Cho'qqini ko'zlagan inson

(Mingbuloqlik fermer Solijon XO'JAMOV faoliyatiga nazar)

Mingbuloqning tabiati ham, ob-havosi ham boshqacha. Yil sayin obod bo'lib, shahar misol farovonlashayotganini aytmaysizmi! Fermeru tadbirkorlari yangi zamon bilan birga hamnafas qadam tashlab, yangi Mingbuloqni bunyod etishmoqda. Paxtakoru g'allakorlari, bog'bonu ishbilarmonlari yutuqlari bilan nafaqat viloyat, hatto respublika miqyosida ham og'izga tushib borishayotir.

Har bir yurtda cho'qqilarga intilib yashaydigan lochin kabi azamatlar bo'ladi. Ular faqat oldinga qarab, marrani baland olib, yuksaklarni ko'zlab yashaydilar. Mingbuloqlik shunday olovqalb insonlardan biri Solijon Xo'jamov haqida shu bois bir so'z aytishni anchadan beri niyat qilib yurgandim.

U bilan tuman hokimiyati maydonida ko'rishdik. Solijon Xo'jamov muddaomizni bilgach, zamonaning oldi bo'lgan avtomashinasida tuman markazidan uncha uzoq bo'lmagan “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig'inidagi Paxtakor ko'chasidagi uyga olib bordi.

Solijon aka “Alisher aka, ho' Alisher aka!” deb xonadon darvozasidan ichkariga kirdi. Ichkaridan yetmish yoshlar chamasidagi ochiq chehrali nuroniy bizga peshvoz chiqdi. Biz bilan eski qadrdonlardek ko'rishgach, ichkari uyga taklif qildi.

Alisher aka Mashrabboyev qirq yildan ortiq o'zbek tili va adabiyoti fanidan muallimlik qilgan, salkam yigirma yil maktab direktori bo'lib ishlagan ziyoli bir inson ekan. Alisher domla Solijon akaga ustoz bo'lish bilan birga maslakdosh do'st-ulfat ham ekan.

— Mingbuloqda meni va ota-bobolarimni yaxshi biladigan kishilardan biri, — deya Solijon aka domlasiga ishora qilib, bizga yuzlandi.

Alisher aka jurnalist ekanimizni, Xo'jamov haqida yozish uchun kelganimizni eshitib, juda xursand bo'lib ketdi. Domla Namangandagi ko'plab ijodkorlarni yaxshi bilar ekan. O'zi ham ijod qilib, bir nechta kitob chiqargan ekan.

— Qahramonni to'g'ri tanlabsizlar, — dedi Alisher Mashrabboyev. — Solijon har bir ishga astoydil yopishadi. O'ziga ishonch bilan harakat qiladi. Rejalagan loyihasi natijasini oldindan ko'ra bilish iqtidori bor. Gapirgan gapining ustidan chiqadigan lafzli, oqibatli inson. Har qanday ob-havo sharoitida ham zimmasidagi rejalarni bajarishning uddasidan chiqadigan, xudo bergan omadli fermer. “Oq qum” massivi hududidagi yerlarda dehqonchilik qiladi. Mahalladoshlarining to'y-ma'rakalari usiz o'tmaydi. Odamlarga ko'pchilikka bildirmasdan saxovat ko'rsatib, zavqlanadi. El-yurt ichida odamlar uning haqqiga duo qilishayotganida ko'rsatgan ehsonlari haqida eshitib qolamiz. Saxiylik, qo'li ochiqlik xislati hammaga ham nasib etavermaydigan fazilat.

Ayniqsa, Sardobadagi suv toshqini falokati bo'lgan kunlari Solijon Xo'jamovning ko'rsatgan saxovatpeshaligini odamlar tez-tez gapirishadi.

Yaxshisi, o'sha voqeani o'zi gapirib bersin, deb Alisher aka Solijon akaga yuzlandi.

