Ibrat saltanatidagi tamsillar

Atoqli ustoz adib Muhammad Alining “Ulug' saltanat” epopeyasini o'qigan har qanday odam o'z tafakkuri darajasida ibratlanadi. Mazkur asarni o'qish jarayonida uning sahifalaridagi duru javohirlarni terib, ma'naviy jihatdan yuksaladi. Tarix ko'z oldimizda ibrat ko'zgusi kabi namoyon bo'ladi. Shu ma'noda “Ulug' saltanat”ni “Ibrat saltanati” deyish mumkin.

QUTLUG' PIRNING QADAMI

“Ulug' saltanat” epopeyasida piri murshidlar hayotini yoritishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Mutolaa jarayonida ular xuddi yonimizda turganday bo'laveradilar.

“Sirli odam besh qadamcha narida to'xtadi:

— Bismillahir rohmanir rohiym, Temurbek janoblari! — dedi yangroq ovoz ila u. — Inshoolloh, Olloh himoyasi sizga posbondur. Ushbu havorang bayroqni sizga berurmen, toki davlatingiz, bo'y-bastingiz olamga ayon bo'lsun! Ushbu tabl-nog'orani hadya eturmen, toki dovrug'ingizni dunyolarga taratsun! Ular saltanat va podsholik alomatlaridur. Bilingizkim, Hazrati jalol subhonahu taolo bu zaif bandani siz Sohibqironga piyr etib yubormish! Kamina Makkai Mukarrama shariflaridan Mir Sayyid Baraka tururmen! Alhamdulillahi robbil olamiyn!” (“Ulug' saltanat” birinchi kitobi, 46-bet).

“Ulug' saltanat”ning ulug'ligi tarixiy buyuk shaxslar — piri mashoyixlarning sohibqiron hayoti va faoliyatiga bevosita aloqadorligini yorqin tasvirlar orqali yoritilganligidir. Pir — botini-yu zohiri sir Inson. Sohibqironning adolatli davlat yurgizishida, xalqning qalbida mehr uyg'otishda shayxlarning duolari, ishoratlari, bashoratlari yo'lini nurlantirib turgan. Amir Temurga omad yuzin o'ng burgan, g'alaba har joyda hoziru nozir turgan. Mana bu so'zlarga e'tibor bering: “Ushbu havorang bayroqni sizga berurmen, toki davlatingiz, bo'y-bastingiz olamga ayon bo'lsun!” Bayroqning havorangligi osmonga ishoradir, osmondagi Posbonga ishoradir. Tinchlik, ofiyatga zamindur, uni tutgan qo'llar doim omondur. Bu ishorani Alloh o'zining do'sti orqali bildirmoqda, yer yuziga ildirmoqda. “Avliyolar xudo emas, xudo ulardan judo emas!” “Bilingizkim, Hazrati jalol subhonahu taolo bu zaif bandani siz Sohibqironga piyr etib yubormish!” Barcha nuqsonlardan pok bo'lgan Jalol sifatli Tangri do'stlari qalbida zikri jalol bulog'ini jo'shtirib qo'ygan, zikri jamol (La ilaha illallah) bilan quvvatlantirgan, balog'at nisbatini bergan. Balog'at qaerda tug'ilgan? Balog'at bashariyatning so'nggi payg'ambari — Muhammad alayhissalom dunyoga kelgan, butun dunyoga hidoyat yellari yelgan Makkai mukarrama, Madinai Munavvarada tug'ilgan. Shuning uchun ham piri komil zot: “Kamina Makkai Mukarrama shariflaridan Mir Sayyid Baraka tururmen!” deb, Muhammad alayhissalomga payravliklarini izhor etmoqda.

“Ushbu tabl-nog'orani hadya eturmen, toki dovrug'ingizni dunyolarga taratsun!” Nog'ora — g'alaba xushxabari! Uning dastasi zulmu adovatni savalaydi, ilmu ma'rifatni avaylaydi. Mana, jahon shohid: salkam yetti yuz bo'libdiki, Sohibqiron qurgan binolar bashariyatni hayratga solib kelmoqda. Chunki bayroq tutgan qo'llar — omonatdor bo'lgan, tablni urgan qo'llar, avvalo, o'z nafsini urgan. Shundan dovruq tug'ilgan! Alhamdulillahi robbil olamiyn!

Sohibqiron Amir Temur — donodir. Pirining oyog'i ostida yotgan Samodir!

HISOBLI DUNYoDA IBRATLANISh

Bir necha bor Sohibqiron Amir Temurga xiyonat qilgan Amir Husayn kirdikorlarini ochib tashlash uchun aytilgan quyidagi so'zlar barchamizni ogohlikka chaqirishi kerak: “Bu dunyo hisobli dunyo! Aytgan so'zing o'zingga qaytib keladi, birovga qilgan yomonliging birovga, deb o'ylama, u shaksiz o'zingga o'zing qilganingdir”. (“Ulug' saltanat” birinchi kitob, 127-bet).

“Bu dunyo hisobli dunyo!”ning biroz sharhini qilsak. Birinchidan, barchamiz dunyo­­ga mehmonmiz. Mehmon o'z izzatini bilishi lozim. O'zining odobsizligi, badxulqligi bilan mezbonning g'ashiga tegib qo'ysa, mezbon erta kunda “o'z uyi”dan haydaydi. Qizig'i shundaki, qanday qilib haydalganini mehmon bilmay qoladi. Bilganda ham sababini birovdan ko'radi.

Ammo buning ko'p ko'rsatkich belgilari bor. “Qarisan, qartasan, o'z zotingga tortasan” dey­di, xalqimiz. Qanday qilib zotiga tortganini bilmay qoladi. Chunki “Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi”. Va nihoyat “Bukrini go'r to'g'rilaydi!”

Ikkinchidan, har bir kelgan mehmonga dunyo o'n sakkiz yashar qiz bo'lib ko'rinadi. Aqli-hushi boshidan uchgan “mehmon” esa, darrov unga “ishq izhor” qiladi. “Ma'shuqa” esa “noz-karashma” qilishga kirishadi. Bechora mehmon uning muhabbatini qozonish uchun yeng shimarib ishga tushib ketadi. O'zidan avval kelgan “Mehmon”lar nasihatini qulog'iga olmaydi. Binobarin, “keksa mehmon”lar u qadam qo'ygan yo'llarni juda yaxshi bilishadi-da!

Natijada nima bo'ladi? “Mehmon” boylik topadi, aql topmaydi. Aql topganda esa kech. Uchinchidan, yangi kelgan mehmon o'ziga oro berish bilan mashg'ul bo'ladi. Vujudini parvarishlashga tushadi. Nima qilsa ham parvarish­lasa, odamlarga ko'rkam ko'rinsa! Bechora ruhi oziqsiz qolib, u joylashgan qalb qotib qoladi. Qotgan qalbni nafs koptok qilib o'ynaydi. Qalb qotib qolmasligi uchun uni hamisha ma'rifat bulog'idan sug'orib turish lozim. Ma'rifat chashmasi qaydan keladur? Albatta, kitobdan. Inson kitobxon bo'lmasa, Yemishxon bo'ladi. Bu degani ilmsizlik oqibatida dunyo hoyu havasiga yem bo'ladi. Dunyoga yem bo'lgan Odamning avlodi hayotini ham tasavvur etish mumkin. “Ot o'rnini toy bosar” deganday, dunyoni quvib chopadigan “chavandoz”lar yetishadi.

Mana shunday mulohazalar xulosasi o'laroq inson o'ziga o'tgan har bir kunining hisobini berib turmasa, hisobdan adashadi. Hisobni oson berish uchun tilni shirin qilish kerak. Suyaksiz til nimalar demaydi. “Aytgan so'zing o'zingga qaytib keladi”. Til — qurol. Qurol bo'lganda ham, ikki dunyoga ishlaydigan qurol! Bu dunyoda quroling sozlangan bo'lsa, narigi dunyoda senga qarshi otilmaydi. Aksincha bo'lsa, o'zingdan ko'raver! Shuning uchun o'zing bilan o'zing so'zlashganda ham hushyor bo'l! O'ylagan o'yim tilimga chiqmadi-ku deb o'ylama. Ulug' mashoyixlar: “Xayol qilganda ham hayo qiling”, demishlar. Birovlarga qilinadigan yaxshilik, yomonlik borasida ham asosiy vosita — tildir. Axir Payg'ambar alayhissalom: “Yaxshi so'z — sadaqadir”, deganlar. Sadaqa bu — ehsondir. Bosh sadaqachi — til. “Tilingni sakson qarich qilma”, degan naqlni hech o'ylab ko'rganmisiz? Tiliga erk bergan insonning tili — “sakson”dir. Sak forschada itdir. Demak tilini uzun qilgan odamning tili itning tili kabi osilib qolishiga ishoradir. Natijada o'zi esa itlar “son”iga qo'shiladi. Til tufayli insonlik maqomidan tushadi.

Mumtoz adabiyotdagi “Iso dami yanglig'” iborasida so'zning qudrati mujassam. Iso payg'ambar so'z orqali o'likka jon bag'ishlamadimi? So'z orqali ulug' saltanatlar tiklandi. So'z orqali ne-ne taxtlar qulatildi!

