Bugunning To'marisi

Poytaxtimizning 16-son shahar kasalxonasi. Jarrohlik stolida yotibman. Do'xtirlar jonlantirish bo'limiga olishdi. Kasallarning ko'pligi, odamlarning qiynalayotganidan yuragim ezildi. Lekin shifokorlarning ularga ko'rsatayotgan tezkor tibbiy xizmatlaridan xotirjam bo'lardim.
Dardim biroz yengillashgach, boshqa shifoxonaga yotdim. Palataga kirganimda, 45-50 yoshlar chamasidagi ayol bor edi. Uning joni ozor chekayotgani yuzlaridan sezilib turardi. Unga tomchilatib dori qo'yishardi. Biroz ko'ngli yorishdi chog'i, telefonda kimlargadir topshiriq berishga tushdi. Allanarsalarni so'rab-surishtirdi. O'qish uchun olgan “Sharifa Salimova va zamondoshlar” nomli kitobni sumkamdan chiqarib qo'ydim. Kamina kitobdan “To'maris mutolaasidan so'ng” maqolasini o'qiy boshladim: “Eron shohi Kir ham, massagetlar malikasi To'maris ham hukmdor sifatida ko'rsatiladi. To'marisni onalik hissi qancha qiynamasin, u el-yurt manfaatini shaxsiy istaklaridan ustun qo'yadi…” O'qiyapman-u, yonimdagi ayolni kuzatyapman. Shifoxonada bemor holida bo'lsa-da, odamlar uchun qayg'uryapti.
Orzulari oydin Ozoda
Navoiy shahri. 1978 yil, 19 may. Tog'-kon metallurgiya kombinati haydovchisiga xushxabar keldi. Rafiqasi Malikaxonning ko'zi yoribdi. Birinchi farzand — qiz ko'rishibdi. Er-xotin o'zida yo'q xursand. Unga Ozoda deb ism qo'yishdi. Yillar o'tdi. Malikaxon shifokor. Go'dagini oq yuvib, oq tarab parvarish qildi. O'rta maktabni tugatgan Ozoda oliy o'quv yurtiga hujjat topshirdi, omadi chopmadi. Onasi ishlaydigan shifoxonaga oddiy xodim bo'lib ishga kirdi. G'ayrati, ichki hissiyot, istak unga tinchlik bermadi. Tibbiyot texnikumiga o'qishga kirdi. O'qish jarayonida o'zi ishlayotgan shifoxonaning jonlantirish bo'limida faoliyatini davom ettirdi. Endi u nazariya bilan amaliyotni birga olib borar, odamlarning mehrini qozonardi.
…Ozodaga sovchi keldi. Qo'shnisi Zafarjondan. Yulduzi yulduziga to'g'ri kelib turmush qurishdi. Bir yil o'tgach o'g'illi bo'lishdi. Jahongir deb ism qo'ydilar. Yangi mehmon oilaga quvonch, baraka olib keldi. Ozoda yangi ochilgan tug'uruqxona majmuasiga ishga o'tib, kadrlar bo'limini boshqardi. Ozodaxon mehribon, qo'li yengil tibbiyot xodimi bo'lganligi bois buvisiga juda yoqardi. Robiyajon buvisining ko'zi ojiz bo'lgani uchun nevarasidan bag'oyat xursand bo'lib duo qilardi. “Baxtli-taxtli bo'lgin, yurt koriga yaragin”, deb.
Ikkinchi farzand — Javlonbek tug'ildi. Istagan imkon topadi. Ozoda ishni ham, ro'zg'orni ham qoyilmaqom uddaladi. Alloh yana o'g'il ne'matini berdi. Jo'rabek deb ism berdilar. Bola tarbiyasi bilan shug'ullanish uchun uyda bekalik qildi.
Ular yashayotgan ko'p qavatli uyga Toshpo'lat aka degan inson rahbarligidagi shirkat xizmat ko'rsatar edi. Aholi uning ustidan shikoyatlar yozishardi. Bir kuni shahar hokimi kelib, yig'ilish o'tkazdi. Unda qatnashayotgan Ozoda shirkat rahbarligi qiyin, mas'uliyatli vazifa ekanini aytdi. Ishni to'g'ri yo'lga qo'yish uchun ko'plashib, birgalashib ish tutish lozimligi, homiylar qidirish, mablag' topish zarurligini ta'kidladi. Bu gaplar hokimga ma'qul keldi.
Ko'p narsani tushunar ekansiz. O'n kun Toshpo'latning o'rnida ishlab turing, — dedi shahar hokimi.