— Toshqin haqidagi falokatni eshitishim bilan harakatga tushdim, — deya qahramonimiz hikoyasini boshladi. — Mahalladagi ko'rpa tikadigan ayollarga tez fursatlarda 60 ta ko'rpa tayyorlashga buyurtma berdim. Xayriya safariga tayyorlanayotganimizni bilgach, turmush o'rtog'im Xolposhsho hoji ona ham pensiyasidan yig'ib yurgan pulini qo'shdi. Yo'lkirasini kelishib, xususiy yuk avtomashinasini yolladim. Yog', un, ko'rpalarni Sardobaga olib bordim. Biz olib borgan xayriya yuklarini omborning ko'rinadigan joyiga alohida qo'yishdi. Mahalliy rahbarlar katta rahmat aytib, minnatdor bo'lishdi. Mamlakatimizning turli burchaklaridan oqib kelayotgan xayriya yuklarini ko'rib, O'zbekistonda shunday insonparvar odamlar ko'pligidan faxrlanib ketdim.

Eng ta'sirlisi shu bo'ldiki, Mingbuloqqa qaytib kelgach, haydovchi yigit yo'lkira uchun kelishilgan mablag'ni olmadi. “Hoji aka, savobga biz ham sherik bo'lib qolaylik”, deb o'tinib turib oldi. Haydovchining mardligini qarang! U o'zining ham savobli, ham ibratli saxovatini ko'rsatdi.

Shu va boshqa ezgulik, saxiylik, insonparvarlik va ehson ishlariga katta hissa qo'shgani uchun Solijon Xo'jamov “Saxovat” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.

— Oltmish oltiga kirsangiz ham o'n-o'n besh yosh navqiron ko'rinar ekansiz, boisi nimada? — deb Solijon akadan so'radim.

— Menimcha, yaxshi turmush o'rtoq, qobil farzandlar, halol mehnat, ota-bobolar, ustozlar, keksalar duosi, tinmayin mehnat qilish, jismoniy chiniqish kabi omillar kishini navqiron ko'rsatadi deb o'ylayman. Bolaligimda katta otam rahmatli Xo'jamberdi va katta enam Oppoq buvi qo'lida tarbiya olib, juda ko'p narsalarni ulardan o'rganganman.

U o'n to'qqiz yoshidayoq uylangani, yigirma yoshida qiz farzandli bo'lgani, Andijonning Shahrixon tumanidagi qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash texnikumi avtomobil fakultetini bitirgani, bundan qirq besh yil avval “Gaz-53” rusumli yuk avtomashinasini haydagani, ota kasbi haydovchilik ekani haqida esladi.

Mustaqillikning dastlabki yillari fermerlik harakati Mingbuloq tumanida mamlakatda birinchilardan bo'lib yo'lga qo'yilgandi. 1997 yili Solijon Xo'jamov o'n gektar maydonda “Sohibqiron” nomli fermer xo'jaligini tashkil etdi. Avvallari tumanda yer maydonlari sho'rlanishi yuqori, ball baniteti past bo'lgan. Har gektardan bor-yo'g'i 14-16 sentnerdan hosil olingan. Oradan shuncha yillar o'tdi. Qanchadan-qancha fermer xo'jaliklari kurashlarga dosh berolmay tugab ketdi. Xo'jamovga o'xshagan ishning ko'zini biladigan, zamon bilan hamnafas bo'lgan fermerlar kengayib, gullab-yashnadi. Bu yilga kelib “Sohibqiron” fermer xo'jaligining ikki yuz gektar yer maydoni bor. Har gektar maydondan 45 sentnerdan yuqori sifatli paxta hosili yetishtirildi. G'alla undan ham barakali hosil berdi. Gektaridan 70 sentnerdan bug'doy olindi. Bog'lardagi xurmo, bodom, olma, giloslar ham yuqori daromad keltirdi. Fermer xo'jaligida ellik nafar ishchi-xodimlar doimiy ish bilan ta'minlangan. Mavsumda esa 150 nafar ishchi jalb etiladi.

