Tog'larni “uyiga keltirgan” ayol
yoki tejamkorlikda yaponlardan qolishmaydigan hamyurtimiz haqida
U sanatoriylarga bormagan. Bahor keldi deguncha shaharliklar singari tog'u toshlarga intilmaydi ham. Chunki borishga vaqtini qizg'anadi. To'g'rirog'i, bunga hojat ham sezmaydi. Undan ko'ra o'sha havoni, iqlimni o'z uyiga ko'chirishni ma'qul bilib ish tutishni afzal ko'radi, shunga intiladi.
Bu ayolni tejamkorlikda tengi yo'q desa bo'ladi. Suvni, elektr tokini isrof qilganni kechirmaydi. Hatto ko'chalardagi yoqilib qolgan chiroqlarni o'chirtirish uchun yelib-yugurishdan erinmaydi. Uyida suvning jo'mragi tagiga chelak qo'ydirib, idishlar yuvilgan suvning ham bekor ketishini istamaydi. Bunisi o'z yo'liga. Avtomat kir mashinaga shlanka o'rnatib, suvini katta tog'oraga tushadigan qilib qo'yganiga birov ishonib, birov ishonmaydi-yu, biz shuni o'z ko'zimiz bilan ko'rganimiz rost. Xullas, bu holatlarni eshitib, kimdir: “Shu ham hayotmi?” — desa, boshqasi: “Qoyil-e!” — deydi hayrat bilan. Faqat loqaydlargina unga parvo qilmay, ahamiyat ham bermay, o'z odatlariga ko'ra e'tiborsiz o'tib ketishlari mumkin. Faqat bugina emas. Uning ishlari, hayot tarzi, odatlari bir olam…
Bu ayol haqida eshitishimiz bilan yo'lga chiqdik. Mahallasi shundoqqina poytaxtimizning O'rikzor dahasida, Bo'zsuv anhori yonida joylashgan ekan. Atrof saranjom-sarishta, ko'chaning ikki tomoniga, darvozalar atrofiga gullar, archa va nihollar ekib qo'yilgan.
Nigora opaning uyini topishimiz qiyin kechmadi. Chunki uning xonadoni tashqarisida noyob usuldagi ko'chatlar gurkurab o'sib yotardi. Ikki tomoni yashillik bilan o'ralgan darvoza tomonga burilib, eshik qo'ng'irog'ini bosdik. Nigora opaning o'zi chiqib keldi. Unga niyatimizni aytishimiz bilan ichkariga boshladi. Bu ayolning bag'ri keng, xushfe'l ekanligini fahmladik. Darvozadan ichkariga kirishimiz bilan bir xildagi qator ekilgan gullarga ko'zimiz tushdi. O'zimizni qish paytida yashil makonga kirib qolgandek sezdik. Hovli tomonga yurar ekanmiz, xonadon sohibasi izoh berdi:
— Men gullarni yaxshi ko'raman. Shu bois sementlarning ustiga ham tuvaklarda gul ekib o'stiraman. Kun qattiq sovib ketsa, ichkariga olib kiraman. Bo'lmasa, tashqarida turadi.
— Qachondan boshlagansiz bu ishlarni?
— 2021 yildan boshladim. Prezidentimiz “Yashil makon” haqida aytganlaridan so'ng men juda ta'sirlandim. Shu turtki bo'ldi. O'zi ozgina gullarim bor edi. Ko'paytirdim.
— Gullaringiz juda ko'p-ku! Jami nechtacha keladi?
— 150 dan oshiq gullarning o'zi. Ular chang yutadi, havoni tozalaydi. Bu yoqda archalar bor. Tomorqamizga archa ko'chatlari o'tqazdim. 50 tupga yaqin archalarim bor. Ularni 4 yil oldin ekkanman. O'shanda kichkina edi. Yiliga 2-3 qarichdan o'sarkan.
Nigora opa shunday deya tomorqani ko'rsatdi. Atrofga qarab, angrayib qolganimiz rost. Chunki hali bunaqasini ko'rmagandik. Xonadonda xuddi sanatoriy yoki dam olish uylarida bo'lgani kabi ko'm-ko'k archalar bo'y taratib turardi. O'rtadagi yashil stullar unga zeb berib turgandek. Bu yerda havo ham boshqacha ekan.
— Men tog'larga bormayman. Shu yerda yuraman. Bir kunda 15000-20000 qadam yurishga harakat qilaman. Aytishadi-yu, sog'liq harakatga bog'liq. Piyoda yurishimiz shart. Mana, chet ellarga borsak, bir tumanda atigi ikkita dorixona bor. Men Yevropaga borganimda, dorixona izlab, topolmaganman. Izlab-izlab topganimda esa reseptsiz dori bermagan. Bizda-chi, bitta mahallada, kerak bo'lsa, 20 ta dorixona. Ko'proq tabiiy narsalardan foydalanishga harakat qilaman.