Ozoda yosh bolasini onasiga qoldirib, ishga tushdi. O'ylab-o'ylab o'sha vaqtda Navoiy viloyati hokimi bo'lgan Erkin Turdimovning qabuliga bordi. Viloyat rahbariga ahvolni tushuntirdi: xonadonlar yaxshi isimaydi; kanalizatsiya yaxshimas; yerto'lalar bir ahvolda…
Hokim muammolarni eshitib bo'lgach, hech qanday va'da bermadi. Ozoda hafsalasi pir bo'lgandek viloyat mutasaddisi qabulidan chiqib ketdi. Oradan to'rt-besh kun o'tib masalaga aloqador barcha mas'ullar bilan birga viloyat hokimining o'zi ham keldi. Ular orasida tog'-kon metallurgiya kombinati direktori kabi katta tashkilot rahbarlari ham bor edi. Erkin Turdimov ularga shirkatni moddiy qo'llab-quvvatlash zarurligi to'g'risida taklif berdi.
— Mablag' beramiz, lekin barcha ishni o'zingiz qilasiz, — dedi hokim unga ishonib.
Ozoda ishga kirishdi. Dastlab 40 metr balandlikdagi 300 kublik minora qurdirildi, isitish qozoni o'rnatildi. Ko'p qavatli uyda umumiy 72 xonadon bo'lib, 420 nafar aholi yashardi. Oqova suv ariqqa tushardi, 300 kublik chuqur qazilgach, oqava suvlar o'sha chuqurga oqizildi. Yerto'lalar tozalandi, noqonuniy qurilgan tovuqxona, qo'yxonalar buzildi. O'rniga ko'chat ekib, bog' yaratildi. Aholiga yer berildi. Sug'orish tizimi barpo etildi. Uyning tomi, yo'laklar ta'mirlandi. Yo'lak eshiklari yangilandi, chiroq o'tkazildi. Bolalar maydonchasi bunyod etildi. Bularni ko'rgan vokzaldagi ikki qavatli 4 ta uy ham shirkatga qo'shildi. Ular ham xarob edi. Ozoda tez orada ularni ham ta'mirlatib, guldek yashnatib qo'ydi. Xursand bo'lgan aholi kommunal to'lovlarni o'z xohishlari bilan to'lay boshlashdi. U chinakamiga xalq ishonchiga kirdi. Boshqa ko'p qavatli uylar ham qo'shilib, soni 30 taga yetdi. Shirkatlar o'rtasida o'tkazilgan tenderda yutgach, yana 6 ta shirkat qo'shildi, shuning hisobiga endi u boshqaradigan ko'p qavatli uylar 150 taga yetdi.
Xalqning mehri tinib-tinchimas rahbarga kuch bag'ishlarkan. Yerto'lalarni ta'mirlab, tadbirkorlarga berdi. 150 dan ortiq ishchi o'rni yaratildi. Ortib qolgan mablag'larga zarur jihoz, texnikalar sotib oldi. Xizmat sifatini yaxshilash uchun kichik elektromobillar sotib oldi. Hatto chiqindilarni ham vaqtida olib chiqish uchun axlat tashiydigan ikkita mashina xarid qildi. Shu zayl 30 dan ziyod servis xizmati tashkil qilindi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi paytida 150 nafar xodim aholiga xizmat ko'rsatdi. Dori-darmon, yegulik mahsuloti yetkazib berildi. Hatto mashinalarni yuvish xizmati ko'rsatildi. Aholining roziligi va olqishi yangi-yangi loyihalar sari yo'l ochdi.
Kunlarning birida Navoiyga kommunal sohasini o'rganish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari keldi. Boshqa kompaniyalardan odamlarning shikoyatini eshitdi. Ammo Ozoda Jo'rayeva rahbarlik qilayotgan “Humo uylari” kompaniyasi xizmat qiladigan uylarda istiqomat qiluvchilar guruh-guruh bo'lib kelib, o'z minnatdorchiligini bildirishdi. Bu xizmatlar uchun fidoyi rahbar Ozoda Jo'rayeva hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ham “Humo uylari” kompaniyasi faoliyatidan ko'ngli to'lib, Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat Navoiyda o'z aksini topgani xususida gapirgach, selektor yig'ilishida Ozodaxon Jo'rayevaga so'z berildi. U bajargan ishlari haqida batafsil va dadil, faxr bilan so'zladi. 2023 yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida uni Toshkentga – bayram tantanasiga taklif etishdi. Bayram tadbirida Prezidentimiz farmoniga ko'ra Ozoda Jo'rayeva Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari etib tayinlangani e'lon qilindi.
Unga “Do'stlik” ordeni tantanali tarzda topshirildi.
