Ulkan toğ qarşisida
9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun
yoki xazinalar qulfi nega oçilmayapti?
1991 yilda Ğafur Ğulom nomidagi naşriyot tomonidan 160 ming nusxada çop etilgan “Temur tuzuklari”ga yozilgan sözboşi: “…bu asarni çop qilib, töğri iş qilinayotir. U, avvalambor, tarixiy ötmişni bilişni istagan köp sonli öquvçi xohiş-istagining hisobga olinişidir. Axir “Har bir xalq öz tiliga, öz tarixiga ega. Öz ajdodlarini bilişni istaydi. Bu nahotki sotsializmga zid bölsa? Yöq, zid emas, albatta”, degan sözlar bilan tamomlangan. Kitob bosişga ruxsat etilgan 22 yanvarda qizil imperiya taxti hali mustahkam edi, faqat öta keskin fikrlovçi odamlargina uning tagiga suv ketganini sezayotgandi. Eʼtibor qilsangiz, hatto uşbu kitob sözboşida ham ozgina iştiboh bor. Ha, öşa damlar röşnolikka endi dariçalar oçilayotgan, xalqlarning öz ajdodlarini tanişi köp ham jinoyat emasligi qimtinib-tortinib, past ovozda, örab-çirmab aytila boşlagan davrlar edi. Bugun öşa kunlar ham tarixga aylandi, endi biz oradan 33 yil ötib, milliy şon-şarafimiz haqida baralla dunyoga jar solayapmiz. Bir asrning uçdan bir qismi davomida tarix butunlay özga ölçamlarni taqdim etdi. Jumladan, Sohibqiron Amir Temur mavzusida ham ulkan maʼrifiy işlar amalga oşirildi.
Buyuk ajdodimiz tarixini örganiş borasida bajarilgan işlar hammaning köz oldida namoyon. Bu hodisa milliy hayot tarzimizga şu darajada singib ketdiki, endi muhtaşam yuksaklikdan bizning böy-bastimizni dunyo ahli körmoqda, har sohada şu mezon bilan baho bermoqda. Buyuk bobokalonimiz çinakamiga milliy iftixorimizga aylandi. Ana şu mezonning özi bu merosning vorislari zimmasiga ulkan yumuşlarni ortmoqda. Albatta, teran ummonning bağri xazinalarga boy va tuganmas bölganidek, bu mavzuda har qança söz yuritsak, şunça kam bölib qolaveradi. Çunki butun insoniyat tarixi, dunyoning mavjudlik asrori ana şu haqiqatda mujassamlaşgan. Şuning uçun bu borada talabçanlik bilan izhor qilingan fikrlar heç kimda iştiboh tuğdirmaydi. Axir hali heç kim olam asrorlarini töla inkişof qila olmagani bor gap.
Sohibqiron bobomiz haqidagi maʼlumotlar turli körinişlarda, salmoqli kölamda bizgaça yetib kelgan. Endi asosiy vazifa xuddi somon ğarami içidan oltin ignani izlab topgandek, tarixiy dalillarni vaqt va ilm talabidan kelib çiqib, saralaş va keng jamoatçilikka tarix haqiqatini hayot haqiqati bilan uyğunlaştirib, jamoatçilikka yetkazişda qolgan. Dunyo tafakkur ahli Amir Temurdek muhtaşam zotning hayoti va faoliyatiga juda katta qiziqiş bilan qarab kelgan va bu qiziqiş aslo söngan emas. Zamona zayli hozirgi milliy ziyolilar bu boradagi asosiy masʼuliyatni zimmalariga olişini şart qilib qöydi, çunki bu borada eng adolatli va tökis gapni Sohibqironning vatandoşlari aytişi farz va qarz. Albatta, bu yönalişdagi yumuşlar hayot qadar davom etaveradi, ilm-fanning mantiği şuni taqozo qiladi.
Demak, yumuşning qançalik dolzarbligi, muhimligi aniq, qilinayotgan va qilinajak işlar ana şu mezonlar bilan baholanadi. Masalan, hazratning tarjimai holi yuzasidan har bir dalil olamşumul tarixning bir qismi sifatida izçil mantiqiylikka asoslanişi, har bir holat atrofliça dalillanişi, yaʼni qahramon şaxsiyatining mantiği yaqqol namoyon bölişiga xizmat qilişi bor gap. Bir holat: qadimda ham, undan keyin ham, hozir ham bu zot kimligiga qiziqiş katta bölganini dunyoning eng yirik tillarida turli janrdagi asarlardan, xalq kitoblaridan, oğzaki ijod namunalaridan biliş mumkin. Endi oddiy savol tuğiladi: ana şu xazina tasniflanganmi? Yoki bir yönalişdagi asarlar qiyosiy örganilganmi? Va, nihoyat, eng oddiy mantiqiy savol: hazrat Sohibqironning mukammal tarjimai holi yaratildimi?
