Umr ibrati

El nazaridagi fidoyi inson Botirali HAKIMOV haqida so'z
Yaratganga shukrki, ahli Namanganda oqibatli do'stlarim ko'p. Ularning qatorida Hasanboy Qosimov ham bor. U kishi bilan bir davrada suhbatlashganda zamona voqeliklarini, hayotimiz dovonlaridagi xotiralarimizni tinglab, bir-birlarimizga mehrimiz uyg'ongan edi. Huquq-tartibot idoralarida uzoq yillar ishlagan, ma'rifati keng, xolis va adolatli fikrlaydigan, kamtarin va samimiy inson ekan.
Tabiatim shunday, ochiq chehralilardan yaxshiliklar kutaveraman. Ular bilan ko'rishib, suhbatlashishga oshiqaveraman. Hasanboy Qosimovni yo'qlab u mudirlik qilayotgan Xalq qabulxonasi Namangan shahar bo'limiga bordim.
Xol-ahvol so'rashdik.
— Ko'rishganimiz yaxshi bo'ldi, sizga bir taklifim bor edi, — dedi u. — Agar Botirali Hakimov haqida yozsangiz, savobli ish bo'lardi. Hozir u Chortoqdagi hovlisida yashaydi.
Botirali Hakimov haqida ko'pchilikdan eshitgandim. “Nuroniy” jamg'armasi Chortoq tumani bo'limi raisi Umrzoq aka Sattorovga qo'ng'iroq qilib, niyatimni aytdim.
Umrzoq aka: “Xayrli niyat qilibsiz, Botirali aka mening ham ustozim bo'ladi”, deb xursand bo'ldilar.
Xullasi kalom, tuman oqsoqoli bizni Chortoqqa kiraverishda kutib olib, Botirali aka bilan tanishtirgach, ijodiy suhbatlaringiz erkin bo'lsin, deya ustozidan izn so'rab idorasiga qaytdi.
— Qishchilik, bitta xonani isitib o'tiribmiz, — deya qahramonimiz uyiga taklif qildi.
Mo''jazgina xona to'ridagi devorga otasi, onasi va harbiy kiyimdagi yigitning suratlari ilib qo'yilibdi.
Agar qaysiki suhbatdoshim ota-onasi to'g'risida gap ochsa bo'ldi, shu odamga mehrim toshib ketaveradi. Botirali aka devordagi suratlarga qarab turganimni ko'rib, meni o'tirishga taklif etdi. “Tinchlik-xotirjamlik bo'lsin” deb duo qilib, so'ng otasi haqida so'z boshladi.
— Jo'raboy otam rahmatli o'tgan asrning qirqinchi yillaridan boshlab o'ttiz yil brigadir bo'lib ishlagan, umrini qishloq xo'jaligiga bag'ishlagan halol va zahmatkash odam edi. Hayotda eng katta ustozim ham otam bo'lgan. Umrim davomida qaysi jabhada, qanday lavozimlarda ishlagan bo'lsam ham, doimo otamda ko'rganlarimga va undan eshitganlarimga amal qildim. Xalqparvarlik va mehnatkashlik, to'g'riso'zlik va xolislik, oqibatlilik va haqiqatparvarlik, dili bilan tili birlik menga otamdan meros qolgan. Hamma vaqt otamga o'xshasam deb yashaganman.
Otaga itoat qilgan, onaga mehribon bo'lgan farzand aslo kam bo'lmagay, Alloh bunday farzandlarning boshini aslo xam qilmagay, dedim yurakdan.
— O'rtadagi rasmda To'raxon akam. U 1943 yili o'n sakkiz yoshida urushga ketgan ekan, — deb Botirali aka g'amgin hikoyasini boshladi. — Oradan uch oy o'tib, undan qora xat keldi. Ota-onam rahmatlining o'sha mash'um kundagi ahvolini tasavvur qilsam, haliyam boshqacha bo'lib ketaveraman.
