O, munavvar odam!

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

folklorshunos olim, Ma'naviyat-ma'rifat markazi

Denov tuman bo'limi rahbari Toshtemir TURDIYEV haqida so'z

 

Aytishlaricha, kishi o'z hayotida ikki muhim yo'ldan birini tanlaydi. Haqiqiy inson elu yurtga, jamiyatga foyda keltirish o'yida o'z kasbi, ijodiga sodiq bo'lib mehnat qiladi, kimlardir esa… umrini havoyi nafsu, o'tkinchi hoyu-havaslarga sarflaydi. Odam bolasi qaysi yo'ldan ketadi, qaysi yo'lni afzal biladi, bu uning avvalo olgan ta'lim-tarbiyasi, yashagan, unib-o'sgan muhitiga bog'liq bo'lsa kerak.

Bizning qahramonimiz esa hayotining boshidanoq ilm va odamiylik yo'lini tanlagani bois, u kishiga bo'lgan ixlosim ortgan edi. Bu bedor qalb bildimki, olis moziyning sarchashmalaridan,   buyuk Termiziylar – Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Daqiqiy, Farruxiy, So'fi Olloyor, Alovuddin Attor ummonlaridan bahra olgan hamiyatli olim, o'z xalqining fidoyi ijodkori!  

 

Bu odamni ilk uchratganimda…

Xizmat taqozosi bilan har yili bir necha marotaba xizmat safarlarida bo'lishga to'g'ri keladi va ana shunday kezlarda juda ko'p kishilar bilan, albatta, suhbatlashaman, uchrashaman va hayotlari, odamgarchiliklari bilan qiziqaman. Qariyb qirq besh yilik mehnat faoliyatimda men bilan mamlakatimizda va chet ellarda o'tgan turli yig'in, tadbirlarda birga uchrashib, tanish bo'lib, o'zlarining chin odamiylik xislatlari, o'zgalarni hurmat qila bilishlari va albatta, tarixga, adabiyotga, jamiyatga bo'lgan yuksak e'tiborlari tufayli qalbimdan o'rin olib, qadrdon sifatida ustoz, do'st-birodar va og'a-ini bo'lib qolgan insonlar talaygina. Ana shunday insonlardan biri haqli ravishda tabarruk otaxon, katta ilm egasi, o'z yurtini, odamlarini jonidan ortiq sevgan Toshtemir Turdiyevdir.

1992 yil Mustaqillikning birinchi yili uzluksiz ko'rsatuvlarini tayyorlash uchun Surxondaryoga borganimda, vohaning taniqli insonlari qatorida shu kishining nomzodini ham tavsiya etishdi va buning uchun u kishini menga tanishtirgan mutasaddilardan hamon minnatdor ekanligimni yashirmayman. Chunki bu odam aynan men izlagan odam bo'lib chiqdiki, agar birinchi uchrashuvimizdagi voqeani aytsam, siz ham “Barakalla shu insonga!” deb yuborasiz. Gap shundaki, ko'rsatuvda aynan Toshtemir Turdiyevning yangi mus­taqil O'zbekistonning ziyoli siymosi aks etishi kerak edi, ammo u o'zini ta'rif etishga so'z qoldirmadi. Meni dunyoga mashhur Dalvarzintepa yodgorligiga boshlab borganlari hamon esimda: ulkan Dalvarzintepa qo'rg'oni atrofini o'rab oqayotgan suv bo'yida juda chiroyli suhbat qurdik.

— Surxondaryo mamlakatimizdagi eng qadim va boy tarixga ega voha, afsuski, uning noyob tarixi kam o'rganilgan, kam qalamga olingan! — deya gap boshlagandi u: — Masalan, Boysun tumanidagi Teshiktosh g'oridan topilgan bola suyaklari, betakror Zarautsoy qoya toshlariga o'yib ishlangan ilk odamlarning rasmlari bu zaminda yashagan qadimiy birinchi odam izlari va ularning ajoyib san'atidan dalolat beradi. Biz uchun aziz va muqaddas sanalgan Mochay, Amir Temur g'orlari haqida esa hali ko'p to'lib-toshib so'zlashimiz lozim.

