Ko'hna vohaning yangi qiyofasi

O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligiga

yoki Samarqandga sayqal berayotganlar

Samarqand vohasi nafaqat o'zining noyob tarixiy, madaniy yodgorliklari, balki tanti, bag'ri keng, mehnatsevar odamlari bilan ham ma'lum va mashhur. Ayni kunlarda vohaning qaysi tumani yoki mahallasiga bormang, bog'larda yetishtirilgan sarxil mevalar yig'ishtirib olinayotganining, keng hajmdagi qurilish-bunyodkorlik ishlarining, turli dasturlar doirasida ishga tushirilayotgan yangi-yangi korxonalar, ijtimoiy soha ob'yektlarining ustidan chiqasiz. Fidokorona mehnati, tadbirkorligi bilan rizqini topayotgan bu odamlar ertangi kuniga ishonch bilan qarab, qadim yurtning yangi qiyofasini yaratmoqdalar.

Oshayotgan eksport salohiyati

Ayni paytda “Ohalik oltin bog'i mevasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati klasterining Jomboy filialiga qarashli intensiv bog'larda olma mevalari yig'ishtirib olinmoqda.

Uchinchi yildirki, bu yerdagi 360 gektar maydonda ham ichki, ham tashqi bozorda xaridorgir bo'lgan olma daraxtining serhosil “Pink Lady” navi yetishtirilmoqda.

— Bu yil har gektardan o'rtacha 40 tonnadan, kelasi yili esa 50 tonnadan meva olishni mo'ljallayapmiz, – deydi filial mudiri Zafar Tohirov. — Bu yerda mingga yaqin mavsumiy va 46 nafar doimiy ishchi mehnat qiladi, ular uchun tushlik va transport bepul. Ishchilarning o'rtacha oylik maoshi 2 million so'mdan 3,5 million so'mgacha. Bundan tashqari, joriy yilda Gretsiyadan keltirilgan pistaning yangi navini yetishtirishni boshladik.

Samarqandda o'tgan yili oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga bag'ishlangan xalqaro konferensiya doirasida tashkil etilgan so'ng­­gi yarmarkada mazkur klasterning filial va fermer xo'jaliklari faol ishtirok etib, xorijiy iste'molchilar bilan 10 dan ortiq shartnoma imzoladi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ayni paytda mazkur klaster nafaqat viloyatimiz, balki respublikamizda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Samarqand viloyatidan tashqari “Ohalik oltin bog'i mevasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati klasteri tomonidan Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qariyb to'rt ming gektar maydonda intensiv bog'lar barpo etildi.

E'tiborli jihati, mazkur klasterda nafaqat mahsulot yetishtirilmoqda, balki ularni xalqaro andozalar asosida qayta ishlab, qadoqlash ham yo'lga qo'yilgan. Bu esa mahsulot eksporti hajmini oshirish imkonini bermoqda. Masalan, joriy yilda klaster tomonidan Rossiya, Tojikiston va Qozog'istonga 25 million 841 ming AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.

— Olma va o'rik konsentratlariga hozir jahon bozorida talab katta, – deydi “Ohalik oltin bog'i mevasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati klasteri rahbari Olim Soliyev. — Shu bois o'tgan yili zamonaviy qadoqlash uskunalari yordamida konsentrlangan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydik. Qolaversa, hozirda qovunlarimizga xaridorlar ko'p. Mahsulot dastlab muzlatkichda tegishli haroratda saqlanadi. Keyin qadoqlanib, maxsus avtomashinalarda xorijiy hamkorlarga yetkaziladi.

Klaster tizimidagi korxona va fermer xo'jaliklarida 600 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi doimiy ish bilan ta'minlanganini ham alohida ta'kidlash lozim. Mavsumiy ishchilar soni esa 3,5 ming kishiga yetadi.

— Bundan tashqari, jamoamiz xorijiy hamkorlar bilan ham faol hamkorlik qilmoqda, – deydi O.Soliyev. — Xususan, xorijlik mutaxassislar tomonidan bog'larni parvarish qilish, hasharotlar zararkunandalariga qarshi kurashish bo'yicha muntazam maslahatlar berib kelinmoqda. Klaster bog'lari Samarqand viloyatining Oqdaryo, Samarqand, Jomboy va Nurobod tumanlarida joylashgan.

Yil oxirigacha kompaniya eksport hajmini 30 million dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. 10 ming tonna sig'imga ega sovitkich uskunalari esa bu yerda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini sifatli saqlash imkonini beradi.

Kimyoviy vositalardan voz kechilgan

Samarqand shahrining ko'rkam go'shalaridan biri “Bog'ibaland” mahallasi anjirzorlari bilan mashhur. Bu yerga tashrif buyurgan sayyohlar pishib yetilgan mevalarni o'z qo'llari bilan terib olib iste'mol qilish imkoniga ega.

Bunday imkoniyatni Bog'ibalandda joylashgan oilaviy shartnoma asosidagi fermer xo'jaliklari taqdim etmoqda. Bog' nomiga mos ravishda haqiqatan ham tepalikda, shaharning eng baland nuqtasida joylashgan. Shuning uchun hatto yoz jaziramasida ham bu yerda salqin shabadani his qilishingiz mumkin, negaki daraxtlarning ko'pligi havoni salqin qiladi.

Shunday qilib, siz bemalol supachada o'tirib, ko'k choyga buyurtma berishingiz va ko'p asrlik daraxtlar soyasida salqinlikdan bahramand bo'lishingiz, yaqin atrofda oqayotgan Obirahmat daryosining shovqinini tinglashingiz mumkin. Agar siz oltin anjirni tatib ko'rmoqchi bo'lsangiz, unda bog' bo'ylab yurib, sog'lig'ingiz uchun xohlaganingizcha undan tanovul qilishingiz mumkin.

Bog'ibaland anjirlarining ba'zilari uch yuz yoshdan oshgan. Mashhur “Boburnoma” asari muallifi buyuk davlat arbobi, shoh va shoir bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning yozishicha, Bog'ibaland bog'i buyuk sarkarda Amir Temur tomonidan o'zining suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Okabegim sharafiga barpo etilgan. Shundan buyon bu yerda anjir yetishtirishning usullari va sirlari avloddan-avlodga o'tib kelmoqda. Ko'p asrlar davomida mahalla ahli faqat shu anjir yetishtirish bilan yashab keladi.

40 gektarlik bog'da bugungi kunda 72 oila shartnoma asosida mehnat qilmoqda. Bog'bonlarning so'zlariga ko'ra, ayni paytda bu yerda 10 ming tupdan ortiq anjir daraxti bor.

Bog' hududida Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, uning Samarqand viloyatidagi boshqarmasi va viloyat hokimligi tashab­busi bilan bir necha yil avval sayyohlar mahallasi tashkil etilgan edi.

— Bizning vazifamiz anjir bog'larini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishdir, — dedi bog'bonlar yetakchisi Rustam Muinov. — Anjirlarga ishlov berishda kim­yoviy vositalardan umuman foydalanmaymiz. Har yili kuzda biz daraxtlarni sovuqdan himoya qilish uchun ko'mamiz. Anjirlardan har yili 28 tonnaga yaqin meva olamiz. Bu samarqandliklar uchun juda ko'p. Shu bois respub­likamizning boshqa hududlariga ham mahsulot yetkazib beramiz.

Bu yerda hamma narsa sayyohlar xizmatida. Jumladan, agar kimdir palov yoki boshqa taom tayyorlamoqchi bo'lsa, egalari qozon, o'choq va olov yoqish uchun quruq o'tin bilan ta'minlaydi.

— Kecha bizga Shveysariya va Rossiyadan sayyohlar tashrif buyurishdi, – dedi R.Muinov. — Ular mevalarni o'zlari terishni juda yaxshi ko'rishar ekan. Chunki bozordan anjir sotib olsangiz, bunday zavqni tuya olmaysiz.

Markaziy Osiyodagi eng yirik korxona

Yaqinda Kattaqo'rg'on tumanidagi Yangihayot massivida yiliga 3 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'lgan nafaqat O'zbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik sement ishlab chiqarish liniyasi “HENGYUAN CEMENT” ishga tushirildi.

