Qondoshlik
Nodar DUMBADZE,
gruzin yozuvchisi
Hikoya
Jo'ka daraxtining ostida boshini quyi eggancha buzoqchalarning arqonini ushlab yaltirbosh bolakay o'tiribdi. G'amgin ko'zlari bilan o'zining loy-balchiq chaplangan yalang oyoqlariga sinchiklab razm solgancha o'yga cho'mdi: “Bu chol otamga quyib qo'ygandek o'xshaydi! Oqargan oppoq sochlari… Qop-qora qoshlari… Keng burni… Chiroyli ko'zlari… Ovoziyam mayin, yoqimli… Agar ko'zimni yumsam, otam ekanligini tasavvur qilish hech ham qiyinmas!..”
Bolakay qimtinibgina bir chekkada turardi.
— Men shuning uchun sizni bezovta qildim, hurmatli Kishvardi!.. Bular bilan kurashishga kuchim qolmadi! Yaramaslardan butunlay qo'limni yuvib qo'ltig'imga urdim!.. Hamma bolalar bir go'r — kitob o'qimaydi, buyam shunday. Kechasiyu kunduzi mana shu buzoqlari bilan birga.
Yaqinda nima qilganini bilasizmi? Gospodzedagi mahalla qudug'iga katta tarvuzni uloqtiribdi! Tarvuz esa quduqning ichida yorilibdi, mana, deyarli ikki haftadan beri har ikkala xonadon suv o'rniga sharbat ichyapmiz!..
— E Xudoyim-ey! Shunaqami, o'g'lim?! Bezovta bo'lmang, azizam Yuliya! Men uni Guriyaga olib ketaman-da, chinorning uchiga oyog'idan osib qo'yaman. Ana shunda mushukday yuvosh bo'lib qoladi!
— Siz uni u yerga nimaga osishingizni bilmadim-u, shuni sizga aytdim-qo'ydim-da: yana xayolimga bir gap keldi. Onasining juda baxti kulgan ekan – bu yaramasni ko'rmay o'tib ketdi. Aytganday, otasining ham baxti kulgan…
— Azizam Yuliya, siz nima deb o'ylaysiz, uni eplay olarmikansiz?
— Bilmadim, hech baloni bilmayman… O'zingiz o'ylab ko'ring: yaqinda saralab qo'yilgan makkajo'xorini tegirmonga bergandim. Uni o'g'irlab gumdon qipti. Qo'lida besh funt un bilan qaytib keldi. Qolgan narsalarni Valiko Kuxalashvilining sayoq arzandalariga bo'lib bergan, menimcha. “Bola-chaqam ko'p, och-nahor o'tiribdi”, — deb zorlanardi bechora. Eh, tavba-ey! E xudoyim-ey!
— Shunaqami, o'g'lim?!
— Bu hali holvasi! Avvalgi kuni Kukuri Ugulava degan betayin o'rtog'i bilan o'zlarining geografiya fani o'qituvchisi Datiko Sveravaning bog'iga o'g'irlikka tushgan. O'ylaganiyam qo'rqib ketasan kishi!.. Shaftoli terishib, uni olib borib tovuqqa almashtirishgan. Voy, Xudoyim-ey! Ana shunaqa!
— Shundaymi, o'g'lim?!
— Ha, buncha “shunaqami?”, “shunaqami?” deb takrorlab qoldingiz? Meni aldayapti deb o'ylayapsizmi?
— Nega endi, nega endi, azizam Yuliya! Nahotki uni bu yo'ldan qaytarib bo'lmasa? Nahotki diydasi qotib ketgan bo'lsa-ya?!
— Yo'q, nimalar deyapsiz… Uni qutqarishning yo'li bor, biroq bunga mening kuchim yetmaydi… Buning uchun erkak kishining qattiq qo'li kerak. Bundan tashqari, zimmamda ulardan yana ikkitasi bor — Zurab va Vaxtang, Koliginamning bolalari. Ular nisbatan tuzukroq.
