Imon ovozi
(Muharrir qaydlari)
Erkin Aʼzamning beş tomligiga kirgan asarlarning köpini öz vaqtida — eʼlon qilinişi bilanoq öqiganman. Ular bizning yoşligimizni romantika va isyon ruhiga, osmoniy orzularga töldirgan.
Endi muharrir sifatida (aslida, beş tomlikdagi “muharrir” degan bildiriş nihoyatda nisbiy) bu asarlarni adibning özi köp takrorlaydigan armongami, ökinçgami öxşab ketadigan sözlar manzarasida öqib çiqdim: “Bizni belgili ramkalardan salgina ham çetga çiqqani qöyişmasdi, yozişda erkinlik yöq edi…” Gap şöro mafkurasining adabiyot ustidan hukmfarmoligi, sotsrealizm haqida borayotganini sezgan bölsangiz kerak.
Bu sözlar tufayli negadir otaşnafas Çölponning “bir xil, bir xil, bir xil…” degan zorlanişi ham xayoldan köp ötdi. Çölpon aytgan zamonlardan bir muddat ötib, şöro ham öşa “bir xil, bir xil”ni takrorlagandek. Mana, şoir-yozuvçining yöli: örta maktab, adabiyot fakulteti, gazeta-jurnal yoki filolog-öqituvçilik, yo şunga öxşaş bir kasbu kor, mansab… “U davrlar adabiyotşunosligi ham yakrang, mafkuraga muvofiq asarlarni köklarga kötarar edi” deymiz-u, bugungisi ham mohiyat-eʼtibori bilan hali töliq yangilanmagandek: yozuvçi “zarbulmasal tili bilan falon demoqçi bölgan”, “yomonning yomonligini foş qilgan”, “zamonning nobopligini bilgiç daho bölgan”, “öxşatişlari original”, “falon-falon sözlarni qöllagan”, “tarbiyaviy ahamiyati beqiyos” va hokazo va hokazo. U şoir-yozuvçining nomi örniga bunisinikini qöysangiz ham öxşab ketaveradigandek. Adabiyotimiz ham, adabiyotşunosligimiz ham ança-munça qalamkaşlar misolida jang tugab, çanglar bosilgandan keyin miltiq kötarib maydonga yugurib çiqqan jangçiga öxşaydi. Darvoqe… şunday qilmay ham körsin-çi!
Xullas, birmunça öqib-örganişlardan keyin mening xayolimda “bir xil, bir xil”ga nisbatan zaif eʼtiroz tuğilgan. Çunki öşa aruziy şakl va işqiy-tasavvufiy mazmun bir xilligi içida ham Navoiy — Navoiy, Bobur — Bobur bölgan. Xudo butun qilib bergan bölsa, umumiyat içida yöqolib ketmaydi, durri yatimdek yarqirab turaveradi — köradigan köz, peşvoz çiqadigan talabgor bölsa bas.
Qölingizdagi tomliklar mutolaasi ham Erkin Aʼzam köp-köp takrorlaydigan öşa “belgili ramkalar” haqidagi gapga eʼtiroz uyğotdi. Eʼtirozning maʼnosi şuki, u asarlarda muallif “aytolmadim” deb öylagan haqiqatlar turli yöllar bilan aytilgan. Sözda aytolmaganini badiiy asar qurilmasining boşqa unsurlariga köçirgan.
Yozuvçi sotsrealizm talab qilgan ulkan qurilişlar-u, bemisl ğalabalarni emas, şonli tarixga daxldor evrilişlarni ham emas, xuddi benazir Paustovskiyga öxşab ahamiyatsiz köringan, hatto qiziqarsiz bölib tuyulgan voqealarni adabiyotga aylantirdi. Köpinça asosiy muddao asar markazidan uzoqlaştiribroq qöyilganga öxşaydi. Mana, “Zinapoya”ni olaylik (1971). Tasvirlangan voqeaga köra hukm qilsak, hikoya oşkor etilmaslikka mahkum muhabbat haqida deb öylaysiz. Lekin menga qolsa, uni uruşga, şöroga laʼnat hikoyasi degan bölardim. Çunki asar qahramoni — Rahmon aka uruşda har lahzalik ölim tahlikasi içida yaşagan, uruşdan keyin esa nemisga asir tuşgani uçun unga duşmanday, xoinday qaralgan. Uruş ham, odamga şöroça-mafkuraviy munosabat ham qahramonimiz hayotini zahru zaqqumga aylantirgan. Ammo bu gaplar hikoyada bir-ikki jumlada, işora tarzida aytib ketiladi.