Loyiha Xitoyning “ENERGY CHINA” energetika guruhidan 351 million AQSh dollari miqdorida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy inves­titsiyalar jalb etish hisobiga amalga oshirildi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur loyiha O'zbekiston qurilish sanoatini zarur mahsulotlar bilan ta'minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash kabi muhim keng ko'lamli vazifalarni hal etadi.

— 38,5 gektar maydonda barpo etilgan mazkur inshootga Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar o'rnatilgan, – dedi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Jahongir Safarov. — Bu yerda kuniga 7,5 tonna sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Zavodning yillik eksport quvvati 82 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mahsulotning 30 foizini Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonada sement ishlab chiqarish to'liq qattiq yoqilg'i — ko'mirni yoqish hisobiga amalga oshiriladi. Bu energiya resurslaridan samarali foydalanish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

Yangi korxonaning ishga tushirilishi, asosan, yaqin tumanlarda istiqomat qiluvchi 600 nafar qishloq aholisini doimiy ish bilan ta'minlash imkoniyatini yaratdi. Korxona ishchilari uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida kombinat hududi yonida yotoqxona, sport maydonchalari, madaniyat uyi qurildi.

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tadbirkorlikning faol qo'llab-quvvatlanishi, mazkur soha vakillariga keng imkoniyatlar yaratilishi, imtiyozlar berilishi natijasida Samarqand iqtisodiyotida ham o'sish sur'atlariga erishilmoqda. O'tgan yil yakuniga ko'ra viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmi 5,9 foizga o'sdi.

Bunda sanoatning ulushi 1,8 foizga, xizmatlar sohasi 1,5 foizga ko'paydi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,9 million so'mga oshdi. Xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish hajmi 4 trillion so'mga yoki 19,4 foizga o'sdi. Tadbirkorlar soni 18 foizga oshib, 61 mingdan ortiqni tashkil etdi. Yil davomida 59 ta qo'shma korxona tashkil etilib, ularning soni 750 dan oshdi.

El suygan Eliboy

Turmushimizning to'kin-sochinligini ta'minlab turgan eng ulug' ne'mat — non ana shu farovonligimiz ramzidir. Joriy yilda g'alladan mo'l hosil yetishtirilganligi iqtisodiyotimizning muhim bo'g'inlaridan sanalgan agrar sohada ham ulkan islohotlar olib borilayotganligining natijasidir.

Bu borada yerlarning unumdorligini oshirish, dehqonlarning moddiy manfaatlarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunday ijobiy ishlar samarasini viloyatning Pastdarg'om tumani “Umsin momo” fermer xo'jaligi misolida ham ko'rish mumkin.

— Yurtimizda yerga, o'zi yetishtirayotgan mahsulotga egalik hissining shakllanganligi natijasida fermerlar ishi samarali tashkil etilmoqda, – dedi fermer xo'jaligi rahbari Eliboy Taniyev. — Shu tufayli yer, suv va boshqa resurslardan unumli foydalanib, paxta, g'alla va boshqa ekinlardan mo'l hosil yetishtirishga erishilmoqda. Ana shunday imkoniyat samarasi o'laroq joriy yilda xo'jaligimiz tasarrufidagi 60 gektarga yaqin maydonda g'alla yetishtirdik. Tumanda birinchilardan bo'lib shartnoma rejasini uddaladik. Qilgan mehnatlarimiz mevasini bermoqda. Gektaridan 80 sentnerdan hosil olishga erishdik. Ayni kunlarda 45 gektar yerdagi g'o'za parvarishiga ham alohida e'tibor qaratganmiz. Texnika vositalarimiz yetarli, ishchilarimiz tajribali, ular uchun dalada barcha sharoit yaratilgan. Yerlarni me'yorida mineral va mahalliy o'g'it bilan oziqlantirib, sifatli sug'ordik. Shu bois g'o'za nihollari baquvvat, yaxshi rivojlanayapti.

