Samandarlik qismati
«Jarohatlar meni jarroh qildi», — deydi bolalar shifokori Odiljon Mahmudjonov
“Ota-onam og'irroq kasal bo'lib qolishganida, bola edim. Mahalladagi o'rtoqlarim onasining kasali yuqib qoladi, deb meni yakkalab qo'yishgan. Hech kim men bilan o'ynamagan. Bu bolalik ruhiyatimda o'z aksini qoldirgan. Bir safar yig'lab kirib: “Buva, kechasi-yu kunduzi o'qib bo'lsa ham doktor bo'laman. Sizni davolayman!” deb onamga, aslida o'zimga ont ichganman…” Bu Farg'ona shahar bolalar shifoxonasi jarrohlik bo'limi mudiri, bolalar jarrohi Odiljon Mahmudjonovning xotira daftaridan lavha.
Qandli diabetdan qisqa bo'lgan onasining umrini u hozir necha-necha bolajonlarda uzaytirmoqda. U diliga tukkanidek, undan ham a'loroq shifokor bo'ldi. Ayni paytda viloyatda yiringli-septik kasalliklar bo'yicha yagona mutaxassis. O'pkasi, suyagi, butun badani yiringlab ketgan oylik chaqaloqdan tortib 18 yoshgacha bo'lgan bolalarning najot istab talpingan maskani – uning jarrohlik stoli.
Andijon davlat tibbiyot instituti jarrohlik fakultetini bitirib qaytgach, 38 yildan buyon bir oliy maqsad bilan ishlab kelmoqda: Odamlarni rozi qilish. “Men mana shu dargohga qadam qo'yganimda, albatta odamlarning diliga tushadigan, ularni rozi qiladigan, “sovg'a-salom”ga ko'z tikmaydigan halol inson-shifokor bo'laman, deb niyat qilganman. Kelganimdan buyon shu bitta xonada ishladim. Mansab-amal, boylikka intilmadim. Bu holimga kuladiganlar ham ko'p. Lekin men o'z oldimga nimaiki maqsad qo'ygan bo'lsam, hammasiga erishdim. To'rt mucham sog', xotirjamman, to'rt farzandimdan ko'nglim to'q, uyim, bolalarim tinch. Shunisiga shukur qilaman”, deydi Odiljon aka. Chindan ham u ota-onasidan erta yetim qolgani, 42 yoshida rafiqasidan ayrilgani, 3 qiz va bir o'g'liga ham ota, ham onalik mehrini berib, o'zigagina ayon mashaqqatlarni yengib kelayotganiga qaramay, butun vujudi shukronalik hissiga to'la inson.
Dunyoda odamlarning tili, dini, irqi, millati turli bo'lishi mumkin ekan-u, fitrati bir xil bo'larkan. Shu ma'noda, vijdonli, kasbiga sadoqatli insonlarning maslagi ham ayni ekan. Mashhur “Qutqaruvchi” filmidagi bosh qahramondan: “Necha odamni cho'kishdan (o'limdan) qutqarib qolgansan?” deb so'rashsa, “Sakkizta. Sakkizta odamni qutqarolmaganman…” deya javob bergan. Odiljon Mahmudjonovning tilidan ham “Nechta bolani davolaganim esimda yo'q. Ammo o'pkasi yiringlab, sepsis tashxisi qo'yilgan 9 oylik bemorimni saqlab qololmaganim sira yodimdan chiqmaydi. Xuddi buning iloji bo'lgan-u, mening qo'limdan kelmagandek rosa yig'laganman o'shanda. Bu voqea hozirgacha ko'nglimning bir chekkasida turadi”, degan so'zlarni eshitib, avvaliga bu o'xshashlikka hayron bo'ldim-u, so'ng “Muvaffaqiyatsizlarning tarixi turlicha bo'lishi mumkin. Ammo muzaffarlar bir-biriga juda o'xshaydi”, deya o'yladim.