“Birovga qilgan yomonliging birovga, deb o'ylama, u shaksiz o'zingga o'zing qilganingdir”. Ajabo, har bir odam bu dunyoda o'zini yaxshi odam hisoblaydi. Xo'sh, unda yomon odam qaydan paydo bo'ladi? Hasaddan, ko'ra olmaslikdan YoMON paydo bo'ladi. Axir hasad tufayli hazrati Odam farzandlari bo'lmish Hobil va Qobil o'rtalariga nizo tushmadimi?

Hasad — qalb kasalligi. Bu kasallikni hech qaysi shifokor tuzata olmaydi, dardning shifokori — Tangrining o'zi. U insof, hidoyat berishi kerak. Busiz iloji yo'q. Yaratgan o'zi yaratig'ini qanday davolashni biladi. Birovga qilgan yomonlig'ini o'ziga qilgan Yomonlik deb tushungan kundan boshlab tuzala boshlaydi. Natijada “u shaksiz o'zi”ga qilganidan pushaymon bo'lib, istig'for ayta boshlaydi. Tavba qilganni esa buyuk shifokor — Tangri kechiradi.

RIZQ VA AMAL EShIKLARI

“— Sallamno! Osmonning necha eshigi bor ekan?

— Jonim omoda …Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan osmon eshiklarining hisobini so'rag'onlarida, ularning ko'pligini aytib, nechaligini xudodan o'zga kimsa na bilsun, deb buyuribdurlar. Ul zot debdurlarki, osmonning ikki eshigi borligi aniqdur, birinchisidan bandaning rizqi keladur, ikkinchisidan amali yuqori chiqadur…” (“Ulug' saltanat” birinchi kitob, 398-399-betlar).

Sallamno! Kimga sallamno? Tong otgach, quyoshli kunni bergan Zotga sallamno. Muhammad alayhissalomni ikki dunyoga rahmat qilib yuborgan Zotga sallamno! Payg'ambar debdurlarki: “Osmonning ikki eshigi borligi aniqdur, birinchisidan bandaning rizqi keladur, ikkinchisidan amali yuqori chiqadur…”

Bandaning rizqiga Alloh o'zi kafildir. Bandadan esa unga ishonch bilan tavakkul qilishdir. Dunyodagi barcha mavjudotlarning rizqini beruvchi Alloh payg'ambarimiz ayt­ganday osmonda bir eshik ochib qo'ygandir. Har subhidamda tong otmasdan avval u eshikdan farishtalar bandalarning darvozasining ostonasiga taqsimlangan rizqini olib keladilar. Ana shu paytda banda g'aflat bosib uxlab yotgan bo'lsa, rizqining noqis bo'lishiga o'zi sababchidir. Demak, g'aflat rizqni kesish bilan birga, qalb hushyorlikdan to'suvchidir. Kishini tashvishga soladigan holat nafaqat moddiy rizq, balki ma'naviy rizq bo'lmish — Allohning rahmatidan bebahra qoladi. Rahmatdan bebahralik uning umrining qisqarishiga sabab bo'lib qoladi.

Bu ikki eshik — rizq va amal eshigi bir-biri bilan uzviy bog'liqdir. E'tibor bering, rizq osmondan tushib kelayotir! Amal osmonga ko'tarilib ketayotir! Chunki bu yerda rizqning shukronasi bo'lgan amal sohibiga ertangi rizqiga barakani olib borishi shubhasizdir.

Mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandalaridan biri Qoriy Ho'qandiy bir g'azallarida: “Vaqti sahar nola qiling, bo'yi Muhammadiy kelur” deb bitgan bo'lsa, Rojiy Marg'iloniy: “Murodimga yetay desang, sahar turmoqni odat qil” deydi. Saharda qilingan duo kun bo'yi qilinajak amallarni sug'oruvchi buloqdir. Yaxshi niyat bilan tongda turgan odamning amalida barakot bo'ladi.

Gunohning katta-kichigi bo'lmagani kabi, xayrli amalning katta-kichigi bo'lmaydi. Do's­tingizga ochiq chehra bilan boqish ham — xayr­­li amal, farzandlarga ezgu tilaklar bildirish ham savobli amal. Xullas, ezgulikning cheki yo'q va kechi ham yo'q. Buni qarangki, atoqli adibimiz asarda “Malikalar munozarasi” orqali o'sha davrdagi ziyoli onalarimizning fahmu-farosatini, zakosini juda nozik chizadi. Bu tamsil orqali ulug' daholarni tar­biyalagan momolarimiz o'ta ma'rifatli bo'lganliklarini hozirgi o'sib kelayotgan yosh avlodga ibrat namunasi qilib ko'rsatib beradi.

Jamoliddin MUSLIM,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × three =