“Global Times”: Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik – taraqqiyot va farovonlik sari yo'l

Xitoyning ingliz tilida nashr etiladigan yetakchi “Global Times” gazetasida “O'zbekiston Xitoy bilan birgalikda taraqqiyot va farovonlik sari yangi yo'l izlamoqda” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi.

“O'zbekiston Xitoyning har tomonlama strategik hamkoridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi va Xitoyning “Bir makon, bir yo'l” tashabbusini faol qo'llab-quvvatlaydi”, — deyiladi maqolada.

Gazetada qayd etilishicha, o'tgan 2023 yil Xitoy–O'zbekiston munosabatlari rivojlanishi tarixida muhim palla bo'ldi. Ikki davlat o'rtasidagi oliy darajadagi yaqin hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning yuksak darajasi va o'ziga xosligini namoyon etdi.

Maqola muallifining yozishicha, Xitoy va O'zbekis­ton o'rtasidagi siyosiy o'zaro ishonch yangi bosqichga ko'tarilgan. 2013 yilda Xitoy “Ipak yo'li iqtisodiy makoni”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi va bu g'oya O'zbekiston tomonidan qadimiy Ipak yo'lini qayta tiklash bo'yicha muhim chora sifatida yuqori baholandi.

Xitoy ayni paytda O'zbekistonning eng yirik import manbai va savdo sherigi hisoblanadi, shuningdek, eksport bo'yicha ikkinchi o'rinda turadi. Xalqaro transport yo'lagi Xitoy-O'zbekiston hamkorligining asosiy yo'nalishi bo'lib, O'zbekistonni “dengizga chiqa olmaydigan mamlakatdan” “quruqlik bilan bog'langan mamlakat”ga aylantirishiga samarali yordam beradi. Xitoy tomonidan muvaffaqiyatli qurib bitkazilgan “Angren–Pop” temir yo'l liniyasi O'zbekiston va Markaziy Osiyodagi eng uzun tunnel hisoblanadi. “Xitoy–Qirg'iziston–O'zbekiston” transport yo'lagi tog'larni kesib o'tuvchi xalqaro transport arteriyasiga aylanib bormoqda. “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvurining to'rtta yo'nalishi ham O'zbekiston hududidan o'tib, qo'shni davlatlar o'rtasidagi do'stona hamkorlikning mezonini belgilab beradi.

“Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi madaniy aloqalar ham jadal rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari, tahlil markazlari, ommaviy axborot vositalari, san'at, arxeologiya va sog'liqni saqlash sohalari o'rtasida tez-tez almashinuvlar amalga oshirilmoqda. Turizm sohasida hamkorlik bo'yicha qator kelishuv va memorandumlar imzolangan. O'zbekiston xitoylik sayyohlar uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etgan. Bu Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi turizm hamkorligi yanada kengayishiga xizmat  qilmoqda”, — deb ta'kidlagan Xitoy  bosma nashri.

2024 yilda har ikki tomon iqtisodiyot, savdo, sarmoya, moliya, aloqa, qishloq xo'jaligi, energetika va yashil rivojlanish kabi turli sohalarda hamkorlikni yanada faollashtirishi va chuqurlashtirishi tabiiy.

“Ikkala mamlakat ham sanoatning bir-birini to'ldiruvchi afzalliklaridan to'liq foydalanishi, o'zaro savdoni rag'batlantirishi, savdo tuzilmasini optimallashtirishi, sanoat va ta'minot zanjirlarining barqarorligini saqlashi kerak. Shuningdek, ular BMT va ShHT kabi ko'p tomonlama xalqaro mexanizmlar doirasida yaqindan hamkorlik qiladilar”, deb yozgan “Global Times”.

“Dunyo” AA,

Pekin sh.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − seven =