Go'yo katta baxshi-oqinlarday jo'shib gapirardi Toshtemir aka:

– Zarautsoy – mening ohim, mening quvonchim, ota-bobolarimning tabarruk qo'l izlari, ming-ming yillar qa'ridan yetib kelgan boyligim, xazinam, g'ururim, e'tiqodim!..

Darhaqiqat, Zarautsoy qoya toshlaridagi nozik va bebaho rasmlar hamon bu qadim manzilga oyog'i yetib, ko'rgan kishi borki, hayajonga soladi. To'g'ri, keyingi o'ttiz yilda Surxondaryo tarixi haqida juda ko'p asarlar nashr etildi, ajoyib arxeologik muzey barpo etilib, ko'plab   olimlar voha tarixi haqida ilmiy ishlarini e'lon qilishdi, bu haqda radio va televidenieda eshittirishlar va ko'rsatuvlar tayyorlandi, ammo Zarautsoy haqida haligacha qalbga yoqadigan hujjatli film yoxud mukammal biror kitob-albom nashr etilgan emas.

Yana olis tariximiz haqida so'zlay ketadi bu odam!

Men necha marta u kishi bilan uchrashgan bo'lsam, hech qachon o'zi haqida biror maqola, ko'rsatuv yoxud eshittirish tayyorlash fikrini bildirgan emas, aksincha, yo Denov, yo Surxon vohasining olis tarixi, ulug' donishmandlari haqida so'z ochib, ular to'g'risidagi bor haqiqatni xalqimizga yetkazish ishtiyoqida yongan. Shu bois, bu odamga bo'lgan mehrim ortib borgan va sira kamaymagan.

O'sha 1992 yilning avgust kunlaridagi suhbatlar hamon qulog'im ostida maroqli, juda jozibali holda yangraydiki, ustozdan eshitgan bu manbalar esa hech kimni bee'tibor qoldirmagan edi.

–Turon zaminimizdan yetishib chiqib, Yunonis­tonga borib, eng zukko olimlar bilan bellashgan Anarxassis bobomizning asl ismi nima? Yunon donishmandi Plutarx o'zining “Etti donishmand ziyofati” kitobida bu zot nomini hurmat bilan tilga olgan bo'lsa, Aflotun uni “Etti donishmandning biri” deb ta'rif etgan…

Suhbatdoshimning zavq bilan so'zlashi hayqirib oqayotgan ulug' Amudaryoning zarrin shabadalari bilan uyg'unlashib, qalbimga o'zgacha g'urur va hayajon baxsh etadi. Har bir fikr, manbani e'tibor va suyunch bilan tinglaganim sayin olis moziy butun diqqatimni qamrab oladi.

–“Shohnoma”ning 1003 bayti qaerda yozilganini bilasizmi?!

Toshtemir Turdiyevning quralay ko'zlarida faxr nurlari porlaydi!

Xayollar moziy tomon yeladi:

Daqiqiy! Surxonning qadim shahri – Denovda yashagan shoir!

Suhbatdoshim:

“Binobarin, qadim Chag'oniyonimiz tuprog'i, uning kishilari, tasavvuridagi pahlavonlar shu ma'noda “Shohnoma”ga ko'chgan bo'lsa, ajab emas!” – deydi iftixor va g'urur bilan.

Daqiqiy – Muhammad Avfiy Daqiqiy, ya'ni “so'zda zukko, ma'noga o'ta diqqat bergani uchun uni Daqiqiy atashgan”.

Tazkiranavislar uni Marvaziy, Samar­qandiy, Tusiy, Xiraviy nomi bilan, Abu Rayhon Beruniy esa “Balxiy” deb atagan…

Suhbatdoshing dono bo'lsa, maza qilasan!

Qadim O'g'uzdaryo epkin shamollaridan bir maza qilgan bo'lsam, Toshtemir akaning bu gurunglaridan betakror bahra olganimni ham yashirmayman!

