Jurnalistning umr mazmuni

Jurnalistika shunaqa kasb, sohaga qadam qo'ydingmi, undan ko'ngil uzib ketish qiyin. Bu gapni bejiz aytmadik. Dilorom Ismadiyorova ham ana shunday kasbiga mehrli, sadoqatli hamkasblarimizdan biri. Yo'qsa, salkam 45 yildan beri shu sohada mehnat qilmagan bo'lardi. Yana shunisi e'tiborliki, Dilorom jurnalistikaning turli yo'nalishlarida faoliyat ko'rsatib (rahbarlik lavozimlaricha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi) ko'zi pishdi, tajriba orttirdi va bugunga kelib, viloyatdagi eng tajribali jurnalistlardan biriga aylandi. U 1981 yili ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagach, yo'llanma bilan Sirdaryo viloyat televideniesida oddiy muxbirlikdan viloyat teleradiokompaniyasi bosh muharriri, rais o'rinbosari, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig'i muovinigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi. Shuningdek, “Yangier” va “Guliston yangiliklari” gazetalarida muxbir, mas'ul kotib, “Region.uz” nashrining hududiy bo'limi, “Sirdaryo haqiqati” gazetasi muxbiri sifatida ham samarali faoliyat ko'rsatdi.

O'tgan asrning 90-yillarida D.Ismadiyorova matbuot sohasidagi xizmatlari, tajribasi tufayli viloyat xotin-qizlar qo'mitasiga, keyinroq viloyat hokimligidagi mas'uliyatli vazifalarga ishga taklif etildi. Lekin idorada o'tirish, qog'ozbozlik uning ishi emasligini anglab yetdi-yu, yana jurnalistikaga, boshqacha qilib ayt­ganda, ijodiga qaytdi. Televidenie va gazeta muxbiri sifatida viloyatning uning qadami yetmagan qishlog'u mahallalar qolmagan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Ayniqsa, televidenieda ishlagan kezlari ba'zan zarur topshiriqlar bilan uzoq tumanlarga borib, tasvirga olish ishlari cho'zilib, oqshomgacha qolib ketgan paytlari ko'p bo'lgan. Bunday kezlarda qaynonasidan yaxshigina tanbeh eshitganlari hamon yodida. U xizmat safaridan kech qaytganida ko'z kasalliklari shifokori bo'lgan turmush o'rtog'i Bozorboy Qarshiyevning (oxirati obod bo'lsin) biroz jahli chiqsa ham, ayolining o'z kasbini yaxshi ko'rishini chin dildan tushunardi.

Dilorom, avvalo, milliy qad­riyatlarimizni qadrlagan, quymaquloq buvijonisi Marziya momo hamda Farmonbibi kabi “general qaynona” deb nom olgan qaynonasi Minsiz momoning (har ikkisini ham Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) o'gitlarini, duolarini olib, o'zbekning ibratli kelinlaridan biriga aylandi. U katta oilaga kelin bo'lib tushdi (ular besh ovsin edilar). Lekin o'qimishli, jurnalist bo'lgani uchun uning oilada o'z o'rni bor edi. Qaynonasi o'qimishli kelinni ko'p tergamas, lekin muxbir kelin uchun ham uning aytgani — ayt­gan, degani — degan bo'lgan.

Darvoqe, Marziyaga momodan eshitgan ertag-u rivoyatlar, hikoyalarni tinglab voyaga yetgani uning iqtidorli, qat'iyatli, so'zga chechan jurnalist, iste'dodli adiba bo'lishiga yordam berdi. Uning mavzu tanlashida, masalaga yondashishida, muammoni ochiq, shaffof yoritishida kasb mahorati, tajribasi asqotsa, yozish uslubiga kelganda bolaligida, yoshligida buvisidan o'rganganlari, har bir so'zni chertib-chertib tanlashi va ularni “mixlab qo'yish”i bilan ko'pchilikning nazariga tushardi.

— Mening jurnalist bo'lishimda enamning o'rni katta, – dedi Dilorom. — Kechalari yoniga olib aytgan ertaklari, rivoyatlari, ayniqsa, Zomincha jaydari aytimlari, matal va maqollari qulog'imga qo'rg'oshinday quyilib qolgan. O'shanda vaqti kelib, enamning aytib berganlarini bir kitob qilib chiqaraman deb dilimga tugib qo'yganman. Yillar o'tib, niyatimga yetdim.

Ayni paytda Dilorom Ismadiyorova O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo'limida mutaxassis bo'lib faoliyat olib bormoqda. Ushbu vazifaga ta­yinlanishida ham uning yuqorida qayd etganimizdek, katta tajribasi, mas'uliyatliligi, tashkilotchiligi, tashabbuskorligi, shuning­dek, go'zal insoniy fazilatlar (u har qanday fe'l-atvorli suhbatdoshi bilan tez til topishib, ko'ng­liga yo'l topadi) egasi ekanligi nazarda tutildi. O'tgan 5-6 yil davomida D.Ismadiyorovaning tashabbusi bilan uyushmaning viloyat bo'limida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bugungi matbuot oldiga Davlatimiz rahbari qo'ygan talab va vazifalarning bajarilishi (OAVning hozirjavob, tezkor, shaffof, xolis va haqqoniyligini ta'minlash) bilan birga jurnalistlarning kasb mahoratini, tajribasini oshirish, shuningdek, uni ijtimoiy himoya qilish, qadrini ulug'lash, xizmatlarini munosib taqdirlash, mediaturlar, xotira kechalari tashkil etishda uning xizmati katta. Shuningdek, yurtimizning bir necha hududlari hamda qo'shni davlatlar (jumladan, Tojikistonning So'g'd viloyati)ga sayohatlar uyushtirishning tashabbuskori bo'lgan.

D.Ismadiyorovaning xizmatlari munosib taqdirlangan. U o'tgan yili “Shuhrat” medali hamda “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuning­dek, u “Atirgul” mukofoti sovrindori, bir necha marta O'zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo'mitasining, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining, respublika televideniesining, viloyat hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

Tinib-tinchimas jurnalistning g'ayratiga, shijoatiga ko'pchilikning havasi keladi. “Hurriyat”, “Yangi Sirdaryo”, “Oydin yo'l” va boshqa gazetalarda turli mavzudagi o'qishli maqolalari chop etilgan. Jurnalist ibratli oila bekasi, uch nafar farzandning onasi, 9 nafar nabiraning suyukli buvijonisi. Farzandlari o'qimishli, oliy ma'lumotli, o'zlari tanlagan kasblar bo'yicha yetuk mutaxassislar. Dilorom Ismadiyorova yuqorida ta'kidlaganimizdek, nasrda ham samarali ijod qilmoqda. Uning “Sirdaryocha to'y qilamiz”, “Sirdaryoga qo'nib o'ting, do'stlarim” nomli kitoblari chop etilgan.

Mana, yana bir munavvar tong otdi. Qahramonimiz yaxshi niyatlar bilan yangi kunni boshlar ekan, duogo'y enasining gaplarini yodga oladi. Endi o'zi ham o'g'li va kelinini ishga, nabiralarini maktabga, bog'chaga kuzatar ekan, shu duolarni takrorlaydi.

Xolida PARDABOYEVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − twelve =