“Hayot yo'limizni yaxshilik yoritadi”

– deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg'ona viloyat kengashi raisi, taniqli tadbirkor

Rahmatillo KAMOLOV

Rahmatillo akani yaqindan bilganimga o'ttiz yilcha bo'libdi.  U Farg'onada fermerlik harakatining birinchi qaldirg'ochlaridan. Ikki ming uchinchi yildan buyon Toshloq tumanidagi “Kamolov Rahmatilloh” nomli ko'p tarmoqli naslli chorvachilik fermer xo'jaligini boshqarib kelmoqda.

O'rta yoshdan oshgan kishilar yaxshi bilishadi, mustaqillikning dastlabki yillari oziq-ovqat savdosi do'konlarining peshtaxtalari bo'm-bo'sh huvullab yotardi. Un, yog', shakar kabi sakkiz turdagi eng zarur iste'mol mollari hukumat qarori bilan me'yorlashtirilgan talonlar orqali sotilardi. Rahmatillo aka o'shanda fermerlik bilan  birga Toshloq tumani matlubot savdosi jamiyatini ham boshqarardi. O'sha yillari oziq-ovqat taqchilligi tufayli insofli va insofsiz savdo xodimlari saralanib qolgandi. Er yigitlar el boshiga mashaqqat tushganida bilinar ekan. O'sha yillari yo'qchilikdan qiynalib yotgan odamlarning rizqiga ko'z olaytirib, me'yorlashtirilgan mollarning narxi ustiga qo'shimcha narx qo'yib, “peshtaxta ostidan” sotgan noinsof savdo xodimlari ham bo'lgan. Undaylarning ko'pi yo qamalib ketdi, yo sharmanda bo'lib ishdan quvildi. Alaloqibat undaylarning biri ikki bo'lmadi. Xalq tili bilan aytganda, savdo xodimlarining “doni donga, puchi puchga” ajraldi. O'shanday og'ir kunlarda Rahmatillo Kamolovga o'xshagan insongarlar esa o'zligini yo'qotmadi. Uzoq yurtlardagi hamkorlari orqali yurtimizga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji keltirib, el-yurt duosini oldi. Aslini olganda, bugungi to'kinchilik xamirturushi Rahmatillo akaga o'xshagan barakotli tadbirkorlar qo'lida qorilgan, desak, bo'laveradi.

Shu boisdan bo'lsa kerak, u yigirma yildirki, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg'ona viloyati kengashiga yetakchilik qilib kelayotir. O'n yildan buyon xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.

Rahmatillo aka hech qachon biror muammosi bo'lsa ham ayrimlarga o'xshab ovoza qilishga odatlanmagan. Allohga tavakkal qilib yuradigan inson. Qachon qaramang, atrofida muammolariga yechim qidirib kelganlarni uchratasiz. Gap-so'zlaridan, savob to'la tadbirlaridan shuni anglaganmanki, kitobiy qilib yozar bo'lsam, yaxshilik qilishni oliy saodat deb bilguvchi infoq-ehson egasi.

— Chorvachilikka mehr qo'ygansiz, bu xislat sizga kimdan o'tgan? — deb so'radim undan.

— Mening qalbimga mol-qo'ylarga mehrni, qo'limga barakani Alloh bergan deb shukur qilib yuraman, — dedi Rahmatillo hoji. — O'n yoshimda shaharda katalakday hovlida yashardik. Hovlimizga o'zimiz zo'rg'a sig'ardik. Bir parcha joyning atrofini to'sib, to'rtta qo'zini boqib, semirtirib sotardim. Darsda o'tirib: “Och qolishmadimikan?” deb qo'ylarimni o'ylardim. Tezroq o'qish tugasa-yu, uyga borib ularga qarasam derdim. Men boqqan qo'ylar boshqalarnikidan boshqacha semirib ketardi. Topganlarimni oilamizning tirikchiligi xarajatlariga sarflardik. Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo'lar chiroylik. Chiroyli turmushim mehnatim orqasidan. Hozir ham qush tinsa tinadi, bizning zurriyotlarimiz tinmaydi. Qo'li mehnatda, aqli ziyosi harakatda.

Hoji akaning suhbatini tinglab o'tirib, Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo'jayevning aytganlari yodimga tushdi. U qo'y boqish ilmi hadisini olgan bobosi haqidagi xotiralarini gapirib bergandi.

“Qo'y har ma'raganida Yaratgan parvardigorimizdan egasiga to'qqizta, o'ziga bitta baraka so'raydi, degan hikmat bor”, deb aytgan ekan bobolari. Haqiqatan, qo'yga mehr qo'yganlar qandayin baraka topayotganini Rahmatillo aka misolida guvoh bo'lib turibmiz. Bir shapaloq yerda ham qo'y boqishni uddalagan “o'quvchi bola”ning bugun 880 bosh naslli qoramollari bor. Har biri kuniga 20-25 litrdan sut beradigan zotdor sigirlari, mingga yaqin qo'ylari, to'qson bosh yilqisi bor. O'n besh mingta tovuq tuxum qiladi. Fermer xo'jaligida chet el texnologiyasi asosida bir kecha-kunduzda ikki tonna sutni qayta ishlashga mo'ljallangan mo''jazgina sut zavodi bor. Zavodda tayyorlangan pishloq, smetana, sariyog', yogurt, qatiq kabi mahsulotlar tumandagi maktabgacha ta'lim muassasalari, kasalxona, oshxonalar, yoz mavsumida bolalar oromgohlariga yetkazib berilmoqda.

