Ulug'lik zakovat bor joyda bo'ladi

Yusuf Xos Hojib bobomizning: “Zakovat bor joyda ulug'lik bo'ladi, bilim bor joyda buyuklik bo'ladi” degan so'zlari bor. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda: “Harbiy ta'lim va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy o'zligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish barchamizning eng muhim vazifamizdir”.

Mamlakatimizning qudratli va ishonchli tayanch hamda qalqoni — sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimizning tinch hamda osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo'lgan Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor vazifadir.

Askar va ofitserlarimizning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati, vatanparvarlik fazilatlarini oshirishda ta'limning o'rni beqiyos.

So'nggi 5-6 yilda zamonaviy oliy harbiy ta'lim tizimi hamda bir qator harbiy ta'lim muassasalari tashkil etilib, kursantlar va magistrlarni o'qitishning yuqori tarmoqli parametrlari yo'lga qo'yildi. Aytish joizki, Qurolli Kuchlarning qo'mondonlik zobitlarini tayyorlash hamda mudofaa qurilishi sohasida milliy ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish borasida dadil qadamlar tashlandi.

Bu borada O'zbekiston Res­publikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi g'oyat muhim lokomativ o'rnini egallab kelmoqda.

Akademiyada ta'lim jarayonining sifatini oshirish maqsadida kredit-modul tizimiga o'tish amalga oshirilmokda. Zamonaviy jangovar harakatlarning o'ziga xos xususiyatlari, ilg'or xorijiy tajribalar asosida yangilangan malaka talablari hamda o'kuv-reja va dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Qo'shinlarda axloqiy-ruhiy holatni mus­tahkamlash, barqaror, sog'lom jangovar-raqobat muhitini yaratish maqsadida bakalavr yo'nalishida “Harbiy psixolog”larni tayyorlash yo'lga qo'yildi. Kursantlarda vatanparvarlik tuyg'usini oshirish va kasbiga sodiq harbiy xizmatchi sifatida tarbiyalash maqsadida yangi o'quv yilidan boshlab “Milliy va jangovar ruhni shakllantirish uslubiyoti” fani kiritildi.

Qolaversa, kursantlarda komandirlik sifatini oshirish, murakkab sharoitlarda nostandart va bo'linmani g'alabaga boshlovchi qarorlarni qabul qilish bo'yicha ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida 1 haftalik ikki tomonlama kompyuter qo'mondonlik shtab o'quvini o'tkazish yo'lga qo'yildi.

Magistraturaning 1-bosqich tinglovchilari bilan zamonaviy jangovar harakatlarning o'ziga xosligidan kelib chiqib, har xil mavzularda ikki pog'onali ko'mondonlik shtab o'quvi modellashtirish va simulyatsiya vositalarida o'tkazilishi amaliyotga tatbiq etildi.

Kursantlarning turli ekstremal vaziyatlarda jon saqlab qolish bo'yicha ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida bakalavr darajasidagi barcha ta'lim yo'nalishlari uchun 6 haftalik yashovchanlik kurslarini o'tkazish amaliyoti yo'lga qo'yildi.

Shuni ta'kidlash kerakki, kursantlarning jismoniy tayyorgarligini yaxshilash maqsadida xorij tajribalari o'rganilib, kelgusida ularni jismonan baquvvat qilib shakllantirish, chidamlilik, chaqqonlik, tezlik kuch va sifatlarini oshirish maqsadida “Jismoniy tayyorgarlik” fani uchun ajratilgan umumiy o'quv yuklama vaqti 180 soatdan 360 soatga oshirildi. Kursantlarning harbiy-amaliy sportning jangovar sambo, armiya qo'l jangi, “Krossfit” zamonaviy turlari bilan shug'ullanishi yo'lga qo'yildi. Shu ma'noda funksional ko'pkurash federatsiyasi bilan hamkorlikda akademiya kursantlari uchun “Krossfit” sport to'garagi faoliyati ish boshladi.

Joriy yilning fevral-mart oylarida Akademiyaning 19 nafar professor-o'qituvchilari Davlat boshqaruvi akademiyasining “Boshqaruv psixologiyasi va menejment” kurslarida tahsil oldi.

Kelajak avlod hamisha e'tiborimizda. Inchunun, Farg'ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-­akademik litseyida ochilgan “Akademiya guruhi” o'quvchilari bilan akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan qo'shimcha fakultativ mashg'ulotlarni tashkil etish dasturi ishlab chiqilib, unga muvofiq har oyda onlayn mashg'ulotlar o'tkazilmoqda

Aytish joizki, 2023 yil — “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da bizda ham uchta so'zdan iborat shior qabul qilingan. Bular — sifat, samara va natijadorlik. Har bir qilingan harakatning natijasi va samarasi sifatga bog'liq bo'ladi. Mana shu sifatni esa yaxshi ta'lim olgan yetuk kadrlar ta'minlaydi. Muhtaram Prezidentimiz ma'rifatparvar jadid bobolarimizning so'zlari bilan e'tirof etgani kabi “Najot – ta'limda, najot– tarbiyada, najot – bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.

Alohida ta'kidlash joiz, O'zbekiston Respub­likasi Prezidentining 2022 yil 23 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori bilan akademiyamizda harbiy kadrlarni tayyorlashning yangi davri boshlandi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

“Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug' deb biladigan, hamisha boshiga ko'tarib e'zozlaydigan ma'rifatparvar xalq farzandlarimiz.

Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo'lsa, ularda qadrdon o'qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi”.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bu so'zlari meni, ayni paytda Akademiyamiz jamoasini juda to'lqinlantirib yubordi. Darhaqiqat, akademiyamizda  “Milliy iftixor, burchga sadoqat va jasorat” tamoyili asosida professor-o'qituvchilarning tajribalaridan kelib chiqib, “Ustoz – shogird” tizimi joriy etilgan, 2022-2023 o'quv yili mobaynida tajribali professor-o'qituvchilar kursantlarga biriktirildi. Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakultetining 1-, 2-bosqich tinglovchilari 2-4 bosqich kursantlariga biriktirildi hamda ular bilan reja asosida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Katta tajribaga ega ofitserlar – polkovniklar Sh.Duschanov, F.Norgitov hamda boshqa ustozlar kursant va tinglovchilar bilan har haftada davra suhbatlari va uchrashuvlar o'tkazishmoqda. “Ustoz-shogird” an'analariga asosan 30 dan ortiq “mahorat” va “milliy iftixor” dars­lari o'tkazildi. Bu kabi tadbirlarda 40 ga yaqin ibrat-namuna ko'rsatayotgan professor-o'qituvchilar va polkovniklar faol qatnashmoqdalar. Chunonchi, R. Yusupov, A.Ortiqov, M.Raxmatullayev, T.Yuldashev, F.Kamilov, R.Ahmadaliyev, Q.Xudoyberganovlar shular jumlasidandir.

Zotan, buyuk ma'rifatparvar Abdulla Avloniy aytganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Demak, barcha ezgu maqsadlarga erishish yo'lida biz bor imkoniyatlarimizni ishga solib, kursant va tinglovchilar bilan amalga oshirilayotgan har bir mashg'ulot yoki ma'naviy-ma'rifiy tadbirga jamiyatimiz saodatining asosiy sharti sifatida chuqur yondashsak, biz albatta, harbiy kadrlar tayyorlashda sifat, samara va natijadorlikka erisha olamiz.

Muhiddin UMAROV,

O'zbekiston Respublikasi

Qurolli Kuchlari akademiyasi

boshlig'i o'rinbosari,

polkovnik

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + four =