Chortoq chinori
yoxud fidoyi inson, namanganlik taniqli quruvchi Boydada JO'RABOYEV haqida so'z
O'shanda kuzning o'rtalari edi. Namanganda bo'lib, Boydada aka bilan dildan suhbat qurgan edik. Gap orasida yoshini so'rab bilsam, dekabr oyining oxirida qutlug' yoshga to'lar ekan.
O'tgan hafta “Chortoq Mineral Water” qo'shma korxonasi asoschisi Bahodir Abduraimov bilan uchrashib, undan qahramonim haqida so'radim.
— Boydada aka to'g'risida har qancha yaxshi gaplarni yozsangiz arziydi, — deb u mamnun bo'ldi. — Boydada akamizga hurmat, mehr dadamiz rahmatlidan bizlarga meros qolgan. Ko'p insoniylik fazilatlari ham dadamnikiga o'xshab ketadi. Juda halol, o'z ishiga puxta. Berilgan va'dasiga sodiq turadi.
Bahodir Abduraimovning aytishicha, quruvchi kasbini tanlashiga ham Boydada aka sababchi bo'lgan ekan.
— Quruvchilik o'lmas kasb, xayrli ish, quruvchi doimo nimadir bunyod etish umidida yashaydi, — dedi hamsuhbatim. — Qurilish sir-asrorlarini ham Boydada akamdan o'rganganman. Dadam rahmatli hayot paytlarida bir ishni boshlashdan avval undan maslahat, duo olardim. Endi har bir ishda Boydada akamiz bizga maslahatgo'y. Tabarruk yoshda bo'lsalar-da, g'ayrat-shijoatli inson. Tengqurlari orasida eng yumushlari ko'p, band odam desam ham bo'laveradi. Harakat sihat-salomatlikni mustahkamlaydi. Har yili bir marta chet ellarga sayohat qilib, dam olib keladi. Shunga xursand bo'laman.
Oilamiz bilan Toshkentda yashasak-da, bir necha muddat Chortoqdagi maktabda o'qiganman. Ayam rahmatli: “Bahodirjon bolam, qishloqdan uylangin, — deya takror-takror duo qilardilar. — Qishloqdan uylansang, men olamdan o'tgach, kelin bilan kelganingda qabrimni ham ziyorat qilasan”, derdilar. Ayamning duolari ijobat bo'lib, qishlog'imizdan uylandim. Har gal Chortoqqa borganimizda, onajonimizning qabrini ziyorat qilamiz. O'tganlarni eslaymiz…
Dastlabki tadbirkorligimni kichik tikuvchilik sexi tashkil qilib boshlaganman. Ishlab chiqarishda hikmat ko'p, qiziqarli hamda doim izlanib, harakatda bo'lasan. Odamlarga ish berasan, ularning qozoni qaynaydi, savob olinadi. Bugungi kunda “Chortoq Mineral Water” qo'shma korxonamizda uch yuzdan ortiq kishi ishlamoqda. Ular yaxshigina mehnat sharoitlari, kattagina oylik maoshlari bilan ta'minlangan.
Dadamning: “O'z tug'ilgan joying uchun foydali bir ish qilsang, yaxshi bo'lardi”, degan taklifi sababli Chortoqda “Chortoq Grand Resort” sog'lomlashtirish va dam olish majmuasini quryapmiz, — dedi Bahodir Abduraimov hikoyasini davom ettirib. — Nasib etsa, majmua kelgusi yili foydalanishga topshiriladi. Boydada aka shu majmua rahbarining qurilish ishlari bo'yicha o'rinbosari sifatida jonbozlik ko'rsatmoqda. Agar Chortoqqa borsangiz, tuman hokimligi tashkiliy kadrlar bo'limi rahbari Akram Mahmudov bilan uchrashing. U kishi Boydada akani juda yaxshi biladi.
O'tgan chorshanba kuni yana Chortoqda bo'ldim. Akram aka Mahmudov samimiy kutib oldi.
— Boydada Jo'raboyev o'ta mas'uliyatli, kamtarin inson, — dedi Akram Mahmudov. — Ellik yildan ortiqroq tumanimizda turli rahbarlik lavozimlarida ishlab keladi. Lavozimini, boshqalar ishonchini hech qachon suiiste'mol qilmagan. Hokimiyat tomonidan ko'pchilik manfaatlari yo'lida qilinadigan takliflarni bajonidil bajaradi. Og'ir-bosiqlik bilan, masalaning tagiga yetib, shoshilmay ish yurgizadi. Zamonaviy, madaniyatli rahbar bo'lgani bois chet ellardan kelgan mehmonlarni ham chiroyli kutib oladi.
