Fidoyi

“Eng ulug', eng aziz tanlovi”ga

 

– Sizga bir ajoyib saxovatpesha inson haqida hikoya qilib bersam, nima deysiz? – deydi Rasuljon. – Qalamkash odamsiz-ku, balki biron narsa yozarsiz… Lekin yozsangiz arziydi, – keyin qo'shib qo'yadi, – ko'plarga saboq bo'ladi. Men sizga aytsam, aka, bunaqa fidoyi, saxovatli, bag'ri keng insonlar kam bo'ladi… E, boshqacha-da, bu odam! Qoyil qolish kerak.

– E, yurakni qizitmay aytadigan bo'lsangiz ayting-da, birodar, – deyman o'zimni atayin zardam qaynagandek tutib.

Rasuljon Akbarov – hamxonam. Mana bir haftadirki, bu bori tashida, dali-g'uli kishi bilan “Arashonbuloq” sihatgohida birga davolanyapmiz. Bu kunlar ichida u meni, men uni ancha-muncha tanib-tushunib, fe'limizu xo'yimiz, baland-past tomonlarimizni uncha-buncha bo'lsa-da bilib, o'zlashtirib ulgurdik. Asli uchqo'rg'onlik do'stimiz gapni uzoqdan boshlashni, odamning yuragini obdon qizdirib, keyin bozillatib “suv sepish”ni xush ko'radi. O'zi ham asli suvchiyu… ammo bugunda katta olim – psixolog. Ko'p yillar viloyatdagi ped­institutda talabalarga ruhshunoslikdan dars bergan. Hozir poytaxtda, oliygohlarning birida ishlaydi. Professor.

– Qodirjon Tursunovich deyishadi u kishini, – deya hikoyasini boshlaydi hamxonam. – O'zlari bizga hamyurt. Zo'r irrigator! Nafaqat Namanganda, balki vodiyda ham bu odamni yaxshi tanishadi, hurmat qilishadi. Yor-birodarlari orqavarotdan “o'z qobig'iga sig'magan odam”, deyishadi uni. Mardlarning mardi-da, o'ziyam! Bu yog'ini so'rasangiz, biz u kishi bilan ancha avval Katta Namangan kanalining ikkinchi navbati qurilishida tanishib qolganmiz. O'shanda Qodirjon kanalning eng qaynoq uchastkasi G'irvonsoy gidrouzelida prorablik qilardi. G'ayrati ichiga sig'magan chaqmoqdek yigit edi. Men, bolapaqir uch yillik umrimni olis Vladivostokda, harbiy dengiz flotida sovurganim ham yetmagandek, o'qishdan ham “guppon” bo'lib, bu qo'tir boshimni qay kovakka urishimni bilmay, falakning gardishi bilan shu qurilishga borib qoldim. Alamimni mehnatdan olmoqchi, yo o'zimni ko'rsatmoqchi bo'ldimmi, kim bilsin… Yoshlik-da! Xullas, shu Qodirjonning qo'liga tushdim. Bilsam, ikkimiz ham bir joydan – Uchqo'rg'ondan, bir-biriga yondosh qishloqdan ekanmiz. Buni qarangki, o'xshatmasdan uchratmas, demoqchi taqdirimiz ham uyqash chiqib qoldi. Universitetga kirolmaganimni eshitgan Qodirjon;

– Zab ish bo'pti-da! – dedi kulib. – Bizga sizga o'xshagan yigitlar kerak. Mana bunaqa joylarda ishlasangiz, hayotning ham, o'qishning ham qadriga yetasiz. Hechqisi yo'q, kelgusi yili, kelgusi yili bo'lmasa, undan keyingisida, albatta, kirasiz. Muhimi niyat butun bo'lsa bo'lgani.

Yashirib nima qildim. Uning bu chaparasta gapini eshitib, o'shanda biroz g'ashim kelgani, menga hamdardlik bildirish o'rniga ustimdan kul­yaptimi, deb o'ylaganim ham rost. Yosh bo'lishiga qaramay hiyla ziyrak, sinchkov yigit ekan.

