“Tuprog'i zar, ma'danim manim…”

yoki “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi,
Oliy Majlis Senati a'zosi Abdulla XURSANOV bilan suhbatdan keyingi o'ylar
O'tgan yilning kuzi edi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bo'lgandik. Yaxshi mehmon to'y ustiga borganidek, o'sha kuni kombinatning tashkil topganiga yetmish besh yil to'lgani munosabati bilan o'tkazilayotgan tantanada qatnashdik. Kombinat hovlisida yuzlab ishchi-xizmatchilar, chet ellik hamkorlar va biz kabi jurnalistlar tantana dasturxoni atrofida o'tirib, ta'sirli voqealar guvohi bo'lgandik. Kombinat rahbari goh mehnat faxriylari oldiga borar, goh yosh mutaxassislar o'tirgan joyda ularga iltifot ko'rsatar, qator oralab yurardi. O'sha kuni eng oddiy xodimlar — farroshdan tortib bog'bongacha mukofot oldi.
Garchi bu bayramga kombinat rahbarining bir ishorasi bilan mashhur xonanda-yu sozandalar kelishi mumkin bo'lsa-da, ammo kombinat rahbari mahalliy xonandalar piligini bir parda ko'tarib qo'yibdi. Sahnada olmaliqlik san'atkorlar. Ular kuy-qo'shiqlari bilan bayramga fayz kiritishgan edi.
Nasib etsa, yana kelib maqola tayyorlash niyatida Olmaliqdan xush kayfiyatda Toshkentga qaytgandik…
2025 yil 13 iyun tongida tahririyat rejasiga ko'ra Olmaliqqa yo'l oldim. Toshkentdan Farg'ona vodiysiga olib boradigan Olmaliq avtomagistral yo'lidan qirq yildan beri vodiy viloyatlariga, tug'ilgan yurtim O'shga borib qaytaman. Konlar qazib olishdagi taraqqiyot shiddati Qamchiq dovoniga chiquvchi yo'lning yo'nalishini tez-tez o'zgartirib turadi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, keyingi to'qqiz yilda bu qadim yo'llar kengaydi, ravon bo'ldi. Atroflariga ekilgan dov-daraxtlar bo'y ko'rsatib turibdi. Xalqaro avtomagistral jahon yo'l qurilishi andozalariga mos keladigan darajada qayta qurildi. Toshkent-Olmaliq yo'lining ikki tarafida past-baland qiyaliklar bag'riga ekilgan yuz minglab daraxt nihollari ulg'ayib, o'rmonzorlarga aylanayotir. Qisqa ikki-uch yil ichida yaratilgan yashillikka — yashil makonlarga qarab ko'zlar quvnaydi. Olmaliqning qahramon konchilari tog'u toshlar qa'ridan ajratib olgan oltinlaru qimmatbaho ma'danlar uzoq-uzoqlarga bu azim yo'llardan “safar”ga ketadi.
Yo'l bo'ylaridagi adog'i ko'rinmaydigan bog'larga nigoh tashlab borarkanman, xayol uzoqlarga olib ketdi. Samarqand shahri atrofidagi qadimda Sohibqiron Amir Temur bobomiz yaratgan bog'lar roppa-rosa o'ttiz besh yil avval viloyat hokimi bo'lib ishlagan Po'lat Abdurahmonov tomonidan tiklangan edi. Shu to'g'risida “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida “Yaxshidan bog' qoladi” deb nomlangan publitsistik maqolam bosilgandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida birinchi rahbar bo'lib ishlagan yillarida yo'l bo'ylaridagi “Temur bog'lari”ga yanayam katta e'tiborda bo'lgani ko'pchilikka ma'lum bo'lsa kerak. Ayniqsa buni butun Samarqand ahli yaxshi biladi. Bugun Toshkent-O'sh yo'lining O'zbekistondan o'tuvchi hamma manzillarida ana shunday go'zal bog'lar yaratildi. Yashillikni ko'rganimda ilhomim jo'shib ketadigan ijodkor yanglig' hech ikkilanmay bu bog'larga “Mirziyoyev bog'lari” deb nom bergim keladi. Samimiy so'zlarimni o'qiyotgan azizlar, yaxshi bilasiz, o'n yil avval magistral yo'llar yoqalaridagi katta-katta maydonlar cho'l bo'lib qaqrab yotardi. Bugun shu yo'llarning ikki tomonidagi bog'larni ko'rib aqlingiz shoshib qoladi, bog'bonlariga qarab bog'bon bo'lgingiz kelib ketadi. Shubha yo'qki, ko'chat ekib bog'u o'rmonlar yaratgan borki, albatta, ajrini oladi.