Endi suhbatdoshim Denov shahrida yashagan yana bir buyuk shoir – Farruxiy haqida so'zlay ketadi:

– Farruxiy yuksak iste'dodli shoir edi. Seyistonda yashardi. Uylangach, nochor ahvolga tushadi va Chag'oniyonda, hozirgi Surxondaryoning Denov shahrida insonni inson o'rnida ko'radigan hokim borligini eshitgach, oilasi bilan birga shamolday uchib keladi.

Chag'oniyonda uni hokimning yordamchisi kutib olib, bir g'azalini o'qigach, iste'dodli shoir ekanligini anglaydi va ertasi hokimning Dog'gohga dam olishga borishini, u yerni tasvirlab berib, bir she'r bitishini aytadi. Farruxiy kechasi bilan Dog'gohni ko'rgandek tasavvur etib, go'zal va betakror bir she'r yozadi.

Toshtemir aka bu she'rni maroq bilan o'qiydi, mening esa zavqim oshadi:

 

Ko'k harirdek yuziga yopqach ro'molni sabzavor,

Etti xil rang parnayoni boshga soldi ko'hsar.

Yer ohuning nafidek mushklarini

                                                    sochdi beqiyos,

Tol to'tining parridek bargini yozdi

                                                            beg'ubor!

 

Ko'k marvaridlaridek go'zal satrlar! Qalb junbushga kelib, ko'zlar go'zal hislardan yaraqlab ketadi, quloqlar esa o'zgacha rohatni sezadi!

Hokim bu she'rni o'qib, juda zavqlandi va Farruxiyga bir qo'rani ko'rsatib, otlar uyurini o'shanga haydashni va qancha otni qo'raga qamay olsa, barisiga ega chiqishi mumkinligini bildiradi.

Bir yildan so'ng hokim huzuriga Farruxiy boy-badavlat kishilar libosida oq tulporda 20 nafar g'ulomi hamrohligida mehmonga kelgan ekan.

Ana, bir seistonlik shoirga qadim Denovning osmon hurmati!

O'sha hokimning qarindoshimikan deyman Tosh­temir Turdiyev!

Chunki Toshkentdan qaysi bir ijodkor, jurnalist bormasin, bu odamning qo'li doimo ko'ksida, yuzida tabassum, dasturxoni esa doimo ochiq. Bir piyola choyini ichmasangiz: “O, buyuk, meni hafa qilmang!”, deydi o'ktam va yoqimli ovozda.

Meni ham necha bor izzat tutgan bu odam!

Denov uchun ko'p xizmat qilyapsiz deb egnimga to'n solganlarida, uyalib ketganman!

– Bu bizning eng yaxshi odat! Amir Temur bobo ham Kastiliya elchisi Rui Gonsaeles de Klavixo egniga bir emas, bir necha bor to'n tashlagan!

O, munavvar odam! “Klavixo kimu, biz…” E'tirozu gap-so'zlaringizga quloq osmaydi bunday kezlarda u. Beixtiyor ko'nglimdan shunday o'y-kechinmalar o'tadi:

– Toshtemir aka siz Zulfiya opa singari betak­ror ovozli shoira, Sharof Rashidov tiliga tushgan denovlik ijodkor, hayotdan yosh ketgan farzand Ra'no Uzoqova ijodi borasidagi sa'y-harakatlaringiz;

– “Alpomish” dostonini 29 ta kassetaga yozib olib, kechayu kunduz ularni tinglab, qog'ozga tushirib, o'n ming nusxada xalqimizga tortiq etganingiz;

– Denov tumani hokimining birinchi o'rinbosari sifatida olib borgan insoniy ishlaringiz;

– ma'naviyatimiz targ'iboti bo'yicha mislsiz xizmatlaringiz;

– hatto ishxonangiz javonidan o'rin olgan ijodkorlarning turli kitoblari, asarlari Sizning kim ekanligingizni yaqqol ko'rsatadi.

To'g'ri, bandasini maqtab bo'lmaydi!

Ammo elu yurt uchun bajargan ishlarini tilga olish savobu namunaki, bu bilan yoshlarga ham “toza ariqdan tiniq suv oqadi” degan hikmatni pesh qilishga asos bo'ladi!

