O'rgatmoqlik — yuksak burch!

Sizdan boshlanadi asli tafakkur…

Abdulla Oripov

Haqiqat shuki, chin ustozlik, aslida, insoniyatni ezgulikka boshlagan payg'ambarlardan boshlangan. Ehtimol, ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanligining yorug' dalili ham xuddi mana shudir.

Toshkent davlat texnika universiteti tarix kafedrasi mudiri, professor, tarix fanlari doktori Rahbar Xoliqova yarim asrdirki, talabalarga ma'rifat ulashib keladi, ilm yo'lida jonnisorlik qiladi.

Asli Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida ziyoli oilasida dunyoga kelgan Rahbar opa bolaligini shunday xotirlaydi:

— Ota-onam bir umr davlat ishida ishladilar. Biz farzandlarni ilmli qilishga, o'qib, elu yurtga xizmat qilishga chorlab ulg'aytirdi. Men bolaligimdan tarixga qiziqqanman. Maktabda ham tarix fanidan a'lo baholarga o'qiganman. Ayniqsa, tarix kitobimizda yurtimiz tarixi haqida yozilgan ba'zi yolg'on ma'lumotlarni erinmay muallimdan qayta-qayta so'rab, manbasiga qiziqaverardim. Keyinchalik ona Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so'ng, millatimiz tarixi haqidagi yolg'on, bo'rttirib yozilgan ma'lumotlar fosh bo'ldi va xalqimizning chin tarixi tiklandi. Ha, ko'p bora ta'kidlanganidek, tarixsiz kelajak yo'q. Har bir millatning o'zligini namoyon qiluvchi tarixi va qahramonlari bor. O'zbekiston Allohning nazari tushgan shunday bir diyordirki, o'zbek millati jahonga bo'ylagan allomalar, olimlar, yer sharidagi insoniyatning rivojlanishiga o'zining munosib hissasini qo'shgan buyuk insonlarni yetishtirib bergan. 1018 yulduzni ochib bergan ulug' bobokalonimiz Mirzo Ulug'bek, yer yuzini fath etgan Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobokalonimiz, Boburiylar sulolasi deysizmi, muqaddas islom dinimiz rivoji uchun o'zining ulkan hissasini qo'shgan Muhammad ibn Ismoil Imom al-Buxoriy hazratlari va boshqa o'nlab buyuklarimizni keltirish mumkin. Men, mana, qariyb yarim asrdirki, yosh avlodga tarix fanidan saboq berib kelaman. Yuzlab shogirdlar chiqardim. Ularning ichida xalqaro doiralarda ham o'z so'zini aytayotganlari bor. Ular bilan faxrlanaman, — deydi olima.

Ha, insonning ruhi ilmdan oziqlanadi. Odamzod faqat ilm bilangina haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi va uning sharofati bilangina yuksaladi. Shogirdning ilmi esa salohiyatli ustozning sa'y-harakatlari bilan rivojlanadi. Shuning uchun ham muallimlar payg'ambarlarning merosxo'rlari degan gap bejiz aytilmagan. Buyuk kitob Qur'oni Karimda ham o'zi yetishgan ilmni o'zgalarga o'rgatgan ustozlarning sharafi yuksak ekanligi haqida shunday marhamat qilinadi: “…Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni baland daraja (martaba)-larga ko'tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Rahbar Ergashevna so'zida davom etib shunday deydi:

— Ilmu ma'rifat ziyosini tarqatmoq ezgulik mash'alasini har qanday shamolu bo'ronlarni pisand qilmasdan yoqmoq saodatidir. G'oyat mas'uliyatli va sharafli bo'lgan bu vazifaga mutasaddi bo'lgan kishining darajasi mislsizligi ham shundandir. Tasavvur qiling, muallim va murabbiylar hayot bo'stoniga bir nihol qadab, uning ildizi baquvvat daraxtga aylanishi uchun aql va tafakkur javhari bilan sug'oradi, beqiyos mehnat qiladi. Faqat va faqat ustozning mehnati bilangina ma'rifat bog'i barpo bo'ladi, gurkirab yashnaydi, meva tugib, hosil beradi. Inson qalbining me'mori, jamiyatning binokori ham o'qituvchilardir. Ular tom ma'noda ma'rifat bog'ining bog'bonlaridir. Shuning uchun ham muallimning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug'dir. Ustoz shogirdini o'z farzandidek ko'rib, unga farzandiga ko'rsatmagan tavajjuh bilan yuzlanadi. Uning hali ma'nan yupun va sovuq bo'lgan ma'naviy olamini o'zining hassos qalb harorati bilan isitadi. Shogird shuurining qorong'i dunyosini tafakkur quyoshining mo''jizakor ziyosi bilan nurafshon qiladi. Sabr suvi bilan sug'orib, mehr tafti bilan parvarish qiladi. Shogirdning ikki dunyosi uchun manfaat va najot keltiradigan yo'lga yo'llaydi, shogirdining salohiyatli va ulug' inson bo'lishi uchun kechayu kunduz duolar qiladi. Shundan so'nggina ustozning qo'liga navnihol bo'lib kelgan o'quvchi-talaba qahratonlarda sovuq urmasdan, jaziramada qovjirab ketmasdan, zulmatli yo'llarda abgor bo'lmasdan gurkirab unib-o'sadi, yayrab-yashnaydi! Vaqti keladiki, u hayot bo'stonida serhosil, barq urgan daraxtga aylanadi. Va o'z navbatida ma'naviyat va ma'rifat gulzoriga o'zining munosib hissasini qo'shadi!

