Jamiyatda shaxsning tarixiy talqini

Siyosiy fanlar doktori, professor To'lqin Alimardonovning “Sharof Rashidov” kitobini o'qib

1980 yillarning ikkinchi yarmida O'zbekis­tonda ijtimoiy ong o'zgargan, ziyoli qatlam vakillari orasida sobiq ittifoqning totalitar tizimiga nisbatan norozilik kayfiyati shakllanib ulgurgan davrlar edi. Biz, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning o'zbek filologiyasi fakulteti talabalari ham ijtimoiy-siyosiy evrilish shabadalaridan endigina bahramand bo'lish arafasida turgan avlod edik. Chunki biz yashab turgan Talabalar shaharchasi, ta'bir joiz bo'lsa, “markaziy shtab” vazifasini o'tar, yotoqxonalarda adabiy bahs-munozaralar, mushoiralar, shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar, o'zbek tilining maqomini ko'tarish masalasiga bag'ishlangan yig'inlar tez-tez o'tkazib turilar edi. Shoir-yozuvchilar, jurnalistlar bilan bo'lgan uchrashuvlar, ularning yangi chop etilgan to'plamlariga dastxat yozdirib olgan davrlarimiz hozirgacha o'zining iliq bir taassuroti bilan qalbimizda muhrlanib qolgan. Chunki chekka qishloqlarda faqat o'z orzu-xayollari bilan yurgan, ijod ahlini faqat rasmlardagina ko'rgan, azim shaharning shovqin-suronli muhitiga endigina ko'nika boshlagan biz talabalar uchun “tirik ijodkorlar”ni ko'rish, ular bilan bir davrada muloqotda bo'lish, ayniqsa, dastxatlari bitilgan kitoblarini o'z qo'llaridan olish juda katta sharaf edi.

Yashirmayman, men “dunyoda yagona, qudratli va adolatli” bo'lgan sovetlar diyorida tug'ilganimdan faxrlanib yashaganman. Kommunistik partiya va uning rahnamolarining soxta o'git va g'oyalari bolalikdan ongimizga shu qadar kuchli singdirilgan ekanki, boshqacha hayot bo'lishini tasavvur ham qilolmaganmiz…

ToshDU (hozirgi O'zMU) tarix fakultetining talabasi bo'lgan To'lqin Alimardonov bilan o'sha “uyg'onish davrlari”da tanishganman. U bilan ilk tanishgan kunlarimdanoq menda o'zgacha taassurot qoldirgan. Unda ko'pgina tengdoshlarimda ko'rmagan shijoatni ko'rganman. Nigohlari o'tkir, fikrlari teran, gaplari keskin, soxta mulozamatdan xoli, qarashlarida murosasiz yigit bo'lib tuyulgan edi. Mana, oradan salkam qirq yil o'tyaptiki, u hamon o'sha-o'sha…

Universitet ta'limidan so'ng u aspiranturada o'qidi. Men matbuot sohasida ishladim. To'lqin Alimardonovning jamiyat, shaxs haqidagi fikrlari, muayyan jamiyat a'zolarining huquq va majburiyatlari haqidagi qarashlari o'sha davrlardayoq meni lol qoldirgan, ochig'i, taajjubga solardi. Chunki “ozod va hur” sovetlar mafkurasi bilan oziqlangan miyamga uning fikrlari ba'zan g'ayritabiiy tuyular edi.

To'lqin Alimardonovning nomzodlik ilmiy ishi Sharof Rashidovning qo'riq yerlarni o'zlashtirish bilan bog'liq mavzuda edi. Sharof Rashidov rahbarlik qilgan davrdagi O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida ko'p gapirar, tabiiyki, uning aksariyat fikrlari biz ko'p eshitib, ko'nikib qolgan qolipdagi “ozod va adolatli sovetlar mamlakati”ning mafkurasiga unchalik mos tushmas edi.

