“O'qituvchi — fidoyi inson degani…”

1 Oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni

86 yoshli keksa pedagog, hozirda mehnat faxriysi Sharifjon Qo'ziboyev Samarqand viloyati, Payariq tumanidagi xushmanzara maskanlardan biri — “O'ymovut” mahalla fuqarolar yig'ini Jo'raboy qishlog'ida yashaydi. Umrining qariyb yarmini o'qituvchilikka bag'ishlagan ustozning ta'lim sohasida olib borilayotgan bugungi islohotlar, o'qituvchi ma'naviyati, yoshlar tarbiyasi haqida o'z nuqtai nazari, qarashlari bor.

Insonni mehnat tarbiyalaydi

“O'ymovut” mahallasi tuman markazidan qariyb 10 chaqirim keladigan masofada joylashgan. Bu yerda odamlar, asosan, mayiz yetishtirish, dehqonchilik va chorvachilik, tadbirkorlik bilan shug'ullanadi. Sharif boboni ham biz hovlisidagi gullar, toklarga ishlov berayotgan paytda uchratdik.

— Dehqonchilik bizga ota meros, chunki qishloqda yashaymiz, — dedi u kishi salom-alikdan so'ng. — Yana bir jihati — insonni mehnat, sinovlar, qiyinchiliklar tarbiyalaydi.

Bola tarbiyasi, uning ko'ngildagidek bilim olishi, mening nazarimda, ularni mehnat qilishga o'rgatishga ham bog'liq. “Mehnat insonni ulug'laydi” deb bejiz aytishmagan axir.

Otaxon pedagog bilan suhbatimiz yoshlar tarbiyasi borasidagi ayrim muammolarga, hozirgi ba'zi o'qituvchilarning saviyasi, dars berish uslubi, kitob o'qish madaniyatiga borib taqaldi.

U kishining aytishicha, majburiy obunaga barham berilgandan keyin o'qituvchilar nafaqat davriy nashrlar, balki badiiy adabiyotlarni ham o'qimay qo'yishgan. Maktabni bitirayotgan ayrim yoshlarning chalasavodligi, madaniyatsizligi ildizlarini shunday o'qituvchilarning o'z ustida muntazam ishlamayotganidan izlash kerak.

“Chalasavod brigadir ham o'qituvchiga xo'jayin edi…”

Suhbatimiz asnosida ustoz o'zining yoshlik yillaridagi ish faoliyati sobiq sho'rolar tuzumiga to'g'ri kelganini, u paytda o'qituvchi mehnatining juda qadrsizlanib qolganini afsus bilan ta'kidladi.

— Ish shu darajaga borib yetgandiki, paxta terimi davrida sakkizinchi sinfni zo'rg'a bitirgan oddiy brigadir ham oliy ma'lumotli o'qituvchiga xo'jayinlik qilardi, — deya davom etadi ustoz. — Bir kuni bitta o'quvchim betobligi sabab daladan uyiga sal ertaroq ketib qolgani uchun brigadir mening ustimdan tuman paxta shtabi boshlig'iga raport yozib ishdan haydatmoqchi ham bo'lgan… Yaxshiyamki, o'sha paytdagi xalq ta'limi bo'limi boshlig'i jonimga ora kirib, janjalni bartaraf qilgandi. Eh, u davrlar juda og'ir yillar edi… Bahorda chigit ekilganidan to kech kuzgacha bolalar dalada, “paxtakorlarga hamdamu hamqadam” edi. May oyidagi ayrim imtihonlarda o'quvchidan olgan bilimi darajasi uchun emas, nechta jo'yakni o'tdan tozalagani, yagana qilganiga qarab baho qo'yilardi. Agar shunday qilmasak, kattalardan baloga qolardik. Jismoniy tarbiya, mehnat fanlari o'qituvchilarini-ku, aytmay qo'ya qolay. Bechoralar ish vaqtini dalada o'tkazishardi. Yana: “Bolalar nimaga savodsiz, nimaga yaxshi o'qitmaysizlar?” deb bizlarni urishardilar. Biror-bir mard chiqib: “Tunu kun dalada mehnat qilgan bolada qanaqa bilim bo'ladi?” deb aytolmasdi. 10-sinfni shu tarzda bitirgan o'quvchilar oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bor tanish-bilishlarini ishga solib “tanka” izlardilar. Mana, endi qarang, vaziyat qanaqa o'zgarib ketdi. Majburiy mehnatga barham berildi. Yoshlar uchun hamma sharoit yaratilgan, barcha yo'llar ochilgan. Faqat yaxshi o'qish, harakat qilish kerak, xolos. Afsuski, yoshligim qaytib kelganida bormi…

Qush uyasida ko'rganini qiladi

Sharifjon otaning fikricha, hozirgi ayrim yoshlarning milliy urf-odatlar, qadriyatlardan uzoqroq yurishining, ma'naviy sayozligining zamirida ham, avvalo, oilada olgan tarbiyasi yotadi. Agar oilada ota-ona kitobxon bo'lsa, halol mehnat qilsa, farzand ham shunga monand yaxshi kamol topadi. Axir qush uyasida ko'rganini qiladi-da.