Tuman “Nuroniy” jamg'armasi raisi Umrzoqali aka Sattorov Boydada akaning sadoqatli shogirdi, — dedi Akram aka. — Undan ham ko'pgina ma'lumotlarni olishingiz mumkin.
— Boydada akani 1970 yilda taniganman, — deya Umrzoqali aka hikoyasini boshladi. — U dadam rahmatlining shogirdi bo'lgan, kunlar kelib, men unga shogird bo'ldim. Boydada aka qurilish tashkilotida rahbar bo'lgan yillari men shu tashkilotda ishlab chiqarish bo'limi boshlig'i bo'lganman. Uning yurish-turishiga, o'zini tutishiga havas qilganman. Ayniqsa, berilgan topshiriqlarni tez va sifatli bajarish bo'yicha yechim topishda judayam izlanuvchan rahbar bo'lgan. Biz qurgan ijtimoiy ob'yektlar sifatliligi bilan hozir ham eslanadi. Boydada aka qo'l ostidagilarga g'amxo'r, mehribon ustoz. Biz shogirdlari ham u kishiga ma'qul bo'ladigan ishlarni qilishga odatlanganmiz. Katta-katta qurilishlar boshida tursa ham, biror marta shaxsiy manfaati uchun egri yo'llardan yurmagan halol quruvchi. Odamiyligi kuchli, yosh bo'lsin, qari bo'lsin, hammaning hurmatini joyiga qo'yadigan ajoyib inson. Kattaroq ish boshlashdan avval hozir ham ustoz bilan bamaslahat ish qilaman.
Yangi qurilayotgan “Chortoq Grand Resort” sog'lomlashtirish va dam olish majmuasi Chortoqning Gulshan qishlog'iga o'zgacha fayz kiritib turibdi. Boydada aka bilan majmuaga kiraverishda uchrashdik. Kuz bo'yi uzoq kutilgan yomg'ir dekabrning o'rtasida yog'di. Bu yomg'irlarni baraka yomg'iri bo'lsin deya niyat qilaylik. Nafaqat Toshkent aholisini, balki namanganliklarni ham anchagina tashvishga solgan iflos havodagi g'uborlarni yuvayotgan yomg'irli kunda qahramonim bilan suhbatlashib o'tirdim.
Ijodiy faoliyatim davomida qaysidir fidoyi inson haqida yozmoqchi bo'lsam, avvalo, uning ota-onasi, ustozlari to'g'risida so'rayman. Shunday savol bilan Boydada akaga ham yuzlandim.
— Jo'raboy otam rahmatli maktabda bog'bon bo'lsa-da, farzand tarbiyasiga juda mas'uliyatli, qattiqqo'l kishi edi, — dedi hamsuhbatim. — Yoshlikda anglab yetmagan bo'lsak-da, bugun bu tarbiya qo'l kelmoqda. Kunlardan bir kuni, besh-olti yoshlarda bo'lsam kerak, otam: “O'g'lim, maktabga chiqib, 10-sinfda o'qiydigan Tursunboy akangizni topib ayting, katta tanaffusda uyga kirsin”, dedi. U kirdi. Otam nasihat qildi. “Tursunboy, men kasal bo'lib qoldim, katta o'g'lim Boydada bilan bir-biringlarga suyanchiq bo'linglar”, deb duo qildi. Shundan keyin otamning ukasi Tursunboy akamni qidiradigan bo'ldim.
Otam bog'bon bo'lsa-da, maktabdagi qora ishlarni bir o'zi bajarardi. Gulchilikni yaxshi bilardi. Maktab issiqxonasida gul ko'chatlarini parvarishlab, bahorda maktab atrofini gulzor qilardi. Quyon boqish ham otamning zimmasida edi. Qish kunlari, hecham esimdan chiqmaydi, maktabimizda 14 ta pechka bo'lardi. Singlim bilan kechki payt pechkalarning kulini olib, o'tin qalab, ustiga bir paqirdan ko'mir solib chiqardik. Otam esa tonggi soat to'rtlarda pechkalarga o't yoqib kelardi. U paytlari qishda qattiq sovuq bo'lardi. Har kuni shu ahvol takrorlanardi. Yoshlikdan mehnatga o'rganib borganmiz. Qora mehnat qilib katta bo'lganmiz. Katta oilamiz a'zolari faqat otamning oylik-maoshiga kun ko'rardik. Yeyish-ichishimiz ham nochorroq bo'lgan.