Bir kuni Sharof Rashidov haqida qo'shimcha fakt­lar va ma'lumotlar olish maqsadida bir olimning uyiga bordik. To'lqin ilmiy ishi shu mavzuda ekanini aytib, u kishidan ilmiy ishni qay tartibda yozish, qaysi masalalarga ko'proq e'tibor qaratish lozimligi haqida maslahat so'radi. Bizning tashrifimiz katta domlani unchalik quvontirmaganday tuyuldi menga. Sababi, juda beparvo holda o'tirdi va bu mavzuni yig'ishtirib qo'yishni maslahat berdi. Shu bilan birga Sharof Rashidovning shaxsi va siyosiy faoliyati haqida biroz nomarg'ub gaplarni ham aytib o'tdi. Hafsalamiz pir bo'lib qaytdik. Biroq ko'p vaqt o'tmay, u kishining gaplari o'z isbotini top­ganday bo'ldi. O'zbekiston osmonini qora bulutlar qoplay boshladi. Milliy qadriyatlar, din, urf-odatlar eskilik sarqiti sifatida talqin qilina bosh­ladi. Ayniqsa, Navro'z bayramiga bo'lgan munosabat ko'pchilikning yodidan chiqmagan bo'lsa kerak.

Yozuvchilar uyushmasida bo'ladigan adabiy kechalarga, yangi nashr etilgan asarlar taqdimotlariga hamda turli tadbirlarga imkon qadar qatnashib turar edik. Bir kuni Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” (“Bobur”) romani muhokamasiga bag'ish­langan yig'ilishda qatnashib qoldik. “Bosqinchi va zolim shoh Bobur”ni ideallashtirganlikda ayblab Pirimqul Qodirovga qanchalik darajada siyosiy ayb yopishtirishga bo'lgan harakat hozirgacha ko'z o'ngimdan ketmaydi. O'shanda professor Umarali Normatov qattiq hayajon va iztirob bilan ushbu yig'ilishdan 30-yillarning hidi kelayotganini ochiq-oydin aytgan edi. Shundan so'ng Pirimqul Qodirovning “Sharq yulduzi” jurnalida berib borilayotgan “Avlodlar dovoni” (“Humoyun va Akbar”) romani chop etilishdan to'xtatilgan.

Millat arboblarining shaxsiyati, ijtimoiy, siyo­siy, ilmiy va ijodiy faoliyatlariga qaratilgan mafkuraviy hujumlar marhum Sharof Rashidovning ham nomiga o'zining qora ko'lankasini tashlamasdan o'tmadi… O'sha vaqtdagi “Markaz” tomonidan uyushtirilgin bu sahna O'zbekiston KP MKning xatiga asosan 1986 yil 22 mayda №617-sonli “Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish to'g'risidagi qarorni bekor qilish” haqida qaror qabul qilinadi…

Yuqorida aytib o'tganimizdek, biz maslahat so'rab borgan olimning aytganlari o'z tasdig'ini top­gan edi. Sh.Rashidov nomi qoralandi. T.Alimardonovning nomzodlik ilmiy ishi ham boshqa mavzuga o'zgartirildi. “Rashidovchilik” degan kampaniyaboz­lik vujudga keldi. Matbuotda Rashidovning “aybi va nuqsonlari”ni kimo'zarga oshkor qilish avjiga chiqdi. Kutilmagan bu o'zgarishlar ommani esankiratib qo'ydi. Jamiyatda ishonchsizlik muhiti yuzaga kelib, odamlar kimga va nimaga ishonishlarini bilmay qolishdi.

Shaxslar va omma o'rtasida jipslik bo'lmagan joyda boshboshdoqlik, ishonchsizlik, adolat tamoyillaridan chekinish, haqiqatni ko'ra olmaslik yoki tan olmaslik kayfiyati shakllanadi. Ommaning tarqoqligi, muayyan g'oya va ezgu maqsad yo'lida uyusha olmaslik, siyosiy ongning pastligi, xalqni ergashtira olish qobiliyatiga ega bo'lgan shaxslar taqdiriga befarqlik, unday shaxslarni qo'llab-quvvatlash salohiyatining yetishmasligi ham jamiyatda adolatsizlik va parokandalikning ildiz otishiga sabab bo'ladi.

Muallif “Sharof Rashidov” kitobida Sharof Rashidov shaxsi va siyosiy faoliyati doirasida shaxs va omma o'rtasidagi mavjud munosabatning muvofiq va ziddiyatli qirralarini ilmiy nuqtai nazardan tahlil qiladi. Voqea-hodisalarga munosabat bildirar ekan, avvalo, davr va muayyan siyosiy vaziyat taqozosidan kelib chiqib fikr bildiradi.

Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy tanazzuli sabablarini faqat markazdan axtarmay, balki ichki boshqaruv tizimida ham muhit ayanchli ahvolga kelib qolganligini e'tirof etishimiz lozim deb uqtiradi.

Chunki millatdan shaxslar yetishib chiqmas ekan, jamiyatda olomoncha kayfiyat barqaror mafkuraga aylanishi mumkin, oqibatda olomon o'z ichidan yetishib chiqqan yo'lboshchilarni o'zlarining biqiq orzu-maqsadlariga xizmat qildirishga undashi yoki ularni umuman mahv etish darajasigacha borishi mumkin degan fikrlarni bayon qiladi.

“Sharof Rashidov” kitobi o'tgan asrning ikkinchi yarmida mamlakatimizda qo'riq yerlarni o'zlashtirish bilan bog'liq masalalarga, xususan, cho'l hududlarining meliorativ holatini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlarning beqiyos ko'lami haqida, shuningdek, Moskvaning bu ishlarga qay tarzda munosabatda bo'lganligi to'g'risida ilmiy nuqtai nazardan, xolisona baho berganligi bilan ham ahamiyatlidir.

“…Uning uzoqni ko'zlagan rahbarlik shijoati shundaki, markazning paxta xomashyosiga bo'lgan beqiyos ehtiyojini qalqon qilib, markaz manfaatlarini O'zbekiston ravnaqi — o'zbek xalqining manfaatlariga xizmat qildirdi. Buning uchun mohir siyosatchilik qobiliyati ham zarur edi, albatta. Chunki hukmronlar oldiga “Biz paxta beradigan bo'lsak, siz bizga falon-falon narsalarni beringlar”, degan to'g'ridan-to'g'ri talab bilan chiqishning o'zi siyosiy tajribasizlikdan boshqa narsa emas edi. Shuning uchun ham Sh.Rashidov s'yezd va shunga o'xshash oliy yig'inlardan unumli foydalangan, markaz rahbarlari oldida O'zbekistonda paxta yetishtirishning erkin istiqbollari haqida ma'ruza qilgan. Yuqorida aytilgan buyuk davlatchilik siyosati namoyandalarining ishtahasini qitiqlagach esa, buning uchun yangi yerlarni o'zlashtirish lozimligi, ko'plab texnika va texnologiyadan markazning yordam berishi lozimligini qistirib o'tar, so'ngra zaldagi O'zbekiston deputatlari Sh.Rashidovning fikrini tasdiqlovchi, to'g'rirog'i, ana shu fikrlarni yanada mustahkamlovchi chiqishlar qilishardi”. (T.Alimardonov. “Sharof Rashidov” N.Hamrayev bilan suhbat. 67-bet).

Sharof Rashidov O'zbekiston manfaati uchun markaz bilan qanchalik diplomatik yo'lni tutgan bo'lmasin, ittifoqdosh respublikalarga nisbatan, jumladan, O'zbekistonga ham markazning qarashlari mustamlakachilik siyosatiligicha qolavergan. Omma o'zining ustidan o'rnatilgan yaltiroq siyosatning, ya'ni “insonparvarlik” g'oyalariga sodiqligicha hayot kechirgan. Sh.Rashidov bilan xalq o'rtasida hamfikr bo'lib, yagona maqsad sari intilish yo'llari ko'rinmas pardalar bilan to'sib qo'yilgan. Bundan boshqacha bo'lishi mumkin ham emas edi. Chunki totalitar tuzumning uzoq yillik siyosiy-mafkuraviy bosimi barcha ittifoqdosh respublikalar singari O'zbekistonda ham olomon psixologiyasini shakllantirib ulgurgan edi. Bunday muhitda omma o'zining chinakam rahnamolarini qo'llab-quvvatlashga, mustamlakachilik siyosatiga qarshi turgan kuchlar bilan bir safda bo'lishga jur'at topolmagan.

Muallif o'zining barcha tarixiy-ilmiy monografiyalarida shaxs va jamiyatning o'zaro munosabati, jamiyatda inson omilining o'rni, taraqqiyot yoki tanazzulning tub ildizlari haqida aniq, ilmiy xulosalar asosida fikr yuritadi. Muallifning fik­riga ko'ra, jamiyat taraqqiyotida alohida shaxslarning o'rni ulkan bir mexanizm darajasida bo'lib, nechog'liq katta ahamiyat kasb etishi aniq fakt va dalillar asosida bayon qilinadi.