— Himm… Nima desam ekan, azizam Yuliya, Ularning ota-onalari tirikligida meni yaqiniga ham yo'latishmasdi… Men unga begonaman, tushunyapsizmi, begona!.. Bunday demang, hurmatli Kishvardi! U nima qilsayam o'g'il bola, erkak bilan qanday til topishishni yaxshi biladi… Qolaversa, u avlodingiz davomchisi… Ha, albatta, xuddi shunday… Yuliya azizam, o'qishlari yaxshimi?
— Himm!.. O'z o'qituvchisining bog'idan shaftoli o'g'irlagan, “Dekameron” nomli bolalar o'qishi mumkin bo'lmagan kitob uchun buvisining kumush qoshiqlarini sotib yuborgan bolaning o'qishi haqida nima ham deyish mumkin? Xudo haqqi, bir o'ylab ko'ring-chi, hurmatli Kishvardi.
— Shunaqami, o'g'lim?! Bo'ldi, yetadi. Qarorim qat'iy! Uni Guriyaga olib borib, chinorning uchiga oyog'idan osib qo'yaman!
— Buni qarang, biz uning tashvishini chekayapmiz, u esa pinagini ham buzmaydi-ya! Kimga gapiryapsan ham demaydi!
Bola esa jo'ka daraxtining ostida ko'zlarini yumib o'tirar va o'ylardi: “Bechora buvim Yuliya charchab ketdi… Ilgari qanday chiroyli ovozi bor edi, hozir esa juda qahrli!.. Balki bu menga shunday tuyulayotgandir. “Bu kishi bobonglarmi?” — derdi shunday xotirjam va yoqimli ohangda… Ha, ko'rinib turibdi, u charchagan… Ah, u meni shu bobom oldiga yubormasin-da, bundan keyin uni hech qachon xafa qilmayman!.. Nima bo'lganda ham jo'natmasin-da… Nima bo'lsa ham jo'natmasin…”
— Ota-onasi yo'q, azizam Yuliya… Uni jazolash yaramaydi. Mehr ham kerak…
— Yetimdan yetimning farqi bor. Besh qo'l baravar emas. Mehribonlikda u ko'p narsani tushunadi! Mehribonlik…
— Shu to'g'rimi, o'g'lim?! Uni qanday qilib Guriyaga olib boraman, qanday oyog'idan osaman… Bolani qachon olib ketish kerak, azizam Yuliya?
— Xohlasangiz, hoziroq olib keting! Bolaning narsalarini yig'ishtirib jo'natish qiyin emas!
— Qanday qilib?.. Hech narsasi yo'q-ku…
— O'tgan yili ham uni Avchaladan xuddi shunday holatda olib kelgandim, hurmatli Kishvardi… Balki yaxshiroq kiyim-bosh sotib olib berarsiz.
— Bechoragina bolam!
— Yo'lga chiqishdan oldin u-bu narsa yeb olasizlarmi, hurmatli Kishvardi…
— Ha, yo'q, bezovta bo'lmang, azizam Yuliya… Samtrediada xuddi uydagidek ovqat berishadi, u-bu narsalar yeb olarmiz.
— Ixtiyorlaringiz… Oq yo'l sizlarga… Ha, sizlarni Xudo yorlaqasin!..
— Mana, bolani o'zingiz bilan olib keting, hurmatli Kishvardi!
— Nima bu?
— Bolaning hujjatlari… Sentyabr oyida bolani maktabga bersangiz, kerak bo'lib qolar… U to'rtinchi sinfga o'tdi… Ma'lumotnomasida xato qilib Lomjariya Nodari1 o'rniga Lomjariya Nadiri deb yozib qo'yishgan. Menimcha, bu xato emas, o'zi shunaqa bo'ladi.
— To'g'rimi, yigit? Nachora, uni Guriyaga olib ketaman, u yerda chinor daraxtining tepasiga oyog'idan osaman…
— Osasizmi, nima qilsangiz o'zingiz bilasiz, mening ko'zimga ko'rinmasa bo'lgani!
— Oyog'idan, oyog'idan osaman!
— Xudo sizga madadkor bo'lsin!
— Men uni bunday qattiq qiynasam, toshlar ham erib ketmaydimi?
