Ayol baxti

Vatanimiz tarixida ma'rifatli ayollarning alohida o'rni bor.  Nodirabegim, Mohlaroyim, Jahon otin Uvaysiy,  shuningdek, millat rivojiga, adabiyot ravnaqiga katta  hissa qo'shgan  Zulfiya, Halima Xudoyberdiyevalar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ularning   hayoti ko'plab yoshlar uchun ibrat.

Bugungi kunda ham o'zbek ayollarining jamiyatimizda tutgan o'rni ulkan. E'tibor va ehtirom ham shunga yarasha. Jahon banki ma'lumotiga ko'ra, joriy yil mamlakatimiz gender tengligi bo'yicha  jahon beshtaligiga kirganligi  quvonarli yutuqlardan.  Bugungi kunda Senat a'zolarining 32 foizini, Qonunchilik palatasi deputatlarining 35, tibbiyot sohasi xodimlarining  77, ta'lim sohasi xodimlarining 74, madaniyat va sport sohasining 45, axborot va  aloqa xodimlarining 35, mudofaa tizimi xodimlarining 27 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Yangi O'zbekiston qurilishining munosib ishtirokchisidir ular.  Shu bois ayollarning mehnati, tashabbuskorligi va faolligi davlat tomonidan e'tirof etib kelinmoqda. Yaqinda, Xalqaro xotin-qizlar  bayrami munosabati bilan respublikamizning 14 ta hududidan tanlab olingan jamiyat hayotida faol, oilada ibrat sifatida el-yurtga xizmat qilayotgan 57 nafar ayolga “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni topshirildi.

Taqdirlanganlar ichida “Ishonch” gazetasida ko'p yillardan buyon sadoqat bilan mehnat qilib kelayotgan jurnalist, tirishqoq va izlanuvchan ijodkor Komila Boymurodovaning borligi ko'pchilikni quvontirdi Ana shunday shukuhli damlarda uni suhbatga chorladik.

— Kamtarin mexnatim uchun taqdirlanganimdan cheksiz shodlik va faxr tuyg'usini tuydim. Hech kutmagandim. O'zbegim ayoliga, mehnatiga katta e'tibor bu! Yanada o'z ustimda ishlab, yoshlar uchun ibratli ishlar qilish nasib etsin. Ezgu rejalarim ko'p. Har birimiz juda faol va mehr bilan ishlasak, qudratli davlatga aylanamiz yanada! – dedi Komila opa qo'lidagi gullarni bag'riga bosib. Komila opadagi quvonch bizga ham ko'chdi.

Komila opa biz tanigan ayollar orasida “Mo''tabar ayol”, degan nomga juda munosib. Undagi g'ayrat, muhabbat, zavq, tabiatga, yashillikka bo'lgan munosabat sizga ham uyg'oqlik baxsh etadi. U bilan suhbatlashsangiz  dam olasiz, dilingiz sokinlashadi, ma'naviy zavqqa to'lasiz. Undan o'zingizga  katta  kuch olib, hayotga bo'lgan qarashlaringiz teranlashadi.

Abu Lays Samarqandiyning “Yaxshilikdan oldin yaxshilik qilish – fazilat”, “Yaxshilikdan keyin yaxshilik qilish – mukofotlash”, “Yomonlikdan keyin yaxshilik qilish – oliyjanoblik”,  degan purma'no so'zlari uning shioriga aylangan.

Maqolamiz qahramoni Komila Boymurodova imkoniyati cheklangan, 2-guruh nogironi. U dardlarga yengilmaslikka, aksincha yuksaklikka intilishga o'rgandi. U hech qachon men nogironman, menga yordam bering, degan gap tugul, bu haqda o'ylamaydi ham. Ayniqsa, boqimanda bo'lishni yomon ko'radi. Hammasini o'zi qilishga, o'zi bajarishga o'rgangan. Qilgan ishlaridan hamisha zavqlanib yashaydi. U “Ishonch” gazetasida oddiy musahhihlikdan boshlab,  “Xatlar va muxbirlar bilan ishlash” bo'limida muxbirlik darajasiga yetishdi. So'z qozonida qaynab, tirishqoqligi, ilmga intilishi, o'z ustida ishlashi orqali   bugungi kunda mohir jurnalistlar qatoridan joy olgan. Opaning qalbidan jo'shib chiqqan ijod mahsullari  gazeta sahifasida yoritilib kelinmoqda.

— Jurnalist xalq vijdoni bo'lishi kerak degan gap bor. O'z faoliyatim orqali xalqimga nafim tegayotganidan xursandman va faxrlanaman. Tahririyatning xatlar va muxbirlar bilan ishlash bo'limida doim ishlar qaynoq. Respublika bo'yicha muhim xatlarga xizmat qilamiz va muammolar yechiladi. Xalqimiz dardiga malham bo'lamiz. Umuman ishimiz juda mas'uliyatli va sharafli, – dedi Komila Boymurodova.

— Komila opa, shuncha kuch-g'ayratni qaerdan olasiz, sizga nima kuch beradi?

