Gazetaga oshufta qalb

Gazeta – aql qayrog'i, yurak qiynog'i, degan gap jurnalistlar uchun o'ziga xos hikmatga aylangan. Aynan gazeta tahririyatida uzoq yillar samarali faoliyat ko'rsatish uchun insonda iste'doddan tashqari metindek mustahkam iroda, sabr-bardosh, kengfe'llilik, yuksak muomala madaniyati bo'lmog'i zarur. Aynan shunday fazilatlarga ega bo'lgan ustoz jurnalistlarga havas bilan ulg'ayganmiz. Ularning bir qismi Ishtixon tumanida, Samarqand viloyatida bo'lsa, ko'pchiligi poytaxtimizdadir.

1973 yili respublika bolalar nashri “Lenin uchquni” – hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida “Tekinxo'r pashsha” sarlavhali ilk ertagim yoritilgach, muallimimiz avvalo Ishtixon tuman gazetasi tahririyatiga borishimni maslahat bergan. Otam rahmatli bilan hozirgi “Ishtixon ovozi” gazetasi tahririyatiga borganmiz. Men uchun sirli koshona bo'lib ko'ringan tahririyatda bizni Gulchehra Usmonova shirin muomala qilib kutib olgandi. Yozganlarimni o'qib, tahlil qilib bergach, muloyim ohangda shunday degan: “O'z ustingizda muttasil izlanaversangiz, kelgusida sizdan yaxshi jurnalist chiqishi mumkin!”

Ijod bo'stonidagi ilk ustozning aytgan bu so'zlari menga ma'naviy qanot baxsh etdi va yarim asr deganda shu baxtiyor kunlarimga yetib keldim.

Gulchehra Usmonova o'sha yili tahririyatda mehnat faoliyatini boshlagan, mening ilk ustozim va kamina u kishining to'ng'ich shogirdi bo'lgan ekanman. Ana shu hayajonli damlarga ham roppa-rosa yarim asr to'libdi. Shu o'tgan davr mobaynida Gulchehra opa o'nlab yosh qalamkashlarga chinakam ustozlik qilganining o'zi alohida mavzu.

U mehnat faoliyatini musahhihlikdan bosh­lash barobarida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi. So'ng “Ishtixon ovozi” gazetasi bosh muharrirligigacha bo'lgan lavozimlarni zabt etdi. Uzoq yillik samarali mehnatlari tufayli ko'ksini “Mehnat shuhrati” ordeni, “Mo''tabar ayol” va “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bezadi. U O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi sifatida tumanda ijodiy muhit yaratish uchun hamisha yonib kuyadi, yoshlarga o'z ko'magini ayamaydi.

Ijodkorlik mashaqqatlarining esa o'zi bir olam. Bu faqat mana shu olamda yashay bilganlargagina ayon bo'lgan jarayondir. Oddiy so'zlardan mo''jiza yaratish uchun kishidan juda katta mahorat, ya'ni, bilim, tajriba, pokiza qalb va yana necha-necha tunlarni bedor o'tkazish, odamlar qalbini o'qiy bilishdek betak­ror san'atkorlik talab etiladi. Ana shu  talablarni anglagan holda jurnalistika sohasiga umrini bag'ishlagan Gulchehra Usmonova o'z ijodiy mahorat maktabini ham yaratgan.

Bu qutlug' dargohdan Yo'ldosh Eshbek, Shahodat Isaxonova, Zayniddin Bahriddinov, Ibodxon Bahodirov, Olqor Damin, O'tkir Saidov, Baxtiyor Bobonov, Oynisa (Pardayeva) Bobonova, Muhammad Sayfiy, Omon Boymanov, Bolbuvi Haydarova, Abdurahmon Boshmanov, Abdurasul Ashurov, Muqaddam Hayitova, Rauf Subhon, Nuriddin Yahyoyev, opa-uka Orif va Muhabbat To'xtash, Normurod Musomov, Nuriddin Ismoilov, Feruza Tog'ayeva, Mavluda Ro'ziyeva, Xonbibi Himmat qizi, Komila Hilol kabi ko'plab taniqli yozuvchi, shoir va publitsistlar yetishib chiqqan bo'lsa, so'nggi yillarda Gulchehra Usmonova rahbarligida faoliyat ko'rsatayotgan “Ishtixon ijod maktabi”da o'nlab yosh iste'dod sohib va sohibalari ijodiy mahorat sirlarini puxta egallamoqdalar.

Bosma nashrlar o'tish davri qiyinchiliklariga ro'baro' kelib turgan ayni vaqtda “Ishtixon ovozi” gazetasi sifat jihatidan butunlay yangi bosqichga ko'tarilmoqda. 3000 nusxadan ortiq adadda chop etilayotgan bu gazeta hamon qiziqish bilan mutolaa qilinadi. Bundan tashqari gazeta telegram kanali 100 mingdan ortiq muxlislariga ega!

Gazeta har kuni rang-barang xabarlari, dolzarb mavzudagi maqolalari, jozibali suratlari, sermazmun asarlari bilan tirik. U o'z ijodkorlaridan shunga yarasha tinimsiz mehnat, ijodiy izlanish va el dardi ila yashashni talab etadi. “Ishtixon ovozi” gazetasi – necha o'n yillardan buyon Ishtixon tumani ko'zgusiga aylanib kelayotgani boisi esa ana shu mashaqqatli ishlarning uddasidan chiqayotgan zahmatkash jurnalistlar mehnatlari mahsulidir.

Bu ezgu yo'lda Gulchehra Usmonova muharrirlik qilayotgan gazeta ijodiy jamoasiga omadlar tilab qolamiz.

To'lqin EShBEK,

O'zbekiston Yozuvchilar va

Jurnalistlar uyushmalari a'zosi,

“Do'stlik” ordeni sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 12 =