Xullasi kalom, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga yetib bordim. Sim qoqsam, kombinat rahbari yo'lda ekan, tez orada idoraga kelishini aytdi.
Ochiq chehra bilan “assalomu alaykum-va alaykum assalom”dan so'ng u “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining, ya'ni o'zining xizmat xonasiga taklif qildi.
Abdulla Xursanov bilan tanishmasimdan avval uni mansab maqomotiga ko'ra, qo'l yetmas balandda yuradigan, hukumat rahbarlari nazaridagi rasmiy mulozim bo'lsa kerak, deb tasavvur qilgandim.
Olib kirishimga ruxsat berishsa ham, odatimga ko'ra, qo'l telefonimni qabulxona bekasiga qoldirdim. Boshqaruv raisi men taqdim etgan “Hurriyat” gazetasini varaqlab ko'zdan kechirdi. Ish stoli ustidagi boshqa gazetalarga ishora qilib, ommaviy axborot vositalaridan ko'ngli to'lmayotganini dangal aytdi. U og'riqli yaraga tuz sepganday bo'ldi.
— Televidenie va gazetalarda biryoqlamalik kuchayib ketdi, — dedi u. — Bugun jamiyatdagi ma'naviy tanazzul haqida jurnalistlar bong urishi kerak-ku! Odamlar sog'lig'ini ham o'ylamaydi, yoshu qari birday internetga yopishib olishgan. Ko'pchilik yoshlar bilimda oldinga, axloqda esa orqaga qarab ketmoqda. Chet tillarni biladi, ammo halol-haromni ajrata olmaydi.
Uning iddaolarini tinglab o'tirib, O'zbekiston Qahramoni — ustoz Ibrohim G'afurovning: “Hali peshonasiga chiziq tushmay suxanidan manmanlik keladigan yoshlar ko'payib ketdi”, degani yodimga tushdi.
Abdulla Xursanovning jamiyatdagi bu kabi illatlarga befarq emasligi suhbatimizning dastlabki daqiqalaridayoq ayon bo'ldi.
— Ayrim ayollarda hayo, ibo, erkaklarda or qolmayapti, ulardan tarqaladigan zurriyotlar qanday bo'ladi? — dedi u. “Shunday holatlarni ko'proq yoritinglar”, deganday menga yuzlandi.
— Bizning ming yillik urf-odatlarimiz, ma'naviy boyliklarimiz unut bo'lmoqda. Bularni, albatta, matbuot ko'tarib chiqishi kerak. Ayrim bolalar bog'chalaridagi ko'zbo'yamachiliklarni qarang. Nabiram poytaxtdagi bog'chaga qatnaydi. Bilasizmi, e'tibor qilsam, keyingi oylarda uning ta'lim-tarbiyasida orqaga qarab ketish sezilib qoldi. Mudira va tarbiyachilardan surishtirsam, ulardagi maktabgacha ta'lim-tarbiya uslublari kombinatimizdagi bolalar bog'chasi darajasidan ancha past ekan. Ularni bolalar bog'chalarimizga taklif etdim. “Kelinglar, ko'ringlar, o'rganinglar”, dedim. Bola tarbiyasi o'ta muhim masala, bu muqaddas sohada ko'zbo'yamachilik qilish gunoh.
— Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir xonandaning o'ta qimmat narxdagi avtomashina sotib olgani muhokama qilindi, — dedi u so'zida davom etarkan. — Munosabat bildirganlar orasida unga havas qilib olqishlaganlar ham ko'p. Saviyasi yengil, oldi-qochdi qo'shiqlar aytib, odamlarni “rom” etib bo'lgan bu qo'shiqchi oydan tushganmi? Shuncha mablag'ni jamiyat uchun foydaliroq ishga sarflasa bo'lmaydimi? Qo'shiqchilarga ma'naviy-ma'rifiy yo'l-yo'riq ko'rsatishga vakolatli soha boshida turganlar qayoqqa qaramoqda?
— Yaqinda kombinatimiz tomonidan 500 ta ishchi o'rni yaratmoqchi bo'lgan tadbirkorga 200 ming AQSh dollari miqdorida mablag' berildi, — dedi u. — Bitta avtomashina qayda-yu, besh yuz kishi ish joyli bo'lgani qayda? Shu besh yuz kishining oylik maoshiga kamida mingdan ortiq odamning qozoni qaynaydi.
— Judayam og'riqli muammoni ko'tardingiz, mening nazarimda ham, ilmdan uzoqlashish, kitob o'qimaslik, axloqsizlik, dabdabali hayotga ko'r-ko'rona taqlid qilish kuchayib borayotganga o'xshaydi, — deyman suhbatdoshimga.