– Ko'nglingizga olmang, – dedi ko'zimga bu gal jiddiy tikilib. – O'zim irrigatsiya institutiga uch marta hujjat topshirib, uchinchi yil deganda kirganman. Bu vaqt orasida shu hozirgi suv qurilishi boshqarmasida oddiy ishchi, beton quyuvchi bo'lib ishladim. Odam tanidim. Oq-qorani ajratadigan bo'ldim. Shuning uchun bo'lsa kerak, institutni yaqinda bitirganimga qaramay, mana, kanalning eng mas'uliyatli bo'limini bizga ishonib topshirishdi.

Bu gapdan ko'nglim yorishdi. Mehrim ham tushib qoldi bu yigitga. G'irvonsoy gidrouzeli qurilishi kanalning haqiqatan “yuragi” ekanligini shu yerda ish boshlagach bildim. Ulkan soyning shahar usti, adirning qoq tepasidan o'tgan qismi naq bir chaqirimlik dara. Soyning har ikki qirg'og'i ikki-uch terak bo'yi jarlik. Pastdan turib qarasangiz, do'ppingiz tushib ketadi. Tasavvur qiling endi, shu darani to'ldirib, tup­rog'ini obdon qotirib… eng ostiga soy, sel suvlari o'tadigan bahaybat quvurlarni yotqizib, yana jarlik tepasigacha to'ldirib, keyin yana qaytadan kavlab, shibbalab, betonlab bahaybat dara osha kanal suvini narigi qirg'oqqa olib o'tishimizga to'g'ri kelardi. Bu qurilish o'z davrida respublika zarbdor qurilishi, deb e'lon qilingan edi. Siz, jurnalistlar tili bilan aytadigan bo'lsam, o'sha kunlari butun mamlakatning ko'zi bizda edi. Namanganning bir emas bir necha tumanlari yeri, qir-adirlari “suv-suv” deya bizga ko'z tikib turardi. Buyog'ini so'rasangiz, bu deparadagi qishloqlar ahlining nazar-nigohi, umid-orzusi ham bizda edi.

Kechagidek esimda. Kanal qurilishi avj nuqtasiga chiqqan kunlarning birida biz ishlayotgan G'ovasoy trassasiga respublika Markazqo'mi birinchi kotibi Sharof Rashidov kelgan edi. U kishi avvaliga hamrohlari bilan tuproq-do'nglar oshib, poyi-piyo­­da yurib shu kungacha amalga oshirgan ishimiz bilan yaqindan tanishdi. So'ng bu uchastkaga kim rahbarlik qilayotgani bilan qiziqdi. Biz quruvchilar viloyat rahbarlari da'vati bilan katta sayxonlikka yig'ilayotgan edik. Qodirjon mehmonlarning orqarog'ida borardi. Viloyat rahbari Sharof akaning haligi so'rovidan keyin shoshib, taraddudlanib qoldi. O'rnida to'xtab, yon-atrofiga qaradi. Uchastka bosh­lig'imizga ko'zi tushib, “tez bo'l, oldiga o't” degandek ishora berdi. Qodirjon boshidagi kepkasini qo'liga olib, ilgariladi. Yuzi-ko'zida hayajon bor edi. Hamma o'rtani ochib, unga yo'l berdi. Sharof Rashidov qarshisida paydo bo'lgan yoshgina yigitga samimiy qo'l uzatdi.

– Bu yerlarning rahbari sizmi? – deya so'radi keyin.

Qodirjon xiyol bosh irg'adi. Uning o'rniga obkom kotibi Mirzaolim Ibrohimov javob bergan bo'ldi.

– Sinalgan, serg'ayrat kadrlarimizdan. Institutni o'tgan yili imtiyozli diplom bilan tamomlab keldi. Ungacha uch yil kanalda beton qorgan, oddiy ishchi bo'lib ishlagan…

– Yaxshi, – dedi Qodirjonga bosh­dan-oyoq qiziqsinib qararkan Sharof Rashidov. – Demak, kanalning o'z odami ekan-da, bu yigit… Xo'sh, uka rejalar qanday? Kanalning bu qismini qachon topshirmoqchisizlar?

– Bosh plan bo'yicha uch yilda bitirishimiz kerak, – dedi Qodirjon dadil turib. – Bitta muammomiz bor. Shuni hal qilishga yordam bersangiz… Uchastka boshlig'i bu yog'iga nima deyarini bilmagandek bir zumga taraddudlanib qoldi. Viloyat rahbarining, Toshkentdan kelganlarning yuzlari oqardi. “G'irt dumbul ekan-ku, bu bola! Bu gapi bilan nima demoqchi-yu, qanday muammoni qo'ymoqchi? Tavba-tavba!”

Qodirjon bu orada ancha o'zini bosib, fikrini jamg'arib olgan edi.

– Kanal qirg'og'i, jarliklarning tuprog'ini olib, tekislash qiyin kechyapti, ko'p vaqtimizni olib qo'yyapti, – dedi Qodirjon respublika rahbari ko'ziga dadil qarab. – Agar mamlakat miqyosidagi eng tajribali portlatuvchilarni qurilishimizga jalb etib bersangiz, ishimiz jadallashgan, kanalni uch yil emas, bir yilning o'zida ishga tushirgan bo'lardik.

Sharof Rashidovich hamrohlariga “bu bolaning dadilligini ko'ringlar”, degandek nigoh tashladi. Nuroniy yuziga kulgi yugurdi.

– Bunga ishonchingiz komilmi, va'da berasizmi yigit?

– Ishonchim komil, agar siz yordam bersangiz, portlatuvchilar brigadasi ish boshlasa, kanalni bir yilda bitiramiz.

Sharof Rashidov sal narida turgan suv xo'jaligi vaziriga yuzlandi.

– Shaxsan shug'ullaning, kanalga eng yaxshi portlatuvchilar otryadini jalb qiling!

– Xo'p bo'ladi, Sharof Rashidovich, – dedi vazir.

– Taklifingiz uchun rahmat! – dedi Sharof Rashidovich Qodirjonga mamnun nigoh tashlarkan. – Ishingizga muvaffaqiyatlar tilayman!

Shundan keyin respublika rahbari yon-atrofini qurshab olgan quruvchilarga yuzlandi.

– Sizlar do'stlarim, juda katta tarixiy ishni amalga oshirmoqdasiz. Suv – bu hayot demak. Namanganning ertasi, paxtachiligimiz istiqboli sizning mehnatingiz bilan bevosita bog'liq. Sizlar Norindan yetaklab kelayotgan “obi hayot” qanchadan-qancha dala-qirlarni obod qiladi. Namangan adirlari hademay yashnab ketadi. Yangi bog'lar, paxtazorlar barpo bo'ladi. Hali bu ishlaringiz bilan kelgusida faxrlanib yurasiz. Farzandlaringiz, nevaralaringiz ham sizlar bilan faxrlanishadi. Men yosh rahbarlaringga ishondim. Bu yigitning dadilligi, ishning ko'zini bilishi meni bag'oyat xursand qildi. Albatta, aytilgan yordamni beramiz. Ishlaringga omad tilayman!

Trassani gulduros qarsaklar tutib ketdi…

Bir haftaga qolmay Gruziyadan mamlakat miqyosidagi katta qurilishlarda ishlab tajriba to'plagan portlatuvchilar otryadi yetib kelib, ishga kirishdi… Ishimiz jadalladi. Shap-shap deguncha, shaftoli deb qo'yaqolay. Biz Qodir Tursunovich boshchiligida bu katta tarixiy ishning, respub­lika rahbariga bergan va'damizning uddasidan chiqdik. Uch yilga mo'ljallangan ishni bir yilda uddalab, Namangan, To'raqo'rg'on, Chust tumanlaridagi yangi ochilgan yaqin qirq ming gektar yerga hayot bag'ishladik. Bugun biz qurgan kanal sharofati bilan qanchadan-qancha mevazor bog'lar, paxtazor, bug'doyzorlar yashnab, el-yurtga rizq-ro'z beryapti. Qodirjon kecha-yu kunduz tinim bilmasdi. Adirning qoq tepasiga vagon o'rnatib olgandi. Shu yerda yashardi. Dam yer kavlayotgan ekskavatorchilar, dam tuproq shibbalayotgan buldozerchilar, zum o'tmay biz beton quyuvchilar qoshida paydo bo'lib qolardi. Qo'lida loyiha-smeta hujjatlari. Egnida korjoma, boshida kepka. Qurilishning ketishi, maromi, sifatidan tortib, ishchilarga yaratilgan sharoitlar, ularning oziq-ovqati, dam olishigacha yosh rahbarimiz diqqat-e'tiborida edi. Oylab uyiga bormasdi. Bir kuni bir onaxon Qodirjonni izlab keldi. Boshida kattagina tugunchak. Terlab, pishib ketibdi o'zi ham. Bu paytda uchastka boshlig'imiz qo'lidagi uskuna bilan beton zichligini o'lchayotgan edi. Mehmonni ko'rdi-yu, toshdek qotdi. Keyin tezlikda uyoq-buyog'ini yig'ishtirib, onaxonning yo'liga peshvoz chiqdi. Bora solib boshidagi tugunni oldi.

– Voy, shu issiqda nima qilib yuribsiz, onajon?! – dedi.

Onaxon “sog'intirding-ku, bolam”, deb quchog'ini ochdi. Bu Qodirjonning onasi ekanini shunda bildik.

– Ikki oydan beri daraging yo'q, shunchalar bemehr bo'lasanmi, bolam! Qudalarga ham nima deyishimizni bilmay qoldik. Qarindosh-urug'lar “to'y qachon” deb so'ragani-so'ragan… Ishing ham bor bo'lsin-da, bolam!

Qodirjon kulib, onasining yelkasidan quchdi.

– O'zimning onajonim! Qarindosh­larga ayting, ko'ngillarini to'q qilishsin. To'y albatta bo'ladi. Kanalni bir yil ichida bitirishimiz kerak. Oz qoldi. Kanal bitib, suv ochilgan kuni to'y qilamiz. Ko'rasiz, hamma kanalchilarni, do'stlarimni boshlab boraman. Katta to'y bo'ladi!

– Voy tilingga shakar! – o'g'lining issiqda qorayib, bug'riqib ketgan yuzlaridan cho'lpillatib o'pib oldi onaxon.

Qodirjon “e, ovora bo'libsiz-da, onajon”, deb kula-kula tugunni ochdi. Bir tog'ora somsa ekan. Hali sovib ulgurmagan somsani talashib-talashib yeganlarimiz… Keyin hammamiz – butun uchastka yigitlari kanal bitgan kuni, ayni ko'klamda Uchqo'rg'onga borib, Qodirjon bilan E'tiborxonning to'yini o'tkazganimiz kuni kechagidek ko'z oldimda turadi…

Kanal bitgach, men ham Toshkentga ketdim. Birinchi yili borganimda orttirgan do'stlarimni topib, ularnikida yashab, imtihonlarga qattiq tayyorgarlik ko'rdim. O'sha yili omadim kelib, imtihonlardan o'tib, Nizomiy nomidagi pedagogika instituti (hozirda universitet. O.N.)psixologiya fakulteti talabasi bo'ldim. O'qish, ilmiy izlanishlar sabab do's­tim Qodirjon bilan ancha yil ko'risholmay ham qoldik. Ammo bot-bot qo'ng'iroqlashib turardik. Vaqt orttirib qishloqqa borganimda do'stimni ko'rib, hol-ahvol so'rab qaytardim. Qodirjon Tursunovich ko'p yillar suv qurilish boshqarmasiga rahbarlik qildi. Keyin Uchqo'rg'on tumani suv xo'jaligi bo'limini boshqardi. Viloyatdagi, tumanimizdagi qanchadan-qancha qo'shimcha kanallar, qurilishlarning boshida turdi. O'z mehnati, shijoati bilan butun vodiyga, respublikaga kimsan Qodirjon O'tbosarov bo'lib tanildi. Tashabbuskorlik, tinib-tinchimaslik, yangilikka o'chlik, yaratuvchanlik ishtiyoqi bizning Qodirjon qalbini bir zum bo'lsa-da tark etgan emas. U hamisha ezgulik yo'lida jo'shib yuradi. Hammaga yaxshilik qilishni o'ylaydi. Insondan bu dunyoda yaxshi nom qolishi kerak, deydi. O'zi ham tinchimaydi, o'zgani ham tinchitmaydi.