— Yoshligimizda bunday  sharoitlar bo'lmagan, juda ko'p nohaqliklardan azoblanib yashaganmiz. Ana shu og'riq hamisha oyoqda turishimga, qiyinchiliklarni yengish uchun kuchliroq bo'lishimga undagan. Meni harakatlantiruvchi kuch shu bo'lsa kerak. O'z ustida ishlash va dunyoqarashni kengaytirish, o'z-o'zini tanqid qilish juda foydali. Dunyoni go'zallik qutqaradi. Oqila ayollar bor ekan, muammolar kamayadi. Prezidentimizga tirgak insonlar va fidoyilar ko'payishi tarafdoriman. Men  O'zLiDep partiyasi a'zosiman. Ishdan bo'sh paytlarim xonaki gullar parvarishi bilan shug'ullanaman. Juda katta kayfiyat beradi. Optimist bo'lish va pozitiv kayfiyatda yashash — bosh shiorim! Hammaga bir marta beriladi umr. Aytishadi-ku, mehnatdan kelsa boylik, turmush bo'lar chiroylik, deb. Hozirgi kunda ayollarga yaratilayotgan sharoitlar menga kuch, ilhom beradi Yoshligimdan ko'rgan kunlarimni solishtiraman. Chindan baxtli ayollarmiz! Inson mehnat orqali yutuqlarni egallaydi.

— Demak, ishdan tashqari hunarmandlik va gulchilik bilan ham shug'ullanar ekansiz-da?

— Sevimli mashg'ulotim bu – to'qish. Bu mening eng yaxshi ko'rgan xobbim. Asablarni tinchlantiradi. Bo'sh vaqt qanday o'tganini bilmay qolasiz. Mazmunli, har tomonlama dam olasiz. To'qishga qiziqadiganlar ham ko'p. Ayniqsa qizlar oldimga kelib o'rganishadi. To'qiganlarimizni ko'rib kayfiyatimiz ko'tariladi. Yosh qizlarga shapka, paypoq to'qishlarni o'rgataman. To'qishning yana bir  yaxshi tomoni – qo'l barmoqlari harakatlanib tursa, inson sog'lig'iga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Qolaversa, tirikchilik — ayb emas. Mehnat faoliyatim 1997 yilda boshlangan bo'lsa, kamchiliklarimni tuzatish va farovon yashashga erishish uchun tikuvchilik, to'quvchilik, gullar sotish bilan shug'ullandim. Kimdir qilib beradi, deb kutish kerak emas! Har bir holatga insonning o'zi sababchi! Hali ko'p rejalarim bor. Fursatdan foydalanib, ish joyimda menga shunday sharoitlarni yaratib bergan O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va “Ishonch” gazetasi tahririyatiga cheksiz tashakkur aytaman. Yonimda inson qadrini ulug'layotganlar bor ekan, ular bilan faxrlanaman!

Etti yoshidan bitta qo'li bilan (ikkinchi qo'li tirsakkacha yo'q)  to'qishga mehr berdi. Komila jiyaklar, sochiqlarga naqsh tikish, ro'molcha chetiga to'qish kabi qo'l ishlarini bajarib, kelinlar sepini to'ldirar edi. Bora-bora qo'l mehnati orqali topgani bilan ozmi-ko'pmi ro'zg'orini butladi. Goho ayrimlarimiz ikki qo'limiz but bo'lishiga qaramay, yirtiq joyni yamashga ham erinamiz.

Komila opaning yana bir qiziqishi bu — gullar. U qaerga bormasin, borgan joyini gullar bilan bezaydi. Xonadoni, ishxonasi gullar bilan to'la. Gulni sevgan insonning qalbi ham gulga o'xshaydi. Gullarni ko'paytirish, parvarish qilish orqali opa o'ziga kuch oladi.

Intilganga tole yor deganlaridek, uning mehnatlari hukumatimiz tomonidan doim rag'batlantirib kelindi. “Mustaqillikning 15 yilligi” ko'krak nishoni (2006), O'zbekis­ton xotin-qizlar qo'mitasining Tashakkurnomasi (2014), “Yil ayoli” milliy tanlovining Toshkent shahar bosqichida “Yilning irodali ayoli” nominatsiyasi (2010), “Atirgul” tanlovida rag'batlantiruvchi o'rin (2011), O'zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Yilning eng faol jurnalisti” (2016), O'zbekiston Kasaba uyushmasi federatsiyasining “Ehtirom” ko'krak nishoni (2021), “Ishbilarmon ayol–2023” ko'rik tanlovining hududiy va Respublika bosqichidagi faol ishtiroki uchun O`zLIDeP Toshkent shahar Kengashi tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlangan. Bu rag'batlar unga yanada kuch bag'ishlamoqda. Doim oldinga intiladi.

— Baribir har bir ayolning kichikroq bo'lsa ham armoni bo'ladi. Sizda ham bormi?

— Asli biz sirdaryolikmiz. Bolaligim Sirdaryoning keng paxta  dalalarida o'tgan. Yoshligimdan onam Iqbolxon aya meni ehtiyot qilib katta qilgan. Bitta qiz bo'lganligim uchun mening tashvishimni ko'p qilardi. O'qishim va qiziqishlarimni hamisha qo'llab kelgan. O'zim qiziqqan Guliston davlat universitetining tarix fakultetini bitirdim. Afsus, 21 yoshimda onamdan ajraganman. Volidam mana shunday yutuqlarga erishganimni, kamolimni ko'ra olmaganlaridan afsuslanaman. Agar tirik bo'lganlarida qanchalik quvonar edi.

O'ylab qolasan. Inson baxtli yashashi uchun umid bilan intilmoq kerak ekan.  Umr yo'lini o'z mehnati orqali baxt chizgilari bilan be­zagan Komila opaning hayoti bunga misol. Orzu­si — o'g'li Xikmatjonning baxt-iqbolini ko'rish. Shunday, Komila opa har kuniga shukrona aytib, oydin rejalar bilan turmushini nurga bezab yashamoqda. Shu emasmi,  ayol saodati!

Hilola IBROHIMOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + nine =