Darhaqiqat, Rahbar opa ta'kidlaganidek, muallimlar tafakkur bo'stonida yorqin ziyo taratib turgan yo'lchi yulduzlar kabidir. Odamzod ular tufayli nurli va to'g'ri yo'lni topadilar, ularning sharofati ila jaholat botqog'idan munavvar manzilga yetishadilar.

Shu sabab ustoz-muallimlarning hurmatini risoladagidek bajo keltirmay, ularning haqqini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizdan el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslarni kutish mumkin emas.

Sharqda azaldan ustoz va murabbiylarga yuksak darajada hurmat ko'rsatib kelingan. Darhaqiqat, farzandlarimizning kamolotga yetib, dunyoyu oxirat saodatiga erishishlari uchun ustozning o'rni benazir ekanini yaxshi anglagan millatmiz.

Shu ma'noda, quyidagi rivoyatlarda keltirilgan hikoyatlar ham g'oyat ibratli:

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rahimahulloh bir muddat Makkai mukarramada dars berganlar. Bir ziyoratchi Imom hazratlariga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib kutib olganlar va cheksiz ehtirom ko'rsatib, mehmon qilganlar. Undan salom xabarini eshitganlarida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olganlar va tabarrukona maktubni ikki qo'llab olib, ehtirom bilan tanishib chiqqanlar.

Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan esa, shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog'imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko'cha bor edi. Hammod vafot etgandan so'ng qachon namoz o'qisam, har safar, albatta, ota-onamga qo'shib, unga ham Allohdan mag'firat so'raganman. Nafaqat u, balki kimdan nimadir o'rgangan bo'lsam yoki kimdir menga nimadir o'rgatgan bo'lsa, albatta, o'sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag'firat so'rayman”.

Shuning uchun ham “Ustoz — otangdan ulug'”, degan ibora orqali, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi bo'lsa, ustoz unga hayotda yashashni ta'lim beradi, degan ma'noda xalqimiz ustoz maqomini padar kabi yuksaklarga ko'taradi.

Mana, mamlakatimizda 1 oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni bayram sifatida keng nishonlanishi an'anaga aylangani ham yurtimizda ustozlarga bo'lgan hurmatning ramziy ifodasi bo'lib, aslida, ustozlarga ehtirom ajdodlarimizdan meros bo'lib kelayotgan buyuk qadriyatlarimizning davomidir.

Ulug' bobokalonimiz

              Mir Alisher Navoiyning:

Haq yo'linda kim senga

       bir harf o'qitmish ranj ila,

Aylamak bo'lmas ado oning haqin

                                        yuz ganj ila, —

degan satrlari bugun ustoz va murabbiylarga bo'lgan hurmat va ehtirom asrlar osha ham o'zining qimmatini yo'qotmaganiga katta ishoratdir.

— Barchamiz bilamizki, o'qituvchining obro'-e'tibori — bu, avvalo, millatning, butun xalqning obro'-e'tiboridir. Shu bois ham Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda keyingi yillarda o'qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o'rni va ta'sirini kuchaytirish, ta'lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo'yicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo'yilgani, ta'lim muassasalarida qog'ozbozlikka barham berilayotgani bugun o'z ijobiy natijasini ko'rsatmoqda. O'qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni tobora oshgani ham ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi shubhasiz. Ta'kidlash joizki, ta'lim tizimini yanada rivojlantirish masalasi Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olingan.

Davlatimiz rahbari: “Bizning maqsadimiz — Yangi O'zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko'nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o'zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo'lib shakllanishi zarur”, — degan edilar. Fursatdan foydalanib, mana shu sharafli va mas'uliyatli yo'lda fidoyilik qilayotgan, kelajak va jamiyat oldida katta mas'uliyat egasi bo'lgan aziz ustoz va murabbiylarni qutlug' sana — O'qituvchi va murabbiylar kuni bilan qizg'in tabriklayman, ularning olijanob faoliyatida va shaxsiy hayotida yangi yangi yutuq va omadlar tilayman. Xonadonlarimizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo'lsin! Yangi O'zbekistonimiz gullab-yashnayversin!” — deydi olima.

Ardoqli ustoz, yetuk olima, go'zal inson Rahbar opa, bayram shukuhi sizga ham muborak bo'lsin deymiz.

Ozoda BEKMURODOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − nine =