Iloho, joylari jannatda bo'lsin, Tursunoy onam uy bekasi bo'lgan, bahorda pilla qurti boqardi, yilning qolgan paytlari otamning xizmatlarini qilardi. Oila boshlig'ining gapini ikki qilmagan soliha ayol edi. Namoz o'qirdi. Ro'za tutardi. Bir kunda ikkita o'g'ilchasidan ayrilib, farzandlari dog'ida qon qaqshagan ham mening bag'ritilim onam edi. Islom dini va dindorlarga qarshi ashaddiy kurashilgan davrlarda Namanganning minglab onalari kabi onamning ham e'tiqodi mustahkam bo'lgan. Uning insoniy amallari bizlarga ibrat bo'lib qolaveradi…
Og'ir-vazmin, sinchkov nigohli va mulohaza bilan fikr bildirayotgan Botirali Hakimov sakson to'rt yoshdan o'tgan bo'lsa-da, navqiron ko'rinadi.
— Ming oydan ko'p yashabsiz, shuncha umr ko'rgan kishi, ulug'larning ta'biricha, onadan tug'ilgan chaqaloqday begunoh bo'lib qolar ekan, — deyman suhbatga qo'r tashlab.
— Allohga shukur, shunday yoshga yetib, izzat-ikromda yashayapman, — dedi u.
Shu so'zni aytib turuvdi hamki, xona eshigi taqillab, yoshi o'ttizlar chamasidagi yigit kirib keldi. U viloyat hokimidan olib kelgan taklifnomani berib ketdi.
Botirali aka taklif qog'ozini o'qigach: “Hosil bayrami munosabati bilan o'tkazilayotgan tantanaga taklif qilishibdi, baraka topishsin”, deb xursand bo'ldi.
— O'tganlarning haqiga duo qilib, ularning nomini eslash tiriklarga hadya berish bilan barobardir, degan hikmat bor. O'tgan ustozlaringiz haqida gapirib bersangiz, — dedim.
— Eng katta ustozim, albatta, otam bo'lsa, undan keyingisi Sharof Rashidov (Alloh rahmat qilsin) edi. Ustoz Sharof akaga uning kitoblarini o'qib mehrim tushgan. “G'oliblar” romanini o'qiganimda bolaligimdagi Chortoq manzaralari esimga tushib ketadi. 1974 yildan 1983 yilgacha Sharof aka Chortoqqa o'n martacha kelganini xuddi bugungiday eslayman. Yaxshi bilasiz, u paytlarda tuman rahbari raykomning birinchi sekretari deb atalardi. Rayijrokom raisi ham tumandagi ikkinchi rahbar hisoblanardi. Men shu ikki lavozimda ishlaganimda Sharof Rashidovning qimmatli yo'l-yo'riqlari bilan ish yuritib, el nazariga tushganman. U “Chortoq” sanatoriyasiga sobiq ittifoq hududlaridan davolanuvchilar kelishini hisobga olib, uning atrofiga kichik shaharcha (u paytlari nomi o'rischa “posyolka” deyilardi) qurish taklifini aytib, ijrosini o'z nazoratiga olgan. Pishiq g'ishtdan sifatli qilib zamonaviy uy-joylar, ravon yo'llar, mustahkam ko'priklar qurilgandi.