Suhbatdoshimizni gapga solish niyatida savol tashladik:
— O'stirish osonmasdir?
— Yo'q. Qiyin emas. Men kimyoviy dorilardan foydalanmayman. Kuz oxirlarida daraxtlarning barglarini sotib olaman. Uni mahalliy go'ngga aralashtirib, tagiga sepib chiqaman. Shu sabab, ataylab 5-6 ta qo'y boqamiz. Keyin Qo'yliqqa borib, yangi ochilgan “Food City” bozoridan po'choqlar olib kelaman. Banan, mandarin po'stlarini suvga ivitib qo'yamiz. Erta bilan shu suvni gullarga quyamiz. O'zi atrofimizdagi hamma narsa insonga fido bo'lib turadi. Biz buni sezmaymiz ham. Men farzandlarimga shu haqda tushuntiraman. Keyin bolalarim, kelinim yordam beradi.
— Shaharlik ayol… Qishloq xo'jaligidan uzoqda bo'lgansiz. Qaerdan o'rgandingiz?
— Kitoblardan o'qidim. Agronomlar bilan maslahatlashdim. Ulardan so'rab o'rgandim.
— Tomorqangiz necha sotix o'zi?
— 6 sotix.
— Shu 6 sotixda 50 ta archa bormi?
— Yo'q, bu yerda 24 ta archa bor. Tashqarida tashlandiq yerni obod qildik. O'sha yerga ham chetlariga archa, o'rtasiga mevali daraxtlar ekilgan.
— Uyingizda havo boshqacha…
— Siz bahorda kelsangiz, bundanam boshqacha bo'ladi…
Nigora opa shunday deya archalar o'rtasiga qo'yilgan yashil rangli stullar tomonga yurib, o'tirishni taklif etdi.
— Tejamkor ekansiz-da!
Nigora opa shu gapimizni kutib turgan kabi jonlanib ketdi.
— Ha, men isrofdan qo'rqaman. Doimo tejamkorlikni targ'ib qilaman. Ertalab tursam, ko'chadagi simyog'ochlardagi chiroqlar yonib turibdi. Yoz fasli edi. Soat 4 dan tong ota boshlaydi. Nega soat 9 gacha yonib turishi kerak? Sergelidan Ippodromgacha tungi chiroqlar yoqilganicha turishini ko'rib, jahlim chiqdi. “Toshshaharelektr”ga telefon qildim. “O'chiramiz”, deb o'chirishdi-yu, ertasiga yana chiroqlar yoniq turdi. Men bir ishning ketiga tushsam, oxiriga yetkazmaguncha qo'ymayman. Keyin vazirligiga bordim. “Shaharga aytinglar, svetni o'chirishsin vaqtida. Qancha tok bekorga ketyapti”, dedim. Oxiri o'chiradigan bo'lishdi.
— Sizga nima? Shuncha odam e'tibor bermay yuribdi-yu tinchgina, och qornim, tinch qulog'im, degan kabi…
Bu gapimiz suhbatdoshimizga yoqinqiramadi. Sal jahl aralash tushuntirishga kirishdi:
— Men bunday qilolmayman. Vijdonim yo'l qo'ymaydi. Axir bu dunyoga nimaga keldik, bitta yaxshilik qilmasak? Bir kuni bozorga borsam, krandan suv sharillab oqib yotibdi. Bozor boshlig'iga kirib aytdim. Nima deydi deng? “Pulini to'lab qo'yganmiz. Nima ishingiz bor?” — dedi beparvo. Rosa gapirdim. Baribir qilmadi. Keyin o'zim santexnik topib, olib bordim va tuzatib qo'ydik. 60 ming so'm berdim. Shunga bozor boshlig'ining kuchi yetmaydimi? Yo'q, ular isrofdan qo'rqmaydi… Keyin bir kuni ekologiya vazirligiga bordim. Shundoqqina yonida daraxtlar tagi suvga to'lib, anhor hosil qilgan. Kirib, boshlig'iga aytdim. “Qo'yavering, “shtraf” olamiz”, dedi kulib. Odamlar vijdonini yutib yuborganmi, bilmayman. Men uvoldan qo'rqaman. Hamma narsaning uvoli bor.