Uzoq yillar davomida erki o'zida bo'lmagan qavmning ongida qullik psixologiyasi shakllanib, olomoncha fikrlash tarzi yetakchi mafkura ko'rinishida o'zini namoyon qiladi. Ulkan mexanizmning yuzaga chiqa olmasligiga esa olomonning xalq bo'lib uyusha olmaganligi, shaxslar faoliyatiga bo'lgan ehtiyojning yo'qligi, milliy qadriyat va an'analarga varvarlarcha munosabat sabab bo'lishi mumkin.

Jamiyatda xalq manfaatlari va qadr-qimmatini himoya qiladigan mexanizm kuchli bo'lsa, o'sha tuzumda yuksalish bo'ladi. Yuksak taraqqiyot sari intilish omillari shakllanadi hamda farovon turmush barpo bo'ladi. Bunday sharoitning yuzaga kelishi esa millatni, xalqni o'ziga ergashtira oladigan, zehniyati kuchli, adolatni turmush tarziga aylantira olish qobiliyatiga ega shaxslarning vujudga kelishi bilan belgilanadi.

Millat o'zini o'zi anglagan bo'lsa (aslida, o'zligini anglagan jamoa millat maqomiga ega bo'ladi) bunday shaxslarni o'zlari ko'taradi. Agar millat parokanda bo'lsa, qadimiy qadriyat va an'analaridan mahrum qilinib, mutelikka giriftor bo'ladi. Unday millat orasidan shaxs darajasiga ko'tarilgan insonlarning chiqishi qiyin kechadi, degan xulosaga keladi.

Iqtidorli siyosatshunos olim To'lqin Alimardonovning “Sharof Rashidov” kitobida tarixiy ildizi ko'hna o'tmishga borib taqalgan, kamolot bobida jahonga dars bergan, taqdir taqozosiga ko'ra bir muddat (sal kam bir yarim asr) o'z erki o'zida bo'lmagan millat va bu millatni erkin va mustaqil boshqarish huquqi o'zida bo'lmagan, yuksak siyosiy ongi va millatiga bo'lgan mehri, vijdon amri bilan boshqargan shaxs haqida aniq dalil va manbalar asosida ma'lumotlar berilgan.

Yuqorida eslaganimizdek, bir vaqtlar To'lqin Alimardonovga bu mavzudan butunlay voz kechishi kerakligi haqida maslahat berganlar ham bor edi. Sababi, Sharof Rashidov nomi va uning siyosiy faoliyati tarix sahifasidan butkul o'chirib yuborilishiga ular ishonishgan. O'zbekiston KP MKning 1991 yil 14 sentyabrda bo'lib o'tgan favqulodda XXIII s'yezdi bu boradagi g'ayri fikrlarga zarba berish yo'lidagi birinchi qadam bo'ldi… O'zbekiston Kompartiyasining XXI s'yezdi 3-rezolyutsiyasining 2-bandi, ya'ni markazkomning hisoboti ma'ruzasi bo'yicha respublikaning sobiq birinchi kotibi Sharof Rashidov xususidagi aybnoma bekor qilindi.

Yurt mustaqillikka erishdi. Millatning asriy orzu-niyatlari ro'yobga chiqdi. Lekin bu — jamiyatdagi barcha qatlamning ongida keskin o'zgarish yuz berdi degani emas edi. Ayniqsa, o'tmish tarixga, shaxslar faoliyatiga baho berishda turli xil qarashlar yuzaga keldi. Bu holat, albatta, tabiiy hol deb qaralishi kerak. Tarix solnomalaridan ma'lumki, o'tish davri hech qachon o'z-o'zidan, silliq kechgan emas. Fikrlar xilma-xilligining paydo bo'lishi qarama-qarshiliklarning ham yuzaga kelishiga turtki bo'lishi tabiiy. Tarixning evrilish nuqtalarida shaxs bilan omma orasidagi tafovut yana bir bor o'zini namoyon qilmasdan iloji yo'q. Chunki, asosan, shaxslarning aql-idroki, sa'y-harakati va tinimsiz izlanish va mehnatlari evaziga kelgan o'zgarish va yangiliklarga ommaning tezda ko'nikib ketishi qiyin kechgan.