Asli mutaxassisligi iqtisodchi bo'lgan Rahmatillo aka hisob-kitobini qilib ish yuritadi. Shu bois, paxtadan ham, g'alladan ham doim foyda oladi. Urug'likka e'tiborni qaratadi, sifatli urug'lik mahsulotlari yetishtirib, ko'proq daromad qiladi.

Bir gektarga yaqin maydondagi issiqxonada limonzor bor. To'rt gektar maydondagi uzumzori oltiariqlik bog'bonlarnikidan qolishmaydi. Ikki gektarlik intensiv bog'ida esa turli xil mevali daraxtlar ekilgan.

Inson qadrini ulug'lagan rahbarning el-yurt orasida obro'-e'tibori ko'tarilib ketaveradi. Rahmatillo akaning sa'y-harakati bilan tumandagi yakka-yolg'iz boquvchisiz qariyalar uchun kunduzgi dam olish maskani 1995 yildan buyon fermer xo'jaligining otalig'iga olingan. Har yili ishchi-xizmatchilardan yigirma besh nafari salomatliklarini tiklash uchun xo'jalik hisobidan sihatgohlarga jo'natiladi. Qo'li kalta, kasalmand va moddiy muhtoj odamlarga ko'rsatilayotgan saxovat hisobi yuz millionlar miqdorida bo'layotir.

— Moddiy muhtojlikning chorasi topilar, lekin yil sayin kuchayib borayotgan ma'naviy muhtojlikning chorasi topilarmikan? — deya Rahmatillo aka gazakka tuz sepgandek bo'ldi.

— Yaqin-yaqingacha kambag'al deb matbuotda yozish u yoqda tursin, o'zaro suhbatlarda ham bu so'z o'zimizda kam ishlatilar edi. Odamlar yeyar-icharida yetishmovchilik bo'lsa-da, yon qo'shnisiga ham bildirishmagan. Oriyat qilishgan-da. Qadrini baland tutishgan. Tomorqasiga u-bu narsa ekib, mol-qo'y boqib, tirikchiligini o'tkazishgan. Borida shukur, yo'g'ida sabr qilishgan.

Qanaqa qadriyatlarimiz bor edi-ya? Kimdir uy qurishni boshlasa, qo'ni-qo'shnilarning, qarindosh-urug'larning erkaklari bir-ikki kunda hashar qilib bitkazib qo'yishardi. Yaqinlarni qo'ying, yetti yot begonalar orasida ham oqibat kuchli edi. Ko'pchilik silai rahm so'zining ma'nosini bilmasa-da, qarindosh-urug'lar, aka-ukalar, opa-singillar, ota-onalar, er-xotinlar bir-birlariga muhabbatliroq edilar…

Otam rahmatli “Qush uyasida ko'rganini qiladi” deb aytardi. Qobil farzand ota izidan borarkan. Qahramonimizning yolg'iz o'g'li Oyatillo munosib zurriyot bo'ldi. “Pirim ustozim” deb otasining etagidan mahkam tutdi, kamol topdi. E'tiborxon hoji onasiga mehribon o'g'il, opalariga izzatli uka, singlisiga hurmatli aka. Katta bir nufuzli korxona rahbari. Ota-onasiga rahmat olib beradigan o'g'ilning sadaqasi ketsang arziydi.

Avval ham Rahmatillo Kamolov “Tashabbus-98” ko'rik-tanlovida eng yaxshi fermer deb topilib, oltin medal va Prezident sovrini — “Damas” avtomashinasi bilan mukofotlangani, “O'zbekiston Respublikasi ijtimoiy ta'minoti faxriy xodimi”, “Xalq ta'limi homiysi” nishonlari olgani haqida yozilgan maqolalarni o'qiganmiz. Bugun hoji akaning insoniylik xislatlaridan bir shingil hikoya qilyapmiz, xolos.

— Hayotimiz go'yo tarozining ikki pallasidek, — dedi u. — Yaxshilik amallarimiz qo'yilgan palla og'ir bo'lsin deb, Yaratgan Egam buyurgan yo'lda yurishni maqsad qilganmiz. El-yurt nazarida yurishning yuki og'ir. Hammasiga da'vo — odamlarga yaxshilik qilish, ehsonli bo'lish. Muqaddas kalomlarda aytilganidek, “Ehsonning mukofoti ehsondir”. Hayotimda bu hikmatning ijobatini ko'rib yashayapman. Qilgan yaxshiliklarimdan ko'ra ko'proq Allohdan yaxshilik ne'matini olish baxtiga erishib yurganimizga shukur.

Rahmatillo aka huzuridan qaytar chog'imiz shogirdlaridan biri Halimjon Rahmonov shunday dedi:

— Ustozning to'g'ri gapirish, omonatdorlik, va'dasining ustidan chiqish, ishlarni rejalashtirish, saxovat qilish, oilaparvarlik, xushchaqchaqlik, do'stlarga sodiqlik, oqibatlilik, xolislik va yana eng muhimi, har bir ishda Allohga tavakkal qilish kabi xislatlariga havasim keladi.

Halimjon uka, siz haq gapni aytdingiz, biz jurnalistlar ham Rahmatillo Kamolov singari kishilarga havasimiz keladi. Bunday insonlar haqida maqolalar emas, katta-katta ocherklar, kitoblar yozsa arziydi. Chunki “Mehnat — ikki ko'zdek issiq” degan gap bejiz aytilmagan.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 15 =