Bahramandlik saodati
Professor, filologiya fanlari doktori Adhambek Alimbekov bugungi o'zbek adabiyotshunosligida o'z ovozi va o'rniga ega bo'lgan zukko olim. U Toshkent davlat universitetida adabiyotning ijtimoiy hayotda tutgan o'rnini teran anglagan va anglatgan zabardast olimlar va pedagoglardan ta'lim oldi. Keyinchalik o'zi ham taniqli olim bo'lib yetishgach, olgan ilmini shogirdlari va o'quvchilari bilan baham ko'rdi. Adabiyotshunos o'z kitoblari va maqolalarida hozirgi adabiy jarayon, adabiy aloqalar, badiiy tarjimaning muhim masalalarini teran tahlil qilib, adabiyot rivoji va jamiyat taraqqiyoti uchun zarur xulosalar chiqara oladi. Munaqqid o'zbek adabiyotini jahon adabiyoti bilan qiyosiy o'rganish, umuman, adabiy aloqalarga oid o'nlab ilmiy ishlar, hozirgi zamon yozuvchi-shoirlari ijodi haqida ko'plab adabiy-tanqidiy maqolalar muallifidir.
U xalqaro miqyosda bo'lib o'tgan ilmiy anjumanlarda (masalan: Rossiyaning Moskva, Turkiyaning Izmir, Qo'niyo, Ozarbayjonning Boku, Qozog'istonning Chimkent, Turkiston, Tojikistonning Xo'jand shahrida) o'zbek adabiyotining bugungi ravnaqi, O'zbekistonda jahon adabiyotini o'rganishga doir qiziqarli ma'ruzalari bilan qatnashdi. Ayniqsa, Alisher Navoiy ijodini sharq mamlakatlarida o'rganishga oid o'nlab maqolalari ilm ahliga manzur bo'lgan.
Uning “Yulduzning besh qirrasi” (2012, 2017, 2020), “Latif she'riyat” (2014), “Turk adabiyoti” (2014), “So'z chamani ichra navo ko'rguzib” (2022) ilmiy monografiyalari, “Qardosh turkiy xalqlar adabiyoti” (ozarbayjon adabiyoti), “Qardosh turkiy xalqlar adabiyoti” (qozoq adabiyoti) o'quv xrestomatiyasi (2020), “Turk adabiyoti tarixi” (2005), “Turk adabiyoti tarixi. Tanzimot davri” (2022) o'quv qo'llanma va darsligi, “Ishq asiri bo'lgan jon” (1996), “Bilib aytilgan so'z” (2016), “Ezgulikka esh ko'ngil” (2018), “Chingiz Aytmatov — dildoshimiz” (2018) adabiy risolalari tilga tushgan. Olim Alisher Navoiy, Oraziy, Oybek, G'afur G'ulom, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Ibroyim Yusupov, Muhammad Ali, Azim Suyun, Mirpo'lat Mirzo, Muhammad Yusuf, Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid singari yozuvchi-shoirlarimizning ijodini tahlil qildi, ular ijodining boshqa munaqqidlar e'tiboridan chetda qolgan jihatlarini topa oldi.
Adabiyot — hayot darsligi bo'lishi bilan bir qatorda so'z san'ati hamdir. Adib ona tilining boy imkoniyatlaridan unumli foydalanishi, so'zga mas'uliyat bilan qarashi, so'zni behudaga isrof qilmasligi darkor. Bu gapni munaqqidga ham nisbat bermoq joiz. Ilmiy kalimalar tiqishtirib tashlangan, lekin o'quvchiga hech narsa bermaydigan adabiy-tanqidiy maqola kimga ham kerak? Maqolada adabiy jarayon, yozuvchilar ijodi chuqur tahlil qilinishi bilan birga tushunarli tilda yozilishi, bugungi adabiyot va jamiyat uchun zarur xulosalar chiqarilishi lozim. Shundagina u ta'sir kuchiga ega bo'ladi. Adhambekning ko'pgina maqolalari ana shunday yozilgan. U bir qatra hikoyasida bunday yozadi: O'rinsiz qo'llangan so'z ichida o'yladi: “Yuziga tarsaki tortib yuborsammi?!”
Munaqqid so'zni muqaddas ne'mat deb qarashi, so'zni qadrlashi ko'rinib turibdi. Olim yozuvchilarning so'zni dur, zabarjad deb bilishi kerakligini, bu lirizmni ta'minlashini ta'kidlaydi. Chunonchi, Chingiz Aytmatov haqidagi risolasida adibning so'z ishlatish mahoratini tadqiq qilar ekan, olim yozadi: “Buyuk rassomlarning nafis asarlarida yorqin bo'yoqlar bilan birga bir mayin, nozik chiziqlar bo'lganidek, Aytmatov asarlari qaysi janrda bo'lishidan qat'i nazar lirik mayinlik bor, ya'ni rassom ranglarda beradigan mayinlikni Ch.Aytmatov so'zlarda beradi. Mo'min chol bilan boladagi va boshqa adabiy qahramonlarda, hatto qo'rs, qo'pol O'rozqulda ham o'zgaga sezdirmaydigan lirizm bor. Bu uning dardlari (farzandsizlik) bilan bog'liq ham bo'lishi mumkin. Bu qahramonlarning har biri esda qolarli jihatlari bilan, kitobiy emas, hayotdagi so'zlashib turgan inson sifatida kitobxon ko'z o'ngida qoladi”.
