Uyg'oq qalb sohibi

Oramizda shunday insonlar borki, qalbi, mehri, fikru xayoli Vataniga, kindik qoni to'kilgan ona zaminiga payvasta bo'ladi. Bunday insonlar doimo xalqining tinchligiyu ravnaqini o'ylab, unga qanday qilib bo'lsa ham xizmat qiladigan yaxshilikni ko'zlab tunu kun yonadilar.
Ana shunday go'zal fazilatli insonlar qatorida biz O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Denov tuman Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi rahbari, ustoz Toshtemir Turdiyevning alohida o'rni borligini aytmasdan o'tolmaymiz.
Otashqalb, xalqparvar inson Toshtemir Turdiyev nafaqat Surxon o'lkasining Denov tumanida, balki butun o'zbek xalqi orasida o'zining jonkuyarligi, vatanparvarligi va millatiga bo'lgan cheksiz hurmati bilan aziz bo'lgan shaxsdir. Toshtemir Turdiyev tomonidan olib borilgan sa'y-harakatlar va u kishining qalamiga mansub kitoblar bilan yaqindan tanishgan kishi adibni nafaqat yetuk yozuvchi, balki hassos tarix bilimdoni sifatida kashf etadi.
Tashabbuskor, izlanishdan charchamaydigan ustoz faoliyati davomida betakror shoira Ra'no Uzoqovaning qo'lyozma shaklidagi she'rlarini jamlab, “Subhidam qaldirg'ochi”, “Talpin, yurak” nomli she'riy to'plamlarini chop ettirdi. Ko'p o'tmay shoiraning “Saylanma”si ham ustozning mehnatlari natijasi o'laroq dunyo yuzini ko'rdi. Bir so'z bilan aytganda, Ra'no Uzoqovaning adabiyot olamidagi o'rni Toshtemir Turdiyev zahmatlari bilan yanada mustahkamlandi.
Ra'no Uzoqovaning “Qahramon” nomli she'rida aytilganidek:
Qaysi dilda bo'lsa sherdek jasorat,
U ko'rsatar kurashlarda mahorat.
U maqtalar tillarda va ellarda,
U saqlanar hamisha ko'ngillarda.
2000 yilda yurtimizda “Alpomish” dostonining 1000 yilligi keng miqyosda nishonlandi. Ushbu bayramga munosib tuhfa sifatida Toshtemir Turdiyev “Alpomish” dostonini Xushboq baxshidan yozib olib, 10 ming nusxada chop ettirdi. Yillar silsilasidan o'tib, xalqimiz qon-qoniga kuy bo'lib singgan, millatimizning sara dostoni bo'lmish ushbu xazinaning ilk bora Surxondaryo variantining kitob holatida chop etilishida ustozimizning jonkuyarligi, zakiylik barobarida ajdodlarimiz merosini kelajak avlodga yetkazuvchi, davomchisi, “yo'lchi yulduzi” bo'la olayotganligidan so'zlasak arziydi.
Bunday ilmparvar, fidoyi insonlarning oramizda borligi esa biz, shogirdlar qalbini g'urur va iftixorga to'ldiradi. 2010 yilda ustoz Toshtemir Turdiyevning tashabbuslari bilan “Denov tafakkur charog'lari” nomli kitob “Universitet” nashriyoti tomonidan chop etilgan navbatdagi almanax to'plami bo'lgan. Shu asnoda 2015 yil “Chag'oniyon tarannumi” nomli bayoz “Musiqa” nashriyoti tomonidan chop etilib, o'z kitobxonlari qo'liga yetib bordi. Mazkur kitob Surxondaryo yoshlariga, xususan, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari ijodkorlari ijodidan yig'ib nashrga tayyorlab berilgani maqtovga loyiq edi. Bu kabi bayozlar qatida o'z ishtirokining zavqini tuyish aksariyat ijodkorlar ruhiyatiga quvonch berish barobarida imkoniyat va ko'mak hamda ruhiyat baxsh etishning navbatdagi go'zal ko'rinishi edi, mahsuli edi.