Kasbdan hurmat, rizq topish sirini odamiylik, fidoyilikda deb biladi. “Bolalarning bir joyi og'rimaydi, o'pkasi shamollagan, badani yiringlagan, boshi og'riydi, yig'idan tinim bilmaydi, organizmi charchagan. Ana ular bilan ishlash qiyin. Shifokor og'riqni o'zi his qilmagunicha, ayniqsa, boladagi qiynoqni o'zidan o'tkazib ko'rmagunicha, yaxshi doktor bo'lolmaydi, yaxshi davolay olmaydi”, deydi Odil Mahmudjonov. Birovning og'rig'ini his qilish shunchalikki, yigirma daqiqalik suhbatimiz 2-3 soatga cho'zildi. “Eshik tagida turgan odamlarni ko'ryapsizmi? Men bu yerda intervyu berib, o'zimni maqtab o'tirsam-u, bolalarning joni og'rib chirqirab turishsa… Yaxshi doktor bo'lamanmi?” Bir bizni, bir o'zini vijdonimizga ro'para qilib, intervyu uchun kelgan bizni ham aybdordek his qildira qoldi. Kutib turamiz, biriga tashxis qo'yib, palataga yotqizib keladi. Kutib turamiz, birining operatsiyasiga kirib chiqadi. Hech kimni kutib bunaqa rohatlanmagandim. Axir, bu inson kutishga arzir ekan-da.
Shu payt ikki qizi – Dildora va Dilrabo opalar kirib kelishdi. Qizig'i, farzandlari ham otasini ko'rish uchun ishxonasiga kelishar ekan. “Dadamni uydan topib bo'lmaydi, – deydi kulib kichik qizi Dildora Rahmonova. – Hamma tushlikdan so'ng uyiga ketsa, dadam kunni kech qilib, soat 7-8 larda uyga boradi. Yakshanba kunlari ham shu yerda. Shuning uchun ko'pincha ishxonasida ko'rishamiz”.
Tinimsiz telefon qo'ng'irog'idan hijolat bo'lib, “Javob bermasam bo'lmaydi. Bemorlarim qo'ng'iroq qilishyapti” deydi-da, telefon orqali yo'l-yo'riq berib bo'lgach, qo'lidagi mobil vositasiga ishora qilib: “24 soat – xizmatda. Kechasi 11-12, ba'zan yarim kechasi ham qo'ng'iroq qilaverishadi. Meni dam olmaydi, deb o'ylashadi, chamamda. Mening kasbim ham, hunarim ham shu. Boshqa sohada o'zimni hech tasavvur qilolmayman. 60 yoshga kiribmanki, chekka tumanlarga chaqirishsa ham, yoshlar qolib o'zim ketaman. Kasbni sevish shunaqa bo'lsa kerak-da”, deydi hazilnamo.
“Dadam onamizning vafotidan keyin ishga yanayam berilib ketdi, – deydi to'ng'ich qizi Dilrabo Mamatqulova. – Ish bilan o'zlarini ovutsa kerak. Avvallari bizga ko'p vaqt ajratardilar. To'g'risi, shunday insonning qizi ekanimdan faxrlanaman. Bunday ota, bunday inson ham kam”.
“Onam qorin bo'shlig'i sohasida saraton kasali bilan dunyodan ko'z yumgan. Ayam, dadam ikkalalari bitta institutda o'qishgan. Bir-birlariga ko'ngil qo'yib, turmush qurishgan. Onam nevropatolog edilar. Sevimli insonidan ayrilgach, dadam og'ir ahvolga tushib qoldi. Dunyoning ishlari qiziq-da. Dadamni ayamning jiyani, vafotlaridan oldin “Shu opang ish bilan o'tib ketyapti-da. Turmush qurishi kerak-da” deb ko'p joni achib gapiradigan qarindoshimizga qo'yarda-qo'ymay uylantirib qo'ydik. Ayam yaxshi. Jigari bo'lganimiz uchunmi, yaxshi ko'radi, yaxshi qabul qiladi”, deb suhbatni davom ettirdi Dildora opa.
Qizlari turli sohalardan ketishgan, o'g'li otasining izidan borib, shifokorlikni tanlagan. Bahodir Mahmudjonov yoshligidan dadasining qo'lidan tutib shu dargohga ko'p kelgan, oiladagi muhit uni shu kasbga mehrini uyg'otgan. Hozir Andijon davlat tibbiyot institutida yuz jarrohligi bo'yicha so'nggi bosqichda tahsil olmoqda. Kelini Shohidaxon ham bo'lajak kardiolog. Ot izini toy bosgani rost bo'lib, o'g'li ham baxtini oliygohdan topgan. Hayot charxpalagi maromida aylanib turibdi…
– 1992 yilda ishga kelgan bo'lsam, Odil aka o'shanda ham ishlardi, – deydi shogirdi, shahar bolalar shifoxonasi jarrohlik bo'limining katta hamshirasi Hilola Abdullayeva. – Shuncha vaqt davomida birga ishladik, har taraflama ibrat olsa arzigulik inson. 2000 yillarda bo'limga mudir bo'lib saylangan bo'lsalar, bemorlarga ham qulayliklar yaratdi, sharoiti og'irroq xodimlarga doim yordam qo'lini cho'zadi. “Siz xodimlarning ichida yurasiz, kimning nima dardi, tashvishi bo'lsa, aytib turing. Mening ish bilan bo'lib xotiramdan ko'tarilib qolishi mumkin”, deb menga tayinlab turadilar. Juda bolajon, halol, diyonatli. Bayram kunlari bemor bolalarga sovg'a-salom ulashadi. Bemorlarimiz sog'ayib qolganida ham, “Odil amaki, Odil opoqi” deb ketgilari kelmaydi.