Agar bu savollarga “insof mahkamasi” talabi bilan javob beriladigan bölsa, hali qilinişi lozim bölgan işlar navbatda turganligi maʼlum böladi. Töğri, ötgan yillarda bu borada ança işlar amalga oşirildi, tarixiy, badiiy, hujjatli-xronologik, sahna asarlari yaratildi, köplab maqolalar eʼlon qilindi, ilmiy işlar yuzaga keldi (hatto bu holdan esankirab qolgan baʼzi qitmir kişilar “Temurçi köpayib ketdi” degan gap ham çiqarişdi). Albatta, bunday ommaviylik yaxşi, qalam ahlining öz faxrli ajdodiga mehrini, birinçi navbatda munosabatini yozuvda ifodalaganini qutlaş lozim. Lekin masalaning bir nozik tomoni — turli uydirma-yu töqimalardan asl tarixiy haqiqatni ajratib olişning murakkablaşib ketişi, hatto mohiyatdan uzoqlaşişning közga taşlangani bölib qoldi. Baʼzan hammabop, jahonşumul mavzuda asosiy maqsad bir çetda qolib, öz şaxsini yoki bilimdonligini, hatto fidoyiligini köz-köz qiliş, oldinga suriş hollari ham uçradi.
Ana şunday şaroitda tarixiy tadqiqotlarni muvofiqlaştiriş yöqligi baʼzan pand bergani ham rost. Masalan, bir-ikki yil oldin bir xorij reklama agentligi oçiqçasiga tuhmat bilan çiqdi. Yoki Göri Amir xilxonasining oçilişi bilan boğliq voqealarni turli rakurslardan qiyşiq talqin qiliş davom etmoqda. Yoki Sohibqironning Rusga yurişi, Yildirim Boyazid bilan töqnaşuvini izohlaşda öşa davr şaroitini hisobga olmaslik, bugunning talablari bilan voqelikka baho beriş hollari uçramoqda. Şuningdek, Xitoy yurişini turli manfaatlar çiğiriğida aylantirişga zör beriş közga taşlanmoqda. Insof bilan aytganda, bundan yetti asr oldin ötgan voqealarni hozirgi mezonlar bilan baholaş, öz manfaatidan kelib çiqib yondaşiş, umuman, maʼrifiylikka töğri kelmaydigan holat.
Tarixni örganiş baʼzi izzattalabliklarning ildiziga suv quymasligi, aksinça, öşa kunlardan saboq olib, bugun öşa xatolarga yöl qöymaslikdan saboq berişi kerak. Ötmişga razm solişdan asosiy maqsad ham, aslida, şu.
Ana şunday holatda öşa kunlar suratini butun ölçamlari, manfiy-musbat tomonlari bilan aks ettiruvçi mukammal asarlarga ehtiyoj kuçli böladi. Holbuki, har bir kiçik unsurga aniqlik kiritiş, tarixiy asarlarni şarhlaş, ular qatida yillar davomida yaşiringan, vaqt çang-ğubori bilan xira tortgan haqiqatni topiş borasida yumuşlar yetarli. Mana, kiçik bir misol. Hamma joyda qayd qilinadigan “Kuç — adolatda” degan gapning tarixi hammani qiziqtiradi va uning şarhini istalgan kişi tarix kitoblaridan qidirişga haqli. Bu haqda tayanç manbalardan hisoblanuvçi Nizomiddin Şomiy va Şarafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”laridan tayinli maʼlumot topiş qiyin. Lekin taʼkidlanganidek, mavzuga doir manbalar köp, qiziquvçan muxlis bu bilan çegaralanib qolmay, izlanişda davom etadi.
