomatik tizimi joriy etildi. Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda sexning texnologik bog'lamlarini rekonstruksiya qilish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi. Sexda olingan magniy fraksiyasidan oltin ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi va qo'llanildi. Ishchi kuchini iqtisod qilish maqsadida yarim tayyor mahsulotlarni kuydirish bo'yicha unumdorligi 3 baravar ko'p bo'lgan yangi kuydirish pechi o'rnatildi, klassifikatorlar gidrotsiklon batareyalarga almashtirilib, bo'shagan maydonlarda oltita yangi tegirmon bloklari qurildi. Albatta, bu kabi texnologik o'zgarishlar, ilmga asoslangan yangiliklar Sardorjon kabi yosh ratsionalizatorlarning izlanishi samarasidir. O'zi yosh bo'lishiga qaramay, bugun zavodda muhim sexlar ishonib topshirilgan Nurbek Ergashev, Shukrullo Qiyomov, Murodjon Hojiyev kabi shogirdlarining yutuqlari bilan faxrlansa arziydi. Albatta, bu yerda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli texnik va tashkiliy tadbirlarning samarasi korxonada iqtisodiy ko'rsatkichlar tobora o'sib borishiga, jamoaning bir maqsad sari odimlashiga xizmat qilmoqda.
Azamat ZARIPOV.