Sharof Rashidovning shaxsi va siyosiy faoliyatiga baho berishda ham shu holat ko'zga tashlanadi. To'lqin Alimardonovning fikricha, Sh.Rashidov haqidagi fikrlarni to'rt guruhga ajratish mumkin:

Birinchisi: Sh.Rashidov hayotlik davridagi asosli-asossiz maqtovlar. Bunday maqtovlar uning adabiy va siyosiy faoliyatiga ham taalluqli bo'lgan.

Ikkinchisi: Sh.Rashidov shaxsi qoralangandan keyingi asosli-asossiz tanqidlar. Bu guruh “jabrdiydalar” va “kampaniyabozlik” tarafdorlarining kimo'zarga chiqishlari bilan izohlanadi.

Uchinchisi: Sh.Rashidov faoliyatiga aniq baho berishga ikkilanganlar, ya'ni ehtiyotkorlar. Bu guruhdagilar uchun Sh.Rashidovning faoliyati o'ta “murakkab”. Yaxshi tomonlarini aytay desa, kechagi totalitar tuzum va kommunistik partiya bilan bog'liq jihatlari bor. Kamchiliklarini aytay desa, uning shaxsi va siyosiy faoliyati mamlakat Prezidenti tomonidan oqlangan…

To'rtinchisi: Sh.Rashidovning shaxsi, siyosiy va adabiy faoliyatiga haqqoniy, xolisona baho berganlar.

2017 yilda “Sharof Rashidov yubileyining 100 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroridan so'ng tarixiy haqiqat bor bo'y-basti bilan o'zligini namoyon qildi. O'tgan barcha buyuk allomalarimiz, ilm-fan, madaniyat darg'alari, siyosiy arboblar qatorida Sharof Rashidovning ham faoliyatiga chinakamiga xolisona baho berildi.

Shu o'rinda ishonch bilan aytish mumkinki, “Sharof Rashidov” kitobi uzoq ilmiy izlanishlar va tinimsiz mehnatning mahsuli o'laroq yuzaga kelgan asar. Hatto hali nashr etilmagan ushbu kitob sabab muallifiga qanchalik ta'na, malomatlar bo'lganidan ham xabarimiz bor. Bu bilan muallifni “jabrdiyda” qilib ko'rsatish fikridan yiroqmiz. Faqat To'lqin Alimardonovdagi o'ziga bo'lgan ishonch­­ni, shijoatni ta'kidlab qo'ymoqchiman, xolos.

Kitob 2017 yilgacha qancha eshiklardan kirib chiqmadi, ne-ne zotlarning qo'lidan o'tmadi deysiz. Muallifiga hamma “xayrixoh”, lekin nashr etishga kelganda hamma sukutda bo'ldi. Sababi, yana o'sha ehtiyotkorlik…

“Sharof Rashidov” kitobining bugungi kundagi ahamiyati shundaki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqlarida ko'p bor tilga olinadigan yoshlar kelajagiga bevosita daxldor jihatlari borligida. Chunki kelajagimiz egalari bo'lgan bugungi yoshlar o'tmishni bilmasdan, ajdodlari boshidan kechirgan voqea-hodisalardan xabardor bo'lmasdan kelajakni qurib bo'lmasligi Prezidentimiz nutqlarida bot-bot tilga olinadi. Yoshlarimiz o'tmish voqeliklariga xolisona, aql-idrok bilan munosabatda bo'lib, ota-bobolarining shijoatidan ruhlanib, ularning qilgan xato va kamchilik­laridan to'g'ri xulosa chiqarib yashashlari uchun ham bu kabi kitoblarning ahamiyati beqiyos.

To'lqin Alimardonovning uzoq yillik ilmiy izlanishlari, xolis niyat bilan o'z oldiga qo'ygan maqsadi, yaqin o'tmish tarix solnomalarini ilmiy nuqtai nazardan, haqqoniy aks ettirish orzusi mazkur asarda to'laqonli tasdig'ini topgan deb ayta olish mumkin.

Ishonamanki, “Sharof Rashidov” kitobining yutuq va kamchiliklari, yaqin o'tmish tariximizni aks ettirishdagi ahamiyati haqida tarixchilar, adiblar, siyosatshunoslar, faylasuf ziyolilar, keng kitobxonlar ommasi fikr-mulohazalarini bildiradilar.

Yusuf ZIYoD,

“Nasaf” nashriyot-matbaa

ijodiy uyi muharriri, shoir.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =