Faqat so'z o'lmaydi, mangu qolar so'z
G'ayrat Majid
Muallif haqida:
G'ayrat Majid 1976 yilda tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Shoirning “Gul sanam”, “Hech kimga o'xshamaysan”, “Seni sog'inaman”, “Ko'ksimdagi yulduzlar”, “Ishqqa borar yo'l”, “Bobolarim yurti”, “Oqqushlarga aylanar yurak”, “Ayiqchaning tushi” (bolalar uchun she'rlar to'plami), “Bunda bulbul kitob o'qiydi…” (Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ijod maktablari haqida risola), “Mumkin emas sening yig'lashing”, “Besh dars”, “Yo'ldaman, nurli yo'lda” kitoblari nashr etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari vazifasida ishlaydi.
VATAN BOQIY ERUR
Tarix — tarjimai holi millatning,
Ko'hna sahifalar so'ylaydi hikmat.
Shu munis xalq erur payvandi joning,
Tug'ilgan tuprog'ing — pokiza qismat.
Yashnasin, gullasin, bu chaman-gulshan,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Muhabbat muqaddas ne'matdir shaksiz,
Faqat el sevgisi dil uzra mayoq,
Vatanning qahramon sodiq lashkari —
Ozodlik degani emasmi Shiroq?
Hurriyat — eng buyuk, bebaho maxzan,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Farishtadek uyg'oq, ogoh bo'l, yurak,
Axir uxlamaydi makkor yov — iblis.
Turkiy shijoatin aylab namoyon,
Yurtni asrab qoldi ona To'maris.
Asl mard qoshida cho'kkalar dushman,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Qadimdan xiyonat munofiq, e voh,
Payt poylab yelkadan uradi xanjar.
Sulton Jaloliddin Manguberdining
Or-nomusi saboq qiyomat qadar.
Sadoqat yalovi hilpiraydi sha'n,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Bitta zo'r pahlavon tug'ilsa elga,
Asrlar armonin qila olgay hal.
Sohibqiron bobo shiddatu shaxtin
Qay qalam bitishga qodir mukammal?
Oqsaroy Yer shari misoli ulkan,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Adoqsiz falakda Sulton Ulug'bek
Kashf etgan yulduzlar nur sochar porlab,
Komil saodatga yetsin deb dillar,
Samarqand yulduzi turibdi chorlab.
Hamon sayyoralar aylar anjuman,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Bobomeros Vatan — dardi Boburning,
Latif xotiridan bir dam ketmagan.
Furqatning “Fig'onkim…”, degan ohi-yu
Qonli nidosiga hech kim yetmagan.
Nolalar — ichimni yondirgan gulxan,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Qodiriy, Cho'lpon-u Usmon Nosirlar
Bag'rin ilma-teshik qildi qotil — o'q.
Tortib olib bo'lmas umidni aslo,
Mahv etib bo'lmaydi yurakni, yo'q! Yo'q!
Ota yurt, ona el, hurlik bor ekan,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
Istiqlol yuragim, qarog'imdasan,
Ichimda ajdodlar ruhidan bir hol.
Xalqim, duolaring ijobat doim,
Boshingdan ketmagay xurshidi iqbol.
Ruh mangu, tuproqqa aylanadi tan,
Vatan boqiy erur, azizdir Vatan!
ALPOMIShNING QO'ShIG'I
Ko'nglim mamlakatin sultoni, mohim,
Sulton bo'larmidi ultoni, mohim?
Oriyat qalblarning bo'stoni, mohim,
Ne bordir Vatandan aziz, Barchinim!
Odammi sevmasa Qo'ng'irotini,
Qizg'onsa yoridan ishq — bayotini.
Baxshida etmoq-chun bor hayotini,
Ne bordir Vatandan aziz, Barchinim!
Yo'lidan qaytmaydi mardning bolasi,
Yurakka ko'milar dardu nolasi,
Qachon g'olib bo'lgan odam olasi,
Ne bordir Vatandan aziz, Barchinim!
