Tabarruk yoshdagi otaxon

Suratdagi otaxon Farg'ona viloyati, Beshariq tumani “Qashqar” MFYda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 101 yoshni qarshi olgan Mamayusub Payg'amov.

— Bugungidek dorilamon kunlarning qadriga yetish, tinchlikni asrab-avaylash kerak. Qarang, xalqimiz uchun hamma sharoit bor, biror manzilga boraman desang, piyoda yurmaysan. Dasturxonimiz to'kin, taqchillik yo'q. Faqat yurakdan chiqarib mehnat qilish kerak, xolos. Prezidentimiz shart-sharoit yaratib beryapti, rahmat, — dedi tabarruk yoshdagi otaxon.

Mamayusub ota 1941 yili armiya safiga chaqirilgan, dastlab Gruziyada jangovar tayyorgarlikdan o'tib, suronli yillarda Polsha va Moskva ostonalarida kechgan og'ir janglarda qatnashgan. 1948 yilda Vatanga qaytib kelgan va 35 yil nov­voychilik qilgan. Qishloqdagi to'y-hashamlarda el xizmatida bo'ldi. Turmush o'rtog'i bilan sakkiz nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

Urush qatnashchisini yo'qlab, xonadonga maktab o'quvchilari ham kirib kelishdi. Vatan, tinchlik haqidagi she'rlarni aytib, otaxonni xursand qilishdi.

Otaxon: “Ilohim, yurtimiz tinch bo'lsin. Xalqimiz hech qachon yomonlik ko'rmasin. Rahbarlarimiz, ishboshilarimizning boshi omon bo'lsin. Bayramlar to'ylarga ulanaversin”, deya duo qildi.

Sherzod QORABOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 19 =