Millat ravnaqi, buguni, ertasi ongu shuurini bir zum tark etmagan adib 2010 yilda “Surxondaryo xalq qo'shiqlari” nomli kitobini keng ommaga taqdim etgan edi. Mazkur kitob xalqimizning etnik madaniyati, urf-odatlari, kuy-qo'shiqlarini o'zida mujassam etgan.
Izlanishdan to'xtamagan, yangilik yaratishdan tolmagan adib 2012 yilda “Denov qasidasi” nomli kitobini chop ettirdi. Ushbu kitobda Surxon o'lkasining so'lim maskanlaridan bo'lmish Denov tumanining tarixiga, madaniyatiga urg'u berilgan.
Asarda Denovning muqaddas qadamjolaridan bo'lmish Said otaliq madrasasining ulug'lanishi, Naqshbandiya tariqatining tolmas targ'ibotchisi Xoja Alouddin Attor hazratlarining Buxoroyu sharifdan kelib, umrining so'nggi yillarini Denovda o'tkazganliklari haqida ibratli dalillar, hikoyatlar keltirilishi muallifning ziyrak tarixshunos ekanligidan dalolat beradi.
Xoja Alouddin Attor hazratlariga ustozning sa'y-harakatlari bilan maqbara bunyod etilganligi ham u kishining qanchalik moziyga hurmati baland ekanligidan dalolat. Asarda keltirilganidek, mashhur “Shohnoma” asarini boshlab bergan va unga tamal toshini qo'ygan buyuk Daqiqiy ham aynan shu o'lkada yashab ijod qilganligi beixtiyor har bir denovlik inson qalbiga faxr tuyg'usini jo'sh urdirsa, ajab emas.
Darhaqiqat, qariyb 3,5 ming yillik tarixga ega Denov ne-ne fozil insonlarga beshik bo'lgan va qanchadan-qancha tarixshunos olimlarning qiziqishiga sabab bo'lgan ulug' zamindir.
Inson borki, o'zi tug'ilib o'sgan, kindik qoni to'kilgan Vatanining tarixini bilgisi, unga munosib farzand bo'lgisi keladi. “Quyosh ardog'idagi yurt” kitobi – muallifning Vatan muhabbatiga yo'g'rilgan tuyg'ular ifodasidir.
Kishining ko'ngli qanchalik toza bo'lsa, atrof-olam ham unga shunchalik go'zal qiyofada namoyon bo'ladi. Toshtemir Turdiyev odamlar qalbidagi ezgulikni ko'ra bilguvchi, qalblarga ziyo ulashguvchi sehrli qalam sohibi.
Toshtemir akaning “Menga xudo qanot berganidayam faqat Denovim ustida uchib yursam kerak” degan fikrlari u kishining vatanparvarligiga asl dalil desak xato bo'lmas. Aynan shu kitobda yana O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ayni ustozni “Tosh” va “Temir”ga qiyoslab, “Tosh” ham, “temir” ham mangu haqiqatga daxldor unsurlardan. Ular avvali bor bo'lib oxiri bo'lmagan, oxiri bor bo'lib avvali bo'lmagan moddiy unsur timsoli. Men Denov hamda Denov ahli quvonganda birga quvonib, yig'laganda ularga qo'shilib birga yig'laydigan jon-jigar, birodarim Toshtemir Turdiyevga “tosh” bilan “temir”ning mustahkam tabiati va ularning umrini tilayman” deydi.
Yana bir gap: Toshtemir Turdiyev hukumatimiz tomonidan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi va boshqa nufuzli orden va medallar bilan taqdirlangan. Lekin u kishi hamisha “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishonini taqib yuradi. Sababi o'zini ma'naviyat sohasisiz tasavvur qila olmaydi. Ma'naviyatga xizmat qilishdan ortiq baxt yo'q, deb biladi o'zini.
Doimo omon bo'ling, fidoyi ustoz!
Zamira RAJABOVA,
shoira.