Nigora opa nafaqa yoshida. O'zi huquqshunoslik mutaxassisligiga o'qib, notariusda ishlagan. Ishlagan vaqtlari orttirib, yer olgani, hozirda Sergeli tumanida kichik mehmonxona barpo qilgani to'g'risida gapirib berdi. Ota-onasini eslab, ko'ziga yosh oldi. Otasi shu rivoyatni ko'p aytib berganini esladi:
“Rivoyat qilishlaricha, bir odam hayoti davomida ko'p yomonliklar qiladi. Maishat bilan kun kechiradi. Vaqti-soati yetib, u dunyoga borganida, uning uchun jannatning eshiklari yopiq ekanini ko'rdi. Bu haqda so'raganida: “Umring davomida hech kimga yaxshilik qilmagansan. Odamlarga faqat zarar keltirding. Shuning uchun senga jannatda joy yo'q!” — degan javobni eshitadi. Keyin: “Mayli, meni nima qilsanglar roziman. Faqat Yaratgandan bitta tilagim bor. Boshqalar mendek hayot kechirishmasin. Bu yerda shunday azoblar kutayotganini bilishsin. Men qolgan odamlarga yaxshi bo'lishi uchun nima qilishim kerak?” — deya savol nazari bilan qarab turganida, u o'zini emas, ko'pchilikni o'ylagani uchun unga jannatning eshiklarini ochishgan ekan”.
— Men shunga ishonaman. Ko'pchilikni o'ylagan insonni duo qilishadi. Ko'pning duosi vojib bo'ladi.
Nigora opa shunday deya o'ylanib qoldi.
Shu payt choynak-piyola ko'tarib, kelini yonimizga keldi. Fursatni boy bermay, qaynonasi haqida so'radik.
— Qaynonam tillaga topilmas ayol. Juda talabchan. Talabchan bo'lganlari bilan urishmaydilar. Sekin tushuntiradilar, — dedi kelin Sevinch Nig'matova. — Doim odamlar g'amini yeydilar. “Har kuni ovqatning oldini qo'shnilardan kim nochorroq, muhtojroq bo'lsa, o'shanga beringlar avval”, deb tayinlaydilar. Keyin o'zimiz tanovulga o'tiramiz. Qariyalar uyiga, muruvvat uylariga pishiriqlar, somsalar yuborishimizni aytmasa ham bo'ladi.
— Tejamkor ekanlar. Sizga malol kelmaydimi?
— Boshida tushunishim qiyin kechdi. Bu borada o'zimning otam maslahat berib, ko'p nasihat qilganlar. Bugungi kunda odatga aylangan. Idish yuvsam, tagiga chelak qo'yib, suvini kerakli joyga ishlataman. Hatto, ko'rgandirsiz, avtomat kir mashinamizning kir yuvilgan suviniyam oqib ketishiga yo'l qo'ymaymiz. Shlanka qilib, tog'oraga solib qo'yganmiz.
— Uni keyin qaerga ishlatasizlar?
— Unitazga shu suvni ishlatamiz.
— Qoyil. Tejamkorlikda yaponlarni ham ortda qoldiribsizlar!
Nigora opa kelini olib kelgan choyni quyib, uzatdi. Endi qaynona-kelin haqida qo'ni-qo'shnilar, mahalla-ko'y fikrini bilish istagida ko'chaga chiqdik.
— Nigoraxon o'zi bir olam. Dugonam haqida qancha gapirsak ham oz, — dedi qo'shnilardan biri Latofat Rahmatillayeva. — Qo'shiqlarni maromiga yetkazib aytadi. Yozgan she'rlarini eshitib, yig'laysiz. Mahalladagi qarovsiz yerni o'zlashtirib, 5 tup ko'chat ekdi. Chiqindixona bo'lib yotardi. Bugungi kunda chiroyli bo'lib turibdi. Atrofga har xil ibratli maqollar, donishmandlarning tabiat haqidagi fikrlarini yozib osib chiqqan. Boshqa birov shuni qilmasdi. Bunday ishlar Nigoraxonning qo'lidan keladi. Undan o'rganib, men ham uyda gullar, nihollar ekdim. Hozir kelinim ham qiziqib qolgan.
Buni eshitib, Nigora opaga yuzlandik:
— Sotib oldingizmi yerni?
— Yo'q. O'zimizning joyimiz o'zimizga yetarli. Nima qilaman ortiqchasini? Uyimizning yonidagi mana shu katta maydon shunchaki chiqindi bosib yotardi. Mahallaga chiqdim. Hokimiyat qaror chiqarib berdi. Bog' yaratdim. Mahallaniki bo'ladi. Mevalaridan hamma bahramand bo'lsa, savobi tegadi. Qariyalar uylariga narsa olib borganimizda, ko'pincha meva so'rashardi. Unaqa ko'p ololmasdim. Endi mana shu nihollar meva tugsa, hammaga tarqataman.
