Yaxshilik sharofati

Ulug'nor tumanida “Boburshoh” fermer xo'jaligi rahbari Qodirjon ota Qo'ziyevni o'quvchilar juda yaxshi taniydi. Ota deb hurmat qilishadi. Uzoqroq ko'rmasalar, sog'inib qolishadi. Qodirjon ota esa ularni nabiralarim deb e'zozlaydi. Tez-tez maktabga bolajonlarni izlab boradi. Nega deysizmi?

Qodir ota bolajon inson. Yana kitob mutolaasini yaxshi ko'radi. O'qiyotganda uchragan hikmatli iboralarni, tarbiyaga molik she'rlarni katta bir daftariga yozib boradi. “Nabiramga nasihatlar” dasturi bo'yicha o'quvchilar bilan uchrashganda bu hikmatlar asqatadi.

U savobli ishni tumandagi 21-sonli umumta'lim maktabidan boshladi. “Nabiramga nasihatlar” deb nomlangan rangli taxlama (buklet)ni direktorga ko'rsatdi. Donishmandlarning ilm, mehnat, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatga molik durdonalari jamlangan bu iboralar xususida ancha gapirdi.

— Bir kunni belgilab bersangiz, “Nabiramga nasihatlar” darsini o'tardim. Sinfdagi eng a'lochi o'quvchilarga sovg'alarimni bersam-u, yil davomida a'lochilarning besh nafariga fermer xo'jaligi nomidan stipendiya ajratsam?

Nuroniyning bu taklifidan direktor mamnun bo'ldi.

— Nima derdim? Zo'r bo'ladi, ota. Taklifingizdan… gapning rosti, quvonib shoshib qoldim. Bir soat emas, imkon topib, ko'proq vaqt ajratamiz.

Tayyorlab borgani — rangli taxlama bukletlarni bolalarga tarqatdi. Ko'rgan-kechirgan voqealardan so'zladi. Hikmatlarni sharhladi. Kim ilmga, kim hunarga qiziqishini bilib oldi. O'zi haqida ma'lumotlar berdi.

Yangilik boshqa maktablarga ham tarqadi. Otaning muddaosi ham shu edi.

Rejalari amalga oshayotganini turmush yo'ldoshi, unga hamisha yelkadosh, xayrixoh Mahfuzaxon ayaga aytdi.

— Yaxshi o'ylabsiz, dadasi. Endi rejani kengaytiraylik. Boshqa maktabdagi nabiralaringiz ham qolib ketmasin.

Er-xotinning yuzlarida nur balqdi. “Nabiramga nasihatlar” doimiyga ko'chdi.

— Bolalardagi o'zgarishlar sezildi, – dedi 21-maktab direktori Madina Alimqulova. — Qodir ota maktabimizning eng yaqin odamiga aylanib qoldi. Tumandagi barcha maktablarning “yoshlarni oilaga tayyorlash” saboqlari o'tiladigan sinf xonalariga turli pishiriqlar tayyorlash uchun eng zamonaviy elektr anjomi sovg'a qildi.

— Hatto o'zi tug'ilib o'sgan Baliqchi tumanidagi maktab bolalari ham otaning nabiralariga aylangan.

Qodir ota Qo'ziyevning “Nabiramga nasihatlar” darsi asosidagi qator uchrashuvlar tuman, viloyat, undan oshib respublikaga ham tarqaldi. Goh “oynai jahon”da, goh radioda, goh ommaviy axborot vositalarida Qodir otaning chiqishlari uyushtirildi. Xususan, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida nuroniy Narzulla Muhammatov, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidan nuroniy Abdujalil Eshonqulovlar Qodir ota bilan aloqa bog'lab, unga havas qilganlarini, agar ota tayyorlagan dastur va rangli taxlama (bukletlar)ning elektron variantlarini olishsa, o'zlari ko'paytirib, o'quvchilarga tarqatib, shu asosda ular ham “Nabiramga nasihatlar” mavzusida “uch avlod uchrashuvlari”ni o'tkazishlarini aytishdi.

Yaxshining sharofati deb shuni aytadilar-da, Qodir otaning tashabbusi endi uch viloyat o'quvchi yoshlariga ziyo, ta'lim-tarbiya berib qanot yoza boshladi.

Qodir ota 45 yil avval cho'lni o'zlashtirish uchun Baliqchidan ko'ngilli  bo'lib kelgan 2006 yildan buyon “Boburshoh” dehqon fermer xo'jaligini boshqaradi.

Ulug'nor Andijonning dehqonchiligi mushkulroq cho'l zonasi hisoblanadi. Yerlaridan zo'rg'a 15-18 sentner paxta olinadi. Insondan chekinmagan cho'l bormi?! Fermer o'tgan yili gektaridan 30 sentnerdan sifatli paxta xom-ashyosi oldi.

Bugun “Boburshoh” fermer xo'jaligi yerlarida gul giyohi gurkiragan, daraxtlari soya bera boshlagan. Bobodehqonlar daromadi ko'paygan.

Qodir otaning yana bir ermagi — daraxtu gul ekib ko'kartirishni yaxshi ko'radi. Har yili fermer xo'jaligi mablag'idan 50 tup, ba'zan undan ham ko'proq ko'chatlari bilan uchta-to'rtta maktabga nuroniy do'stlari bilan borib ko'chat ekish tadbirini o'tkazadi. Bolalarga tabiat, atrof-muhit tozaligi va bu tozalikning insonlar salomatligi uchun zarurligi haqida to'plagan hikmatli iboralaridan aytib, mazmunini sharhlab ham beradi.

Eng muhimi, daraxtlarni ekadi-yu, shu bo'yi “ish tamom” demaydi. Daraxtlardan xabar oladi.

Ekkan mevali daraxtlari hosilga kirganda hosil oldidan maktab ahli Qodir otaga ilinadilar.

— Maktabdagi nabiralarim o'zi ekkan daraxtidan faxrlanib meva ko'tarib kelganlaridan xursand bo'ldim, — deya sevinadi otaxon.

Qodirjon ota yurtimizda bu yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb nomlangani sharafiga har yilgidan ko'proq ko'chat tayyorlab, tashkilotlar, maktablar, bolalar bog'chalariga ulashdi. Nuroniy do'stlarini yoniga olib, ko'chat ekish tadbirlarini o'tkazdi.

Qodirjon Qo'ziyev kabi saxovatli nuroniylar duogo'ylar bor bo'lsin! Ularning hayoti  ibrat maktabidir.

Zamira RO'ZIYEVA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 9 =