Orzular ardog'ida

Mamlakatimizda xotin-qizlarning turli jabhalarda mehnat qilishi, o'z salohiyati va iqtidorini namoyish qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganligi kunday ravshan. Jumladan, fermerlik sohasida ham ayollarning o'rni va reytingi yil sayin ortib bormoqda. Farg'ona viloyati Oltiariq tumanidagi “G'afforjon nurli kelajak” fermer xo'jaligi rahbari Orzuxon Nurboyeva ana shunday fermer ayollardan biri.

Halol mehnati, tashabbuskorligi bilan elga tanilib ulgurgan, “Tashabbus”, “Ishbilarmon ayol”, “Tadbirkor ayol” kabi respublika tanlovlari g'olibi va sovrindori bo'lgan Orzuxonning samimiyati, odmiligi kishi e'tiborini tortadi. Axir “yulduzlik kasaliga chalingan” tadbirkor-ishbilarmonlar qancha?!

Oltmish gektar yer maydonida dehqonchilik qilib kelayotgan fermer O.Nurboyevaning orzu-niyatlari, rejalari ko'p. Joriy yilda paxta va g'alladan 45-50 sentnerdan hosil olishni ko'zlab mehnat qilmoqda. Ayniqsa, super elita navli urug'lik bug'doy yetishtirishning hadisini olgan u.

O'ziga yarasha ko'p tarmoqli xo'jalik tashkil qilishni ko'zlagan Orzuxon uch yil oldin davlat das­turi orqali Germaniyadan 32 bosh naslli qoramol olib kelgan edi, bugun xo'jaligidagi qoramollar soni 100 boshga yetdi. Sigirlardan har kuni 500 litr sut sog'ib olinadi, bo'rdoqiga boqilayotgan buqalarning xaridori esa ko'p. Bu yilgi rejalari orasida o'n sotix issiqxona qurish ham bor.

— Yerga mehr bersang, peshona tering to'kilsa, o'n-yuz chandon qilib qaytararkan. Sakkiz yil oldin fermer xo'jaligi tashkil qilib, bu yerlarga kelganimizda, qora sho'r qoplab yotgan joylar edi. Yaratgandan so'rab, xolis mehnat qildik, kam bo'lmadik, — dedi Orzuxon Nurboyeva. — Har bir maydonning o'z “xarakteri”, “ovozi” bo'ladi, tuproq tarkibiga qarab muomala qilinadi. Yo'qsa, ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi. Ba'zilar hosilni yig'ishtirib olgach, qishda dam oladi. Bu noto'g'ri. Yil-o'n ikki oy yer bilan tillashish kerak.

Orzuxon marhum ustozi — O'zbekiston Qahramoni Lolaxon opa Murotovadan ko'p narsalarni o'rgandi, o'rganganlariga amal qilib adashmadi. Ta'bir joiz bo'lsa, tashabbuskorlik, g'ayrat-shijoat, saxovat kabi xislatlar ustozidan meros.

— Lolaxon opadek bo'lishni orzu qilamiz. To'xtab qolish yo'q, rejalarimizni birin-ketin amalga oshirib kelyapmiz. Xudo xohlasa, daromadlarimiz hisobidan hududimizga yondosh yo'llarni asfaltlash, sutni qayta ishlash korxonasini barpo etish kabi maqsadlarimiz bor. Davlatimiz rahbari biz, fermerlarga katta ishonch bildirib turgan paytda bu mas'uliyatni zimmaga olishimiz shart, — dedi u. — Ayniqsa, yaqinda Prezidentimiz tomonidan qishloq xo'jaligi tarmoqlariga yanada qulay shart-sharoit yaratish, fermer xo'jaliklariga imkon qadar ko'maklashish borasida aytgan fikrlari, tashab­buslari ruhiyatimizni ko'tarib yubordi. Yangicha ishlashga o'tish, har qarich yerdan unumli foydalanish, pirovardida xalqimizning koriga yarash ustida tinmay izlanyapmiz.

Ayol — nazokatli xilqat. Dalama-dala yurish, tinim bilmay mehnat qilish faqat erkaklarga xos fazilat emasligini qahramonimiz o'z hayotida isbot qilib kelayotganlardan. Bu fazilatni, albatta, kimgadir ko'z-ko'z qilish uchun emas, balki ayol bo'lsa-da, dalani, fermerlikning mushkul yumushlarini bajarishni o'ziga oddiy ish deb bilgani uchun tinim bilmaydi Orzuxon.

Sherzod QORABOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × one =