Bu ishq meni ko'tardi ko'kka

Intizor RAHIMOVA

Muallif haqida:

Intizor RAHIMOVA — 1978 yili Urganch shahrida tug'ilgan.

2022 yildan buyon Urganch tumani hokimi o'rinbosari — oila va xotin-qizlar bo'limi boshlig'i lavozimida ishlab kelmoqda.

Shoiraning qator she'riy to'p­lamlari va “Muammoli ta'limda adabiyot o'qitish metodikasi” nomli monografiyasi chop etilgan.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.

AXTARING

 

Siz mani g'amdin ado deb axtaring,

Baxtidin bo'lgan judo deb axtaring.

 

Zulfini har torina ming zori bor

Surati gul, man fido deb axtaring.

 

Ko'yida kechdim jahon ganjidan-u

Topmagay bizdek gado deb axtaring.

 

Chehrasi xurshid misol ko'z olg'usi

Shuncha ko'rk berdi xudo deb axtaring.

 

Sochlari sunbul kabi qoshi kamon

Siypab o'tganmi sabo deb axtaring.

 

Chaldimu hijron kuyini dam-badam

Chiqmadi yordin sado deb axtaring.

 

Intizori bo'lg'animni bilmadi

Topdimi o'zga safo deb axtaring.

 

BOG'BONIM

Ko'zimning ravshani, jism ila jonim

Hajring haddidan oshmish, ey, bog'bonim.

 

Man xastangga quyosh yanglig' evrilkim,

Jasadga mehmondur ruhi ravonim.

 

Firoqing domida kuymish, netayki,

Ko'ngil otlig' qushim, nomehribonim.

 

Fig'onimdan falak bag'ri yorulmish,

G'amxonaga mengzar bo'ldi oshyonim.

 

Dilim qulfin ochib bilmaydi ag'yor,

Saning nomingni kelturgay zabonim.

 

Savdoi ishqida man zoru sarson,

Magarkim bir qadam ikki jahonim.

 

Intizorlik qismatimga bitilmish,

Karam aylasang, ne bo'lg'ay, xoqonim.

 

* * *

Xush kelibsiz, makkora dildorimiz,

Shod bo'libmiz yetganidan zorimiz.

 

Ko'nglimizdan oqdi qonlar, vodarig',

Kutgali yetmasdi endi holimiz.

Gulga monand ro'yimizda zardi rang,

Intizorlik bo'ldi bori korimiz.

 

Zulfiningiz zunnoriga bog'landi dil,

Bevafolik kasb etibsiz, yorimiz.

 

Siynamizda dog'i g'amdindir bezak,

Benasibmiz, ikki dunyo xorimiz.

 

Bir qarichdir samo, garchi yerdamiz,

Chaldi firoq kuylarini torimiz.

Bizda emdi zaru zo'rga na xohish,

Bir shirin diydorining xushtorimiz.

 

* * *

G'aribjonim, suyganingdan darak yo'q,

Yuragingni sovuq yera tutdingmi?

Shohsanamning gul yuzini go'rin dab,

Etti yilda zahar-zaqqum yutdingmi?

 

Kal dadilar, doladilar, urdilar,

Shirin joning na ozorlar go'rmadi.

O'rtamiza ayriliqning o'tini

Yoqib getgan dilozorlar o'lmadi.

 

G'aribjonim, saroyimda safo yo'q,

Sanam qiza bunnan ortiq jafo yo'q.

Nolishingni, koyishingni istadim,

Daragingni bildir, o'zga davo yo'q.

 

Guldi g'anim shodon bugun ustimnan,

Gul yuzimni hijron dardi so'ldirdi.

Vafoli yorimning oshdi jafosi,

O'ldirsa G'aribni ishqi o'ldirdi.