O'sha davrlarda tibbiyot bugungidek rivojlanmagan, hatto astma kasaliga ham davo topilmagan edi. Otam shu kasal bilan uzoq azob chekdi. “Halol bo'lgin, rost gapirgin, bir so'zli bo'lgin”, deb ko'p nasihat qilardilar. “O'qib odam bo'lishing kerak, albatta, odam bo'lishing kerak”, deb takror-takror aytaverardilar. O'sha so'zlari haliyam qulog'imda. Toshkentga institutga o'zi birga olib borib, imtihonlar tugaguncha Tursunboy amakimnikida yotib kutib turgan. 1967 yili institutning kechki bo'limiga o'qishga kirib, kunduzi qurilishda ishlaganman. Zilziladan keyin Toshkentni qayta qurishda ishtirok etganimdan faxrlanib yuraman. Mashaqqat chekmasang, rohat bo'lmas deydilar. Bu – haqiqat.
— Sizning so'zlaringizni eshitib, yoshligim yodimga tushib ketdi, — dedim Boydada akaga yuzlanib. — Bizning oilada ham faqat otam rahmatli ishlardi. Muallim otam oyligini to'qqiz nafar farzandini yedirib-kiydirishga, voyaga yetkazib o'qitishga qanday yetkazganligiga aqlim bovar qilmaydi. U davrlarda baraka boshqacha bo'lgan, shekilli-da. Endi onangiz haqida ham so'zlab bersangiz.
— Turdixon rahmatli onam juda mehnatkash ayol edi, — dedi Boydada aka. — Asosan, uy-ro'zg'or ishlari, farzand tarbiyasi bilan band bo'lardi. Har bahorda pilla boqardi. Onajonimning umrlari mehnat bilan o'tdi. “Tarbiyali, ko'pga xizmat qiladigan inson bo'lishing kerak, yo'lingni topishing kerak”, derdilar. “Bizdan keyin qolgach, ukalaringni yetaklab boshqarishing kerak”, deb duo qilardi. Allohga shukur, ota-onamning duolari ijobat bo'ldi. O'qidim, undim, elga nafim tegadigan odam bo'ldim.
Shu payt suhbatdoshimning qo'l telefoni jiringlab qoldi. Darvozaxonada keksa bir nuroniy uni so'rab kelgan ekan. “Biz hali ancha suhbatlashamiz, kutib qolmasin, kiraversin”, dedim.
Biz o'tirgan xonaga keksa otaxon kirib keldi.
— Bu kishi ellik yillik qadrdon domlamiz Abdulla aka O'rinboyev bo'ladi, — deb tanishtirdi Boydada aka. Domla uzoq yillar maktablarni, tuman xalq ta'limi bo'limini boshqargan hurmat-e'tiborli muallim ekan.
Oqsoqol nabirasiga ish qidirib kelgan ekan. Boydada aka sog'lomlashtirish va dam olish maskanida bahorda ishlar boshlanganda birorta vazifaga ishga olishini aytdi.
Abdulla ota Toshkentdan kelgan jurnalist ekanimni bilgach, men ham bir maqtanib qo'yay, deya telefonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan ko'rishib, so'zlagan paytida yozib olingan tasvirlarni ko'rsatdi. Sakson uch yoshli nuroniyga havasim keldi, uning yoshiga yetib yuray deb niyat qildim.
— Boydada Jo'raboyev Chortoqni iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirishda bilimi, tajribasi bilan munosib hissa qo'shgan o'rni bor rahbar, — dedi Abdulla ota. — Ko'plab maktablar qurilishiga, ularni ta'mirlashga bosh-qosh bo'lgan taniqli quruvchi. Hech qachon tama qilmaydigan halol, ma'naviy dunyosi keng, yuragi pok, iymoni kuchli inson.