Yoki: “uy özingniki bölmagandan keyin…” deya ökingan Hakim-Bahrom-Neʼmat tört tarafdan turtki yeb aytolmagan qöşiqni (“Qöşiq aytiladi!”, 1973) “Nima, bu hovli-joy özimniki-da!” deb öziga haq bergan kökköz yangalar Lena va Marina (“Stupka”, 2008) “ovozini baralla qöyib” kuylab yuboradi. Qarang-a!..
“Boğbololik Kökaldoş” hikoyasida (1982) ham bir işora bor: örtoği Najmiddin muallifga Kökaldoş haqida “baribir yozmaysiz” deydi. “Yozmaysiz, çunki u paxtadan möl hosil yetiştirmagan, sevgisi ham kitoblardagiga öxşamaydi…” Mana şu sözlarda tardu aksmi, tajohuli orifonami — xullas, maxfiylik usulida adibning ijodiy prinsipi taʼkidlangandek. Çunki “örtoği” pisanda qilguniga qadar ham Erkin Aʼzamning qahramonlari “paxtadan möl hosil” yetiştirgan zarbdorlar bölmagan. Xöş, unda u qahramon kim edi?
Erkin Aʼzam desak, xayolimizga avvalboşlab “Otoyining tuğilgan yili” keladi. Köpçiligimiz istabmi-istamaymi qariyb könikib bölgan hayot yöriği va şu yöriqda yurişni istamagan, uni buzmoqqa çoğlangan qahramon qissasi. Öşa şartaki yigit qörqqanimizdan içimizda saqlab kelgan noroziligu inkorlarimizni harakatga keltirgani uçun ham unga maftun bölgandirmiz. Ha, Asqar Şodibek öğli — milliy adabiyotimizda butunlay yangiça qahramon. Bu qahramonga dastlab “Keçirasiz, örtoq muallim”da duç kelamiz. Asqar xuddiki institutga kelmasdan oldin — maktabdayoq daqqi tutumlar bilan, sözi va amali boşqa-boşqa bölgan odamlar bilan kelişa olmagan. Behuda qistab-tergayverişlarga toqat qilolmagan. Töğri-da, odamzod azal korxonasida erkin ruhiyatli mavjudot qilib yaratilmaganmi?! Xullas, Asqar maktab bola çoğidayoq beadab bölib körinişdan qörqmaydi, “Keçirasiz, örtoq muallim…” deyişga jurʼat topadi. “Otoyining tuğilgan yili” öşa “Keçirasiz…”ning davomiday, bunisi unisiga qoralamami, maşqmi bölgan bölsa, ajabmas. Asqar va unga öxşaganlar atrof-muhitda allatavr nomaqbullik, haqsizliklar borligini, odam boşqaçaroq yaşaşi lozimligini anglab-his eta boşlaydi. Erkin Aʼzam qissada şu avlodning noroziligi, raddiyasi, talabi, toza tiynati, odamday yaşaşga bölgan soğinçini jamladi. U “Keçirasiz, örtoq muallim”da (1968), keyinroq “Otoyining tuğilgan yili”da (1977) — bugungi taʼlim islohotlaridan yillarça ilgari jamiyatning maktab-maorifday muhim sohasidagi ayanç hollarni, odamning ayniganini kördi-bildi, angladi, yozdi. Adabiyotimizda “Otoyi…”ga qadar ham yaxşi-yomonni anglab yetgan, kuraşçan yigit-qizlar bor edi, biroq ular “ramkaga tortilgan” halim-hazim, biroz zerikarli ideal obrazlar edi.
Şartaki Asqar qissasi adibga katta şuhrat keltirdi-yu, lekin men Erkin Aʼzam dunyosining umumiy ruhi boşqa asarlarda voqelangan, degan bölardim. Keyingi yillardagi suhbatlarida adibning özi bir-ikki örinda “özim hozir Asqarday bolani işga olmasdim” deydi. Bu bilan öşa “umumiy ruhning boşqaligi” adibning öz sözlari bilan tasdiqlangandek böladi.