Qaldirg'och singlim-ey, bahodir singlim,
Muhabbat ko'ksimga havodir, singlim,
Olsam, eldan oldim xavotir, singlim,
Ne bordir Vatandan aziz, Barchinim!
Har kimga bitta do'st — Qorajon darkor,
Har kimga toza ishq, sof iymon darkor,
Qo'ng'irot eliga uchgil, Boychibor,
Ne bordir Vatandan aziz, Barchinim!
Yo, Haq de, Yodgorim, pirlar qo'llagay,
Duolar pokiza — nurlar qo'llagay,
Shul chaman, shul adir, qirlar qo'llagay,
Ne bordir Vatandan aziz, Barchinim!
MANGU SO'Z
Bir kuni tinadi toshqin daryo ham,
Bir kun esmay qolar shoshqin sabo ham.
Kun kelar azamat tog'lar ham qular,
Yashil-yashil bog'lar sarg'ayar, so'lar.
Jamiki mavjudot dong qotadi, dong,
Sharq qolib, g'arb yoqdan mo'ralagach tong.
Yo'q, asrab qololmas na oh, na ko'zyosh,
So'nadi, o'chadi porlagan quyosh.
Misli pok ko'ngildan boqib turgan ko'z —
Faqat so'z o'lmaydi, mangu qolar So'z.
MEN BIR SO'ZGA XARIDOR…
Kuygan yuragimga may
Qizg'aldoq jomidan quy.
Hayotning oppoq tongu
Tiyra oqshomidan quy.
Biram totli tip-tiniq
Suvga qiyos bu izhor
Chanqoq, tashna ko'nglimga
Shirin kalomidan quy.
Nur bo'ladi dil oxir,
Nurdan bo'lsa istiqbol.
Isming manim tilimda
Isming shakkar, isming bol.
Takror-takror aytaman,
Har aytganda ming iqbol.
Qadah manim yuragim,
Baxtu in'omidan quy.
Havo yog'sa, zaminning
Xushbo'y guldan salomi,
Quyosh boqsa, olamga
Issiq nurdan salomi,
Dildoriga dilimning
Mudom dildan salomi,
Men bir so'zga xaridor,
Qaynoq salomidan quy.
Ehrom o'rab olganmi,
Qara, qara tog'larga,
Ko'zyoshlari sel bo'lgan,
Sel bo'lgan bu chog'larga.
Termulaman yashnagan,
Gurkiragan bog'larga,
Beray olamga ash'or,
Quygil, ilhomidan quy.
Kuygan yuragimga may
Qizg'aldoq jomidan quy…
ABDULLA QODIRIY
So'z — quyosh, falakka qadalgan tug'dir,
O'tgan kun bugunga bergaydir irshod.
Qodiriy o'lmagan, qabri ham yo'qdir,
Har o'zbek qalbida yashaydi ul zot.
OQ NIYaT
Shoir do'stlarimga
Dil doim tip-tiniq, bolbuloq bo'lsin,
Qor kabi sovuqmas, qorday oq bo'lsin,
Vijdon uyg'oq bo'lsin, vijdon sog' bo'lsin,
O'zin yor, pirlarni madadkor etsin.
Hayot deganlari shoyoni ne'mat,
Ne'matdir tanu jon bo'lsa salomat,
Yashasak, haq yo'lda, aylab iqomat,
Iymonni ko'ngilda barqaror etsin.
Yor deya jonidan kechar oshiq bo'l,
Malaklar tilida mangu qo'shiq bo'l,
Sir bo'lgin, va lekin ko'ngli ochiq bo'l,
Tuproqday muloyim, xokisor etsin.
O'zlikka intilib, o'zga kelgan biz,
So'z ichra to'lg'onib, so'zga kelgan biz,
Birga kelganmizmi, o'zga kelgan biz,
So'zimiz dillarni navbahor etsin.
Vatan, millat degan muborak bog'da
Bulbul bo'l, sayragin har so'lu sog'da,
Avaylab, e'zozlab ko'zu qarog'da,
El bizdan hamisha iftixor etsin.