Har yaxshilikning asosi iymondir. Butun bilim va tajribasi, mahorati, qalb qo'rini o'z ishiga baxshida etib, fidokorona mehnat qilayotgan o'n minglab odamlarga rahbarlik qilayotgan Abdulla Xursanovning jamiyatimizdagi og'riqli muammolarga munosabatini tinglab juda ta'sirlandim.
Yangi O'zbekistonimizning iqtisodiy poydevoriga zalvorli hissa qo'shayotgan qudratli jamoani adolat va sidqi ixlos bilan boshqarayotgan, vijdoni uyg'oq zamondosh bilan dildan suhbat qurayotganimdan xursand bo'lib ketdim. Kombinat rahbarlaridan bir guruhi, hatto zimmasiga alohida muhim vazifalar yuklangan huquq-tartibot idoralari vakillari ham ishtirok etgan bir necha soatlik muloqotimiz ma'naviyat darsi kabi foydali bo'ldi, degan xulosaga keldim.
Korxona rahbarining tavsiyasiga ko'ra “Metallurg” madaniyat saroyi direktori Zahiriddin Mahmutaliyev kombinat kon va korxonalari faoliyati bilan tanishtiradigan bo'ldi.
— Tushlik vaqti bo'lib qoldi, biror salqinroq joyda ovqatlanib olsak bo'larmidi? — dedi u.
— Ishchi-xizmatchilar oshxonasi bor ekan-ku, o'sha joyda tamaddi qilib olaveramiz, vaqtimiz ham ziq.
Ishchilar oshxonasida shaharning oldi kafelaridan ham mazaliroq va xilma-xil taomlar tayyorlangan ekan.
— Kombinatimiz rahbari Abdulla Xursanov juda kamtarin inson, o'zi ham shu joyda hamma bilan birga ovqatlanadi, — dedi Zahiriddin.
Bizni kutib turgan, chet elda ishlab chiqarilgan, tog'-kon hududlarida harakatlanishga mo'ljallangan maxsus avtomobil vositasida yuqorilab borib, yassi joyda to'xtadik. Zahiriddin telejurnalist ekan. To'rt yuz ellik metr chuqurlikdan xomashyo ortilgan zalvorli avtomashinalar harakatini kuzatib turibman. Hamrohim kondagi ishlarni shirali ohangda mahorat bilan gapirib bermoqdaki, xuddi konchilar haqidagi qiziqarli lavhani tinglagandek bo'lasan, kishi.
Uning aytishicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash bo'yicha O'zbekistonda va Markaziy Osiyoda yetakchi sanaladi. Mis mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha esa dunyodagi o'ttizta yirik korxona safiga kirar ekan.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan 2025 yil yanvar-may holati bo'yicha 193 740 000 dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, reja 103,1 foizga bajarildi.
O'tgan besh oyda 17 458 tonna mis mahsulotlari, 9 496 tonna rux mahsulotlari, 141 tonna kadmiy, 3 326 tonna mis kuporosi xorijga jo'natildi.
Reniy eksportida belgilangan reja salkam to'rt barobar ortig'i bilan bajarilganini alohida ta'kidlash joiz.
OKMK eksport geografiyasi yil sayin kengayib bormoqda. Hozirda kombinat mahsulotlari 19 ta davlatga eksport qilinmoqda. O'tgan yili Gvineya, Senegal, Serbiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Portugaliya kabi davlatlarga mis katankasi va mis kuporosi eksporti boshlandi.
Kombinat tomonidan joriy yilning besh oyida tovar mahsulotlari ishlab chiqarish vazifasi 115,5 foizga bajarildi.
Mis xomashyosini qayta ishlashda o'sish sur'ati qayd etildi. Ushbu yo'nalishda Mis boyitish fabrikasi va 2-Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoalari ham ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Mis katodi ishlab chiqarish vazifasi 118 foizga, rux ishlab chiqarish esa 105,5 foizga bajarilishiga erishildi.
Shuningdek, Angren, Chodak kon boshqarmasi va Kovuldi koni mehnat jamoalari oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va ularni qayta ishlash, konsentratda 1-va 2-metall kabi vazifalarni ham oshig'i bilan bajardi.
Mis kuporosi, selen, tellur, perrenat ammoniy, palladiy kukuni kabi mahsulotlar ishlab chiqarish vazifalari ham to'liq bajarilishi ta'minlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan kombinatda “Yoshlik-1” konini ochish uchun olib borilayotgan ishlar salmog'ini ko'rib, xayolimga shu fikr keldi: “BU KON — BAG'RI MA'DANLARGA MAKON BO'LGAN YaNGI O'ZBEKISTONNING YaNGI KONI. KON-METALLURGIYa SANOATI TARIXIGA ZARHAL HARFLAR BILAN YoZILAJAK YaNGI SAHIFASI!”