 

Gal, g'aribim, saroyimda safo yo'q…

 

* * *

G'urur devoridan sekin

mo'ralab,

O'tmishimni ko'rdim:

O'tirar o'ychan…

 

* * *

“Ichimdagi ichimda”, ag'yor buni bilmasin,

Qilmishi makr bo'lgan do'st-yor buni bilmasin.

Men-ku dilim yarosin malhamini ishq bildim,

Ishqimiz o'yin qilgan dildor buni bilmasin.

 

* * *

Ko'zdin oqqan bu kecha g'am qorishgan yosh emish,

Bizga tarahhum darkor, mehringiz talosh emish.

Zulmu sitam ko'rgazur boshingiz buncha baland,

Emdi qo'l uzsakmiki, dildor xo'p bebosh emish.

 

* * *

Hijron ozori qiynar, yorning jafosi oshdi,

Ichgach ishq sharobidan, bizlardan aql qochdi.

Begona bo'ldi huzur, halovat ketmish yiroq,

Imdodin istagandik, ranju g'am eshik ochdi.

 

* * *

Derazamni qoqmoqda bahor,

Xush iforin tuyadi dimog'.

Olam kiyar sabzarang chopon,

Gulbarglarin o'padi yaproq.

 

Uyg'onadi uyqu o'limdan

Maysa-giyoh, qumursqayu mor.

Chug'urlashib dunyo xabarin

So'ylab berar qumrilar xushhol.

 

Siylab o'tar meni ham bahor,

Siypab o'tar meni ham bahor.

Qalbimda jon berayotir ishq,

Qo'zg'ab o'tar uni ham bahor.

 

Bu ishq meni ko'tardi ko'kka,

Bu ishq meni tuproqqa eltdi.

Tutqazdi bir makkor ilkiga

O'rtandi dil: qayoqqa ketdi?

 

Shu sevgimiz boshga toj edi,

Ishqimizga dunyo boj edi…

 

* * *

Xonamni tark etding

Istar-istamas.

Men ham xo'rsingancha

Qoldim, ichikdim.

Yoddan chiqishingga

Etmaydi ko'zim,

Seniki bo'lishga

Ancha kechikdim…

 

* * *

Ko'nglim,

achinaman ba'zida senga

Hasadgo'y kaslarning

bo'lding nishoni.

Kim o'rtansa, tutding

Himmat qo'lingni,

Har kimsa yiqilsa,

Bo'lding oshyoni.

Mung'ayding

Dunyoga sig'madimmi deb,

Dunyo asli senga

jo bo'lgan makon.

Ko'nmading

yozg'itning yomg'iri ezsa,

Osmonga tikilding —

Kelarmi imkon?!

 

Sen nursan,

suvrati, siyrati go'zal.

Sen oshiq dillarning

Pushti panohi.

Saodat izlovchi,

Vafo kutguvchi,

Toqatning

umrlik sodiq

hamrohi.

 

Ko'nglim,

Kela qolgin,

ko'ngling menga och…

 

* * *

Jondan kecholdim-u, sendan kecholmam,

Ishqim tugunlarin aslo yecholmam.

Ikki olamga teng duru javharim,

Ishqing sharobin ber, nasyang icholmam.

 

* * *

Man ishqing o'tida dili so'zonman,

Kechmishim ayonki, xasman, xazonman.

Tarahhum istaram, yori jafokor,

O'lmagimdin avval o'lgan bir jonman…

 

* * *

Sochlarimga qo'nmish oq gullar,

Ko'zlarimga sog'inch soldi chang.

Ayni bahor boshlangan ertak

Taqdir bilan qilayotir jang.

 

Peshonaga bitilgan yozg'it,

O'lchovi bor hatto kunimning.

Tug'ilmasdan biroz oldinroq

Yoqasidan oldim o'limning.

 

Shu umrimga ishqing zarpechak,

Shu umrimda g'urur — dushmanim.

Sochimdagi gullar ko'ngilga

Sanchilsinlar kutganim sayin.

 

Ko'zlaringni sog'indim, erkam..

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − four =