ONA QIZIM
Tangrim bergan bahri anvor,
Ko'zimdirsan, ona qizim.
Zikri bisyor, shukri bisyor,
So'zimdirsan, ona qizim.
Dunyo degan eski rabot,
Gahi vayron, gahi obod,
Xudoyimdan zo'r mukofot —
Ro'zimdirsan, ona qizim.
Men bir shamol kabi esdim,
Chaman kezdim, sahro kezdim,
Bugun Majnunligim sezdim,
O'zimdirsan, ona qizim.
Elday yelgan yillar manim,
Boshimda oq gullar manim,
Dilga eltar yo'llar manim,
Izimdirsan, ona qizim.
Iymon bilan jon sog', bolam,
Shu bor, baxt beadoq, bolam,
Haqqa yetganim — chog', bolam,
Yuzimdirsan, ona qizim.
UMR ASLI…
Mansurga
Umr asli boju xirojdir, Mansur,
Goh janda kulohdir, goh tojdir, Mansur.
Qay ko'ngil talpinsa nuru ziyoga,
Oqibat manzili sirojdir, Mansur.
Dil yig'lar, yupatay desam iloj yo'q,
Dilimga yig'lamoq ilojdir, Mansur.
Murod gullarini so'ldirar yolg'on,
Rost demoq hamisha me'rojdir, Mansur.
Suv hayot bo'lgani kabi baliqqa,
Har odam iymonga muhtojdir, Mansur.
Halloj bo'lolmaydi hamma mansurlar
Haqqa chin oshiqlar Hallojdir, Mansur.
YoMG'IRJONIM
Sen kimlarning ko'zlaridan oqmoqdasan?
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
Yo zaminga shu yo'sinda boqmoqdasan,
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
To'lqinlarda o'ynatadi daryo, mana,
Sen bilmaysan sandiqdagi Tohir — jonim.
Armonlarim yuragimni qiynar yana,
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
Sirlari ko'p bu dunyoning poyon bilmas,
Yonib turgan dilga malham chog'ir, jonim.
Ammo mening telba ko'nglim nechun to'lmas,
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
O'zgarsang-chi, soddaginam, ko'nglim qurg'ur,
Qara, bunda hamma olg'ir, mohir, jonim.
Aldovlarni tinglamoqqa fursat yo'qdir,
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
Bu rostdan ham ko'z yoshmidir, ko'z yoshmikin,
Bir jannatiy iforlari anqir, jonim.
Jonim manim otashlarda taloshmikin,
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
Anglaganim bir ishq bilan go'zal dunyo,
Chaqirganda kelgin yoki chaqir, jonim.
Har tomchisi bitta daryo, azim daryo,
Ko'zlaringni ko'rgim keldi, yomg'irjonim.
ONAMNING DUOLARI
“Onamning duosi meni asraydi…”
Qo'shiqdan.
Og'am deya atadim men qalamni,
Yuragimda ko'kargan g'am-alamni,
Qarg'ishlari urar bo'lsa sanamning,
Omon saqlar duolari onamning.
Yig'layversam, yig'ilarim oh bo'lsa,
Ohdan ungan sog'inchim panoh bo'lsa,
Har qadamim ming bitta gunoh bo'lsa,
Meni oqlar duolari onamning.
Do'stu g'anim yuragimga otsa tosh,
Nima qilmoq bilolmasam, qotsa bosh,
Dil ko'zidan daryo-daryo oqsa yosh,
Ko'nglim chog'lar duolari onamning.
O'yim tushar jujuqligim — bog'imga,
Qo'shni qizning sochin tortgan chog'imga,
Sog'inch to'la rishtani qishlog'imga
Mahkam bog'lar duolari onamning.
Men izladim yorug'gina olamlar,
Bir-birini tushunolgan odamlar,
Yerni mushtlab qarg'ayversin sanamlar,
Doim saqlar duolari onamning.