Besh-olti yil bo'ldi-yov, qishloqqa o'tib borayotib do'stimni shundoqqina yo'l ustida, Katta Farg'ona kanali yoqasida uchratdim. O'shanda u viloyatda ishlarmidi, tumandami hozir esimda yo'q. Qodirjon odamlar bilan nimalarnidir maslahatlashib turardi.

– Assalomu alaykum, hormanglar! – deb davra sari yaqinlashdim.

Do'stim menga ko'zi tushib, xursand bo'lib ketdi.

– O, ruhshunos, janob professor, bizga sizning ham maslahatingiz kerak! – dedi quchog'ini ochib ko'risharkan.

– Hormanglar-hormanglar, nimaning harakati? – qiziqsindim.

– Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning so'zlarini eshitdingizmi, do'stim? – dedi Qodirjon savolimga savol bilan javob qaytarib. – U kishi biz, rahbarlarni xalqning ichiga kirishga, odamlarga munosib sharoit yaratishga chorlayapti. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, deyapti. Hammamizni tadbirkorlikka, yaratuvchanlikka undayapti. Odamlar bizdan rozi bo'lsin, deyaptilar. Qani endi menga ayting, o'rtoq ruhshunos, davlat rahbari shunday deb turgandan keyin siz bilan biz qo'l qovushtirib turishimiz insofdanmi? Mana shu yerdan har kuni ishga o'taman. Kanalning yoqasida anchagina do'nglik, toza tuproq oftobda kuyib, qovjirab yotibdi. Bu yerni hatto ba'zi noinsoflar axlatxonaga aylantirishibdi. Yon-atrof qish­loq. Ana maktab, yonida bog'cha. Eng gavjum joy. Shunaqa to'zib yotishi yaxshimi? Tumanimizga, qishlog'imizga uzoq-yaqindan kelayotgan mehmonlar nima deb o'ylashadi? Uyat emasmi?! Shuni o'ylab, o'tgan kuni ikkita buldozer olib kelib ana shu do'nglikni axlatdan tozalab, tekislatdim. Mana, bip-binoyi joy bo'ldi. Bu kishi shahar hokimi Shavkatjon Abdullayev, – yonidagi hamrohlarini menga tanishtira boshladi Qodirjon. – Bu yigit tumanimiz bosh arxitektori… Bu kishi hokimiyatdan… Shu yerda odamlar dam oladigan chiroyli bir oromgoh – Guzar qursakmi, deb turibmiz. Oshxonasi, choyxonasi, hatto kutubxonasigacha bo'ladi. Bu yo'ldan o'tib borayotgan odamlar ham, yon-atrof qish­loqdagi aholi, yoshlar ham ushbu yerga kelib bir past o'tirib, hordiq yozib, ovqatlanib, choy ichib, kitob o'qib, gazeta-jurnallarning yangi sonlari bilan tanishishsa, qanday yaxshi! Biz shu ishni qilamiz! Yashirmayman. Biroz jamg'arib qo'yganim bor. Keliningiz, farzandlar ham, qo'ying-chi mahalla-ko'y ham “biz ham qarab turmaymiz”, deyishyapti. Mana shahar hokimi ham biz taraf. Nima yordam kerak bo'lsa biz tayyor deb turishibdi. Bugunning o'zida me'mor do's­timiz bilan loyihasini tuzamiz. Bir hafta-o'n kunda ishni boshlaymiz. Jannatmonand joy bo'ladi. Xo'sh, ma'qulmi? Taklifingiz bo'lsa, bajonidil, janob professor.

