Uch avlod ibrati

(Ashurovlar sulolasi haqida so'z)
Toshkentdan Namanganga safarga chiqsangiz, Qamchiq davonidan tushgach, Pop tumani hududidan o'tganingizdan so'ng Chustga kirib borasiz. Tan olish kerak, bugungi Chust tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketibdi. Tuman hududida katta-katta sanoat korxonalari bunyod etilibdi.
Uch ming yillik tarixga ega bo'lsa-da, Chust hamisha ko'hna va navqiron. Farg'ona vodiysining hunarmandchilik rivojlangan eng qadimiy shaharlaridan biri bo'lgan Chust do'ppilarining ham, pichoqlarining ham dong'i uzoqlarga ketgan.
Iymon-e'tiqodli, olim-ziyoli, saxiy-saxovatlilar qay makonda ko'p bo'lsa, shu joylarning tarovati ham boshqacha bo'ladi. Chust ham shunday mo''tabar go'sha bo'lib, bu tumanda uzoq yillar el-yurt xizmatini qilib qadr topgan aziz insonlardan biri Murodjon aka Ashurov bo'ladi.

Ashurovlar sulolasini nafaqat Chustda, balki Namangan viloyatida ham ko'pchilik yaxshi bilishadi. Jurnalistlik kasbim tufayli Murodjon aka bilan o'ttiz yil avvalroq tanishganman, u kishi haqda bir nimalar yozganman.
Eski qadrdonlik mehri tufayli Murodjon akani yana yo'qlagim keldi. Bu haqda bir paytlar shu tumanda hokim bo'lib ishlagan, hozirda Prezident Xalq qabulxonasi Namangan viloyati bo'limi mudiri Bahodir aka Yusupovdan Murodjon aka bilan bog'lanishga yordam berishini iltimos qildim.
Bahodir aka Murodjon Ashurov va uning farzandi — yosh bo'lsa-da tadbirkorligi bilan Prezidentimiz nazariga tushgan Umidjon Ashurov haqida maqola yozsangiz yaxshi bo'lardi, degan taklifni aytdi.
“Bibiona” mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan “Chust o'rikzor” fermer xo'jaligida bizni Umidjon Ashurov kutib oldi. Qishloq fermerining binosi hashamatli va fusunkor ekani bilan e'tiborimni tortdi. Chet ellik hamkorlarni ham qabul qilishga mo'ljallangan zalda o'zimizni xuddi poytaxtdagi yirik kompaniya qabulxonasiga kirgandek his qildik.
Hamkorlar bilan shartnomalar tuzishga mo'ljallangan stol-stullar, yumshoq mebellar did bilan joylashtirilgan. Zal to'riga ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi tarkibidagi korxonalarga berilgan xalqaro sertifikatlar terib qo'yilibdi. Devorda esa mahsulotlari qaysi davlatlarga eksport qilinayotgani haqidagi xarita va ma'lumotlar ilingan.
Namanganliklarda ajoyib bir xislat bor. Ularda o'z viloyatida ishlab chiqariladigan mahsulotlardan faxrlanish tuyg'usi kuchli. Xizmat safarim chog'ida qaysi idoraga kirgan bo'lsam, deyarli hammaning ish stoli ustida “Chortoq” shifobaxsh suvi. Mehmonga, albatta, bir piyola suv bilan iltifot qilinadi.
Umidjon ham bir piyola “Chortoq” suvidan quyib uzatdi. Murodjon aka bilan qadrdon do'stligimizni eshitib xursand bo'lib, otasiga qo'ng'iroq qildi.
O'n daqiqa ham o'tmay xonaga Murodjon aka kirib keldi.
— E, bormisiz? Ko'rishmaganimizga ham ancha bo'ldi, – deya u quchoq ochib so'rashdi. — Namangan tomonlarda kamnamo bo'lib ketdingiz, ko'rganimdan juda xursandman.
Murodjon akaning yuz-ko'zidan mo'ysafidlik nafasi ufurib, oq oralagan soch-soqoli o'ziga yarashib turibdi. Undagi samimiylik o'sha-o'sha, avvalgi navqironlik davrlaridagi g'ayrat-shijoati o'rnini og'ir-vazminlik, mulohazalilik, hikmatli muloqot va islomiy tavoze egallabdi. Havasim keldi.
Avval ham bu haqda yozganimdek, Murodjon akaga saxiy qo'llik, ochiq ko'ngillik, shirinsuxanlik, xush ulfatlilik otasidan o'tgan ekan.
Otasi rahmatli Sayfullo Ashurov o'ttiz yil tuman pillaxonasi mudiri bo'lib ishlagan chog'larida ko'pchilikka yaxshilik qilar ekan. Chustlik keksalarning eslashicha, uning huzuriga kelgan biror kishi noumid qaytmagan.
— Rahmatli onam To'xtabi badiiy buyumlar fabrikasida uzoq yillar ishlab obro' topgan edi, – deb eslaydi Murodjon aka. — Do'ppi tikadigan qo'li gul chevar ayol bo'lgan. Chust do'ppilari dovrug'ini oshirishda mening onamning ham xizmati katta bo'lgan deb faxrlanib yuraman.
Muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni yaxshi ko'rishimni Murodjon aka yaxshi biladi. U meni “Bibiona” ziyoratgohiga olib bordi. Ziyoratgohda uchta buloq bor. Uzoq-yaqindan keladigan aholi o'zlaricha ixlos bilan bu dargohni ziyorat qilishadi. Ziyoratgoh haqida kelganlarga eshitgan-ko'rganlarini so'zlab beruvchi onaxonga yuzlandik.
— Buloqlardan birining suvi bilan yuvsangiz, yuzingizdagi ajinlar yo'qolib, yuzingiz yasharib ketadi, degan ishonch bilan ziyoratchilar kelishadi, – dedi Rohatoy opa Hakimova.
Ko'rinishidan oltmishning nari-berisida deb o'ylagan onaxonning yoshi yetmish beshda ekan. Unga: “Juda ham yosh ko'rinar ekansiz”, desak, “Buloq suvi sharofatidan bo'lsa kerak”, deb javob qildi…
Ziyoratgohdan qaytar chog'i Murodjon aka: “Yoziladigan maqolangizda ustozimni ham eslab qo'ysangiz”, deb iltimos qildi.
— Asli Samarqandning Bulung'urida tug'ilgan Ne'mat Butunboyev o'qishni bitirgach, yo'llanma bilan tumanimizga ishga keladi, – deya hamrohim hikoyasini boshladi. — Umumiy ovqatlanish sohasining mutaxassisi sifatida ko'zga ko'rinib, taqdir taqozosi bilan Chustda qolib ketadi. Shahar matlubot jamiyati raisi bo'lib elda obro'-e'tibor topadi. Yigirma ikki yoshimda o'qishni bitirib, matlubot jamiyatiga ish so'rab Ne'mat Butunboyev huzuriga bordim. Men bilan suhbatlashib bo'lgach, bosh hisobchini chaqirib: “Yosh mutaxassis ekan, shu yigitni ishga olaylik”, dedi. Bosh hisobchi esa hisob-kitobni eplolmaydi deb meni ishga olishga rozi bo'lmadi. Shunday bo'lsa-da, rais qat'iy qilib: “Bilmasa, ishni o'rgatasiz, hamma ham tayyor hisobchi bo'lib tug'ilmaydi”, deb meni ishga olgandi. Taqdirni qarangki, uch oydan keyin men bosh hisobchi o'rniga tayinlandim. U esa oddiy hisobchi bo'lib qoldi. Shunday bo'lsa-da, kek saqlamasdan u kishiga qo'limdan kelganicha mehribonchilik qilib yurdim. Nasiba qo'shilgan ekan, tuman, shahar matlubot jamiyatlariga rais ham bo'ldim. Xuddi o'z jigaridek ko'rib menga mehr-shafqat ko'rsatgan, kasb sir-sinoatlarini o'rgatgan ustoz Ne'mat aka Butunboyevning joylari jannatda bo'lsin…
“Chust-o'rikzor” fermer xo'jaligiga qarashli korxonaga o'g'li Umidjon Ashurov yetakchilik qiladi. Korxonada dukkakli mahsulotlar saralanib, qayta ishlanib, chet ellarga eksport qilinmoqda. Oy sayin eksport salohiyati va geografiyasi kengaymoqda. Ayniqsa, viloyatda va qo'shni mintaqalarda yetishtirilgan mosh mahsulotlari qabul qilib olingach, chet elning ilg'or texnologik uskunalarida xomashyo qayta ishlanib saralanadi, yorma va un holatiga keltirilgach, qadoqlanib chetga eksport qilinadi.
Tayyor mosh mahsulotlari ilk marotaba Hindistonga jo'natilgan bo'lsa, bugunga kelib Xitoy, Malayziya, Indoneziya hamda Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.
— Yaqinda hayotimda unutilmas voqea bo'ldi, – dedi Umidjon Ashurov. — Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida yosh tadbirkorlar qatorida eksport masalalariga bag'ishlangan yig'ilishda ishtirok etdim. Bu tarixiy voqelik menga ta'riflashga so'z yetmaydigan darajada g'urur bag'ishladi.
Vatanimiz eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo'shayotganimdan faxrlanaman. Shuning barobarida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun bor kuch-g'ayratimni, ilm-zakovatimni sarflashga azmu qaror qilganman.
…Chustdan qaytar chog'im Umidjonning bir kalomi yuragimni kunday yorishtirib yubordi. “Baxtimizga otam-onam sog' bo'lsinlar. Nimaga erishgan bo'lsam, ularning pand-nasihatlari, yo'l-yo'riqlari, duo-iltijolari bilan Allohning mehribonchiligi tufayli erishdim…”, – dedi u.
—Umringizdan baraka toping, hech qachon kam bo'lmang o'g'lon!,– dedim unga havasim kelib.
Ha, yurtimizda Ashurovlar sulolasi kabi havas qilsa arziydigan insonlar ko'p. Omadlarini bersin.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.