— Fermerchilikda tarmoqlarni ko'paytirgan yutadi, — deb so'zini davom ettirdi suhbatdoshimiz. — Texnikalarimiz yetarli. Chet elda ishlab chiqarilgan don o'rish, paxta terish kombaynlarimiz boshqa fermerlarga xizmat ko'rsatib, daromad keltirmoqda. Uchta avtobusimiz yo'lovchi tashish xizmatiga jalb qilingan. Xitoy texnologiyasi asosida moshni qayta ishlash sexini ishga tushirganmiz. Yetti gektar hovuzda baliq yetishtirilayotir. 2009 yili respublika “Tashabbus” ko'rik-tanlovining g'olibi bo'lganman. Fermer xo'jaligida tomchilatib sug'orish, yerni lazerda tekislash kabi ilg'or usullardan samarali foydalanmoqdamiz. Xitoydan paxta urug'i olib kelib ekib, yuqori hosil oldik. Ilm-fan yutuqlarini qishloq xo'jaligiga joriy qilish yaxshi natija bermoqda. Fermer xo'jaligimizda paxtani faqat mashinada terish tajribasi yo'lga qo'yildi.

Ot o'rnini toy bosar, deydilar. O'g'illari Sohibjon va Saidjonlar ham ota izidan borib, fermer xo'jaliklarda rahbar.

Besh farzand, o'n sakkiz nevara, uch chevara — Solijon ota Xo'jamovning boyliklari, davlati. Hoji ota ularning odob-axloqli, bilimli bo'lishi uchun namuna bo'ladigan darajada harakat qilib, boshqa oilalarga o'rnak ko'rsatib kelmoqda.

— Ustozlaringiz haqida ham gapirib bersangiz?

— Otam rahmatlidan haydovchilik, dehqonchilik madaniyatini o'rganganman. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan paxtakor Nabijon Qoraboyev, mashhur injener tadbirkor Abduqahhor Salimov, nomi ko'pchilikka tanish brigada boshlig'i bo'lgan Abdusalom Rahimov kabi ustozlar faoliyati biz uchun hayot maktabi bo'lgan. Amakim Tursunboy Xo'jamov tumanimizda birinchi mexanizator bo'lgan. Sobiq sho'rolar davridayoq shaxsiy traktori bo'lardi. Odamlarning beminnat og'irini yengil qilib yurardi, mahalladoshlari to'y qilsa, o'tin olib kelib berardi. Qo'li ochiq, elparvar inson edi. Yaqinda masjidimiz imomi juma namozida amakimning shunday yaxshi ishlarini eslab, eldan ularning haqqiga duo so'radi. Qo'zimga yosh keldi. Yaxshilikning mukofoti shu bo'lsa kerak, deb men ham duoga qo'shildim.

— Solijon juda ma'rifatparvar va ziyoga intiluvchi inson, — dedi Alisher aka. — U “Oq qum” massividagi sobiq kolxoz idorasini maktabga aylantirib, otaliqqa olgan.

— Ko'pgina chet davlatlarni ham ko'rgan jahongashtasiz, shularni ham yozib olaylik, — deb qahramonimizdan so'radi hamkasbimiz, taniqli jurnalist, Mingbuloq tuman gazetasi bosh muharriri Qosimjon aka Akbarov.

— Ha, sayohatga ishqibozchiligimiz baland, — dedi Solijon aka samimiy kulib. — Fransiya, Germaniya, Italiya, Qatar, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, MDH davlatlarida bo'lganman. 2019 yili Belarusga borib ko'rgazma tashkil qildik. 2021 yili Prezident tashrifi doirasida Turkiyada bo'ldim. 2024 yili Qozon shahrida o'tgan xalqaro anjumanda qatnashdim. Qaerga borsam, nimanidir o'rganib qaytaman.

Ha, tinib-tinchimas qahramonimiz Solijon Xo'jamov to'rt chaqiriqdan buyon tuman kengashi deputati sifatida ham faol. Yana havas qilsa arziydigan xislatlari ham ko'p. Gul o'stirishni yaxshi ko'radi, shaxmatni aql gimnastikasi deb zurriyotlariga ham o'rgatgan. Futbolga ishqibozchiligi juda baland…

Solijon Xo'jamov O'zbekiston futbol terma jamoamiz jahon chempionatiga yo'llanma olganidan juda xursand. Niyati — Amerikaga borib, futbol maydonlarida terma jamoamizga ishqibozchilik qilish!

Mana sizga zamondosh qahramonlarimiz haqida bir shingil hikoya…

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

Qosimjon AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zolari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + six =