Töğri, Erkin Aʼzam asarlarining barida “Otoyi…”da bölgani kabi ğayriinsoniy muhitga, haqsizlikka, noinsoniy munosabatga, dogmalarga, noravo tartib va qilmişlarga qattiq raddiya bor. Isyon ruhi adibning köpgina qahramonlariga begona emas. Hatto fursati keladiki, royiş-yuvoş Elçiyev ham heç kim kutmagan işga qöl uradi; riyo va muttahamlik qurboniga aylanganini sezib qolgan Bakirning odam öldirişiga sal qoladi… Ammo adibning keyingi deyarli barça asarlarida raddiya-inkor, kuraş, isyon jarayoni köproq botinda keçadi, qahramon ruhiyatida malomatiylik kuçaya boradi. “Otoyi…”dan boşqa asarlarda “murod-maqsadiga yetgan qahramon”ni deyarli uçratmaymiz. Ha, adabiyotimizdagi murod-maqsadiga yetmagan qahramon obrazi Erkin Aʼzamning kaşfi böldi deyiş mumkin. Bu murod adib asarlarida turli körinişlarda keladi: oddiygina — ovozni bemalol qöyib qöşiq aytişdan tortib, Parij sayohatiga qadar; Yangi yilni öz uyida ötkazişdan tortib, umrida atigi bir marta sanatoriyda dam olişgaça… Asar markaziga aynan öşa — qahramonning kattami-kiçikmi bir murod-muddaosi qöyiladi, köp savdolar röy beradi, qahramon jon-jahdi bilan harakat qiladi, lekin muddaoga yeta olmaydi. Bu qahramonlar soçidan-tirnoğigaça real-hayotiy, özimizga öxşagan oddiy kişilar. Adib şöro adabiyotida urf bölgani singari voqea-syujet, qahramon, ramz, muşohada kabilar vositasida emas, tugun-yeçimning xuddi biz aytgan modeli orqali goh xususiy ijtimoiy-siyosiy tuzum, goh umuman insonlik hayotining mohiyatiga işora qilayotgandek. Axir bu dunyoda kim murod-maqsadiga tom yetibdi?.. Öşanday yakun topgan asarlar ertak deyilmasmidi?..
Aslida, har qanday şoir-yozuvçining bitta boş qahramoni (öşa obraz asarda har doim boş qahramon bölişi şart emas) böladi. Köp ehtimol bilan muallifning botinida yaşab kelgan, hayotda reallaşa olmagan egizini ifoda etadi: bizningça, Erkin Aʼzam boş qahramoni — borliqni öta hassoslik bilan qabul qiladigan, öz-özini tinimsiz taftiş etguvçi, nozikmizoj, şoirtabiat bir kimsa. Köngil odami. Bir qissa muqaddimasida aytilgan gaplar öşa boş qahramon tuzilmasini bir qadar muayyanlaştiradi: “Qadim-ötgan zamonda emas, uzoq-olis tomonda ham emas, mana şu keça-kunduzda, mana şu şahri şovqinda bir yigit yaşar edi. U bolaligidan boşlab uçmoqni, uçuvçi bölmoqni orzu qilar edi. Ammo şaroit taqozosi bilan niyatiga yetolmadi. Yerda qolib ketdi…” U kiçkintoy Komil böladimi, baralla qöşiq aytişu çimzorda ağanaşdek ğalati istak asiriga aylangan Bahrom yoki Jalil Norboyeviç böladimi, yuvoşgina Elçiyev yoxud oddiy avtobusçi Bakir böladimi, böyidan baland orzusi çil-çil singan Asad artist yoinkim Arbob Qulov böladimi… — hamma-hammasi şunday: tuyğu odami, orzu odami.
Albatta, yillar ötişi bilan adib asarlarida xronotop kengaydi, syujetlar ötkir tortib, ifoda tiğizlaşdi, ijtimoiy borliqqa oid badiiy haqiqatlar çuqurlaşdi, ilk hikoyalardagi lirizm bora-bora ötkir kinoya soyasiga ötdi; adib asarlari bir sözini qimirlatib bölmaslik qadar mukammallik kasb etdi. Ammo qahramon ruhi öşa-öşa. Hayotga nihoyatda baland ruh bilan kirib kelgan-u, lekin muhitmi, atrofidagilarmi, özimi sabab ruhi söngan, özini töliq namoyon qilolmagan odam. U özini, keçmişini, odamlarni tinimsiz sarhisob qiladi, iztirob tortadi, puşaymon çekadi. Ammo baribir dunyoga nekbinlik bilan qaraydi, tiynati toza, bir bandasiga yetgulik nuqson-kamçiliklari ham bor. U orzularini kömib, noiloj çekingan, hayotning noçorroq, rangsizroq körinişlariga könişga, baʼzan esa uzoq muddat özini aldab yaşaşga majbur bölgan. U qahramon bora-bora özining könganiga könmaydi, xotiralardan kuç olmoqçi böladi, çorasizligiga çora izlaydi.
Öşa qahramonlar özidagi zaiflikni, insoniy noqisliklarni biladi; nokas odamlaru diqqinafas muhitni iç-içdan rad qiladi… va kun keladiki, kuçi-irodasi yetgan darajada, qölidan kelgança biror-bir şaklda unga qarşilik qiladi: Elçiyev öz joniga qasd qiladi, Bakir avtobusda odamni bosib ketmoqçi böladi, bir ölib-tirilgan Yozuvçi orzusidagi kitobni yozişga kirişadi, Arbob Qulov boğça barpo qiliş bilan kuygan köngil alangasini bosmoqçi böladi… Yana biri miltiq öqlab, Kattakonni otadi. Yana biri maçitga qatnay boşlaydi… Balki… balki, öşa qahramonlarning hammasi böğilgan ovozlarini Asad artistda jamlab ötov içida mastona hayqirib qöşiq aytgan, keyin ökirib-ökirib yiğlagan bölsa ham ajabmas… Ular menga birda — malomatiy Nexlyudovni, birda — hammasiga qöl siltab, Qurʼon va “Daloyil” mutolaasiga berilgan Yusufbek hojini eslatadi.
Ha, aslida, Erkin Aʼzam badiiy dunyosining mohiyatini orzu va uning armonga, içki raddiya va uning röyobga aylanişi taşkil qiladi. Bu markaz közga şoyon taşlanib turmaydi, katta-kiçik epizodlar, tasvirlar, içki monologlar bilan öralib yotadi.
Xullas, Erkin Aʼzam oyga çiqqan, toğni tolqon qilgiç yoki daryolarni teskari burguvçi bahodirlar örniga — eskirgandek bölib tuyuladigan axloqiy mezonlar bilan yaşayotgan, öziga savollari köp, hissiyotlari çuqur odamlarni qahramon qilib oladi. Abdulla Oripovning “nomaʼlum odam”ini eslatadigan öşa qahramonlar qissasini öqisangiz, yuragingiz allaneçuk bölib ketadi. Uruşlarda qon keçgan boyagi Rahmon aka haqidagi hikoyani olaylik. Kiroyi bir voqea yöq. Lekin hayot ezğilab taşlagan odamning gunohga öxşagan yoruğ muhabbati, iztiroblari, bolalarça beğubor siyrati bor. Bir odam boşqalar barbod qilgan yoşligining öçini olmoqçidek… Aslida nasrmi, nazmmi, boşqami — bori adabiyotning vazifasi yurakni “allaneçuk qiliş” emasmi? Hayotdagi nekbin özgarişlarning bunyodkori aslida öşa — bağridagi ezgulik boşlanğiçi adabiyot tufayli harakatga kelgan yurak emasmi?..
Erkin Aʼzam va uning boş qahramoni nimani yomon köradi? Yolğonni, riyo va soxtakorlikni. Yomon köradi deyiş kam, yolğonning har qanday körinişiga toqat qilolmaydi.
Erkin Aʼzam va uning boş qahramoni nimani soğinadi? Ibtidoiy tozalik va soddalikni. Uningça, hayotning eng uluğvor gözalliklari sutçi xotinning beğaraz mehribonligida (“Yozuvçining boği”), zeb-ziynatli xaltaçaga solingan oddiy naʼmatakda (“Hulöl”), soçlari oqargan sobiq jangçining pinhoniy muhabbatida (“Zinapoya”) va şu kabi hayotning biz nazarga ilmagan sonsiz voqeliklarida kömilib yotadi… Öquvçi ham adib va qahramonga qöşilib oddiy, ammo hayot javharini taşkil qilgan narsa-hodisalarni soğinganini his qiladi. Ha, odam baribir fitriy beğuborlikni soğinaverar ekan… negaki, u azal-abaddan tiynati toza, jannat fuqarosi qilib yaratilgan.
