Yo'llar ochilmoqda, ko'ngillar ham…

Shu kunlarda dimog'imiz ancha baland. Bu gap o'zi Qirg'izistonda tug'ilib, O'zbekistonda o'qib, ishlab, umrguzaronlik qilib yurgan yurtdoshlarimizga ayniqsa taalluqli. Ha, gap kuni kecha Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov boshliq katta delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi haqida. Yuqori darajadagi qabullar bo'ldi, o'zaro hamkorlik doirasida olamshumul qarorlar imzolandi. Tashrif va qabullar, uchrashuvlar darajasi bo'yicha oliy maqomda, o'ta amaliy va ikki tomonlama samarali, umidbaxsh o'tdi. Vazirlar, tarmoqlar rahbarlari, deyarli barcha soha mutasaddilari o'z kasbdoshlari bilan uchrashdilar, hamkorlik rejalari imzolandi. Umuman, shuni mamnuniyat bilan ta'kidlash kerakki, O'zbekistonga tashrif buyurgan barcha davlat rahbarlari bu yurtdan quruq qo'l bilan qaytishmayapti.

Shu asnoda jahon miqyosida O'zbekistonga ishonch, amaliy hamkor sifatida qarash kuchaymoqda. Qirg'iz birodarlar bilan ham xuddi shunday bo'ldi, balki ziyo­dasi bilan. Kechqurun Toshkentdagi muhtasham Anjumanlar saroyida ikki xalq san'at ustalarining konserti olqishlar, qarsaklar, e'tiroflar ostida o'tgani alohida tahsinga loyiq.

Tadbirdan ko'tarinki kayfiyatda qaytarkanman, ko'z oldimdan ko'p voqealar o'tdi. Orada shunday davrlar bo'ldiki, ikki o'rtadagi munosabatlar tarang tortilib, bundan, eng avvalo, qondosh-jondosh, yaqinlari, qarindosh-­urug'lari, farzandlari chegaraning ikki tomonida bo'lganlar ko'p aziyat chekishdi. O'zimiz ham o'sha tarang vaziyatli kunlarning ko'p-ko'p sovug'ini yeganmiz. Namangan — Kosonsoyning shundoq biqinidagi Qirg'izistonning Ola-buqa tumaniga — ona yurtga borib kelish azobi ba'zan odamning xo'rliklarini keltirib yuborardi.

Bundan o'n yillar burun Ola-buqaning Safed Buloq degan muhtasham ona qishlog'imda otamiz bandachilikni bajo keltirdilar. Sovuq xabar yetib kelgach, yo'lga tushdik.

Shu o'rinda otamiz haqida ikki og'iz so'z: padari buzrukvorimizni vodiyda Ahmadxo'ja eshon deb e'zozlashardi. Islom diniga otashin muhabbatli, toza e'tiqodli odam edilar. Sovuq xabar yetib kelgach, ertaga bo'ladigan ta'ziya marosimiga yetib borish tashvishi hammasidan oshib tushdi. Chunki chegara masalasi mutlaqo muammoli, deyarli o'tib bo'lmaydigan darajada edi. Ikki chegarada ham o'tayotganlarga xuddi dushmandek qaralar, iloji boricha hujjatlaridan xato topib, qaytarib yuborish payida bo'linardi.

Nima emish, o'lganlik haqida uni tasdiqlovchi hujjat bo'lmasa, dod desangiz ham chegaradan o'tkazilmas ekan. O'sha hujjat rasmiy telegrammaga ilova qilinib, pochta orqali yetib kelsagina chegaradan o'tish mumkin ekan…

Dod deb yuboray deysan… Lekin eshitadigan odam yo'q. Aka-ukalar gaplashib, rayon markazidan shu qog'ozni olib jo'natadigan bo'lishdi. Faqat shu telegrammaga o'limni tasdiqlovchi tegishli hujjat ham ilova qilinishi kerak ekan. Toshkentdagi “Glavpoch­tamt”ga kelib, bu qog'ozlarni kutib o'tirish o'ta ayanch­­li, odamning xo'rligini keltirib yuboradigan holat edi. 3-4 soat o'tirdim. Telegramma yo'q. Ertalab janoza aytib qo'yilgan. Bir xayolim shartta yo'lga chiqib, chegaraning ovloqroq joyidan, sim to'rlar orasidan amallab o'tmoqchi bo'ldim. Lekin kuzatgani chiqqan yor-birodarlar qo'yib yuborishmadi. Kutish esa azob, nochorlik, noilojlik azobi edi.

