Halollik — umr bezagi

Halol bo'lish, halol yashash hamisha noyob va ibratli hodisa bo'lgan. “Halol” deb yozayapman-u, lekin bu muqaddas so'zning zamirida qanchalar mashaqqat, azob-uqubat borligini yaxshi anglayman.
Halol inson bo'lish — jasorat. Halollikda timsolga aylanish esa qahramonlik.
Hech qachon halollik chala yoki kemtik bo'lmaydi. Aytaylik, o'zini halol, deb ko'rsatib, zimdan pastkash ishlarni qilib yurganlarni halollar safiga qo'shib bo'lmaydi. Bundaylar kunduzi masjidga borib, tunda o'g'rilik qiladigan toifani esga soladi. Mashhur fransuz adibi Jorj Sand yozganidek: “Halollikning sotilgani — o'lgani”.
Halollik haqiqiy ibrat bilan namoyon bo'ladi. Halollikning ana shunday yorug' va faxrli yo'lini tanlagan, o'zini va o'zligini namoyon qilib kelayotgan shaxslardan biri — taniqli olim, samimiy va yetuk ziyoli, falsafa fanlari doktori, professor Sa'dulla Otamurodovdir.
Sa'dulla aka buyuk olimlar va ijodkorlarga muqaddas makon bo'lgan Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida dunyoga kelgan. U kishi o'rta maktabni tugatib, ToshDU — hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining tarix fakultetida tahsil olib, shu fakultetda o'qituvchilik faoliyatini boshlagan.
Bo'lajak olim 1978 yilda “Milliy ma'naviyatlarning baynalmilallashuvi” mavzusida nomzodlik, 1992 yilda “Jamiyatni yangilash jarayonida milliy ma'naviyat va milliy o'zlikni anglash” mavzusida doktorlik ilmiy ishlarini himoya qildi.
Professor Sa'dulla Otamurodov 1991 yildan buyon Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Politologiya va iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasida samarali va qizg'in faoliyat ko'rsatib kelayotir. Bu serqirra pedagogik faoliyatiga ham yarim asr bo'ldi.
Shu kunlarda o'zining muborak 80 yoshini nishonlayotgan Sa'dulla Otamurodov allaqachon atoqli olimlar safidan o'rin olgan. Ustoz olim shu kunga qadar 6 nafar fan doktori, 14 nafar fan nomzodiga ilmiy rahbar bo'ldi. Ularning saflari ko'payib borayotir. Hademay navbatda turgan yangi shogirdlar ilmiy ishlarini himoya qilishni boshlaydi. Sa'dulla aka har safar himoyadan so'ng go'yo o'z farzandi ilmiy darajaga ega bo'lgan otaday benihoya quvonadi. Hech ikkilanmay u kishini nihoyatda talabchan, samimiy va mehribon shogirdsevar, ashaddiy shogirdparvar ustoz, desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Olimning o'nlab kitoblari, qo'llanma va darsliklari chop etilgan. Masalan, “Milliy rivojlanish falsafasi (siyosiy-falsafiy qirralari)” (2005), “Globallashuv va millat” (2008), “Globallashuv va milliy-ma'naviy xavfsizlik” (2015), “Globallashuv: millatni asrash mas'uliyati” (2023) singari kitoblari, milliy ma'naviyat, o'zlik, davlat mafkurasi, milliy ong, milliy davlatchilik, shaxs ma'naviyati mezonlari, politologiya asoslari, milliy ma'naviy tiklanish mavzularida ko'plab o'quv qo'llanmalari, risolalari va yuzlab maqolalari e'lon qilingan. Jumladan, u “Qachon millat bo'lamiz?” nomli maqolasida kuyunib shunday yozgan: “Nazarimizda, milliy o'zligimizni anglash ahvoli o'tgan asrning 90-yillar oxirigacha bo'lgan darajadan durust emas. Holbuki, u davrda jamiyatda moddiy yetishmovchiliklar ko'p edi. Shunga qaramay, xalq ozodlikka erishish va uni mustahkamlashni asosiy maqsad, bosh a'mol deb bilgan edi. Millat ruhi va ongini yuksaltirish haqida qayg'urmasak bo'lmaydi. Negaki, milliy o'zlikni anglash orqaligina chinakam millat bo'lib shakllanamiz”. Bu fikrini qat'iylashtirib, shunday xulosaga keladi: “Yagona shart — odamning milliy o'zligini anglashdir”.
Ustoz olim Sa'dulla Otamurodovning o'zi buyuk alloma Mahmud Zamaxshariyning mashhur kitobi — “Oltin shodalar”ida bitilgan quyidagi hikmatga hamisha amal qilib yashaydi: “Har bir qadamingda dunyo va dunyodorlar senda havas uyg'otadi. Yomon niyatli odamlar goho senga o'zlarini yaxshi ko'rsatadilar. O'zingni ularga taslim etmaki, oxiri yaxshilik keltirmas. Bu mol-dunyolar o'tkinchi ekanligini unutma. Zamon hodisalari ostida ezilma. Aksincha, sen nomashru', nopok ishlarni ezib, yanchib tashla. Bu yo'lda mujodala, kurashdan charchama, to'g'ri, halol yashashda sabr-matonat ko'rsat”.
Bizga halollik — umr bezagi ekanligini namoyon etib kelayotgan muhtaram olimimizga hamisha halol bo'lishda, mudom halol yashashda sabr-matonat ko'rsatib kelishlarida Alloh har doim madadkor bo'lsin.
Ashurali JO'RAYEV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan
jurnalist.