Darvoqe… dunyoda yomon, hatto yovuz odamlar bor; ğayurlar bor, ğanimlar bor… Erkin Aʼzam öz asarlarida ular haqida ham yozgan. U öşa odamlar haqida nima deydi? Töğrisi, adibning bu borada köp-köp takrorlaydigan, yozganlarida ham uçrab qoladigan jumla avvaliga meni hayron qoldirgan: “Özi insof bersin…” Nima, özbekning katta yozuvçisi özi yaratayotgan adabiyotning kuçiga, odamlik jamiyatidagi boşqa vositalarga işonmaydimi? Nekbin emasmi u? Keyinçalik angladimki, bu jumlada imonning ovozi bor. Hammasi Özidan. Özi insof bermasa, juda qiyin: na adabiyot, na maktab, na jamiyat, xullas heç kim odamni özgartira olmaydi…
Bu asarlarda yana bir erka qahramon bor: Jiydali! Jiydali — Erkin Aʼzamning röyi zaminda mavjud sölim Doğistoni, sehr-joduga töla uydirma Makondosidir. Adib xuddi Jiydali hangomalarining sirli roviysiga öxşaydi. Öqigan sari qadimiy asotirlar zamonidagi inonçu tutumlar bilan yaşayotgan jiydaliliklarni, quyoşning botişini yaşiradigan toğ-toşli afsungar makonni körgingiz kelaveradi. Ulkan dunyoning eng çekkasi kabi tuyuladigan, buloqday çuqur va tiniq Jiydali goho behad mutaraqqiy dunyo bilan uyğunlaşmoq, boğlanmoq ham istaydi. Nozikköngil Pariju dovruqdor Rostislav Susaneviç bilan; ummon ortidagi Kubadek Ozodlik oroliyu ummon örtasidagi Gonoluludek çin orol bilan… Lekin uning qoni olamşumullarning qoniga qöşilmaydi, u hamma narsani murakkablaştirib yuborgan dunyoga yuzini ters burib, özining azaliy yöriğida yaşaşda davom etadi…
Agar şunday deyiş mumkin bölsa, Erkin Aʼzam prozasini “keçinma, xotira prozasi; işora prozasi; ruhiyat prozasi” degan bölardim. Adib asarlarini köngilga nihoyatda yaqin etgan dastaklardan biri lirik ibtido bölsa, undagi ijtimoiy mazmunni kuçaytirgan jihat işoraviylikdir — birgina şunçaki hangomadek rivoyat qilingan “Aralaşqörğon” yoki “Adaşgan: Maestro Jiydaliga kelmoqçi”da, “Yozuvçining boği”da qança işora bor! Ruhiyat prozasi dedik; sababki, Erkin Aʼzamning nafaqat badiiy, balki adabiy-tanqidiy, publitsistik asarlarini ham öqiganingizda, kuçli bir psixolog-ruhiyatşunos içingizni, xayollaringizni titkilayotganga öxşaydi. Közgu qarşisida qolgandek bölaverasiz, öz-özingizga foş bölişdan qörqib turasiz.
Erkin Aʼzam köpinça şunçaki bir voqeani hikoya qilayotganga öxşaydi. Kuçli dramatik yoinki fojeiy vulqonni kutaverasiz, kutaverasiz… Ammo portlaş sodir bölmaydi. Bekketça “Godoni kutiş”dagidek. Ötkir syujetlar, “gul — maʼşuq, bulbul — oşiq, bahor — yoşlik” tipidagi matematik köçimlar Erkin Aʼzamga xos emas. Adib asarlari ğoyaning ötkir hidiga, adabiy pardozga örgangan öquvçi yoki adabiyotşunos diqqatini balki tortmas. Menga esa şunday tuyuladiki, syujetning öşa modelida adib yaşagan va yoki umuman tarixning har yerida uçraşi mumkin bölgan jamiyatlarning, umuman, hayotning aççiq bir haqiqati muhrlangandek: kutasiz, kutasiz, heç nima sodir bölmaydi…
Vissarion Belinskiyning “Yevgeniy Onegin” haqida bir gapi bor: “Garçi uning qahramonlari içida bironta tarixiy şaxs bölmasa ham, bu sözning töla maʼnosi-la tarixiy poemadir”, deydi u. Munaqqidga köra, “Puşkingaça rus poeziyasi juda deganda Yevropa sozining esli va zehnli şogirdi edi”, “Yevgeniy Onegin”da Puşkin uyğongan ijtimoiy ongning vakili bölib maydonga çiqdi, asl rus ruhini adabiyotda ilk marta ifoda etdi. Muqoyasa tom emasdir-u, biroq Erkin Aʼzamning asarlarida ham tarixning şoyon belgilari yöq. U, asosan, insonni inson qiladigan qalb, tuyğu, öz-özini taftiş, iqror, inkor, isyon, orzu, ökinç, armonni yozdi. Mafkurabop şov-şuvli mavzu-ğoyalarga berilmadi, mafkuraning “esli va zehnli şogirdi” bölişni istamadi. “Meni yoz” deganda ham yozmaslikka jurʼati yetdi: bu — Xudo bergan isteʼdodning inson iznu ixtiyoridan taşqari kuçidir. Huv boşda eslatilgan “belgili ramkalar”da yozmadi — şunisi bilan adib asarlari zalvorli tarixiy asarlardir.