Dil tug'yoni
Uni kuzatib turibmanu, shu jussaga shuncha aql, g'ayrat, shijoat, matonat qanday siqqan ekan deb hayratlanaman. Respublikadagi 43 mingta uy birlashgan shirkatlarni boshqarishini tasavvur qilaman. Mehnat faoliyatidagi natijalari esa sizni yanada hayratga soladi.
2024 yilda davlat byudjetidan pul olmasdan, boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan.
2023 yilgi tushumlar 461 milliard so'm bo'lsa, 2024 yilda 799 milliardga oshibdi.
U har kuni ertalab 2-3 soat tomchi dori qabul qilardi. Kechga yaqin esa hatto 5-6 soatlab tomchidonda yotardi. Tasavvur qiling-a, biror daqiqa tinchimasdi. Xuddi ish kabinetida o'tirgandek ishini o'ylardi. Barcha viloyatlarga aloqaga chiqar, joylarda ishlar qay darajada ekanligi bilan, ta'mirlash ishlari-yu, aholi tomonidan shikoyat bor-yo'qligi bilan qiziqardi.
Ozodadan odamlar ishonchini qozonish haqida so'radim.
— Hech qachon odamlarni aldamaslik kerak. Aholini eshita bilish zarur. Rahbar doim o'z so'zining ustidan chiqishi, aytganini bajarishi lozim, – dedi u.
Uning so'zlarini tinglab turib, kitobdagi turkiy qavmlar o'tmishda ham hamisha xotin-qizlar haq-huquqlarini hamma narsadan ustun qo'ygani, jamiyat hayotida, uni boshqarishda ayollar ham erkaklar bilan bab-baravar ishtirok etgani, bosqinchilarning dodini bergan To'marisning shijoati va jasorati haqidagi hikoyalar yodimga tushdi. Ozodaning xatti-harakati dovyurak To'maris momomizning shijoatiga o'xshab ketayotgandek tuyiladi. Ozoda uch o'g'liga ham munosib tarbiya berdi. To'ng'ichi Jahongir onasi yo'lga qo'ygan “Humo uylari” kompaniyasini boshqarmoqda. Kelini Kumushoy pedagogika universitetining maktabgacha ta'lim yo'nalishini tugatgan, dars beradi.
Javlon — tadbirkor. Kelini Rushanaxon Toshkentdagi farmatsevtika instituti talabasi. Har ikkala kelinlari Ozodaga qizlaridek sirdosh va maslahatgo'y…
Kenjatoyi Jo'rabek a'lo o'qishi, odobi bilan ota-onasiga rahmat olib kelayotir.
Ozoda ota-onasi bilan har kuni bir necha bor telefonda gaplashib turadi.
Fidoyilik…
Tarixiy kitoblarda ko'p yozilgan. To'maris el-yurtga sadoqatni nafaqat jang maydonida isbotlagan, balki el-yurt manfaatini ustun bilgan, odamlarga izzat-ikrom ko'rsatishni vatanparvarlik deb bilgan.
Ozodaxon ham shunday ayol! Qahramonimizning tashabbusi bilan 2022-2024 yillar oralig'ida respublikada mavjud 11428 ta liftdan 1680 tasi yangisiga almashtirildi. 2025 yilda yana 528 ta lift yangilanadi.
Navoiyda “Humo uylari” kompaniyasi ham tobora e'tibor topyapti, rivoj topyapti.
Kechqurun Ozodaxonga qo'ng'iroq bo'ldi.
— Xo'p bo'ladi, boraman. Tushundim, — so'ng menga qarab, — Ertalab Buxoroga uchar ekanman. Topshiriq bo'ldi, — dedi.
— Muolajangiz tugamadi-ku. Ovqat ham yaxshi yemayapsiz. Bormasangiz bo'lmaydimi? — dedim.
— Opajon, ish ko'p, nima ham qilardik, vazifamiz, — deya javob qildi. Tongda soat olti yarimda samolyotga chiqishini haydovchisiga tayinladi.
— To'g'risini aytsam, qomat, chiroy ham, jasoratli ishlaringiz ham, vujudingiz ham qahramonning o'zginasi.
— Avvalo, xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini oqlashga harakat qilaman. Nimagaki erishayotgan bo'lsam, buvimdan olgan beqiyos duolarim tufayli deb o'ylayman, — dedi Ozodaxon qattiq ohangda.
Ha, duo olsangiz, qo'llaringizga dur to'kilgay, degan edi shoir. “Parvozingiz yanada baland bo'lsin, salomat bo'ling, Alloh sizni panohida asrasin, bugunning To'marisi!”.
Respublikamizdagi “Top-35” (eng kuchli xotin-qizlar ro'yxati)dan joy olgan Ozoda Jo'rayevani chindan ham bugunning To'marisi degim keldi…
Muqaddas ABDUSAMATOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.