Maʼlumki, Sohibqiron tarixi haqidagi xalq kitoblari ham son-sanoqsiz bölgan va ularning qay birlaridadir qay bir dalil yaşiringan. Şu tamoyil bilan “Temur qissasi” yoki boşqa nomlar bilan atalgan (masalan, “Temurnoma”, “Jangnomai Temurbek” singari) kitoblarga yuzlanamiz. 1992 yilda çop etilgan “Zafar yöli” (Öz ahvoli va atvori, yuruş va qönuşi, musoliha va muhoriba voqiʼotin turkiy luğot birlon yozğon kitob. Tarjimai hol) kitobida Sohibqiron tilidan şunday hikoya qilinadi: “Men 21 yoşga tölganimda sayohat qilmoqçi böldim. Lekin avval şayx Zayniddin Abu Bakr Tayobodiydan duoyi fotiha olmoqçi böldim. Şayx… belimga kamar boğlab, boşimga kuloh kiygizdi va bir çiğanoq uzuk tortiq qildi, uning köziga “Rosti-rusti” sözlari yozilgan edi” (13-bet. Naşrga tayyorlovçi: tarix fanlari doktori Aşraf Ahmedov). Boşqa bir xalq kitobida mana bunday qayd uçraydi: “…sana yetti yuz ellik oltida (756/1355) Qutub ul-orifin Şayx Zaynuddin Abu Bakr Toyibodiy xizmatiga yetişdim…. boş kiyimlarini menga kiydirib, aqiqdan bölgan bir uzuk berdilar. Uning közidagi naqş “Rostiyu rasti” edi, yaʼni rost bölsang, har balodan xalos bölgungdir” (edi). (“Temur qissasi”. 2017 yil. Naşrga tayyorlovçi va tarjimon: tarix fanlari doktori Haydarbek Bobobekov).
Mana, kaftdagidek körinib turibdiki, bir dalil turli vaziyat va ifoda uslubi bilan şarhlanayapti. Imlosi saqlangan köçirmada turli xilliklarga şarh beriş ham hal qilinişi lozim bölgan muammolardan. Aniğini aytganda, tarixiy manbalarda uçraydigan minglab kişi ismlari va joy nomlarining yagona imlosi (identifikatsiya) ham tasdiqlangani yöq. Şunday qilib, uzuk közidagi “Rosti-rusti” sözlari mantiqan “Kuç — adolatda” deb ögirildi va bu jamoatçilik tomonidan qabul qilindi.
Şubhasiz, köçirma keltirilgan ikki matn, ularning manbasi, umuman, xalq kitoblari, ularning ilmiy qimmati yuzasidan Sizda köplab savollar tuğildi, ammo vaziyat nuqtai nazaridan ularga bu örinda javob beriş imkoniyati çeklangan. Umuman, bobokalonimiz tarjimai holiga doir önlab nodir manbalarda, “Temurnoma” yöriğidagi xalq kitoblarida dalillar soçilib yotibdi. Ularni öqib, Sohibqiron hayotida tuş, hazrat keltirgan rivoyat va hikoyatlar, Qurʼoni karimdan keltirilgan köçirmalar, öz hayotidan hikoyalar (ov lavhalari, oddiy odamlar bilan suhbatlar, tahlikali holatlar şarhi, ilohiy payğomlar), umuman, bobomiz şaxsiyatini dalillaydigan köplab misollarni ilmiy tadqiq qiliş kun tartibida turibdi. Şunda doktorlik işlariga mavzu qanday tanlanadi, ularga qay darajadadir havoyi (“Amir Temur maʼnaviyati?” degandek) mavzular emas, aniq amaliyotdan kelib çiqib, ğoyalar berilsa bölmasmikan, degan mulohaza ham tuğiladi.
Nafsilamrini aytganda, hali hal qilinişi lozim bölgan köplab masalalar kun tartibida turgan şaroitda bizning ilmiy jamoatçiligimiz nima bilan band, degan savol köndalang bölişi tabiiy. Şu örinda ohorli misol. Yaqinda, aniqroği 31 mart kuni ÖzTVning “Özbekiston tarixi” telekanalida “Tarix tilga kirganda” degan körsatuv namoyiş etildi. Unda tarix fanlari doktori Şohista Öljayeva, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurşid Fayziyev, muzey ilmiy xodimi Komil Sultonov, Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi Tölqin Hayit qatnaşdi. Iştirokçilar sohaga begona emas, ança iş qilgan, jamoatçilikka yaxşi taniş kişilar. Körsatuv mavzusi “Sohibqiron Amir Temur” deb nomlangan ekan. Ança tajribali boşlovçi Dilafröz Şonazarova tomoşabinlar ekrandan uzoqlaşmasligi uçun rosa jon kuydirdi va uning eʼtirofiça, “Körsatuv juda qiziqarli ötdi”.