Hududdagi Hamid Olimjon nomi bilan atalgan davlat xo'jaligida 1983 yil 21 iyulda taniqli shoir Hamid Olimjonning byustini o'rnatdik va shu xotira maydonchasining ochilish marosimiga Sharof Rashidovni taklif qildik. Savobli ishlar savobli ishlarga sababchi bo'lar ekan. Tantanali tadbirga tayyorgarlik jarayonida Chortoqsoy va Ko'shan ariqlariga zamonaviy ko'prik qurdik. Shu tadbirda jajjigina maktab o'quvchisi Hamid Olimjonning “O'zbekiston” she'rini ifodali o'qiyotganida respublikamizning o'sha paytdagi rahbari bo'lgan Sharof Rashidovning ko'ziga yosh kelganini hali-hanuz eslayman. O'zbekistonni shu qadar sevgan inson bilan yelkama-elka turib ishlash nasib etgani uchun Allohga shukur deyman. O'sha kuni Sharof Rashidov men bilan xayrlashayotib: “Ishingizga omad, o'zingizni asrang, rejalarni bajarib yuring”, degandi. Bu Sharof Rashidov bilan so'nggi uchrashuvimiz bo'lgan ekan…
Ha, omadli ekanman. Ulug' insonlar nazariga tushganman. 1957 yili Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti talabalari safida Sirdaryoning “Boyovut-3” sovxoziga paxta terishga boruvdik. Kosmosga ikkita it uchirilgani munosabati bilan siyosiy dars eshitish uchun yig'ildik. O'sha paytda sovxoz direktori Usmon Yusupov ekan. Yig'ilish tugagach, ko'p paxta tergan talabalar qatorida meniyam nomimni aytib o'rtaga chaqirishdi. Usmon Yusupov: “Baraka top, o'g'lim!” deb boshimni silagandi.
Ustozlar haqida o'ylasam, Yangiqo'rg'on tumanida rahbar bo'lgan Sobir Qoraboyev ham yodimga tushadi. U bilimli va madaniyatli bo'lib, ilmli odamni juda yaxshi ko'rardi, vijdonan ishlaydigan mutaxassislarni ruhlantirib, ko'nglini ko'tarib, osmonga olib chiqib qo'yadigan mahoratli rahbar edi.
Rahmatli Ahmadjon aka Tillaboyev, Asatillo Xo'jayev kabi ustozlardan o'rganganlarim haqida unutilmas hayot xotiralarim bor. Sakson yoshligimni nishonlash arafasida ataylab Toshkentga bordim. “Chig'atoy” qabristoniga kirib Sharof Rashidov, Asatillo Xo'jayev kabi ustozlarim, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa bir qancha el fidoyilarining qabrlarini ziyorat qildim.
Botirali aka Sharof Rashidov nomini tilga olganda, uning mehrli nigohidan, ustoziga bo'lgan muhabbatli so'zlaridan ta'sirlanib ketdim. Yana bir bor anglaganim shu bo'ldiki, piri komil ustozim, taniqli adib, O'zbekiston jurnalistikasi darg'alaridan biri rahmatli Maqsud Qoriyev ham umrining so'nggi damlarigacha Sharof Rashidov nomini ulug'lab o'tgani bejiz emas ekan.
Botirali aka kitobsevar inson ekan. Suhbatimiz davomida o'qigan asarlaridan parchalar aytdi, she'ru g'azallar o'qidi. Ayniqsa, Erkin Vohidov, Said Ahmad, O'tkir Hoshimovlar bilan bog'liq bir-biridan qiziq xotiralarini esladi. Habib Sa'dulla bilan bo'lgan ajabtovur voqealarni yodga oldi.
Suhbatdoshimdan sodiq do'stlari haqida so'radim. U qishloq xo'jaligi sohasining pirlaridan biri bo'lgan oqibatli do'sti Nosir Otaxonov haqidagi ibratli voqealardan so'zlab berdi.
— Inson boshidan qanday kunlar o'tganini o'zi va yolg'iz Alloh biladi, — deb so'zini davom ettirdi. — Qirq yoshimda otamdan ayrildim. Mustaqillikning dastlabki yillari Namanganga og'ir keldi. Alg'ovli-dalg'ovli kunlarda viloyatni boshqardim. Ikkita vazirlik maqomidagi respublika tashkilotiga rahbarlik qildim. 1992 yil kuzda birinchi marta infarkt bo'ldim. 2003 yili onam olamdan o'tdi.
2008 yili yuragim yana xuruj qildi. Yurak dardi — juda og'ir dard. U bilan kurashishning o'zi bo'lmaydi. Yaratganning sinovlari ko'p ekan. Ikki ming o'n ikkinchi yili ellik yilga yaqin bir yostiqqa bosh qo'ygan ayolim Tilobatxon ayangiz olamdan o'tib qoldi.