Inson umri uning yashagan yillari bilan emas, qilgan ezgu amallari, mehnati bilan o'lchanadi. 80 yoshdan oshgan Eliboy aka umrini dehqonchilikka bag'ishladi. U kishi o'z faoliyati davomida ko'plab xayrli ishlarni amalga oshirdi. O'zi yashaydigan Oqmang'it qishlog'idan 26 kilometr olisda joylashgan manzilda xo'jalik ishchilari uchun 5 ta dala shiyponi qurib berdi. Eski Anhor kanaliga dalani sug'orish uchun nasoslar o'rnatildi. Mahalla hududidagi yo'llarni ta'mirlash, bemorlarga madad berish, qiynalgan oilalarga yordam qo'lini cho'zish va boshqa ko'plab xayrli ishlarini sanab adog'iga yetib bo'lmaydi.

El dardini o'z dardi deb bilgan Eliboy aka bir necha bor viloyat kengashi deputati sifatida ham jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etdi. El e'tiborini qozondi. Uning samarali mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib rag'batlantirib borildi.

Jumladan, u kishi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan paxtakor faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.

Eliboy aka dehqonchilikdan tashqari chorvachilik va bog'dorchilikni ham namunali yo'lga qo'ygan. Farzandlari Muhiddin va Asliddin ham fermerlikni davom ettirib, mehnatdan baxt topish sharafiga muyassar bo'lib kelishayotir. Axir inson xayotining mazmuni faqat ro'zg'or tebratish, farzand ulg'aytirish emas, balki davlat, mamlakat deb atalmish ulkan xonadonga foyda, naf keltirish hamdir. Buni biz Eliboy aka singari fidoyi insonlar xayotida ko'rishimiz mumkin.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi

Oqdaryo tumanida esa hududiy investitsiya dasturiga asosan eng chekka “Jarqishloq” fuqarolar yig'ini hududida joylashgan 90 o'rinli maktabgacha ta'lim muassasasi uchun yangi bino qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Ob'yekt qurilishida, asosan, mahalliy xomashyodan foydalanildi.

— Bu yerda 42 nafar ishchi tomonidan ichimlik suvi tarmog'ining quvurlarini o'rnatish, so'nggi bo'yash ishlari yakunlandi, – dedi “Samarqand Chinor qurilish” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sherzod Ergashev. — Ob'yektning umumiy loyiha qiymati 4 milliard 189 million so'mni tashkil etadi. Hududni obodonlashtirish, manzarali daraxt ko'chatlari ekishga ham katta e'tibor qaratildi.

Shu tumandagi “Oqdaryo” fuqarolar yig'ini hududida “O'tkir sarbon servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 3-maktabning 250 o'rinli o'quv binolarini kapital ta'mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari ham tugallandi.

— Jamoamiz va fuqarolar yig'ini ahli “Tashabbusli byudjet” dasturida ovoz berishi natijasida umumiy qiymati 1 milliard 130 million so'm bo'lgan mazkur loyiha bilan qatnashib g'olib chiqdi, – deydi maktab direktori Manzura Shirinboyeva. — Maktab rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan mashg'ulotlar vaqtincha yaqin atrofda joylashgan kasb-hunar ta'limi muassasasi binosida o'tkazildi.

Shu tumandagi Alisher Navoiy nomidagi fuqarolar yig'ini hududida joylashgan “Dahbed” ko'chasida ham “Brik faktor” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 747 xonadonli 5 qavatli o'nta uy bunyod etildi.

— Aholi uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida binolarning birinchi qavatida savdo do'konlari va boshqa xizmat ko'rsatish ob'yektlari joylashtirildi, – dedi jamiyat rahbari Ma'mur Odilov. — Binolar hovlisida bolalar maydonchalari, avtoturargohlar qurildi. Shuningdek, butun hudud obodonlashtirilib, ko'kalamzorlashtirildi.

Aholining uy-joyga bo'lgan talabini qondirish maqsadida Samarqand tumanidagi “Qorasuv” massivida 100 ming aholi yashaydigan shaharcha qurilishi boshlangan edi. Ayni payt­­da Qorasuv ko'rkam aholi yashash manziliga aylandi va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari o'tgan yilning 6 iyun kuni Samarqandda Qatar amiri bilan o'tkazgan oliy darajadagi uchrashuvidan so'ng Qoradaryo bo'yida 389 gektar yerda bunyod etiladigan “Shirin” massivi loyihasi bilan tanishib, uni ilg'or shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko'paytirish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi.