– Qoyil, – dedim. – Tabriklayman! Bu ishlaringiz juda yaxshi. Ham odamlarga sharoit, ham qo'shimcha ish joylari degani-da. Lekin taklifim ham yo'q emas…

– Ana shuni ayting-da, do'stim, – ko'zlari yonib qaradi menga Qodirjon.

– Ana shu qurilajak mahalla markazida yoshlar, xotin-qizlar uchun kasb-hunar markazi ham ochsanglar, kompyuter savodxonligi, til o'rgatish kurslarini ham tashkil etsanglar, juda savobli ish bo'lardi.

– Og'zingizga asal! Mana buni taklif desa bo'ladi, – yashnab ketdi do'stim. – Har holda katta olim, ruhshunossiz-da. Rahmat Sizga. Yanagi kelishingizgacha bu ishlarning hammasi bo'ladi. Ishoning bu yerda butunlay boshqa manzarani ko'rasiz.

– Sizga ishonmay o'libmanmi yo sizni endi ko'ryapmanmi? – dedim.

Bu gapimdan yon-atrofdagilar kulib yuborishdi. Qodirjon ham yayrab kuldi.

– Endi bir piyola choy ichamiz, – dedi Qodirjon. – Bugun sizlarga o'z qo'lim bilan osh qilib bermoqchiman.

– Meni uydagilar, qarindosh-­urug'lar kutib o'tirishibdi, – dedim men. – Xo'p desangiz, siz aytgan bir piyola choyni mahalla guzarida, yangi choyxonada ichamiz. Oshni ham ana o'shanda yeymiz.

– Jonim bilan!

… Toshkentga qaytgach, Qodirjonning qo'ng'irog'ini kutib yurdim. Do'stim ko'p kuttirmadi. Oradan to'rt oycha o'tib, qo'l telefonim jiringlab qoldi. Qarasam, qadrdonim.

– Guzar bitdi, – dedi u salom-alikdan keyin. – Ertaga soat o'n birda ochilish tantanasi. Kela olasizmi?

– O'sha va'da-va'da dedim.

Ertasi tong bilan “Qaydasan Uchqo'rg'on!” deb dovon osha yo'lga tushdim. Tezroq borgim, do'stimning ishlarini, yangi mahalla guzarini ko'rgim kelardi. Yetib keldim ham. Voh, bu yerdagi manzara! Kechagi kanal bo'yi­dagi do'nglik o'rnida go'zal, zamonaviy koshona qad rostlabdi. Tag'in milliy uslubda qurilganini aytmaysizmi! Qodirjon bino ustunlarini qo'qonlik mashhur o'ymakor ustalarga buyurtma bergan ekan. Ular bu ustunlarni, bino eshiklarini shunday naqshlar bilan bezashibdiki… Yaraqlaydi! Ko'rib ko'zingiz yashnaydi. Mana buni haqiqiy mahalla markazi, desa bo'lardi. Hamma xursand, hamma shod. Karnay-surnay sadolari ko'kka o'rlaydi. Bir katta doshqozonda sho'rva qaynayapti, birida osh. Viloyat, tuman rahbarlari, hamma uchqo'rg'onliklar shu yerda. Bolajonlarning yayraganini ko'rsangiz. Haqiqiy bayram. Do's­tim menga ko'zi tushishi bilan shodon kulib kela boshladi. Quchoqlashib ko'rishdik. Inimdek bo'lib qolgan hamyurtimni navbatdagi xayrli ishi, tashabbusi bilan chin qalbimdan tab­rikladim. Do'stim tirsagimdan tutib, meni aziz mehmonlar, viloyat, tuman rahbarlari o'tirgan davraga boshladi. Meni ularga “toshkentlik olim do'stim, qurilishimizda bu kishining ham katta hissasi bor”, deya o'xshatib tanishtirdi…

Guzarning ochilish tantanasini tuman hokimi kirish so'zi bilan ochdi. Alvon tasmani qirqish uchun viloyat hokimini davraga taklif qilgandi, hokim o'z navbatida Qodirjonni davraga chorlab qoldi.