— Hurmatli Kishvardi, xo'p, xayr!
— Sizga yaxshiliklar yor bo'lsin, azizam Yuliya!
1938 yilning avgust oyida Xoni degan joyda Nodar Lomjariyaning imperetinlik buvisi — onasining onasi, Yuliya Mikeladze va uning guriyalik bobosi, ya'ni otasining otasi hurmatli Kishvardi Lomjariyalar o'rtasida bolani bir-birlariga topshirish tadbiri o'tkazildi.
Bir soat o'tgach, Tbilisida ishchi oilasida dunyoga kelgan bolakay qizigan, chang ko'chadan bobosining ortidan, ipga bog'langan buzoqchadek imillab borardi.
Bobo bilan nevarasi Xonidan Kulashgacha foytunda, u yerdan Samtrediagacha ko'p o'rinli uzun aravada yetib olishdi. Keyin tamaddi ham qilmasdan Choxatauridan o'tadigan choy fabrikasining yuk mashinasiga chiqishdi. Undan keyin Intabueti qishlog'igacha piyoda ketishdi.
Bobosi oldinda, nevarasi orqada. Bobo keksalarga xos xasta tovushda yo'talib, xirilladi. Ro'paradan kelayotgan yo'lovchiga ko'zi tushib, jim bo'lib qoldi. Boshini egib, salomlashdi-da, so'ng yana xirillashni boshladi. Ba'zi-ba'zida xuddi qari ot orqada qolib ketayotgan toychog'iga yakkayu yagona zurriyotini yo'qotib qo'yishdan qo'rqib qaragandek bolakayga qayrilib qo'yardi.
Bola yo'lida indamay keta turib o'yladi: “Mana, keksa, munkillab qolgan qariya boshining ichiga kirib ketgan shlyapasi… Mana shu keksa chol — mening bobom. Otamning otasi… Bobom!.. Uning ortidan bunday qiyinchilik bilan yurishga meni nima majbur qildiykin? Nima uchun meni jazolashyapti, xuddi qulga o'xshab bunday chang yo'ldan ketib borayapman? Yo'ldan ikki qadam chetga chiqsam, tamom-vassalom, to'rt tomonim qibla!.. Birpasda g'oyib bo'laman! Yo'q, unday qilolmayman! Qandaydir kuch meni orqaga — bobom tomonga tortadi — boshqa hech qanday chegara yo'q! Bu qanday kuch? Nima uchun men och-nahor, charchagan, issiqdan holsizlangan, chanqaganni bahona qilib yo'ldan qaytishga haqqim yo'q? Nimaga? Bu kuchning nomi nima?”
— Nevaram, nima haqida o'ylayapsan? — kutilmaganda qayrilib bexosdan bobom mendan so'rab qoldi.
— Hech narsa haqida! — o'ylamasdan shoshilib javob berdi bolakay. U boshqacha savolni kutgandi, biroq bunday bo'lmadi.
Chol yo'lning chekkasiga chiqib, o'tirib oldi. Dam olgandan keyin diqqat bilan bolaga qaradi-da, barmoqlarini egib sanashga tushdi: 28, 29, 30, 31, 32, 33, 34, 35, 36, 37, 38.
— Nevaram, sen yigirma sakkizinchida tug'ilgansan. Hozir bizda o'ttiz sakkiz. Demak, sen o'n birga qarab ketding… Kap-katta yigit bo'lib qolding… Qanday qilib sen hech narsa haqida o'ylamasliging mumkin? Yoki bobongdan yashiryapsanmi, a?
— E, yo'q, bobo, hech narsa haqida o'ylaganim yo'q! — deya bola yolg'on gapirdi.
— Endi o'ylashning ham vaqti keldi, nevaram. Ha!..