Aytishim ham og'ir. Lekin nachora, bu hayot sinovlari ekan. Ikki ming o'n oltinchi yili oilamizga yana musibatli yil bo'ldi, qirq besh yoshida kenja o'g'lim Asqarjon kutilmaganda olamdan o'tdi. Boshimga tog'lar qulasa yaxshiroq edi. Farzand dog'ini farzandidan ayrilganlar biladi. Asqarjon mohir chavandoz edi. Uning otlarga mehri boshqacha edi. Minganida otlarga yarashib turadigan o'g'lim bor deb suyunib yurardim. Allohning qazosiga rozi bo'lib, musibatli kunlarda sabr qildim. Gohida boshimdagi o'y-fikrlar bilan tonglar otib ketadi. Keksalik taqdiri shu ekan — imkoniyatlar ham chegaralanib boraverarkan.
O'rtaga tushgan jimlikni telefon qo'ng'irog'i buzdi. Ovozi ochib qo'yilgan ekan, jajji qizchaning: “Assalomu alaykum, bobojon, bugun beshta besh baho oldim”, degan qo'ng'iroqday ovozi eshitildi.
— Toshkentdagi chevaram Mushtariybegim har kuni telefon qiladi. Zehni o'tkir, faqat beshga o'qiydi. Acham deb erkalataman.
Chevarasining ovozini eshitgan hojiboboning yuziga iliqlik yugurdi.
— Nevara-chevaralar ham ancha bordir, — so'radim.
— To'rt o'g'ilu ikki qizimdan yigirma ikkita nevaram, qirq bitta chevaram bor, Allohga shukur. Eng katta chevaram bu yil o'n yettiga kirdi.
Suhbatlashib o'tirib, iloho, men ham Botirali akaning yoshiga kiray, u kishi kabi piru badavlat bo'lib yuray, deb niyat qildim…
— Dunyo shunaqa ekan, — deya Botirali aka so'zini davom ettirdi. — Omad kelib turganida atrofingda hamma parvona, omad ketganida esa “do'st”laring ham begona. Do'sti sodiqlar esa bitta-ikkita bo'larkan, xolos. Eng dilni ranjitadigani amaldan tushganingdan keyin amaldorlar o'zini olib qochar ekan. Ana shunday og'riqli paytlarda insonning kimligini eli bilib, unga bag'rini ochar ekan. Xayriyatki, asl shogirdlarim ko'nglimni ko'tarib turdi. Shunday sadoqatli shogirdlarimdan biri — Ikromxon Najmiddinov bo'ldi. Qaerda, qaysi lavozimda ishlagan bo'lsa ham, hatto Toshkentda vazir bo'lib yurgan vaqtlarida ham Namanganga kelganida meni yo'qlab ketardi. Otasiga rahmat, hech ham kam bo'lmasin.
Ikromxon Najmiddinov Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning ham nazariga tushgan aziz insonlardan biri. U hurmatli Prezidentimizning biz nuroniylarga ko'rsatayotgan g'amxo'rlik siyosatini viloyatimizda olib bormoqda. Savobli ishlarning boshida turibdi. Respublika “Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi. Kimki bu dunyoda ota-onasining, ustozlarining duolarini olib, yurtiga, Yurtboshisiga sadoqat ko'rsatib, unga yelkadosh bo'lsa, kasb-koriga mehr bersa, el-yurt orasida obro'-e'tibor topaverar ekan. Bu hayot haqiqatini Ikromxon Najmiddinov misolida ko'rdim. Bu — Allohning suyukli bandalarigagina nasib etadigan katta baxt!
Bugun hamma meni ustoz deydi. Kunora turli tadbirlarga taklif qilishadi.
Shunday deb turgan ham ediki, eshik yana taqillab qoldi.
— Tuman sudi binosini qayta qurgandik, ertaga ochilish marosimiga qatnashib duo qilib bersangiz, — deya kelgan kishi qo'lidagi taklifnomani uzatdi.
— Ertaga viloyatda qishloq xo'jaligi xodimlarining hosil bayrami tantanasiga ham taklif qilishgandi, uzr, uka, sizlarning tadbiringizga qatnasha olmas ekanman, keyinroq o'zim alohida boraman…
Etkazganiga shukur, shunaqa yo'qlab tez-tez kelib turishadi. Viloyat hokimimiz Shavkat Abdurazzoqov baraka topsin, doimo xabar olib turadi…
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namanganga kelganlarida men kabi nuroniylar bilan ham suhbatlashib, bizlarga alohida izzat-ehtirom ko'rsatmoqda. Bu yil ham Yangi yil arafasida Prezidentimizdan samimiy tabriknoma oldim.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qahramonimizga yo'llagan tabrigida shunday samimiy tilaklar bor: “Siz Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishning yorqin timsoli bo'lgan ko'p yillik samarali mehnatingiz, ibratli faoliyatingiz va oliyjanob fazilatlaringiz bilan el-yurtimiz o'rtasida munosib obro'-e'tiborga ega bo'lib kelmoqdasiz. Ayniqsa, Yangi O'zbekiston sharoitida katta bilim va tajribangiz, amaliy taklif va tashabbuslaringiz bilan keng ko'lamli islohotlarimizga katta hissa qo'shayotganingiz tahsinga sazovordir.
Hozirgi vaqtda xalqimiz va mamlakatimiz o'z oldiga qo'yayotgan yuksak maqsad va vazifalarni amalga oshirishda g'oyat muhim fikr va maslahatlaringiz bilan faol ishtirok etib kelayotganingizni barchamiz yuksak qadrlaymiz.
Aynan Sizdek ko'pni ko'rgan, hayotning pastu balandini yaxshi biladigan, donishmand va jonkuyar insonlarning sa'y-harakatlari bilan yurtimiz tinchlik, do'stlik va ezgulik diyori sifatida dunyoga tanilayotganini minnatdorlik bilan ta'kidlashni istardim. Ana shunday bebaho boylikni asrash va mustahkamlash, mahallalarimiz, shahar va qishloqlarimizni obod etish, unib-o'sib kelayotgan farzandlarimizni sog'lom va barkamol etib voyaga yetkazish borasidagi ishlaringizda Sizga yanada katta kuch-g'ayrat, yutuq va omadlar yor bo'lsin!
Yangi yil ayyomida butun xalqimiz kabi Sizga va yaqinlaringizga mustahkam sog'liq, oilaviy baxt-saodat, xonadoningizda yaxshi kunlar, quvonch va shodlik ko'p bo'lishini tilayman”.
Men uchun juda hurmatli va qadrli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich viloyatimizga qilgan tashrifi chog'ida: “Botirali aka, o'zingizni ehtiyot qiling, siz bizga keraksiz”, deb aytganida, ko'nglim tog'dek ko'tarilib ketdi.
Botirali Hakimov bilan suhbatlashib o'tirib shunday fikrga keldim: u kishi iymonli, e'tiqodli, mehnatkash, insonparvar, halol va solih ota-onaning zurriyoti bo'lgani, ularning hayot maktabidan ta'lim olgani sharofati bilan ortidan rahmatlar keladigan savobli ishlarning boshida turgan ekan. Ustozlari nazariga tushganligi-yu el-yurt hurmatini qozonganligi ham shu tufayli bo'lsa kerak.
Botirali hoji ota huzuridan qaytar ekanman, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning: “Kimki ota-onasini rozi qilsa, unga Tubo (jannatdagi daraxt) nasib bo'ladi va Alloh taolo uning umrini ziyoda qiladi”, degan hadisini dilimdan o'tkazdim. Ayting, musulmon farzandiga bundan ortiq mukofot bormi?
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
“Hurriyat” muxbiri.