Yana bir muhim jihat. So'nggi yillarda aksariyat bitiruvchi sinf o'quvchilari ota-onalarning xohishiga ko'ra, maktab bag'ridan olinib, oyiga falon so'm pul to'lab repetitorlarga borayapti. Xo'sh, repetitor kim, aslida? U ham oddiy o'qituvchi. Faqat maktabda ishlaydigan o'qituvchiga nisbatan fanlarni o'qitishning mukammalroq dasturini, test sinovlari bo'yicha chiqayotgan savol-javoblarni puxtaroq o'zlashtirgan, xolos.

Repetitorlarning mehnatiga shubha yo'q. Ammo bu yerda masalaning yana bir nozik jihati bor. Repetitorga borib oliy o'quv yurtiga tayyorlanayotgan yoshlarning aksariyati to'tiqushga o'xshab matnni yoki javoblarni quruq yodlashga o'rganib qolishyapti. Vaholanki, u mustaqil fikrlashi, mulohaza yuritishi, har bir masala bo'yicha o'z nuqtai nazariga ega bo'lishi lozim. Buning ustiga, ba'zi mutaxassislarning aytishicha, repetitorda tayyorlanib o'qishga kirgan yoshlarning bilim saviyasi birinchi sessiyadanoq bilinib qolyapti. Shuning uchun maktablarda o'qitish tizimini yaxshilashni, yangi uslublar joriy etilishini davrning o'zi taqozo qilmoqda.

“Ustoz ko'ribsan — pirga yo'liqibsan…”

Sharifjon muallim o'zi tug'ilib o'sgan qishloqdagi hozirgi 61-o'rta maktabda (ilgarigi Oybek nomli 7-o'rta maktab) 30 yil mehnat qildi. Bu vaqt ichida yuzlab o'quvchilarga saboq berdi, ilm sirlarini o'rgatdi. Ustoz qo'lidan ta'lim-tarbiya olganlarning orasida bugun turli soha egalari, xususan, el tanigan insonlar — o'qituvchilar, olimlar, jurnalistlar bor.

Komil Haydarov, falsafa fanlari doktori, professor:

— Xalqimizda: “Ustoz ko'ribsan — pirga yo'liqibsan”, degan naql bor. Men ustoz deganda odamlarga har jihatdan o'rnak bo'ladigan insonni tushunaman. Yoshlarga ta'lim-tarbiya berish barobarida o'zining odobi, xulq-atvori, madaniyati, ma'naviyati, hatto yurish-turishi, tashqi qiyofasi, xatti-harakatlari bilan ibrat bo'la oladigan kishi haqiqiy ustoz bo'la oladi.

Sharifjon Qo'ziboyev timsolida men ana shunday ustozni ko'rganman. U kishi Payariq tumanidagi Oybek nomidagi 7-o'rta maktabning boshlang'ich sinfida bizlarni o'qitgan, savodimizni chiqargan.

O'sha damlarda maktab jonu dilimiz edi. Maktabga borishni, o'qishni shunchalik yaxshi ko'rar edikki, tasavvur qilish qiyin… Bizlarda maktabga bo'lgan shunchalik qaynoq mehr-muhabbatni Sharifjon Qo'ziboyev uyg'otgan. Shaxsan menda kelgusida olim bo'laman, degan orzu-niyatning paydo bo'lishiga shu ustozim sababchi.

Kim biladi, agar o'sha paytlar boshqa muallim o'qitganda bunday orzu paydo bo'larmidi, yo'qmi — bilmadim. Shuning uchun ustozimdan bir umr minnatdorman, hozir ulug' yoshda bo'lsalar ham, ustoz ancha tetikligini ko'rib, xursand bo'laman. Farzandlari — Abdusami, Zokirjon, Shokirjon, Jasurjonlar o'z kasbining ustalari bo'lib yetishdi, ular bilan tez-tez ko'rishib, suhbatlashib turamiz. Xullas, bir insonning umri, hayotining mazmuni shunchalik bo'lar. Bunday umr tom ma'noda ibratli umrdir.

“Mening kimligimni el bilsa bo'ldi…”

Sharifjon Qo'ziboyevning gaplarini tinglay turib, u kishining samimiyati, kamtarinligi, ichki madaniyatiga tan berdim. Otaxon o'zi haqida ko'p gapirmadi. Faqat qisqagina qilib: “Odamlar, el nazaridan qolganimiz yo'q”, dedi.

Bu gaplar betakror shoir Omon Matjonning “Mening kimligimni el bilsa bo'ldi” degan misralarini yodga soldi. Aslida, maktabda ishlash bilan birga oilada 5 o'g'il 3 qizni tarbiyalagani, ularning barchasini oliy ma'lumotli qilib o'qitgani, buning uchun rafiqasi Santalatxon aya bilan qancha-qancha kunu tunlarni bedor o'tkazgani haqida soatlab gapirsa bo'lardi. Keling, shu o'rinda lavhamiz qahramonining do'stlaridan birining dil so'zlariga quloq tutaylik.