Erkin Aʼzamning badiiy bölmagan — adabiy-tanqidiy, publitsistik bitiklari, fiqrayu suhbatlari ham xuddi hikoyami-qissaday töxtovsiz öqiladi. Işonmasangiz, köp jildlikning ilk kitobini oçib, “Nov boşida ikki momokalonim”ni öqing; fiqralarni, suhbatlarni öqing… Adibning beş tomlik “Xamsa”sini xatm qilib, öyladimki, Erkin Aʼzam yozuvçi bölmaganda, zör adabiyotşunos yo tilşunos bölardi. Yozuvçi bölmaganda, zör jamiyatşunos yo psixolog bölardi. Olim bölsa — akademik bölardi. Xudo unga butun qilib bergan, har ne narsa-hodisaning mohiyatini köradigan ötkir köz bergan. Adibning turli davralardagi oğzaki suhbatlari, yöl-yölakaydek aytilgan gaplarining özida qança adabiyot bor, qança ilm bor!
Adabiyotni hayotining bir rukni deb bilgan mendek odam — takrorlasam ayb emasdir? — zamonaviy “Xamsa”ni öqib, indamay ketişi mumkinmi? Yöq, albatta. Töğrisi, daftaru qoğozlarga, kitob hoşiyalariga belgilangan yozuvlar, iqtiboslar, mulohazalar juda-juda köp edi. Lekin ularni “Muharrir qaydlari” holida yaxlitlaşga, uzoq fursatlarki, jurʼat yetmadi. Iqrorman, hayiqdim. Özbekiston xalq yozuvçisi. Kinolari xalqaro mukofotlar olgan, kitoblari kibor Ovrupoda çiqqan. Hikoya, qissa, roman, drama, kinoasarlar, adabiy-tanqidiy maqolalar, suhbatlar, fiqralar… — arxivda qolib ketganlari, yirtib taşlanganlari demasa, Erkin Aʼzamning qariyb hamma yozganlarini öqidim, “Tafakkur”da adib qölida işladim. Amin böldimki, Erkin Aʼzam — milliy madhiyamiz muallifi Abdulla Oripov Çingiz Aytmatov haqida aytganidek, “gabariti juda katta” Yozuvçi va Şaxs ekan. Yozganlari va aʼmoli uyğun, özganing erkinligini ham öziniki qadar qadrlaydigan Inson ekan. Bunday odamlar, bunday asarlar haqida stolga şartta ötirib, şartta yozib taşlab bölmaydi…
“Muharrir qaydlari” adabiyotşunos hamkasblar yoki kitobxon döstlarning tahlil-xulosalariga, hatto adibning özi öylagan, aytmoqçi bölganlariga, ehtimol, muvofiq-maqbul kelmas. Naçora, adabiyotning qonun-qoidasi şu. “Kitob yozib bölingandan keyin uning boşqa hayoti boşlanadi, u öz muallifi tasarrufidan çiqib ketadi”, deyişadi. Kitobni har kim öziça öqiydi. Didi, saviyasi, hayotiy tajribalari, hatto lahzalik kayfiyatiga köra qabul qiladi. Men ham Erkin Aʼzamning yozganlariga özimni qöşib öqidim, uning adabiy makonu zamonlarini xayolan töldirib öqidim. Aziz kitobxon döstim, Erkin Aʼzamning köp tomligi — sizu biz uçun çin bayram. Çunki dunyo kutubxonasida özingizni qöşib öqiydigan asarlar juda ham köp emas.
Nodira OFOQ,
filologiya fanlari
doktori.
