Baxt chizgisi

Yoshi ulg'aygan odam umr daftari sahifalarini varaqlar ekan, unda qilgan har bir xatti-harakatini tahlil qiladi. Faoliyati inson taqdiri bilan bog'liq kasb egasi bo'lgan uzoq yillar sudya bo'lib ishlagan Xayrullo Namozov bilan suhbatimiz ana shunday fikrlar bilan boshlandi.

— Albatta, shu kunlarda ko'proq padari buzrukvorimning: “Sen halol ishla, vijdonli bo'l, adolatparvarlik bayrog'ing bo'lsin, asosiysi, Qonun yo'lingni yoritguvchi mayoq bo'lsin. Ana shunda seni xalq taniydi, otasiga rahmat, deydi”, degan o'gitlari qulog'im ostida jaranglab turibdi, — dedi “Kuch adolatda” advokatlik firmasi rahbari Xayrullo Namozov.

1980 yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatib kelgan o'g'li bilan faxrlangan G'ani bobo va Muborak aya mehnatsevarlik va kamtarinlik inson bezagi ekanligini farzandlari qalbiga singdirgani bois Xayrullo Namozov ilk ish faoliyatini Romitan tumanidagi Mendeleev nomli maktabda o'qituvchilikdan boshladi. Aynan shu qadamlar uning ish faoliyati davomida mahorat maktabi bo'lib xizmat qildi.

1990-1995 yillar Buxoro shahar Fayzulla Xo'jayev nomli tuman sudi raisi, 1995-2000 yillarda To'qimachilik tuman sudi raisi, 2000-2005 yillarda Kogon shahar sudi raisi, 2005-2009 yillarda Kogon tuman sudi raisi lavozimlarida ishladi. Sud raisi sifatidagi faoliyati xronologiyasiga e'tibor qaratsangiz, Xayrullo Namozov yuzlab insonlar, turli jinoyatlarni sodir etgan jinoyatchilar ustidan hukm chiqardi.

— Bir umr “Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman”, degan qasamyod shiorimga amal qilib ishlaganman. Mehnatlarim, xizmatlarim qadr topgan insonman. “Jasorat”, “Shuhrat” medallari, “O'zbekiston Mustaqilligining 5 yilligi”, “O'zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” kabi o'nlab esdalik nishonlari sohibiman. Mamlakat Prezidenti imzosi bilan berilgan oliy medallar shunchaki mukofot emas. Ammo 2016 yilda boshimga tashvish tushib qoldi, — dedi suhbatimizga qo'shilgan vobkentlik mehnat faxriysi Bozor ota Ramazonov. — Ichki ishlar tizimidan nafaqaga chiqqanimdan so'ng 19 yil Vobkent tumanidagi “Vobkent” mahalla fuqarolar yig'inida rais bo'lib ishladim. Qonunlarni bilganim bois haq-huquqimni ham, burch va majburiyatimni ham yaxshi anglayman. Haqiqat, adolat tomonidaman. Shuning uchun ham tuhmat toshiga nishon bo'lgandim. Huquqimni himoya qilish uchun asosli faktlar bilan tegishli idoralarga murojaat qilishimga to'g'ri keldi. Ana shunday og'ir ahvolda qolganimda, “Kuch adolatda” firmasining advokati Xayrullo Namozov haqida eshitdim. Uzoq yillar turli hududlarda sud raisi bo'lib ishlagan Xayrullo Namozov himoyasi ostida oqlandim. Holbuki, tuhmat va yolg'on, soxtakorlik bilan to'ldirilgan jinoyat ishi ichidan haqiqatni ro'yobga chiqarish oson ish emas edi. Uning uchun advokatdan katta tajriba, bilim va salohiyat talab etiladi. Kamtarin, samimiy, vijdoni pok inson sifatida Xayrullo Namozov oilamiz uchun juda qadrli, — deydi duoga qo'l ochgan Bozor ota.

Har bir hukmni o'qiganida, inson jinoyatchi bo'lib tug'ilmasligi, uning ortida onasi, oilasi, qolaversa, begunoh farzandlari borligini bir daqiqa ham unutmagan X.Namozov advokatlik faoliyati davomida ham insonparvarlik va adolat tamoyillari chegaralarida qonun talabi doirasida ish ko'rishni faoliyat mezoni deb biladi.

Xayrullo Namozov turmush o'rtog'i, oliy toifali o'qituvchi Yoqutxon Qudratova bilan ikki o'g'il, ikki qizni mahalla-ko'y havas qiladigan darajada ilmli, ma'naviyatli, el koriga yelka tutishga qodir shaxs qilib ulg'aytirishdi.

Xayrullo Namozov yaqinda O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2025 yil 25 apreldagi 2011-sonli qaroriga asosan “Sud faxriysi” ko'krak nishoni bilan mukofotlandi. Mehnatsevarlik va kamtarinlik, halollik, adolatparvarlik baribir izsiz ketmas ekan. Aksincha, zulm va haqiqatning yuziga oyoq qo'yish ertadir kechdir javobsiz ham qolmas ekan. Buni hayotda ko'rib kelayapmiz.

Farzandlar, nevaralar, atrofingdagi yaqinlaring, do'stu birodaring, hamkasblaring, ustoz va shogirdlaringga qarab o'tgan, o'tayotgan umring mazmunini yanada teranroq anglaysan kishi. Bundan ortiq baxt bormi dunyoda?

Mohira ShAKAROVA,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − sixteen =