Shu orada bu voqeadan xabar topgan andijonlik birodarlar ta'ziya izhor etib, telefon qilib qolishdi. Ahvolimni tushuntirib, “dod” deb yig'lab yubordim. Ular ko'ngil so'ragach, telegrammani Toshkentda kutib o'tirmay, hoziroq Andijonga qarab jo'nashni maslahat berishdi. “Telegrammani Andijonga yuborishsin, harna yo'l yaqin bo'ladi”, de­yishdi. Ukalarimga telefon qilib, Andijonga qarab jo'nadim. Yetib kelib, telegrammani ham olgach, chegaraga chopdim. Lekin oldimda yana bir to'siq kutib turardi: chegara ertalab soat 6:00 da ochilarkan… Noiloj qoldim. Oldinda uzoq tun kutib tursa-da, sheriklarimning qistoviga qaramay, ular bilan ketmadim, shu yerda qoldim. Xayriyat, rosa 6:00 da chegaradan birinchi bo'lib o'tib oldim. Xursand bo'lib ketdim. Qarang, o'zi ta'ziyaga ketayapman, lekin chegaradan o'tib olganimga xursand edim. Qiziq, odam hatto ta'ziyaga yetib borish uchun ham xursand bo'lib ketarkan?! Aslida, yig'laydigan holat…

Xudoga ming qatla shukurki, hozir chegaradan o'tish ilgarigiday tashvishli azob emas, aksincha, diydor, xursandchilik, salom-alik. Uzog'i bilan 5-6 daqiqada chegaradan o'tib olasiz. Xizmatdagi harbiy yigit pas­portingizga “tap” etib muhr uradi-da, “oq yo'l” deb kuzatib qo'yadi. Ikki chegaradagilar ham meni yaxshi tanishadi. Hazilakammi, qariyb 50 yildan beri shu yo'llarda umrim o'tayapti. Sharoitlar qulay, ortiqcha sansalorlik yo'q. Bir qiyinchilik bor edi, u ham, har nechuk, bartaraf bo'libdi. Namangandan Kosonsoy postiga o'tish ancha tepalikda, bir chaqirimcha yo'l. Yukingiz bo'lsa (tabiiyki, bo'ladi-da, axir qish­loqqa kelayapsiz-ku), yuk bilan yuqoriga chiqib borish qiyin edi. Xayriyat, yaqindan beri bir “Damas” qo'yilibdi. Keksalar, yuki borlarning joniga ora kirdi. Ba'zan shanba kuni yo'lga chiqib, dushanba kuni ertalab ishxonada hamkasblarga yo'ldagi mashhur non bozoridan olgan patirlarim, ayniqsa, qurutlardan tarqatsam, “Nima, qarindoshlar kelishdimi?” de­yishadi. “Shanba ertalab jo'nab, yakshanba kechqurun qayt­dim”, — deb maqtanib qo'yaman.

Shu kunlarga ham yetdig-a, azizlar! Ming shukur…

Ha, darvoqe, ishxonadagi kasbdoshim G'ulomjon Hakimov kuni kecha Issiqko'ldan telefon qilib qoldi. Har yili ulfatlari bilan yozda, ta'til paytida shu yerga borib dam olishadi.

— Yaxshi dam olayapsizlarmi? Kamchiliklar yo'qmi, ishqilib? – deyman mezbonligimga borib, yarim hazil, yarim chin ohangda.

— Zo'r! Maza qilayapmiz. Bu yerlar yildan-yilga obodonlashmoqda. Buni qarang, Qirg'iziston Prezidenti O'zbekistonga borgan kunlari shu yerda edik. Qirg'iz birodarlarimiz tashrifni televizorda tomosha qilib, xursandchilikdan qo'y so'yishdi. “Lekin oshni o'zingiz damlaysiz”, deyishdi. Bajonidil rozi bo'ldim. Shunaqa bir osh damlabmanki, osh chempionatida birinchi o'rinni oladigan palovxonto'ra bo'ldi, – dedilar u kishi quvonib. Yana: “Rahmat, rahmat!” deb qo'ydilar.

Xursand bo'lib ketdim. Darvoqe, rahmat nimaga?!

Nazarimda, shu yurtning farzandi ekanligimga, shu yurtga, uning mehmondo'st xalqiga, elparvar Prezidentimizga aytilgan rahmat edi bu!

Ahror AHMEDOV,

“Sharq” nashriyot-matbaa

aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 11 =