Cholning yo'tali tutdi va inqillab o'rnidan zo'rg'a turdi. Shu alpozda yo'lni davom ettirdi. Bola esa uning orqasidan arqonga bog'langan buzoqchadek ergashdi. Bobo-nevara shu tarzda yo'lda ketib borishardi…
* * *
Quyoshning issiq taftidan kuygan, sochlari o'sgan bolakay chinor daraxti tagida o'z taqdirini kutib yotardi. Ma'yus ko'zlari bilan har xil xas-xashak, tikanlar yopishib qolgan yalang'och oyoqlariga qarab turib o'zicha o'yladi: “U bir yil ichida qanchalik qarib, bukchayib qolibdi! Yuzlarida ajinlar ko'payibdi. Ovozi qandaydir hazin. U nima bo'lganda ham yosh, chiroyli, yoqimli, maftunkor ko'zlari, yumshoq qalb, sochlari va yurishlari mening onamga o'xshab ketadi. Agar ko'zimni yumib tursam, xuddi onam deb tasavvur qilish mumkin!”
Bolakay bu joyda begonasirab turdi. Shu bilan birga, qo'rqib ham ketdi.
— Hurmatli Kishvardi, men tinchimni yo'qotdim! Uning onasining ruhi o'ngimda ham, tushimda ham namoyon bo'lyapti… Uning ovozi meni ta'qib qilyapti… Siz uni olib ketganingizdan beri qo'llarimni sovuq suvga ham urgim kelmaydi, go'yoki yuragim yulib olingandekman. Mening bolamni qaytarib bering, hurmatli Kishvardi!..
— Him-m… O', azizam, uni sizdan olgan vaqtimda u bola edi. Endi u katta yigit, hamma narsani o'zi hal qiladi. Agar siz bilan ketishni xohlasa, men ham hech qanday qarshilik qilmayman.
— U mendan xafa… Uni men bilan qaytishga ko'ndira oladigan yagona odam sizsiz, hurmatli Kishvardi. Faqat siz uddasidan chiqa olasiz. Siz aqlli insonsiz…
— Azizam Yuliya, sizda bunaqalardan yana ikkitasi bor-ku… Hech bo'lmasa bittasini menga qoldiring!
— Ha, gap faqat sondami? O'nta bo'lsa o'rni, qirqta bo'lsa qilig'i boshqa. U mening nabiram, hurmatli Kishvardi!
— Shunday-ku-ya… Lekin men nima qilishim kerak? Axir o'lganimdan keyin Lomjariya avlodini davom ettiradigan yagona merosxo'rim u…
— Men uning familiyasini o'zgartirmayman! Mayli, u ikkalasining ham familiyasi Lomjariya bo'la qolsin. Biroq bolani menga qaytaring!
— Azizam Yuliya, siz uni mendan olib ketishga keldingizmi?!
— Narigi dunyoga gunoh bilan ketishimga yo'l qo'ymang, iltimos! U yerda onasining yuziga qanday qarayman?!
— Eh, azizam Yuliya, Xudo biladi, narigi dunyoga qay birimiz oldinroq ketamiz. Agar sizlardan oldinroq borsam, onasi va otasining yuziga qaysi ko'z bilan boqaman?
— Xudoyim umringizni uzoq qilsin, hurmatli Kishvardi!
— Bog'im, uzumzorim, tegirmonim, qabrim va qabrimdagi yozuvim ham shu bolaniki. Urib o'ldirsangiz ham bolani sizga bermayman!
— Bo'lmasa o'zimni o'ldiraman! Hozirning o'zidayoq, ko'z oldingizda!
— Voy, Xudo, azizam Yuliya, siz nimalar deyapsiz?.. O'g'lim, buving bilan ketasanmi?
— Ha, u buni tan olyaptimi? U sizdan uyalyapti!
— To'g'rimi, bolam?
— Unga onasining mehri kerak, hurmatli Kishvardi! Kiyimlarini yuvadigan, dazmollaydigan, ovqatini tayyorlab beradigan, mehribonlik ko'rsatadigan, boshini silaydigan inson kerak. Siz uning o'rnini bosa olasizmi?
— Nimalar deyapsiz… Xudoga shukur, shu paytgacha men u bilan yomon yashamadim… Sizni biron marta bo'lsa-da, yordamga chaqirganim yo'q-ku…
— Hurmatli Kishvardi, siz bilan bahslashmayman! Lekin shunday bo'lsa-da, uxlashdan oldin oyog'ini yuvib qo'yish, maktabiga borish — bu ishlarni qoyillatib bajaraman. Bu ishlar erkaklarga aslo yarashmaydi!..
