Doira sehridan baxt izlagan ustoz
Har bir inson bolaligidanoq bir orzu-maqsadni ko'ngliga tugib ulg'ayadi. Yillar o'tgan sayin bu orzu-maqsad kimlarningdir qat'iy qaroriga aylansa, kimlardir murg'ak qalbida tug'ilgan niyatni amalga oshirishning qiyinchiliklaridan cho'chib fikridan qaytadi.
Lekin qarori qat'iy, irodasi mustahkam inson o'z rejalarini amalga oshirishga astoydil intilib, orzulariga yetadi, baxtini topadi. Mana shunday insonlar bilan hayot go'zal, fayzli. Chunki ularning hayot yo'li ko'pchilikka ibrat bo'ladi. Ayniqsa, yoshlarda ulardek izlanib, intilib, yashashga havas uyg'otadi.
Bunday insonlar oramizda juda ko'p. Jumladan, Toshkent viloyatining Angren shahrida ham 10-bolalar musiqa va san'at maktabining “Xalq cholg'ulari ijrochiligi” bo'limi o'qituvchisi Nazimjon Rahmatov ham ana shunday fazilatli kishilardan biridir. U mehribon ustoz, kamtarin inson…
Nazimjon Rahmatov qalbida maktabda o'qib yurgan kezlaridanoq doira san'atiga katta ishtiyoq uyg'ondi. U maktab musiqa o'qituvchilari, shahar madaniyat bo'limi doirachilaridan doira sirlari bo'yicha dastlabki saboqlarni oldi.
— Doira san'atiga qiziqishimga O'zbekiston xalq artisti Qahramon Dadayev sababchi bo'lgan, – dedi Nazimjon aka. — Men ustozning doira chalishi mahoratiga katta havas bilan qarab, mana shu san'atkordek doirachi bo'laman deb niyat qilganman.
Shuning uchun ham Nazimjon aka yetuklik attestatini qo'lga olishi bilan oliy o'quv yurtiga hujjat topshirish uchun Toshkentga yo'l olar ekan, “Birinchi bo'lib “Bahor” ansamblini izlab topaman-da, Qahramon Dadayevga uchrashaman” deb niyat qilgandi.
— Bahor ansambliga borganimda qiziq voqea bo'ldi, – deya eslaydi Nazimjon aka, xotiralarini yodga olarkan. — Doira ovozi kelayotgan xonaning eshigini ochib, mahorat bilan chalinayotgan kuyga maftun bo'lib, mo'ralaganimcha qolibman. Shunda qizlar bilan raqs sahnalashtirayotgan O'zbekiston xalq artisti Mukarrama Turg'unboyevaning “Keling, o'g'lim, sizga kim kerak?” – degan so'zlaridan o'zimga keldim. O'shanda Qahramon Dadayev bilan uchrashishga muyassar bo'lganman. Shu bo'ldi-yu, ustoz bilan ustoz-shogirdlik rishtalari bog'landi.
Albatta, doira tashqi tomondan oddiy ko'rinsa-da, murakkab cholg'u. Uning sirlarini puxta egallash uchun tinimsiz mashq, izlanish orqali mahorat pillapoyalaridan bosqichma-bosqich ko'tarilishga to'g'ri keladi. Bunga Nazimjon Rahmatovning izlanish va intilishlari ham misol bo'la oladi. U faqat Qahramon Dadayevdan saboq olish bilan cheklanmay, Boltaboy Turg'unov, Toshpo'lat Ashrafxo'jayev, Ilhom Ikromovdek el ardog'idagi ustozlardan ham doira sirlarini o'rganib, o'zi ham el nazariga tushdi. Qirq besh yillik pedagogik faoliyati davomida sohaning mohir vakili bo'lib yetishdi.
Tajribali, fidoyi, ilmiy salohiyat sohibi bo'lgan ustoz bugungi kunda san'at maktabining faxri, yosh o'qituvchilar uchun har taraflama o'rnak oliy toifali o'qituvchi. Ustoz san'atkor Nozimjon Rahmatovning “Doira” o'quv qo'llanmasi nashr etilib, hozirda ta'lim muassasalarida o'qituvchi va o'quvchilar foydalanishmoqda.
Etuk iste'dod sohibi “Ona yurt ohanglari”, “Iste'dod-2”, “Zolotoy Feniks” (Rossiya), “Har doim bo'lsin quyosh”, “Rossiya telefestivali” xalqaro tanlovlari hamda respublikamizda o'tkazilib kelinayotgan “San'at sehri”, “San'at bayrami”, “Yangi yil yulduzlari”, “O'zbekiston — Vatanim manim”, “Sozlar navosi”, Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi qator ko'rik-tanlov va musiqiy festivallarda doimiy ishtirok etish bilan bir qatorda muntazam faxrli o'rinlarni egallab kelmoqda.
U darslarni turli shaklda interaktiv metodlar asosida, ko'rgazmalilik, texnik vositalardan foydalanib, axborot-texnologiyalari asosida olib boradi. Shuning uchun ham darslari samarali va qiziqarlidir.
U 1983 yilda asos solgan “Samo” doirachilar ansambli hanuzgacha davlat tadbirlarida televidenie ko'rsatuvlarida, bayram va konsertlarda qatnashib kelmoqda. Ansambl repertuarlarida doira cholg'usi bo'yicha o'zbek xalqi hamda qardosh xalqlarning usullari o'rin olgan.
Ustozning 2005 yilda Abdug'affor Ubaydullayev (Xumoriy)ning “O'rgilayin” she'riga yozgan qo'shig'i “O'zbekiston Vatanim manim” qo'shiqlar tanlovining respublika bosqichida faxrli III-o'rinni egalladi. Quddus Muhammadiy she'riga yozgan “Bahor keldi” qo'shig'i esa 2022 yili maxsus diplom bilan taqdirlandi.
Nazimjon Rahmatov O'zbekiston Davlat Konservatoriyasi hamda Angren shahridagi musiqa va san'at maktablari orasidagi ijodiy ko'prikning asoschisi desak xato bo'lmas. Bejiz uning ijod mahsuli bo'lmish “Doira” o'quv qo'llanmasi yuksak badiiy saviyadagi mualliflik asari sifatida baholanmagan.
O'zbekiston teleradiokompaniyasi tomonidan tasvirga olingan “Chirog'i yoniq uy” ko'rsatuvi aynan ijodkorning hayoti va ijodiga bag'ishlangan. “Kelajak poydevori”, “Navro'z shukuhi”, “Toshkent vaqti”, “Issiq non”, “Zarb zavqi”, “Yurakdan gapiramiz” kabi ko'rsatuvlarda Nazimjon akaning ijodi haqida batafsil hikoya qilingan.
U 1990 yilda “Yoshlar ittifoqi” sovrindori, 1992 yilda esa “O'zbekiston xalq maorifi a'lochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Nazimjon Rahmatovning ibratli umr yo'li, erishgan yutuqlari haqida hali ko'p yozish mumkin. Bir og'iz so'z bilan aytganda, ardoqli san'atkor bejiz angrenliklar faxrlanadigan insonlardan biriga aylanmagan. Quvonarlisi, ustoz ijodining chin muxlislari butun yurtimizda juda ko'p.
Robiya ABDULLAYEVA,
O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “San'atshunoslik” ta'lim yo'nalishi 3-bosqich talabasi.