Istiqloldan keyingi yillarda o'zbek adabiyotini chet ellarga tanitish, chet el adabiyotining eng yaxshi namunalarini ona tilimizga tarjima qilish ishi keng quloch yoydi. Ayniqsa, turk va ozarbayjon tilidan o'zbekchaga yuzlab asarlar tarjima qilingani qardosh xalqlarning o'zaro yaqinlashishiga, bir-birini yaxshiroq tushunishiga, do'stligini yanada mustahkamlashga katta hissa bo'lib qo'shilmoqda. Bu asarlarning ko'pi tajribali va mohir tarjimonlarimiz tomonidan talab darajasida o'girilgani nur ustiga nur. Keyingi davrda bu davraga qobiliyatli yosh tarjimonlar kelib qo'shilayotgani kishini quvontiradi. Ammo, shu bilan birga, adabiy-badiiy jihatdan talab darajasida tarjima qilinmagan asarlar ham dunyo yuzini ko'rayotgani sir emas. Buning xatarli jihati shundaki, no'noq tarjima o'zga adabiyot muallifini yo'qqa chiqaradi. O'zga tilni bilish hali tarjimon bo'lish degani emas. Bu ham ilm, ham malaka, ham mas'uliyat demakdir. Tarjimon o'zga tilda bitilgan asarni o'z ona tilida, ta'bir joiz bo'lsa, bulbulday sayrata olishi, ya'ni ona tilining boy imkoniyatlaridan unumli foydalana olishi darkor. Adhambek tarjimaga yuksak adabiyot talablari nuqtai nazaridan yondashadi, tarjimalardagi yutuq va nuqsonlarni dalillar asosida ko'rsatadi. U bunday deb yozadi: “Yosh tarjimonlarimizning zaif tomonlaridan biri — ona tilini chuqur bilmaslikdir. Vaholanki, tarjimon birinchi navbatda o'z ona tilini yaxshi bilishi kerak. Shundagina u tarjima qilgan asarlar o'qishli bo'ladi”.
2022 yilda professor unvoniga sazovor bo'lgan Adhambek bilan yurtimizda va chet ellarda o'tkazilgan ko'pgina xalqaro ilmiy konferensiyalarda birga bo'lganmiz. Uning mazmundor ma'ruzalari tinglovchilarda katta taassurot qoldirgani va qizg'in olqishlanganining shohidi bo'lganman. Chunonchi, Bokuda Husayn Jovid ijodiga bag'ishlab o'tkazilgan ilmiy konferensiyada u Jovid ijodining ko'pchilikka noma'lum jihatlarini yoritib, ozarbayjon do'stlarimizni qoyil qoldirgandi.
Umuman, Adhambek Alimbekov qardosh xalqlar, ayniqsa, turk va ozarbayjon adabiyotidan tarjima qilingan asarlarni erinmay, sinchiklab o'qiydi va birinchilardan bo'lib matbuotda ularning yutuq va kamchiliklarini xolis yoritadi. Uning maqolalari xolislik, halollik, tarjimonga talabchanlik va, ayni chog'da, mehribonlik tuyg'ulari bilan yo'g'rilgan.
Adhambek badiiy ijod bilan shug'ullanishini ko'pchilik bilmaydi. Shu boisdan uning “Yaproq hikoyalar” deb nomlangan turkumini eslab o'tishni xohlar edim. Bu to'plamdagi qatralar uning ruhiy olami, estetik qarashlaridan darak beradi. Chunonchi muallif yozadi:
“O'ZLIK
Men sendaman, deb qalb qasringdan o'zimni izlay boshladim. E voh, na seni topdim, na o'zimni, na…
AYRILISh
Oshiqlar bir olmaning ikki pallasimiz, tashbehini xush ko'radilar. Shu yerning o'zida ayrilish bor.
KATTA ISh
Tugma: — “Kichkina deya kamsitmang. Ishim katta — birlashtirish”.
ANGLASh
Hayot qachon go'zal bo'ladi?
Atrofingdagilar seni tushunganda.
VIJDONLI
Vijdonli kim?
Vijdoniga tik boqa olgan”.
Adhambek ilmdagina emas, hayotda ham halolligi, mehr-oqibati, “vijdoniga tik boqa olgan”i bilan tanilgan shaxsdir. Odamning kimligini bilmoqchi bo'lsang, birga safarga chiqib ko'r yoki amal berib sina, degan hikmatli gap bor. Adhambek bu sinovlardan ziyodasi bilan o'tgan va mehrimizni qozongan inson. U yig'ilishlardan bo'sh vaqtlarimizda ham ilmiy masalalar, yangi chiqqan asarlar haqida gap ochadi, o'z fikrini bildiradi va sizni ham ilmiy mubohasaga tortadi.
Albatta, kimning kimligi xalqqa, vatanga munosabatida namoyon bo'ladi. Bahramand kishi o'zida borini o'zgalar bilan baham ko'radi, odamlarni qusursiz, mukammal ko'rgisi keladi. Adabiyotga mehr xalqqa, ezgulikka mehrdir. Adhambekning adabiyotga, ilmga, kishilarga mehr-muhabbat bilan qarashida bahramandlik saodatiga erishgan odamning baxtiyorligini ko'raman.
Boboxon MUHAMMAD ShARIF