“Men baxtliman, ammo armonim ham bor…”

Buxoro viloyati, Olot tumanidagi “Jayxunobod” MFY raisining Oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo'yicha o'rinbosari Saodat Xo'jjiyeva shunday deydi.

 

“Bizning tarbiyachilarimiz, tabiblarimiz, muallimlarimiz ham shu ayollarimizdir”, Fitratning ushbu fikrlari men tanigan, el hurmat qilgan, mahalla­doshlari suyangan, opa-singillari onasidek qadrlagan ayol Saodat opaga aytilgandek go'yo.

2018 yilda Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazi huzurida ochilgan   maxsus o'quv kurslarida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan kezlarim mahalla mutaxassislari malaka oshirish kurslariga o'quvga kelishardi. Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida mutaxassislarning malakasi, ma'lumoti, salohiyati tahlil qilinishi kerak edi. Mashg'ulotlar jarayonida   oilalar va xotin-qizlar masalalari bo'yicha mutaxassislar guruhiga ijtimoiy ish amaliyotidan dars beradigan bo'ldim.

Auditoriyadagi tinglovchilar bilan muammoli vaziyatlarni hal etish, muloqotlar jarayonida nimalarga e'tibor qaratish lozimligi bilan bog'liq masalalaridagi mashg'ulotlarda   olotlik mutaxassis Saodat Xo'jjiyevaning katta tajribadan tashqari bilim va salo­hiyati, ko'p kitob o'qiganligi yaqqol ko'zga tashlanib turardi. Saodat opaning har bir fikrida jahon tan olgan faylasuflarning fikrlarini manba tariqasida keltirib, so'ng holatni baholar, rivoyat, hikoyat va hadislar bilan xulosalarini to'yintirib borardi.

Bir gal mehr-oqibatsiz onalar, tirik yetim qolayotgan begunoh farzandlar, ajrimlarning sabablari haqida hududlardagi ahvol bilan bog'liq amaliyot darsni rejalashtirdik. Kichik guruhlarda tinglovchilar sahna ko'rinishlari orqali muammoga yechim topishi kerak edi. Sao­dat opaning guruhiga navbat kelganda opa shu darajada berilib rol ijro etdiki, go'yo teatr sahnasida   kichik, ammo yuqori darajadagi asarni tomosha qilayotgandek bo'ldim. Butun guruh ta'sirlandi. Yakunida esa, opa kutilmaganida “sizni ona, desam maylimi, ustoz”, deb bo'ynimdan quchib yig'lab yubordi. “Siz onamga o'xshaysiz”, deb qo'shib qo'ydi.

Darslar tugab yotoqxonaga qaytishgach, ularning sharoitlarini ko'rish bahonasida opaning xonasiga bordim. Aslida niyatim Saodat opa bilan dildan suhbatlashish edi. Chunki ayollar psixologiyasida bor, u hayot qiyinchiliklarini tabassumi bilan yashirib yursa-da, ba'zan qaysidir bir harakati bilan o'tmishi og'ir kechganligini sezdirib qo'yadi.

Saodat Oltiboy aka va Zulfiya opaning bosh farzandi bo'lgan. U juda yoshligidan chaqqon, epchil, intiluvchanligi bilan ajralib turardi. Maktabga chiqmay turib harflarni o'rganib olgan Saodat, o'sha paytlardagi sha­roitlardan kelib chiqib, sakkiz yoshida maktabga bordi. Undagi tirishqoqlik hayoti davomida muammolar oldida dovdirab qolmaslikka, har qanday og'ir vaziyatda ham o'zini tuta bilishga o'rgatdi. Xarakter shakllanib, qismatga aylanadi, deyishadi-ku! Onasi Zulfiya opa bog'chada tarbiyachi bo'lsa-da, qo'lidan kelmaydigan ishning o'zi yo'q edi.

