AQSh Kongressida “O'zbekiston kuni” o'tkazildi

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan AQSh Kongressida faoliyat yuritayotgan O'zbekiston bo'yicha kokus bilan hamkorlikda Vashingtonda “O'zbekiston kuni” tashkil etildi.

Tadbir AQSh Kongressi, davlat idoralari va tahlil markazlari vakillarida katta qiziqish uyg'otdi. Unda kongressmenlar, senatorlar va ularning xodimlari, shuningdek, AQSh Prezidentining nogironlar huquqlari bo'yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara, Missisipi Milliy gvardiyasi qo'mondoni, general Jenson Boyles, Amerika-O'zbekiston Savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqalar qatnashdi.

O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi hamkorlik tarixidagi ushbu muhim voqeani ochar ekan, elchi Furqat Siddiqov ikki davlat o'rtasidagi jadal rivojlanib borayotgan strategik sheriklikni yuqori baholadi. “Bugungi kunda ko'p qirrali hamkorlik tarixiy yuksalish bosqichida. Ochiqlik, ishonch va konstruktiv muloqot tufayli biz ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining ko'plab sohalarida muhim natijalarga erisha oldik”, dedi diplomatik missiya rahbari.

O'zbekiston delegatsiyasining hozir bo'lgan a'zolari davlatimiz rahbari rahnamoligida mamlakatimiz hayotining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va demokratik o'zgarishlar haqida batafsil ma'lumot berdilar. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligi va kelajakda ularni yanada jadallashtirish rejalari qat'iy ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, O'zbekiston hukumatining ustuvor vazifasi investitsiya muhitini doimiy ravishda yaxshilashdan iborat, chunki mamlakatimiz milliy iqtisodiyotga xorijiy inves­titsiyalarni jalb etishdan manfaatdor.

Tadbirda so'zga chiqqan kongressmenlar, senatorlar va Amerika Qo'shma Shtatlari ma'muriyati vakillari AQSh Kongressi uchun an'anaviy bo'lib qolgan “O'zbekiston kuni”ning ana shunday yuksak tashkiliy va mazmuniy saviyada o'tkazilishini olqishladilar. Ularning aytishicha, bu tashabbus amerikalik siyosatchilar va biznes vakillari uchun O'zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va o'zgarishlar bilan yaqindan tanishish uchun ajoyib imkoniyatdir.

O'zbekiston bo'yicha kokus hamraisi, kongressmen Trent Kelli O'zbekiston islohotlar, inson huquqlarini ta'minlash, investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yo'lidagi sezilarli muvaffaqiyatlarga erishganini alohida urg'uladi. “Mamlakat taraqqiyoti, shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning respublikani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqani, mamlakatda inson huquqlariga hurmat muhitini yaratgan va jadal iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlaganidan dalolatdir”, dedi u. Kongressmen, shuningdek, o'zining O'zbekiston-Amerika strategik sherikligini mustahkamlash, O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lishini qo'llab-quvvatlashga sodiqligiga ishontirdi.

Senator Stiv Deyns o'z navbatida, joriy yilning mart oyida O'zbekistonga bo'lgan samarali safari haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi. U o'zbekistonlik sheriklar bilan uchrashuv va muzokaralardan so'ng ikki mamlakat parlamentlari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga har tomonlama ko'maklashishga, senator Geri Piters bilan birgalikda AQSh Senatida “O'zbekiston bilan hamkorlik bo'yicha kokus” tuzishga qat'iy qaror qilganini ta'kidladi.

AQSh maxsus maslahatchisi Sara Minkara O'zbekistonning nogironlarni qo'llab-quvvatlash, qulay sharoitlar yaratish, ularni jamiyatdagi jarayonlarga to'liq jalb etish va mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi ishtiroki borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi.

Sara Minkara mintaqa bilan yaqindan tanishish, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida “C5+1” formatida keng hamkorlik va sheriklik munosabatlarini boshlash maqsadida O'zbekiston va Markaziy Osiyoning bosh­­qa mamlakatlariga bo'lajak tashrifidan, ayniqsa, xursand ekanligini ta'kidladi.

Amerika-O'zbekiston Savdo palatasi raisi Kerolin Lemm so'nggi yillarda O'zbekiston va AQSh kompa­niyalari o'rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari sezilarli darajada faollashgani, respublika iqtisodiyotiga Amerika investitsiyalari oqimining jadal o'sganini, shuningdek, qo'shma va to'liq Amerika sarmoyasi asosida tashkil etilgan korxonalar soni ko'payganini ma'lum qildi. “Biz ko'p­lab a'zolarimiz “do'stlik va ishonch ko'prigi” rolini bajarib, ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mus­tahkamlash yo'lida faol ish olib borayotganidan faxrlanamiz”, — dedi Kerolin Lemm.

Kapitoliy tepaligida an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “O'zbekiston kuni” O'zbekiston-AQSh parlamentlararo hamkorligini rivoj­lantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har yili tadbirga amerikalik kongressmenlar va senatorlar, siyosatchilar, hukumat a'zolari, yirik biznes va sanoat vakillari ishtirok etmoqda.

“Dunyo” AA,

Vashington shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =