Sen o'zingni uyg'otgil, uyg'ot!

Muallif haqida:

Sayyora SAMANDAR — O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, “Shuhrat” medali sohibasi.

Muallifning “Sizga aytolmagan so'zlarim”, “Ko'nglim”, “…Va yana bahor”, “Ozodlikdek baxt yo'qdir”, “Faqat ishq…”, “Mening haqiqatlarim” nomli to'plamlari chop etilgan.

 

                           33 YIL

Jam bo'lib agar musht tugilgay,

Yurakda jasorat tug'ilgay,

Bedorlik oliy baxt tuyulgay,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Baxt, omad osmondan tushmagay,

G'ofilni hech tole quchmagay,

Gar jammiz, baraka uchmagay,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Qadim bu zaminning bag'ri qon,

Qonga-qon talashdi, jonga-jon,

Ona yurt — yurakda mangu shon,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Kubroning dodidir bu Vatan,

Boburning oridir bu Vatan,

Har kimning zoridir bu Vatan,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Vatansiz yurt bo'lmas, el bo'lmas,

Ayo do'st, sharafsiz er bo'lmas,

Egasiz bir qarich yer bo'lmas,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Osonmas elni el qilmoq ham,

Jonni ming bo'lakka bo'lmoq ham,

Har kimning dilini bilmoq ham,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Yuksalgay insonning gar qadri,

Yurakdan arigay gar dardi,

Demakki, millatning bor mardi,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

O'zbeksiz jahonmas bu jahon,

To'liqmas hayhotday kahkashon,

Sen-u men, barchamiz biz, ishon,

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz,

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

Birlashgan o'zgani o'zdirmas,

O'zini pardayin to'zdirmas,

Yozganim shunchaki so'zdirmas:

Bir bo'lsak, yagona xalqdirmiz!

Birlashsak, Vatanmiz, yurtdoshim!

 

 

* * *

To bahor yetguncha senga

Men bahor o'ldim, elim,

Yangi kun kelguncha senga,

Xush nahor o'ldim, elim.

 

Yo giyoh-u maysa o'ldim,

Hol so'rab, berdim ko'ngul,

Sen agar yor istadingki,

Men shu yor o'ldim, elim.

 

Qor-qirovda yuzlaringga

Yuz qo'yib, o'ldim madad,

Na fasl ochsa yuzini,

Bir xumor o'ldim, elim.

 

Sen so'ra holimni endi,

Endi sen ko'nglimni ol,

Ham kuz-u ham qish ichinda

Misli xor o'ldim, elim.

 

Barg yozib, bog'u chamanlar

Barq urib ochgay chiroy,

Toki yaproq yozgunicha

G'amga dor o'ldim, elim.

 

Men sening qoshingda o'ldim,

Endi sen qoshimda qol,

Xush iforing bo'ylaridan

Baxtiyor o'ldim, elim.

 

Olam ichra keldi ko'klam,

Qolmadi hech ish manga,

Ahli oshiq yona ketdim,

Ishqi zor o'ldim, elim.

 

To bahor yetguncha senga,

Men bahor o'ldim, elim…

 

 

* * *

Maysa o'zin uyg'otib bo'ldi,

Novda ko'zin uyg'otib bo'ldi,

Tuproq so'zin uyg'otib bo'ldi,

Sen o'zingni uyg'otgil, uyg'ot!

 

Adirlarga jon kirdi, qara,

Tog' yuziga qon kirdi, qara,

Dala-dashtga shon kirdi, qara,

Sen o'zingni uyg'otgil, uyg'ot!

 

Oyog'ingdan g'aflat olmasdan,

So'ng ming bitta ko'yga solmasdan,

Bo'g'zingda so'z uxlab qolmasdan,

Sen o'zingni uyg'otgil, uyg'ot!

 

Sabolarga yuzlaringni tut,

To'rt ming to'rt yuz so'ngagingni turt,

Uyg'oqlarga muhtojdir bu yurt,

Sen o'zingni uyg'otgil, uyg'ot!

 

Tomirlaring to qotmay turib,

Umring ufqi to botmay turib,

Seni o'zga uyg'otmay turib,

Sen o'zingni uyg'otgil, uyg'ot!

 

O'ZBEG-U QOZOG'IM, 

QON-QARDOSh ELIM!

Buyuk tamaddunni yoritgan zamin,

Ne-ne daholarni yaratgan zamin,

Olam uzra urfon taratgan zamin,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Bir azim daryodan suv ichgan bu el,

Boshiga ne kelsa, bir kechgan bu el,

Har mushkul tugunni bir yechgan bu el,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Hikmat ummonida ziyo sochgan dur,

Ahmad Yassaviydan yorishgan shuur,

Ozod bo'lgay inson, millat bo'lsa hur,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Navoiy nazmida yuz ochdi dunyo,

Abayning dilida so'z ochdi dunyo,

Ilm-u ma'rifatdan ko'z ochdi dunyo,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Ma'rifat chirog'in yoqdi jadidlar,

Armon ummonida oqdi jadidlar,

Cho'lpon, Fitrat, Cho'qay, Mag'jon… shahidlar,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Elning dardin aytdi ul Bazar baxshi,