— Butun qishloqdoshlarga   ko'ylak, shim, kos­tyum, hatto palto ham tikib berardilar. Uzun qish kechalarida uxlamasdilar, rahmatli onaizorim. Ish stollari ustida “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Saodat” jurnallari, badiiy kitoblar bo'lar, ishdan bo'shab o'qishga ham vaqt topardilar. Nutqlari shunchalik ravon va chiroyli ediki, ta'rifga so'z ojiz, — deydi bolaligini xotirlab Saodat opa. — Uyi­mizda tartib-intizom juda qat'iy edi. Otam viloyat markazida ishlaganlari bois 3-4 kunda bir kelardilar. Dasturxon atrofidagi suhbatlar go'yo tarbiyaviy soatlardek bir umr xotiramizga, to'g'rirog'i, yuragimizga muhrlandi. “Halol bo'l, birovning haqiga ko'z olaytirma, ilm egalla, kasb-hunaring bo'lsa xor bo'lmaysan, yaxshilik shioring bo'lsin, muh­tojga qo'ling­­ni uzat, xayr-ehsonni kanda qilma!” Onamni tergashlari, xato qilib qo'yganimizda urushib qo'yishlariyam endi o'ylab ko'rsam duo ekan. “Uying bug'doyga to'lgur, qaerda eding?”, “Ko'pga bosh bo'lgur, nega uyga vazifangni qilmagansan?” Bolaligimda buni oyim bizni urushdi, deb qabul qilganman… — Opaning ko'zlarida yosh halqalanadi.

Hayot sinovlari ba'zan kimningdir orzularini chirpirak qilib g'am to'foniga g'arq etadi. 1978 yil qishida kutilmaganda og'rib qolgan Zulfiya opa kasali tuzaladigan emasligini payqadi. Olti nafar farzand. Sodiqjon kenjatoyi 6 oylik emizikli chaqaloq edi. Endi nima qilsa ekan?.. Saodat onasi kasal bo'lgandan beri bir kun ham ko'ngli yorishmadi. Ukalarining darslariga qarashadi. Ovqat pishiradi, mol-holga qaraydi. To'shakda kundan-kun rangi sarg'ayib cho'kib borayotgan onasini ko'rib yuragi izzilaydi. Dard filni pashshaga aylantiradi, deyishadi. Qishloqdoshu tanishlarini lol qoldiradigan, hamma ishda birinchi, husn-tarovatda tengsiz, gapga chechan Zulfiya opa o'ychan, mahzun bo'lib to'shakka mixlandi. 17 yoshli Saodatni imlab oldiga chaqirdi.

“Saodat, ona qizim o'zimni… Sen aqlli qizsan… Ko'rib turibsan… Men… meni mazam yo'q…, — ayol nimjon, rangpar, ajib bir iliqlik hovuri ufurib turgan qo'llari bilan qizning sochlarini silab bag'riga bosdi… Saodat ko'ziga quyilib kelgan yoshi yurakdan silqib chiqayotganini his qilib turib ho'piqib yig'ladi. — Yig'lama… Kuchli bo'lishing kerak… Men besh nafar bolamni senga ishonib topshirib ketayapman… Afsus, orzularim ko'p edi, dard qo'ymayapti. Ukanglar, singillaring o'qishi, oliy ma'lumotli bo'lishi, jamiyatga, odamlarga foydasi tegadigan inson bo'lishi kerak.   Ularning sharafi, ularning yutuq va zafarlari bilan meni yo'qlashadi… Bu mening senga vasiyatim…”.

— Yoshim ulg'ayib, hayotning past-balandlaridan o'tib, endi o'ylab ko'rsam, onam hatto ajalni ham mardona qarshi olgan, boqiy dunyo ostonasida shuncha dard bilan yuzida tabassum indirishga qanday kuch topa olgan ekanlar-a…, — og'riqli xotiralarni eslaydi opa.