O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Tuprog'i zar, ma'danim manim, O'zbekiston Vatanim manim” deya bejizga kuylamagan edi. Chindan ham har qarich tuprog'ida zarlari bor.
3-mis boyitish fabrikasidamiz. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida misli ko'rilmagan ishlar bajarilibdi. O'ttiz gektardan ortiq maydonga shu kunga qadar 28 ming 606 tup archa, qayrag'och, tut, devorgul, pavloniya, tol, sadaqayrag'och, bodom, gilos, olxo'ri, yong'oq, olma, o'rik, shaftoli, behi, aylant kabi mevali va manzarali daraxt ko'chatlari ekib undirilibdi.
— Avvaliga tayyor ko'chatlar o'tqazilayotgan edi, — dedi hamrohim. — Boshqaruv raisining qat'iy topshirig'i bilan endi qalamchalardan ko'chat tayyorlashga o'tildi. Gullar esa urug'idan ko'paytirilmoqda. 35 ming tupdan ko'proq qalamcha o'tqazilgan edi, deyarli hammasi tutib ketdi. Oddiy ishchi-xizmatchilar ham bog'bonlik sirlarini o'rganishmoqda. Aytishga oson, bir tup daraxt ekib ko'kartirishning o'zi bo'lmaydi! Tog'u toshlar bag'riga qadalgan daraxtlar, xudo xohlasa, go'zal bog'lar bo'ladi, degan umiddamiz. Bu bog'lar haqida dostonlar yozilsa arziydi.
Tog'larda bog' yaratgan bog'bonlar orzuni kuyga solgan mashshoqlar kabi qadrlidir. Ulamolar ta'biricha, daraxt barglari-yu ko'kat yaproqlari ham salavot aytar ekan.
Tog'-toshlar bag'rini yorib ekilgan go'zal manzara hadya etuvchi ko'chatlar orasiga bog'bon suv taramoqda. Suv esa shabbodani qoshiga chorlaydi, yaproqlarni o'ynoqlaydi. Atirgulu rayhon iforiga mast bo'lgan mayin yellar dimog'imizni qitiqlab atrofga shoshiladi. Bu mis boyitish fabrikalari hududlaridagi go'zal manzaradan bir lavha, xolos.
Kombinat korxonalari bilan yaqindan tanishish jarayonida shunga guvoh bo'ldimki, boshqaruv raisi Abdulla Xursanovga Alloh yashillikni sevguvchi, bog'u bo'stonlar, gulu gulzorlar yaratishga oshiq qalb ato etgan ekan. Salkam yarim asrlik ijodiy faoliyatim davomidagi tajribamdan shuni angladimki, tabiatga mehri bor fazilatli kishilargina odamlarga ham mehribonroq bo'lar ekan.
Kombinat kasaba uyushmasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy himoyasi uchun amalga oshirilgan xayrli ishlarni yozsak, gazetamizning bir nechta sahifalari ham yetmaydi. Abdulla Xursanov kabi inson qadrini ulug'laydigan, odamlarga mehr-shafqat ulashib zavqlanadigan, shavkatli vazifalarini astoydil uddalaydigan zamonamiz qahramonlari bor bo'lsin!
Aynan shu fazilat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytayotgan, istayotgan, qo'llab-quvvatlayotgan fazilat ekanligini ta'kidlash lozim.
Ismda ham gap ko'p, hikmat ko'p deyishadi. Abdulla — Allohning quli, suyukli bandasi degani ekan. Oldindan aytib qo'yaveray, u kishi bilan suhbat davomida bolalikdagi mashaqqatlari-yu, ilm izlaganlari, qurilishlardagi yutuqlari, ustozlari, hayoti davomidagi mo''jizaviy voqealar haqida samimiy so'zlarini tinglab, juda-juda ta'sirlandim.
Ijodiy safar chog'ida kombinat ishchi-xizmatchilari, injener-mutaxassislari bilan bo'lgan suhbatlardan so'ng jamoadagi ma'naviyat vakillari, kon-metallurgiya sohasining peshqadam vakillari haqida ham kelgusida ko'p hikoyalar bitishni dilimga tugib qo'ydim.
Hammamizga, xususan, olmaliqlik ma'dan qazuvchilar, jasoratli insonlarga ham yaxshiliklar, xayrli amallar ro'yobi nasib etaversin!
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.