— Bizning maktabda ham uni hech kim xafa qilgani yo'q… Ha, sizning maktabingizda uni xulqi yomon bola deyishadi. Siz buni qo'llab-quvvatladingiz… U hech ham sizlar o'ylaganchalik yomon bola emas…
— Nima uchun o'shanda mening tilim uzilib tushmadi ekan-a?
— Siz o'ylamang, u tarbiyali bolaga aylanib qoldi deb, shaftolilarni o'g'irlashni ham tashlagani yo'q!
— Xudo sizga sog'lik bersin!
— Yo endi un ulashishni ham to'xtatdi, deb o'ylaysizmi?
— E, uniyam boshidan qolsin. Mening hamma narsam shuniki! Hammasini yondirib yubormaydimi? Men bunga qarshimasman!
— Chekmaydimi, yaramas?
— Bu unday beaql bolamas.
— Siz, mana, mendan so'rang! Tamaki xaltamniyam, hamyonimniyam ship-shiydam qildi.
— Xo'p, mayli, cheksa, chekar, bu uning ishi!
— O'zingiz aytdingiz-ku, kap-katta yigit deb.
— Yana bir oy sabr qiling. Ipak qurti tutganim uchun mukofot puli olaman, shunda uni yaxshilab kiyintiraman… U shunday aftodahol, yarim-yirtiq bir ahvolda sizning oldingizga ketmaydi!
— Siz faqat javob bering. Kiyim, poyabzal olib berish bu mening ishim! O'zimning kiyimlarimni berib bo'lsa-da, uni kiyintirishga tayyorman!
— Himm, sizning kiyimingiz o'zi unga rosa loyiq tushadi-da, o'ziyam!
— Albatta, sizga hazil, o'yin-kulgi bo'lsa. Mening yuragim qon bo'lib ketyapti!
— Azizam Yuliya, men sizga aytdim: u kap-katta yigit bo'lib qolgan, buni o'zi hal qilsin!
— Siz uning uchun yuqori darajadagi insonsiz, sizning har bir so'zingiz unga qonunday gap… Hurmatli Kishvardi, ayting unga!..
— Xudodan qo'rqing axir, azizam Yuliya! Axir qanday qilib o'z jigarbandimga, tomirida qoni oqib turgan bolaga uyimdan ket deb aytaman? U mening avlodim va qondoshim bo'lsa?!
— Nima, men unga begonamanmi? Axir u mening ham jigarbandim va qondoshim emasmi?.. Xudo biladi, mening yashashimga bir yil qoldimi-yo'qmi? O'tinaman sizdan, ajalimdan oldin meni o'ldirmang, bolani menga topshiring!
— Azizam Yuliya…
— Oldingizda tiz cho'kaman!..
— Nimalar qilyapsiz? Turing o'rningizdan. Xudo xayringizni bersin!.. Mayli, siz aytganday bo'la qolsin!..
— E qodir xudoyim, unga baxt va quvonch bergin!
— Endi mening ortiq baxt va shodligim qolmadi…
— Xudo shohid…
— Buving bilan ketgin, nevaram!..
Ushbu suhbat bolaning guriylik bobosi va imperetinlik buvisi bilan uni bobosi olib ketgandan keyin roppa-rosa bir yildan so'ng sodir bo'ldi. Lekin bu galgisi oldi-berdi marosimi emas. Bu yuragi jo'shib turgan ikki qonning to'qnashuvi va ikkala yurakning qonli nidosi edi. Bu ikki mehr o'tining kurashi sabab bolaning yuragi shiddat bilan tepa boshladi, tomog'iga allanarsa tiqilganday bo'ldi. Tanasini sovuq ter bosdi, titroq butun vujudini lovullatib yubordi. Qandaydir ko'rinmas bir kuch uni buvisiga tortsa, qaysidir bir hissiyot esa bobosiga tortardi. Bola bir necha marotaba shunday og'riqni his etdi — go'yo uning vujudi qaynoq suv ichida qoldi. Bobosi bilan buvisi o'rtasida kechgan qizg'in, shiddatli bahs tugamaguncha bolani qandaydir qo'rquv, tushuntirib bo'lmaydigan kutish va hayajon hissi tark etmasdi.