1979 yil 21 yanvar. Bu oila umr daftariga qayg'u nomi bilan yozildi. Tibbiyot texnikumiga hujjatlarini topshirib o'qishga kirgan Saodatning zimmasiga og'ir, juda og'ir mas'uliyat yuklandi. Olti oylik chaqaloqni eplash, uni ovqatlantirish, uzun qish kechalarida uyni isitish… Farog'at uyni supir, Anora menga yordamlash, Bayram, darsingni qil, Anvarjon yig'lama… Eh-hey, bu yumushlar kundalik tashvishga aylandi…

— Darslarga bormay qolib ketdim. Sodiqjon ukamning suyagini qotirguncha… Onam har kechqurun tushimga kirib, nima qilishim kerakligini aytardilar… Go'yo onam tirikdek… Onalarning hatto ruhlari ham farzandlari uchun uyg'oq…

Oltiboy aka va uning olti farzandini qish­loqdagi har bir xonadon qo'llab-quvvatladi, ularga mehribonlik qilishdi. Xo'jalik raisi Hamid Hamdamov, qarindoshlari orasida Jo'raqul Eshonqulovlar ona mehridan erta mosuvo bo'lgan go'daklarning boshini silab oqibat ko'rsatishdi.

— Hozir dorilomon zamonda yashayapmiz. Bir soat elektr energiyasi bo'lmasa, ishimizning ko'zi yo'qolib qoladi. Eh,   u davrlarda tok qaerda, deysiz?! Moy lampa ham har kimda bo'lmasdi. Televizor yo'q. Chiroqda darslarni qilardik. Onamga bergan va'damni ustidan chiqish uchun tog' kelsa kemirib, suv kelsa simirib ukalarimga bosh bo'ldim. Allohga shukr, otamga suyanch bo'ldim. Hammasi maktabni a'lo baholarda tugatishdi. O'qimishli, ziyoli bo'lib voyaga yetishdi. Yaxshi joylarga turmushga chiqardim, solih amalli kelinlar qildim. Farog'at singlim ilm yo'lini tanladi. Navoiy davlat pedagogika institutida pedagogika-psixologiya fanlar nomzodi, Anvarjon tadbirkor, Bayram o'qituvchi.   15 kilometr uzoqlikdagi maktabda dars beradi. Kenjatoyimiz Sodiqjonga mehrim bo'lak. Biologiya fanlar nomzodi, doktorlik dissertatsiyasi yoqlash arafasida. Singlimning o'g'li Alisherimiz Qozog'iston, Vyetnam, Ispaniya davlatlarida xalqaro olimpiadalarda qatnashib medallar oldi. Bugungi kunda Shvesariyadagi Lozanna universitetida tahsil oladi. Fidoyilik, vatanparvarlik, halollik, ilmga tashnalik kabi insoniy fazilatlarni ularga, ulardan farzandlariga singdira olganimdan quvonaman. Rahmatli onajonim menga o'z buvilik martabasini ham berib ketganlar. Chunki ukalarimning bolalari meni buvisi o'rnida ko'rishadi. Onamni tushlarimda ko'raman. Oppoq libosda nuroniy chehralaridan nur tomgandek… “Ona, mendan rozimisiz”, deyman. Ko'zlarida yilt etib yog'du paydo bo'ladi. Har gal “roziman, roziman”, deydilar…

Mehnatlarim, mashaqqatlarim evaziga turmush o'rtog'im Rahmatjonni umr yo'ldosh qilib bergani Allohimning menga mukofoti, deb bilaman. Rahmatli juda bag'rikeng, oliyjanob, himmatli inson edilar. Ukalarimni o'z ukalaridan ortiq ko'rardilar. O'g'lim, qizim tog'alariga, xolalariga ergashdi. El koriga og'rinmay yelka tutadigan yaqinlarim borligidan baxtliman. Nevaramga yaxshi niyatlar bilan bobosini ismini qo'ydik. Umri uzoq bo'lsin. Oilada, jamiyatda kerakli inson sifatida qadrlanishim ham Xudoyimning nazari. Tumanimiz hokimi Nargiza Ne'matova har yig'ilishida bir marta bo'lsa-da, “Saodat opa”, deb murojaat qilganda bir qalqib tushaman. To tirikman shu yurtga xizmat qilishga undaydi.

Armonim bor. Hech tuganmas armon! Qani edi, onaginam shu kunlarni ko'rganlarida edi…

Mohira ShAKAROVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + nine =