— Hayot yo'llarida fozil insonlarga ro'para kelish ham katta ne'mat ekan, — dedi Boydada aka. — Hayot ustozim, amakim Tursunboy akaning menga qilgan mehribonchiliklarini aytib tugatib bo'lmaydi. Meni o'qitib, oliy ma'lumotli qildi. Hayotga yo'lladi. Tursunboy akam o'zining odamiylik fazilatlari bilan xotiramda qolgan. Haqiqiy insonda qanday yaxshi xislatlar bo'lsa, bari Tursunboy akamda bor edi. Kunduzi ishlab, kechasi o'qirdim. Har yakshanba kuni Tursunboy akamnikiga borishim shart edi. Osh qilardik. Rahmatli Komilaxon kelinoyimiz xursand bo'lib: “Boydada, keldingizmi, aka-uka bir osh qilinglar”, deb ochiq chehra bilan kutib olardi. Keyin anglab yetdimki, bechora student haftada bir marta osh yeb olsin deya meni taklif qilishar ekan.
1974 yili qishloqqa qaytdim. Tumanimizda oliy ma'lumotli quruvchi yo'q ekan. Tuman rahbari qurilish tashkilotiga bosh injener qilib tayinladi. Kasb ustozim Madumar aka Sattorov qo'lida ish boshladim. Ustoz bilan o'n to'rt yil birga ishlab, muomala, yurish-turish, birovning moliga ko'z olaytirmaslik, reja asosida ishlash va qurilish sohasi sir-sinoati, ikir-chikirlarini o'rgandim.
Tuman kapital qurilish bo'limi boshlig'i, mexanizatsiyalashgan ko'chma kolonna boshlig'i, tuman aholiga xizmat qilish tashkiloti rahbari, tuman kadastr bo'limi boshlig'i bo'lib ishlagan paytlarim ustozimdan o'rganganlarim ko'l keldi.
Qars ikki qo'ldan chiqadi deyishadi. Turmush o'rtog'im rahmatli Turg'unoy ayangiz juda sodda, mehnatsevar ayol bo'lgan. Fikri-xayoli odamlarga yordam berish bo'lardi. U bilan besh farzandni tarbiya qilib, elga qo'shdik. Yigirma to'rtta nabira ko'rdik. Bugungi kunda yetti nafar chevaram bor.
Derazadan sog'lomlashtirish va dam olish majmuasiga nigoh tashlayman. Hududlardagi noyob daraxtlar kattalashib, bo'y ko'rsatib, ajoyib diltortar manzara paydo bo'libdi. Qarab ko'z to'ymaydi.
— Qurilish boshlaganimizdan Bahodirjon Toshkentdan sara daraxt ko'chatlarini jo'nataverdi, — deb u so'zini davom ettirdi. — Majmua bitgunicha atrof xushmanzara maskanga aylandi.
Bahodirjonning odamlarga yordamlari, xayrli ishlari haqida ham yozib ketsangiz, — dedi Boydada aka. — Bir kuni qo'ng'iroq qilib, Koroskon qishlog'idagi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig'ini bilan “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig'inini bog'lovchi ko'prik juda yomon ahvolda ekanini aytib, yangi ko'prik qurish rejasini tayyorlashimni aytdi. Ko'prik buzuqligi uchun odamlar ikki chaqirimcha masofani aylanib o'tishardi. Ayniqsa, maktab bolalari juda qiynalishar edi. Bahodirjon o'z sarmoyasidan yarim milliard so'm mablag' sarflab, yangi ko'prik qurib berdi. Infoq-ehson qilishda Bahodirjon ham otasi Tursunboy amakimga juda o'xshaydi. Taqdirimizga shunday saxovatpesha tadbirkor bilan hamkor bo'lish bitilgan ekan, Allohga shukur deyman.
Darhaqiqat, insonni Parvardigor go'zal shaklu shamoyilda mukammal xilqat qilib yaratgan. Bu dunyoda iymon, halol kasb va ezgu amallar bilan, mol-dunyo muhabbati-yu vaqtichog'likka maftun bo'lmasdan, ota-onasiga, ustozlariga mehr ko'rsatib, umr yo'lida chekiladigan mashaqqatlarga sabr-toqat qilib yashaganlar haqiqiy go'zal insonlardir. Shaksiz, Chortoq chinoriga qiyoslaganim Boydada hoji ota Jo'raboyev ham ana shunday insonlardan biri ekan.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