Loyihaga ko'ra, massivda ko'p qavatli uylar, maktab va bolalar bog'chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko'ngilochar mas­kanlar bo'ladi. Yirik biznes va savdo maj­mualari quriladi. Massivni shahar bilan bog'lovchi ko'prik va yo'llar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi. Bu ishlar, albatta, viloyat iqtisodiyoti barqarorligi bilan amalga oshiriladi.

“Hokim Yozuvchilar uyushmasi a'zosi…”

Statistik ma'lumotlarga ko'ra, Jomboy tumani yashil hududda joylashgan bo'lib, ijtimoiy-iqtisodiy ko'rsatkichlar bo'yicha viloyatda Samarqand shahridan keyin ikkinchi o'rinni egallab turibdi.

Xo'sh, tuman mehnat ahlining keyingi yillarda barcha sohalarda erishayotgan bunday yutuqlarining sababi nimada?

— Sababi oddiy. Bu yerda hech kim Amerikani kashf qilgani yo'q. Faqat so'nggi yillarda ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan urish, do'q-po'pisa bilan ishlashga o'rganib qolgan odamlarga yaxshi muomala qilib, ularni to'g'ri yo'naltirish, ularga amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini to'g'ri tushuntirish kifoya qilayapti, – dedi tuman hokimi Qayum Sobirov. — Bugungi rahbar aholi nimadan noroziligidan, joylarda qanday muammolar borligidan, ularni qanday hal qilishdan xabardor bo'lishi kerak. Arz bilan keluvchilarni salqin kabinetida kutib o'tirmay, o'zi ularning oldiga borishi, odamlar bilan joyida uchrashishi, barcha masalalarni zudlik bilan hal qilishi kerak.

Aytish joizki, Q.Sobirov hokim bo'lgan ilk kunlardanoq bu tartib-qoidalarga o'zi qat'iy amal qiladi, ko'proq xalq orasida bo'ladi, ularni tinglaydi, oqsoqollar bilan maslahatlashadi.

— Hokimimiz iqtisodiyot, qishloq xo'jaligi, qurilish ishlari bilan bir qatorda ta'lim, fan va madaniyatdan ham yaxshi xabardor, badiiy ijod bilan shug'ullanadi, hikoya va qissalar yozadi, – deydi “Jomboy tongi” gazetasi muharriri Isomiddin Po'latov. — Q.Sobirov hattoki tumandagi ijodiy to'garaklarning mashg'ulotlariga borishga, yosh iste'dod sohiblariga maslahat berishga ham vaqt topadi. Hokimimiz hozircha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'lgan respublikadagi yagona rahbardir. Yuqori ichki madaniyati tufayli katta va kichikka “siz” deb murojaat qiladi. Hech kimni xafa qilmaydi.

Mashhuraning mashhur gullari

Mashhura Inoyatullayeva asli Jomboy tumanining “Tut” mahallasidan. Uning otasi hunarmand edi. Onasi hamshira bo'lib ishlagan bo'lsa-da, ish joyida erining oldiga borib, bo'sh vaqtlarida unga yordam berardi. Shunday qilib, ular to'rt farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi.

Oilada kattalarning mehnatga bo'lgan munosabati bolalar tarbiyasiga ham ijobiy ta'sir qildi. Mashhura bolaligidan gul yasashga mehr qo'ydi. Ana shu ishtiyoq tufayli qo'shni “Juriyat” mahallasiga kelin bo'lib tushganidan so'ng bekor yurolmadi. Turli xomashyolardan sun'iy gullar yasashni o'rgandi. Yosh kelinchak halol mehnati evaziga qishloqdoshlari o'rtasida obro'-e'tibor qozondi.

Hozir Mashhura uch farzandi bilan tug'ilgan kun, to'y, turli bayramlar uchun uyida chiroyli gullar yasaydi. Mahsulotlar juda ham­yonbop.

