Halol mehnat beiz ketmaydi

Zulfiya Azizqulovaning bolaligi, beg'ubor kunlari Sardoba tumanidagi Paxtaobod shaharchasida o'tgandi…

— Esimda, — deydi Zulfiya opa Azizqulova. — Asli Jizzax viloyatining G'allaorol tumanidagi Marjonbuloq qishlog'idanmiz. Otam hosilot edi. Cho'lni o'zlashtirish, saksovul bosgan yerlarni bog'-bo'stonga aylantirish maqsadida bu yerga ko'chib kelgandik…

To'g'risi ham shu, avvalida Turdiboy bobo va Halima momo singari Mirzacho'lga ko'chib kelgan marjonbuloqliklarga oson bo'lmagan. Dastlab, kapa uylarda yashab, ishlashgan, tirikchiligini o'tkazishgan. “Ko'z qo'rqoq, qo'l botir”, deganidek, qisqa muddatda sho'r va saksovul bosgan, bo'z yerlar o'zlashtirildi, yerga chigit qadaldi…

Turdiboy bobo o'qimishli, ziyoli, ko'pni ko'rgan inson bo'lganligi bois, yangi xo'jalikda bosh hosilot bo'lib ish faoliyatini bosh­ladi. U kishining turmush o'rtog'i Halima momo maktabda o'qituvchilik qildi.

— Bilasizmi, oilada olti qiz, ikki o'g'il. Otam va onam bilan o'n kishi edik. Xonalari uncha katta bo'lmagan ikki xonali uyda yashardik. Men oilada to'ng'ichi bo'lganman. Otam-onam bo'sh vaqtlarida kitob va gazetalarni mutolaa qilishga qiziqishardi. Menga moychiroqning yorug'ida, bir-biridan qiziq, hikoya va romanlarni o'qib berishardi. Shundanmi, o'qishga havasim bolalikdan orta boshlagan.

Ammo oilamizda shifokorlik kasbiga qiziqqanlar yo'q edi. Faqat mening shu kasbga mehrim tushdi. Otam buni payqadi, maktabni tugatgan yilim, O'rta Osiyo tibbiyot pediatriya institutiga (hozirgi ToshPI) yetaklab bordi. O'sha yili institut talabasi bo'ldim, — deydi Zulfiya Azizqulova.

Zulfiya opa pediatriya sohasining sir-sinoatini o'qishda, so'ng amaliyotda o'rgandi. 1984 yilda Sirdaryo viloyat bolalar shifoxonasi, hozirgi viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazida internatura bosqichini o'tadi. Bolalarda uchrayotgan surunkali kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida bilmaganlarini amaliyotda o'rgandi.

Bu unga katta hayot maktabini o'tadi. O'sha yillari Toshkent qish­loq xo'jalik institutining agronomiya fakultetini tamomlayotgan boyovutlik Usmonqulga hayot uni ro'para qildi. Bir-biriga mehri tushdi. Endi u Sardobaning emas Boyovutning keliniga aylangandi.

Usmonqul aka Boyovut tumanidagi 1-Boyovut xo'jaligida hosilot bo'lsa, Zulfiya opa Boyovut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-Boyovut qishloq shifoxonasida uchastka pediatri bo'lib ishlay boshladi. U avvaliga ishni mahalladoshlari bilan tanishishdan boshladi. Asta-sekinlik bilan surunkali kasalga chalinuvchi, nogiron, mavsumiy allergiyasi bor bolalarning ro'yxatini shakllantirdi. Erinmadi, izlandi, intildi, xonadonma-xonadon yurib bolalarni to'g'ri parvarish qilish, turli yuqumli kasal­liklardan himoya qilish, buning uchun, eng avval, tartibli ovqatlanish, sog'lom turmush tarziga rioya qilish haqida targ'ibot tadbirlarini o'tkazdi. Uning sa'y-harakatlari, mehnatkashligi tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sirdaryo viloyat sog'liqni saqlash bosh­qarmasi rahbariyatining e'tiboriga tushdi. U 2001 yili 1-Boyo­vutning 2-bo'limida, umumiy amaliyot shifokori vazifasida ishni boshladi.

Zulfiya opa ustozlari o'gitiga amal qilib kam bo'lmadi. O'n besh yil shu bo'limda umumiy amaliyot shifokori bo'lib ishladi. 2-bo'limda istiqomat qilayotgan har bir oila uning o'z oila a'zosiga aylandi.

— Oila bu qo'rg'on. Hozir bir o'g'il va bir qizim bor. Qolaversa, bu yerdagi bolalar ham mening bolalarimdek bo'lib qolgan. Ularga mehrim boshqacha. Chunki kichkinaligidan bilaman. Ko'rganman, tekshirganman, zarur paytlarda tibbiy muolaja qilganman. Bu esa baxt, aytib va ta'riflab bo'lmaydigan baxt, — deydi Zulfiya Azizqulova.

Tajribali shifokor Zulfiya opa zimmasiga 2016 yilda 1-Boyo­vut hududida joylashgan Muqimiy qishloq vrachlik punktining mudirasi vazifasi yuklatildi. So'ng tuman tibbiyot birlashmasining ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasiga pediatr shifokor vazifasiga o'tkazishdi.

Ana shunday sharafli yo'lni bosib o'tgan Z. Azizqulova hozir tuman markazidagi “Sohil” va “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig'ini hududida yashovchi 4 ming 378 nafar aholiga tibbiy xizmat ko'rsatayapti.

— Zulfiya opa o'z onamdek bo'lib qolgan. Hamisha o'z yordamini ayamaydi. 40 yil bu kichkina muddat emas. Opamiz va ustozimiz ana shu yillar davomida sohada mehnat qilib, aholini salomatligini, tinchligini o'ylab yeldi, yugurdi. Men singari, qanchadan-qancha soha xodimlariga ustozlik qildi, — deydi Nazokat Shoyizoqova.

Halol mehnat beiz ketmaydi. Zulfiya Azizqulova sog'liqni saqlash vazirining maxsus buyrug'i bilan “Sog'liqni saqlash a'lochisi” ko'krak nishoniga munosib topildi.

Ha, yurtimizda o'z kasbidan katta hurmat, e'tibor topib kelayotgan insonlar kam emas. Ulardan biri shifokor Zulfiya Azizqulovadir.

G'ulom PRIMOV,

Sirdaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi

axborot xizmati rahbari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 19 =