Buvisi o'rnidan turib, bolaga yaqin kelib uni bag'riga bosdi.
— Bolaginamdan yodgorim, quvonchim, chirog'imni yoquvchimsan, yur men bilan, menga ikkita hayotni baxsh et, bolajonim!..
Buvisi yig'ladi, uning ko'zlaridan oqqan issiq ko'z yosh tomchilari bolaning boshiga tushdi. O'pkasini bo'shatib olgandan so'ng u sekin bolani o'z bag'riga oldi. Biroq bola joyidan qimirlamasdan turardi, xuddi temir qoziqday, tomirlari qotgan daraxtga o'xshardi, ildizi yer qa'riga chuqur kirib ketgandek edi go'yo.
— Borgin, nevaram, bor o'zingning keksa buving bilan… Diydoringga to'yib bo'lgandan keyin yana o'zimga qaytib kelasan… Bu vaqt ichida men sensiz zerikib qolaman… Sen nima deb o'ylaganding? Birovga sevimli nevara bo'lish oson deb o'ylovmiding? Og'ir, og'ir nevara bo'lish, ayniqsa, keksayib qolgan men va buvingga o'xshaganlarga… Bor u bilan, mehribonginam… Sening boltang, cho'kiching, to'qmog'ing, savating, sigiring, aravang hech qayoqqa ketmaydi, qaytishingni kutishadi…
Bola boboning bu so'zlarini eshitib, hayron qoldi! Bobosi sanagan bolta, cho'kich, to'qmoq, sumka — bularning barisi hovlining har joy-har joyida sochilib yotardi. Sigir, arava, echki bo'lsa, umuman, hovlining boshqa tomonida edi. Lekin bobo ularga qaramay, qo'li bilan ular turgan joylarni aniq ko'rsatib berardi.
Bobosi so'zida davom etdi:
— Mana sumkang, darsliklaring: gruzin tili, tarix kitobi… Yana nima qoldi? Shiming, ko'ylaging va oyoq kiyiming. Samtrediagacha yalangoyoq ketgin, bo'lmasa, bu oyoq kiyiming bilan uygacha yetib borolmaysan. Bo'pti, barisini olgin… Endi jo'nagin!
Kishvardi Lomjariya uning nevarasi endi temir qoziqqa, tomirlari yerning qa'r-qa'rigacha singib ketgan daraxtga aylanganini tushundi. Yer qa'riga ildizi chuqur ketgan bu tomirlarni oddiy nasihat va boshqa biror narsa bilan joyidan sug'urib olib bo'lmasdi. Boshqacha yo'l tutish kerak edi. Biroq qanaqa yo'l?
Kishvardi Lomjariya shuni tushunib yetdiki, uning nevarasi ikki avlodning shiddatkor, jangovar qoni gupurib turgan ikki tomonga zarb bilan tortilyapti. Uning qaysi biri ustun keladi? Ulardan qaysi biri g'alaba qozonadi? Qaysi qondoshlik g'olib keladi?
Kurashishni bunday ahvolda davom ettirish mumkin emas… Ulardan kimdir buni birinchi bo'lib, mardlik qilib to'xtatishi lozim. Bu yerda qoni qaynab, jo'shib turganda kimdir birinchi qadamni tashlashi kerak-ku axir.
Kishvardi Lomjariya bolaning buvisidan o'tib so'radi:
— Xo'sh, nimani kutyapsan? Sen bilan aytishishdan charchadim!
Bola bobosiga qo'rqa-pisa qaradi.
— Orqangga qarab o'tirmasdan, jo'na! Tushundingmi?!
Bobosidan qattiq xafa bo'lganligini va buvisining samimiy, mehribon ekanligini bola bir paytning o'zida tushunib yetdi. Ich-ichidan to'lib kelayotgan ko'z yoshlari ko'z oldini qop-qorong'i qildi. Boshi o'z-o'zidan pastgacha egilib qoldi. Bir og'iz so'z aytilmadi. Jimgina, xuddi arqonga bog'langan og'ir aravaday Choxataurining tuproq yo'liga burildi. Qarib, munkillab qolgan, boshdan-oyoq qora kiyingan buvisining ortidan ergashdi.
Kishvardi Lomjariya toshning ustiga borib o'tirdi-da, mis choygumida qachon suv qaynashini kuta boshladi.
Kishvardi Lomjariya olovga tikilgancha xayol surardi. Shu tariqa bema'ni xayollardan o'zini uzoqroq tutishga harakat qilardi. Yo'q, inson o'z xayollaridan qayoqqa ham qochib ketardi? Axir odam ojiz banda-ku… “Bolani bermasligim kerak edi… Keksa kampirning achchiq ko'z yoshlariga chidab turolmadim… Endi o'zim shu ahvolga tushib turibman. Keyingi hafta kampirnikiga boraman-da, bolani qaytarib berishini so'rayman. Agar bolani qaytarmasa, majburlab bo'lsa-da olib kelaman… Shunaqa deyman: “Sen mening avlodim davomchisi va qondoshimni olib qolishga qanchalik haqqing bor? Sen axir Xudo emassan-ku!” Ammo… u ham menga shunday so'zlar bilan javob qaytarishi mumkin-ku?! Axir men ham ojiz bandaman, bu yog'imdan u yog'im yaqin oddiy bir inson… Bola menga qanday rishtalar bilan bog'langan bo'lsa, unga ham xuddi shunday… Eh, odam bo'lish qanchalik qiyin… Yo'q, bo'lmaydi, keyingi hafta boraman-da, kampirning oyoqlariga yiqilaman. Yo'q, bir haftaga sabr qilolmayman… Ertagayoq tong saharda yo'lga otlanaman… E Xudo, tezroq tong ota qolsaydi!..”
Shularni o'ylab tosh oldida mis qumg'onda qachonlardir suv qaynashini kutib o'tirgandi, kutilmaganda eshik ochilib, boshini egib ostonada oyoq kiyimini yelkasiga tashlab olgan bolakay ko'rindi.
— Ey, Xudo, o'zingga shukur! — dedi bobo.
— Men qaytdim, — sekingina so'zladi nevara.
— Qaytishingni bilardim, — dedi bobo.
So'ng Kishvardi Lomjariya tog'oraga mis qumg'ondan issiq suvni quydi-da, nevarasining charchagan oyoqlarini uzoq yuvdi. Keyin uyga kirib, taxtada u yotishi uchun joy tayyorladi, o'zi esa kichkina xonasiga kirib ketdi…
Yarim kechasi cholni bolaning ovozi uyg'otdi:
— Bobo, siz bilan yotsam maylimi?
— Kel, nevaram, — deb chol devorga yaqinroq surildi.
Bola bobosini quchoqlab oldi.
“Bobomning badanlari muzlab qolibdi-ku, bechoragina bobom!” — o'yladi nevara.
“Bolaning qanaqa tafti bor!” — o'yladi bobo.
Biroz vaqt o'tgandan keyin bobo so'radi:
— Bilasanmi, seni nima tortib keldi?
— Yo'q!
— Men senga aytaman: qondoshlik seni men tomonga yetaklab keldi, mana nima! Qondoshlikday qudratli kuch yo'q dunyoda, nevaraginam!..
Kechasi ular boshqa bir og'iz ham gaplashishmadi. Hech narsa haqida o'ylamadilar ham, hech narsa haqida so'zlashmadilar ham.
Bobo va nevara shirin tushlar ko'rib uxlashdi…
Ikki tanada oqqan bir xil qon — mehr qoni o'yladi va gapirdi. Biroq u nima haqida o'yladi, nimalar haqida so'zladi? Qondoshlik. Bu haqda faqat yolg'iz Yaratgangagina ayon!..
Rus tilidan
Izzat AHMEDOV tarjimasi.
1So'z o'yini: Nodari erkakcha ism, Nadiri – vajohatli degani.