– Odil Nazirjonovich bilan 3 yildan beri birga ishlaymiz, – deydi shogirdi, jarrohlik bo'limi vrach-ordinatori Hasanboy Shokirov. –Ustoz sifatida operatsiya yo'li, kasalliklarni olib borish, birlamchi ko'rish bo'yicha doim maslahat, yo'l-yo'riq berib keladi. Ayniqsa, shoshilmaslikka chaqiradi. Eng avvalo, tashxisni to'g'ri qo'yishga ahamiyat qaratishni so'raydi. Har bir doktorning o'ziga xos davolash usuli bo'ladi. Odil akada ham shunday. Kasallikni birinchi kuniyoq bemorga tushuntirib qo'yiladi. Yiringli xirurgiyada shunday kasalliklar borki, surunkali kechishi mumkin. Birinchi navbatda, bu haqida bemorga tushuntirib qo'yinglar, deb o'git beradi. Kechikib murojaat qilishning oqibatida kasallik surunkali shaklga o'tib ketadi. Bolalarda biroz qiyinroq, faqat yig'laydi, aytolmaydi. Ularga shirinso'zlik, muloyimlik, erkalash bilan muomala qiladilar.
“Men bugun nimagaki erishgan bo'lsam, ustozlarimning o'giti, yaxshiligi va ishga muhabbatim sababli erishdim, deb o'ylayman”, deydi Odil Mahmudjonov. Ustozlari haqida to'lqinlanib gapirarkan, o'zi ham bugun ustoz maqomiga yetishgani xayoliga ham kelmagandek tuyuldi. Ismoil Jalilovich, Shukur Mahmudjonovich To'ychibekov, Ibrohim Samadovich Umarov, Beknazarov, Aliyev, Doneskiy deya shifokorlarga xos uslubda faxr bilan sanay ketdi. Ish stolining ustida o'zi va yana bir doktorning surati turgan ekan. Qizi Dildora opa bobom, qaynotasining surati, deya izoh berdi. “Bobom Ergashev Yo'ldosh Ergashevich shahar bolalar shifoxonasining bosh shifokori, dadamning ustozi, ham taqdir taqozosi bilan rafiqasining otasi bo'lgan. Ularni juda hurmat qiladilar ustoz sifatida. Bo'lmasa kim qaynotasining suratini ish stoli ustida saqlaydi?!” dedi kulib.
Hozirda jarrohlik bo'limida 49 nafar xodimga rahbarlik qiluvchi Odil Mahmudjonovni hamma birdek e'zozlaydi. Rahbar bo'lganidan, qo'rqqanidan emas, otalarcha mehribonligi, insoniy fazilatlari uchun hurmat qilishadi.
“Ustozlarim ko'p aytishgan. Odiljon, siz yaxshi insonsiz, o'zgarmang, odamiylikdan chiqmang! Yaxshi doktor bo'lish oson, yaxshi inson bo'lish qiyin”, deya xotiralarini bo'lisharkan, qahramonimiz chindan ham u o'gitlarni qulog'iga quyib olgani xatti-harakatlari, yuz-ko'zidan ko'rinib turardi.
“Men odam va Alloh munosabatlarini ayri tasavvur qilolmayman. Odamni norozi qilsangiz, Xudo rozi bo'ladimi? Yoki aksincha. Ikkalasi bir-biriga chambarchas bog'liq. Shu o'y hamisha miyamda turadi. Meni harom luqmadan qaytarib turadigan sehrli jumlalar ham shu”.
Yakun sifatida aytishni lozim topdim: hech kim bilan suhbatimiz bunchalik qiyin kechmagan. Har qanday olqish, mashhurlikdan bemorlariga tezroq yordam ko'rsatishni sharaf deb biladigan, eng muhimi, umri davomida birovning puliga ko'z tikmagan doktor(lar)ning borligi kelajakka, xavfsizlik va salomatligimizni ishonchli qo'llarga topshirish mumkin ekaniga umid uyg'otdi. “Bor bo'ling, Yerdagi qanotsiz farishtalar!”, degim keldi!
Sevara ALIJONOVA,
jurnalist