Gap, asosan, Sohibqironning tarjimai holi ustida aylandi. Siz balki bu mavzuda jiddiy bir manba qölga kiritilibdimi yoki muhim bir tadqiqit yuzaga kelib, köplab mavhum savollarga aniqlik kiritilibdimi, deb öylayotgandirsiz. Ammo “tinglaganim rost bölsa agar”, aytilganlarning hammasi 33 yildan buyon takrorlanib kelinayotgan gaplar edi. Rosti, mulohazalarni tinglab, bu körsatuv nimani maqsad qilganiga tuşunmadim. Ötgan yillar davomida jamoatçilik turli vositalar orqali bu mavzuda ança-munça maʼlumotga ega böldi. Endi vatandoşlarimiz “Sohibqiron” sözining maʼnosini-yu, Temurbekning otasi maʼrifatli odam bölganini, Çingizxon şajarasi bilan tutaşligini-yu, hokimiyatga kelgunça tortgan maşaqqatlarini yaxşi biladi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, ötgan yillar davomida bu mavzuda önlab turli janrdagi kitoblar yaratildi, ular qayta-qayta naşr etildi. Şu örganişlar jarayoni temurşunoslikni yangi bosqiçga kötariş, quloçni yana ham keng yozib, endi xalqaro darajada fikr yuritiş, hozirgaça biz xorijdan örganib kelgan bölsak, endi ularga dars berişimiz lozimligini taʼkidlamoqda. TVda yangragan fikrlarni eşitib, bu yurtdoşlarimiz zohid faylasuf Diogen Sinopskiydek turmuş tarzini tanlagan ekanmi yoki tahannus ibodatini ado etişga berilib ketibdilarmi, deb öylaysiz. Olimlar tomonidan yangragan “Tuğluq Temur bilan şartnoma tuzib…”, “Ilyosxöja bostirib kelganda olovlar yoqqan”, “xaşaklarni otning dumiga boğlab, baqirib çiqqan, şundan keyin qaytib ketgan” singari mulohazalar na ilmga, na mavzuga taalluqli. Gaplarning kelişidan “Sayramda yoş Ahmad söymay qoçirgan xöroz Keşga kelib qolgan ekanmi?” degan xayolga borasiz…
Umuman, har qança bölganda ham tomoşabinga yangi yoki tasavvurlarni kengaytiradigan axborotlarni yetkazgan maʼqul. Holbuki, yumuşlar ança jiddiy, hatto fidoyilik bilan işga kirişişni talab qiladi. Eng dolzarb vazifalardan biri — hazratning barça mulohazalarni özida jamlagan va betimsol talʼatini töla ifodalaydigan mukammal tarjimai holini yaratiş bölib qolmoqda (bir dalil: şöro olimlari yöqsillar dohiysining mukammal tarjimai holini yaratgan edilar va u ön sakkiz kitobdan iborat edi, balki yigirmata ham bölgandir). Holbuki, insoniyat tarixida jiddiy yumuşlarni bajargan, dunyoning köplab jumboqlariga yeçim topgan, savollariga javob qaytargan zotning hayot yöli inson qavmi uçun qiziqarli. Hozirgaça bu borada köplab saʼy-harakatlar bölgan. Ayniqsa, xorijlik olimlarning urinişlarini alohida taʼkidlaş lozim. Dastlabki harakatlar Gonzales de Klavixo, Iona ota tomonidan bölgani maʼlum. Keyin juda köplab Ğarb olimlari bu tarixni yozdilar. Yaqin ötmişda esa Lyusyen Keren yoki Jan Pol Ru öz kuçini sinab kördi. Bu yumuşlar şunçaki tajriba bölib, maqsadga töla erişilgani yöq. Ana şu mezonning özi bu merosning vorislari zimmasiga ulkan yumuşlarni ortmoqda. Qolaversa, bu bitiklarda haqiqiy tarixga, islom dini ruhiyatiga, milliy mentalitetimizga töğri kelmaydigan örinlar köp. Demak, bu yumuşni bizning olimlarimiz butun körkamligini namoyiş etadigan darajada uddalaşlari mumkin.
Tariximizga murojaat afkor omma qarşisida ulkan toğning yuzidan pardani kötargandek taassurot qoldirdiki, bu tarixning vorislari qilinişi şart bölgan işlar qarşisida biroz şoşib qolgandek tasavvur paydo bölmoqda. Negaki, amalga oşirilişi lozim bölgan işlarning kölami juda ulkan, bosqiçma-bosqiç, pillapoyama-pillapoya kaşf etilişi kerak bölgan muhtaşam obidaga öxşaydi.
Hakim SATTORIY,
yozuvçi.