— Nigora opa mahallamizga yosh payti kelin bo'lib tushgan. Shundan beri shu yerda yashaydi. Qaynona-qaynotasi, turmush o'rtog'i ham yaxshi odamlar edi, — dedi biz bilan suhbatda Uchtepa tumani “Ko'ksaroy” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Dilshod Ismatullayev. — Ko'rgandirsiz, xonadonida “Yashil makon” bunyod etib, ibrat bo'lmoqda. Mahalla idoramizga, qo'ni-qo'shnilarga, kim qiziqsa, albatta, gul ko'chatlaridan beradi. Undan tashqari, yaxshi tashabbus bilan chiqdilar. Bu haqda aytmasak bo'lmaydi. O'tgan yil yoz faslida o'zlari yonlaridan xarajat qilib, Uchtepa tumanidagi ko'chalar yuziga ekilgan daraxtlarning hammasini yoz bo'yi sug'orib turdilar. Juda katta ish bo'ldi lekin. Ayol kishi shu ishga bosh-qosh bo'lib turgani tahsinga sazovor, aslida.
Donolikning qizi, qanoatning singlisi, qaram bo'lmaslikning onasi — tejamkorlikdir. Shuning uchun ham tejovlining ishi bejovli, deyishadi. Kimda saxovat bo'lmasa, do'sti bo'lmaydi. Do'sti bo'lmasa, mol-davlati bo'lmaydi. Har ikki naqlni Nigora Nosirova misolida tahlil etsa bo'ladi. Chunki Nigora opaning hayotidagi to'kinlik, ishlaridagi saranjomlik, o'rni kelganda tejamkorlig-u, o'rni bilan saxovat ulashishdek odatlari bir-birini to'ldirib turgandek tuyuladi. Shu haqda gap ochgandik, Nigora opa o'sha kunlarni esladi:
— To'g'ri, ko'chalarda nihollarga o'z xohishim bilan suv quydik. O'zimiz uyda konditsioner yoqmadik. Chunki elektr “limit”i oshib ketardi. Kechasi bilan pastdagi Bo'zsuv anhoriga motor qo'yib, katta tonnalik bochkalarga suv to'latib, keyin borib, daraxtlarga quydik. Nihollarni asrab qoldik. Bu katta savob.
— Farzandlaringiz-chi? Ularga bu ishingiz og'irlik qilmaydimi?
— Ular ham o'zimga o'xshaydi. “Olmaning tagiga olma tushadi” degan gap bekorga aytilmagan. Bir misol aytay. Ko'chada turgandik. Bir avtomashina g'iz etib uchib o'tib ketdi. Beixtiyor: “Mashinang qursin-a, uchirmay o'l!” — dedim. Shunda yonimda turgan qizim: “Onajon, unday demang! U ham birovning aziz bolasi. Unga insof bersin, iymon bersin, deb so'rang”, desa bo'ladimi? O'zim og'zimdan chiqqan so'zga g'alati bo'lib ketdim. Uyaldim. Farzandlarim tejamkorlikda ham mendan qolishmaydilar. Kichik qizim kasalxonada yotganida oshxonadagi kranning jo'mragi buzilib, suv oqib yotgan ekan. Hamshiraga aytsa, “Qachondan beri oqib yotadi-yu”, — debdi. Shunda haligi hamshiraning uch yildan beri farzand kutib, bo'lmayotganini eshitgan qizim unga qarata qattiq gapiribdi. “O'zingiz Alloh yaratgan ne'matni qadrlamayapsiz-u, yana Yaratgandan ne'mat kutyapsiz-a?! Shu kranni tuzattirib qo'ying, ko'rasiz. Kelasi yil farzandli bo'lasiz”, — debdi. Keyin kasalxonadan chiqib, bu gapni unutgan ekan. Yaqinda ko'chada o'sha hamshirani ko'ribdi. Haqiqatan, bir yildan keyin bolali bo'lganini aytib, minnatdorlik bildiribdi.
“Ayollar — farishtalarning opa-singillaridir”, degan satrlarni o'qigandim. Bunda, albatta, xotin-qizlarning vatanparvarlik, oilaparvarlik, farzandga mehr-muhabbat, o'z ishiga sadoqat kabi fazilatlari nazarda tutiladi. Xonadondagi saranjom-sarishtalik, tartib-intizom ayolga bog'liq. Nigora opaga o'xshash ayollar isrofgarchilikni haydab, fayzu barakani chaqirib, yaxshilikni ushlab turishga intiladilar. Shunday ayollarga qarata “Ayol borki, olam munavvar!” deyishsa kerak.
Saodat O'RMONOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.