Ayni shu damlarda qulog'im ostida Akamizning yana bir ogoh so'zi qalbim eshiklarini qoqmoqda:

– Dushmandan qo'rqmang, nari borsa, sizni shahid etishi mumkin, jannati bo'lasiz! Ammo befarq kimsalardan qo'rqing, betovfiqlardan qo'rqing, u yaramaslarning xurmacha qiliqlari tufayli yer yuzida, yurtda xiyonat va qotilliklar, xalqning og'ir ahvolga tushib qolishi davom etaveradi!

Yana bir gapni ko'p aytadilar:

“MENGA YaXShI NOM KERAK!”

Darhaqiqat, Toshtemir aka haqli ravishda shu saodatga erishgan ulug' insondir!

Bundan ikki yil burun Surxondaryoning markazi Termizda katta bir madaniy anjuman bo'lib o'tgani ham kechagidek esimda. Baxshi shoirlar festivali. Unda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalq og'zaki ijodi durdonalarini, xalq dos­tonlarini avaylab-­asrash, bunday buyuk meros sarchashmalaridan elimizni, ayniqsa, yosh avlodni ko'proq bahramand etish borasida so'z yuritgan davlatimiz rahbari denovlik Toshtemir Turdiyev haqida ham alohida to'xtalganini eshitib, yuragim cheksiz g'ururga, sevinchga to'lgan edi!

Ha, Toshtemir aka shunday faxrlansa arziydigan ziyolilarimizdan biridir. Katta olim, tinib-tinchimas, kuyunchak adibdir.

Yana ko'p bor eshitganmiz. Barcha qalam ahlining mehrini qozongan ustoz ularga yuqorida ta'kidlaganimizdek bir gap aytadi: “Men haqimda bir so'z demang, nimaiki yozsangiz Denov haqida yozing, bizga faqat shu kerak”.

Yurtga mehr, Vatanga muhabbatdan bu!

Bilasiz, Surxon eli katta el. Unda Denovning alohida o'rni bor. Bu joyni bejiz odamlar “kichik Bombey” deb atashmaganda.

Denovda esa kimlar ishlamagan, kimlar kelib, kimlar ketmagan deysiz. Toshtemir aka ba'zan hazil-chin aralash bir gapni aytib qoladilar: Denovga bu gal kelgan hokim 14-si bo'ladi. Yaxshi ishlasa, shu el dardi bilan yashasa, Denov uni boshiga ko'taradi, aksi bo'lsa o'zidan o'pkalaydi.

Bunday o'ktamona gapni hamma ham aytmaydi, aytolmaydi!

Bir qarashda ijod ahlining, chinakkam mehribon, g'amxo'ri bo'lgan bu inson, oddiy el tashvishi, kuyida bir sheryurak alpga aylanadi.

Eshitganimiz bor. Bundan 5-6 yil burun Denovga bir rahbar keldi. Ishi tanish-bilishchilik, g'irrom o'yinlardan boshqasi bo'lmadi. Shunda butun tuman faollari bilan o'tayotgan yig'ilishlarning birida Toshtemir Turdiyev so'zga chiqdi. Haligi rahbarga qarab bir so'z dedi:

– Sizlar kelib ketadigan odamsizlar. Mayli, sizga nima yoqsa oling, o'z tanish-bilish­laringizga bo'lib bering, bir narsa demaymiz. Faqat bizga Denovning tuprog'ini tashlab ketsangiz bo'ldi. Qolgani bilan ishimiz yo'q. Barini shu Denov xalqi bilan boshqatdan bunyod eta olamiz…

Bu achchiq kinoyadan butun zal qalqib ketdi. Denovga rahbar bo'lib kelgan kasning rangi kesakday bo'lib qoldi. Shundan so'ng u uzoq ishlolmadi. Darrov juftagini rostlab qoldi.

O'z so'ziga, mustahkam imon-e'tiqodiga ega bu inson haqiqiy Denov farzandi, yurt jonkuyaridir.

Bugun qutlug' yoshni qarshi olayotgan Ustozga uzoq umr, samarali ijod zavqi bardavomligini tilashdan baxtiyormiz.

To'lqin HAYIT

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + fifteen =