Shoberdi baxshi-yu Qalandar baxshi,

Oqin-u baxshisi millatning naqshi,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Turonim! Kubrosi oh urgan tuproq,

Manguberdilari ot surgan tuproq,

Sirim botirlari jon bergan tuproq,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Xivam! Ma'mun nuri taralgan makon,

Ko'hna minorlardan yangrab turgan shon,

Mangu ogohlikdan bong urgan oshyon,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Sherg'ozixon madrasasi sochgay nur,

Piryoyvaliy maqbarasi sochgay nur,

Baland tole, martabasi sochgay nur,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Beshigida avliyolar yotgan yurt,

Boqirg'oniy hikmatlarin aytgan yurt,

Beket ota qadamlari yetgan yurt,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Bo'g'zim ichra jamol ochgan so'z elim,

Jonim ichra jonim mening, o'z elim,

Jigarim, bovurim, qaro ko'z elim,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Bitta el, bitta dil, tanti va jo'mard,

Inson qadri uchun maydon uzra mard —

Shavkatli sarbon bu, bu — Qosim-Jo'mart,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

 

Jaloliddin nomus, orida Vatan,

Komiljon, Ortiqning torida Vatan,

Erkin Samandarning zorida Vatan,

Sayyoraning jismi, borida Vatan,

O'zbeg-u qozog'im, qon-qardosh elim!

* * *

Balki baxtiyormiz, xabarimiz yo'q.

                                   (Ramiz Ravshan)

 

Goho yaproq misol titragan jonmiz,

Goho lashkar kabi jamlangan shonmiz,

Lahza ichra shod-u g'amgin bir onmiz,

Balki ishqqa yormiz, xabarimiz yo'q.

 

Ba'zan nam bosadi ko'zlarimizni,

Ba'zan g'am bosadi so'zlarimizni,

Qo'yarga joy topmay o'zlarimizni,

Balki dilga zormiz, xabarimiz yo'q.

 

Gulga do'nar birda qayg'ularimiz,

Kelmay qo'yar birda uyqularimiz,

Mudrab qolar yoxud tuyg'ularimiz,

Balki yo'qmiz, bormiz, xabarimiz yo'q.

 

Dilim, uzoq emas balki osmon ham,

Yer ham qattiq emas hali chunon ham,

Balki yo'qdir asli na armon, na g'am,

Balki baxtiyormiz, xabarimiz yo'q!

 

 

* * *

Sendan nolimadim biron marta ham,

G'olib turib berdim sinov kelgan dam,

Tugar bo'lsa bir kun umr degan sham —

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim.

 

Yozsam, yozdim faqat senda borini,

Lola misol yoydim qalam zorini,

Olam ko'rdi beshak shoir orini —

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim.

 

Ko'ksimga bolamday bosdim so'zimni,

Otamning yuziga bosdim yuzimni,

Aldamay yashadim o'zim o'zimni —

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim.

 

Bilmadim yolg'ondan aslo kulmoqni,

Kimsaning qalbiga nayza urmoqni,

Epladim oyoqda tikka turmoqni —

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim.

 

Gullarning bargiga yozdim ismingni,

Tonggi shabnamlarga chaydim jismingni,

Ko'zim qarosiga chizdim rasmingni —

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim.

 

Dunyoga yetmadi mendan zarra gard,

Etmadi na ozor, na sitam, na dard,

(Agar arta olsang, ko'z yoshimni art…) —

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim.

 

Samoni titratib urgan nolam bor,

Bo'g'zimda gullagan ko'hna olam bor,

Menday bir shoirni tuqqan Onam bor!

Meni jannatlarga eltib qo'y, dilim!

 

 

 

JADIDLAR KELYaPTI,

JADIDLAR!

 

Ilm ummonida dur, sadaflarim,

Millat oydinlari, sha'n-sharaflarim,

Sizdan sado berar to'rt taraflarim:

Jadidlar kelyapti, jadidlar!

 

Dillarda oftobday porlab otgali,

Dunyoga munosib so'zni aytgali,

O'zlikka! O'zlikka! O'zga qaytgali,

Jadidlar kelyapti, jadidlar!

 

Aytgani bekor deb o'ylamasinlar,

O'zga devoriga bo'ylamasinlar,

G'animlar safsata so'ylamasinlar,

Jadidlar kelyapti, jadidlar!

 

O'zbekning ma'rifat bayrog'i bordir,

Muqaddas tuprog'i yurakda ordir,

Shubha qilganlarning oxiri xordir,

Jadidlar kelyapti, jadidlar!

 

Uyg'onish fasli bu! G'ururga to'lib,

Cho'lpon, Nosir bo'lib, sururga to'lib,

Yangi O'zbekiston jadidi bo'lib,

Jadidlar kelyapti, jadidlar!

 

Shuur uyg'onmoqda, bunga shohidman,

Bo'lsam, ma'rifatga qurbon, shahidman!

Bobom jadid edi, men ham jadidman!

Jadidlar kelyapti, jadidlar!

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 1 =