— Qishloq sharoiti shaharnikiga o'xshamasligini inobatga olib, mahsulot sifatiga putur yetkazmagan holda gullarimiz narxini iloji boricha arzonroq qilishga intilamiz, – dedi M.Inoyatullayeva. — Oila byudjetiga hissa qo'shayotganimdan xursandman. Mening uchta shogirdim bor. Imtiyozli kredit olib, yetti nafar xotin-qizni shu sohaga o'rgatmoqchiman. Shunda faoliyatimiz yanada kengayadi.

Viloyatda ishsizlik darajasi 6 foizga kamaydi

Qayd etish joizki, viloyatning olis qishloqlari, mahallalarida olib borilayotgan sa'y-harakatlar natijasida viloyatda ishsizlik darajasi 6 foizga kamaydi. Joriy yilda ushbu ko'rsatkichlarni yanada yaxshilash borasida tegishli dasturlar asosida ish olib borilmoqda.

Keyingi ikki yilda islohotlar jarayoni bilan tanishish, shuningdek, bir qator xalqaro forumlar va oliy darajadagi uchrashuvlar o'tkazish uchun viloyatda bo'lgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi va bu vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Xususan, turizmni viloyat iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylantirish maqsadida bu yerdagi muqaddas qadamjolarni obod qilish, buyuk ajdodlarimiz ma'naviy merosini o'rganish va targ'ib etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bu boradagi ishlar natijasida Samarqand xalqaro aeroporti modernizatsiya qilindi, eshkak eshish kanali atrofida ko'p tarmoqli turistik markaz bunyod etildi, Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinmoqda. Bu jarayonda infratuzilmani yangilash, zamonaviy turar joy massivlari bunyod etish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 200 gektardan ortiq maydonda bunyod etilgan “Silk Road Samarkand” turistik markazi qisqa fursat ichida Samarqandning yangi turizm darvozasi sifatida tanildi.

Qo'rg'onning mayizi endi Xitoyga jo'natiladi

Yaqinda Xitoy davlatidan Qo'shrabot tumaniga bir guruh investorlar tashrif buyurib, tumanning iqlimi, tabiiy muhiti bilan yaqindan tanishish, tumanga investitsiyalar olib kirish maqsadida joylarda o'rganish ishlarini olib borishdi.

Dastlab xitoylik investorlar Qo'shrabot tumanining “Xonnazar” mahallasida joylashgan “Qo'shrabot TZB” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi. MChJ rahbari Salimjon Mavlonov ushbu MChJ tomonidan qishloq xo'jalik mahsulotlarini qayta ishlash va xorijga eksport qilish borasida yuqori natijalarga erishib kelinayotganligi, endilikda esa Qo'shrabot tumani hududida joylashgan erkin iqtisodiy zonasidan ajratilgan yerga 13 mln dollar evaziga qayta ishlash zavodi va fabrikalar qurish rejalashtirilganligini ma'lum qildi.

Xitoylik investorlar, shuningdek, Qo'shrabot tumanining “Qo'rg'on” mahallasida joylashgan “Oqtepagaza” fermer xo'jaligi tomonidan xorijga eksport qilinayotgan mayiz navlarini ko'zdan kechirishdi. Fermer xo'jaligi rahbari Bozorboy Xudoyqulovning ta'kidlashicha, ayni vaqtda 15 kishi doimiy mehnat qilayotgan xo'jalikda qishloq xo'jalik mahsulotlarini va quruq mevalarni qadoqlash orqali xorijga eksport qilish ko'rsatkichi yildan yilga o'sib bormoqda. Ushbu fermer xo'jaligi va xitoylik investorlar o'rtasida 5 mln dollarlik shartnoma imzolandi.

Tadbirkorlar hamda fermerlar xitoylik investorlar bilan sohalar kesimida o'zaro tajriba almashish asnosida ular bilan istiqbolli rejalar tuzib, aniq chora-tadbirlar belgilab olishdi.

Yormamat RUSTAMOV

Baxtiyor Mustanov va

Sohib Sayfullayev olgan suratlar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + five =