– Shunday ulug' ishni boshlab, xalqimiz uchun shunday go'zal koshona qurib bergan insonsiz bu binoni ochib bo'larkanmi, – dedi viloyat rahbari. – Qani keling, Qodirjon Tursunovich. Sizning bu xayrli ishingizni xalqimiz aslo unutmaydi. Ko'p yillarga sog'-omon bo'ling!

Do'stim alvon tasmani viloyat rahbari bilan birga qirqishib, hammani ichkariga taklif etdi. Oshxona, choyxona, kutubxona… Eshiklar peshtoqidagi “O'quv – hunar markazi”, “Til o'rganish markazi”, “Kompyuter kursi” yozuvlarini o'qib, ichkaridagi yangi, yaraqlagan jihozu uskunalarni ko'rib, yuragim toshdi…

Qaytib chiqqanimizdan keyin hamma dasturxonga taklif etildi. Men shahar hokimi bilan birga o'tirib qoldim.

– Do'stingiz ajoyib fidoyi inson-da, – deb qoldi Shavkatjon. – Qodirjon akaga qoyil qolgan joyim binoning bir chetiga “bu markaz Qodir Tursunovich O'tbosarov tashabbusi bilan bunyod etilgan”, deb yozdirib qo'ygan edik. Shunga ko'zi tushib, olgizib tashlabdi. U kishining saxovatpeshaligi haqida ko'plarga ibrat bo'ladigan yana bir voqeani sizga aytib bermasam bo'lmaydi. Biz akaga “mana mahalla guzari bitdi, endi uni bosh­qarishni o'z qo'lingizga oling yo o'zingizning nomingizga yo o'g'lingizning nomiga rasmiylashtirib beraylik, axir ozmuncha mehnat qildingizmi”, degandik, do'stingiz, “yo'q, Xudoga shukr menga davlat katta maosh beradi. Ayolim shifokor, u ham kattagina oylik oladi. O'g'il-qizlarimning hammasi o'zidan tingan. Uyli-joyli, dov-daskali. Yaxshisi bu binoni oqsoqollar, mahalla kayvonilari bilan maslahatlashib mahalladagi eng serfarzand oilaga rasmiylashtirib beringlar, dedi. Tasanno-da! Mana buni haqiqiy saxovatpeshalik desa bo'ladi…

…Yaqinda yana ota yurtga bordim. Qodirjon Tursunovich yetmishdan oshib, nafaqaga chiqibdi. Ishni shogirdlariga topshiribdi. Bir piyola choy ustida anchagacha gurunglashib o'tirdik. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida ham gaplashdik. Do'stim xayrlashayotganimizda:

– Siz qadrdonimga dilim tubidagi bir gapimni aytay-da, — deb qoldi.

– Ayting, – dedim.

– Yurtboshimiz olib borayotgan tarixiy ishlari, islohotlari, xalqni rozi qilish yo'lidagi fidoyi­liklari, viloyatma viloyat yurishlari… shahar-qishloqlarimizdagi ulkan qurilishlar, yangi-yangi korxonalar, turarjoylar, yo'llar, ko'priklar… Bularni ko'rib, uyda tinch o'tirolmayap­man, rosti. Davlatimiz rahbariga bir-ikkita g'oyalarimni yozib yubordim. U kishidan javob kelsa, oq fotiha bersalar, Uchqo'rg'onda hali katta ishlar qilamiz.

– Qanday ishlar ekan? – qiziqsindim.

Bu haqda hali bafurja yana gap­lashamiz, deb kulib qo'ydi do'stim.

Ortiqali NOMOZOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − eight =