Obloqul Usmonqulov — O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist:

— Sharifjon bilan hozirgi Fitrat (ilgarigi Cholmo'yin) nomli mahalla hududida joylashgan o'sha paytlardagi A.Makarenko nomli 5-o'rta maktabda 7-sinfgacha birga o'qiganmiz. U yoshligidanoq tabiatan juda kamtar inson. Hatto chumoliga ham ozor bermaydi, hammaga yaxshilik qilgisi keladi. Odatda, muallimlar sal asabiyroq, cho'rtkesarroq bo'lishadi. Ammo mening do'stim unaqa emas. Har qanday vaziyatda ham og'ir, vazmin bo'lishga intiladi. U sizga o'zi haqida maqola yozishingizga qanday qilib ruxsat berdi, hayronman. Chunki shuncha yil yashab, biror marta menga bunday imkoniyat bermagan edi.

Aslida, bunday fidoyi odamlar haqida, menimcha, soatlab gapirish mumkin, bir tomonini aytsangiz, boshqa xislati qolib ketganday bo'laveradi. Ammo bir haqiqatni aytmasam bo'lmaydi, shekilli. O'ta kamtar, tortinchoqligi tufaylimi, bilmadim, uzoq yillar o'qituvchilik qilgan bo'lsa-da, Sharifjonning hatto birorta medali ham yo'q. Menimcha, tuman va viloyat, respublikadagi soha mutasaddilari u kishining mehnatlarini e'tiborga olsalar, yaxshi bo'lardi. Buyam nafaqadagi ustoz muallimlarga bir e'tibor-da… Axir bu yoshda ular faqat yaxshi so'z, e'tiborga muhtoj bo'lishadi.

“Otam bizlarga mashina olib bermadi, ammo o'qitdi…”

Sharifjon ota bilan uzoq suhbatlashdik. Suhbat nihoyasida otaxon yoshlikdagi o'qituvchilari Abdusalom Qozoqov, Umrzoq Jonuzoqov, talabalik davridagi ustozlari Botirxon Valixo'jayev, Rahim Muqimov, Nuriddin Shukurovlarning nomlarini ko'zda yosh bilan esga oldi.

Yuqorida qayd etilganidek, Sharifjon Qo'ziboyev turmush o'rtog'i Santalatxon aya bilan besh o'g'il, uch qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Bugungi kunda ular turli sohalarda mehnat qilishadi. To'ng'ich o'g'il Abdusami Qo'ziboyevni viloyatda barcha hurmat qiladi, kamtar, jamoat ishlarida nihoyatda faol, ota izidan borib, hozirda ustozlik maqomida, institutda domla, to'rtinchi farzandi Zokirjon Qo'ziboyev — “Shuhrat” medali sohibi, poytaxtda jurnalistika sohasida faoliyat yuritadi. Boshqalari ham o'z o'rnini topgan.

— Otam bizlarga chiroyli mashina yoki dang'illama uy qurib bermadi, ammo bizlarning hammamizni o'qitdi, hunarli qildi, odob-axloqni o'rgatdi, — deydi katta o'g'il — ayni paytda Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti dotsenti, XDP Samarqand viloyati kengashi raisi o'rinbosari Abdusami Qo'ziboyev. — Shu tufayli, ukalarim Erkinjon, Zokirjon, Shokirjon, Jasurbek va singillarim Feruza, Nigora, Jamilalar — hammasi hayotda o'z o'rnini topib, oilasi bilan ahil yashayapti. Otam bugungi kunda 27 nevara, 33 chevaraning mehribon bobosi. Bir inson uchun nevarayu chevaralar ardog'ida avlodlar kamolini ko'rish, ularga bosh-qosh bo'lib yurish qanday baxt? Hammaga shu kabi baxt nasib etsin…

Xulosa o'rnida

Darvoqe, qahramonimizning nevara-chevaralari ham ko'p qirrali. Bir nevarasi Akbar ayni paytda London shahrida kompyuter yo'nalishida tahsil olmoqda. Ikkinchisi Dilshodbek — Toshkent davlat san'at va madaniyat institutida o'qisa, yana biri Abror — Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining, Marjona esa — Samarqand davlat chet tillar institutining talabasi — bular bir necha tillarni bilishi bilan tengdoshlari e'tiborida. Ha, Sharifjon Qo'ziboyevning oilada farzandlariga bergan tarbiyasi zoe ketgani yo'q. Bugun otaxon bir-biridan bilimli, zukko nevaralar qurshovida. Farzandlarining kamolidan bugun u kishining boshi osmonda. Biz maqolamiz so'ngida ustoz Sharifjon Qo'ziboyevga mustahkam sog'liq, uzoq yillar sulolaning kayvonisi bo'lib yurishini tilab qolamiz…

Yormamat RUSTAMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =