Kitob — ilmu hikmat, bitmas xazina

yoxud festivaldan keyingi mulohazalar
Oltin kuz oltinlashib borayotgan shu kunlarda kitob yozishga, kitob o'qishga, kitob sotishga, kitob olishga mehr berganlar mashvarati — “Bitmas xazina” kitob festivali bo'ldi. Katta bayramga aylanib ketgan anjumanda davlat va jamoat, san'at va ma'naviyat arboblari, ilm-ma'rifatga, adabiyotga xizmat ko'rsatib nom qozongan olimlar, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar, noshirlar, kitob savdosi xodimlari ishtirok etdilar.
Bo'stonliqning tabiati go'zal, havosi toza, odamlari mehnatkash. Bu go'shaning subhidamida ijod ahli ilhomi uyg'onadi. Yil sayin iqlimi quruqlashib, havosi og'irlashib borayotgan poytaxtning diqqinafasliklaridan zada bo'lib turganingizda, bag'rida bog'lari bor tog'lar qo'ynidagi “Green Hills Resort” dam olish maskaniga kelib qolishning o'zi bir ne'mat.
Festivalni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ochib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev adabiyotimizga, ijodkorlarga, noshir va kitobxonlarga, tarjimonlar va matbuot vakillariga munosib shart-sharoitlar yaratishni davlat siyosati darajasiga olib chiqqanligi va bu g'amxo'rlikning ahamiyati hamda ijobiy natijalari haqida gapirdi.
Tadbirni o'tkazishga mas'ul bo'lgan idoralar nomidan so'zga chiqqanlar festival doirasida tashkil etilgan “Bitmas xazina” kitob ko'rgazma-yarmarkasining ahamiyati va boshqa axboriy chiqishlari bilan yig'ilganlarga ma'lumotlar taqdim etdi.
O'zbekiston Qahramoni, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, adabiyotshunos olim va mohir tarjimon Ibrohim G'afurovning donishona nutq irod etishi sharofati bilan yig'ilganlar vujudiga nur kirib kelganday bo'ldi, ko'z o'ngimizda adabiyot salohiyati baland tog'lardek gavdalandi. Ayniqsa, Prezidentimizning dunyoga mashhur muhaddis, hadis ilmi olimi Iso at-Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash bo'yicha qabul qilgan qaroridan ustozimiz Ibrohim G'afurov qanchalar quvonganini va Termiziy hadislari mazmun-mohiyati, hadisi shariflarning nafaqat islom olamiga, balki butun insoniyat uchun boqiy ahamiyatga ega ekanligi haqidagi orifona xulosalarini tinglab o'tirib, qalbimiz ilohiy malham olganday huzurlandi.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari, Oliy Majlis Senati a'zosi Minhojiddin Mirzo festival ishtirokchilariga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oliy Majlis senati a'zosi Sirojiddin Sayyidning tabrigini yetkazdi. Tabrik so'zini kitob ahliga atab yozgan o'zining quyidagi she'ri bilan yakunladi:
Olis-olislardan nur taftin ilg'ab,
Talpingan oqqushday najot-oftobga.
Zakiy bobolarning hikmatin tinglab,
Kitobga qaytayapmiz, shukur, kitobga.
Jaholat sharpasin dildan quvguvchi,
Ka'baday Haq kulib turgan mehrobga.
Ko'ngil zanglarini nur-la yuvguvchi
Kitobga qaytayapmiz, shukur, kitobga.
To'g'ri, savodimiz kitob-la chiqar,
To'g'ri, beshik asli bizga maktablar.
Lekin Navoiyni anglashi uchun
Asl navolardan yiroq yuraklar.
Jazm etib eng ulug' ilmu savobga
Kitobga qaytayapmiz, do'stlar, kitobga.
Hayotning har kuni imtihon, so'rov,
Yurak shaymi, deya bu kun javobga.
Ko'ngil g'unchalarin bosmasdan qirov
Kitobga qaytayapmiz, shukur, kitobga.
U bilan bandidur nafsu razolat,
Har sahifa baxsh etur dilga halovat.
Bir butun koinot dars olur betin
Kitob bergan kuchga aytib salovot.
Temuriy bobolar bitgan nomalar,
Ne qoldirmish bizga asriy xomalar.
Ibn Sinolarni ko'kka ko'targan
Axir ul Buxoriy kutubxonalar,
Ne baxt, yuraklarda bitib shonalar
Kitobga qaytayapmiz, shukur, kitobga.
Nur ko'ksiga eltar yo'lakka qaytdik,
Asl nurnomalar — tilakka qaytdik,
Kitob-la shuurda quyosh uyg'onib,
Nafs mulkiga emas, yurakka qaytdik.
Yana bir o'y o'tdi so'zim so'ngida,
Kitob tutgan onam ko'zim o'ngida,
Dilga orom bergan totlarga qulluq,
Bizga kitob tutgan zotlarga qulluq!
“Uzreport TV” telekanalini ziyo maskaniga aylanib borayotgan dargohga qiyoslagim keladi. Ayniqsa, “Bitmas xazina” kabi loyihalar odamlar moddiyat qudratidan sehrlanib, ko'zlar esa zebu zarlar ziynatidan pardalanib borayotgan bugungi davrda bunday ko'rsatuvlarning qadri balandlashib boraveradi.
Dam olish maskanining majlislar zalida “Mualliflik huquqi va tarjima masalalari”ga bag'ishlangan konferensiyada, “Noshirlik ishi, yozuvchilar bilan hamkorlik” mavzusidagi davra suhbatida intellektual mulk, mualliflik huquqi va tarjimachilik bo'yicha mamlakatimizda amal qilib turgan qonun hujjatlariga vakolatli idoralar vakillari tomonidan tushuntirishlar berildi.
“Xalqaro tajriba: adabiy agentlik va mesenatlik faoliyatlari” mavzusiga bag'ishlangan davra suhbatida noshirlar va mualliflar uchun muhim masalalar yechimlari topiladigan huquqiy manbalar haqida ma'lumotlar berildi. Ishtirokchilar elektron noshirlar tomonidan 800 dan ortiq ovozli kitoblar tayyorlangani, adabiy agentlik va mesenatlik faoliyati mamlakatimizga kirib kelgani va ularning huquqiy asoslari hamda jahon tajribasida sinovdan o'tgan bunday usullar orqali ijodkorlarning aqliy mehnati qanday mezonlarda baholanishi to'g'risida mutaxassislar fikrini eshitishdi.
Ijodkorlar bor davrada she'rlar o'qish qadim-qadimdan qolgan meros. Shoiri zamon yozgan she'rini o'qiganida eshitganlar bir yayrasa, o'zi ming yayraydi. Iymon-e'tiqod bilan yozilgan she'r o'qilgan davraga ilmu hikmat, fayzu farog'at kiradi. She'r tinglagan vujudga ilhom parisi mo'ralaydi. Bugun ham shunday bo'ldi. Davrada O'zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a'zosi Mahmud Toir she'r o'qiganida, chehralar yorishib ketdi, yig'ilganlar qalbiga ijodiy ruh kirib keldi…
Shu o'rinda andak bolalikka qaytgim keldi. Otam rahmatli Kenjaboy Qirg'izboyev O'shning Aravonidagi qishloq maktablarida o'zbek tili va adabiyoti fanidan ellik yildan ortiq o'qituvchilik qilgan. O'zi yozgan hikmatli she'rlarini o'qiganida, baxtiyorligidan bolalardek beg'ubor sevinib ketadigan shoir edi, el ardog'idagi domla edi. Bolalik chog'larimda boshim og'rib qolsa, “Go'ro'g'li”, “Kuntug'mish” dostonlarini o'qib berardi. Orom olib, og'riq qolib uxlab qolardim. Anglab yetganmanki, iymonli shoirning e'tiqod bilan yozgan she'ru dostonlari ham Qur'on oyatlari kabi shifobaxsh ekan. Otam “qush uyasida ko'rganini qiladi” deb aytaverardi, deyaverardi. Anjumanga kelgan ijodkor do'stlarimdan: “Kitob o'qishni kimdan o'rgangansiz?” deb so'rasam, biri otamdan, biri onamdan, biri esa tog'amdan, yana biri opamdan o'rganganman deydi. Qarindoshlarga kitob o'qishni o'rgatish ham inson uchun infoq-ehson, zurriyotlariga silai rahm qilganday savob ish ekaniga aminman. Menga kitobga muhabbat otamdan meros.
Atrofimizda umrini kitob o'qib, kitob yozishga, ilm olib, ilm berishga bag'ishlagan, quvvai hofizasi kuchli, zehnu zakosiga havas qilsa arzigulik insonlar ko'p. Shulardan biri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi, taniqli adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinovdir. Uning aytishicha, kitob o'qing deb buyurish — yaxshilikka buyurishdir. Kitob o'qish ilm olishdir. Kitob ilmga yaqinlashtiradi, ilm esa insonni olim qiladi. Olim esa Allohga yaqinlashadi.
Toshkent viloyatida ham umrni kitobga bag'ishlaganlardan biri Ohangaronning Quramasida tug'ilib, ijod qilgan, sakson yetti yoshli Barot Isroildir. U o'nlab kitoblar yozgan, yuzlab she'rlari taniqli hofizlar tomonidan qo'shiq qilib kuylangan, minglab kitoblar yiqqan el ardog'idagi shoir. U Mirtemirning so'nggi shogirdlaridan biri. Umr bo'yi yiqqan o'n mingdan ortiq kitoblari uchun tug'ilib o'sgan Toshsoy qishlog'ida o'z mablag'lari hisobidan ikki qavatli kutubxona qurgan. Bu ma'rifat uyiga qo'shni qishloqlardan ham o'quvchilar kelib kitob o'qib ketishmoqda.
Mavridi kelganda, zzgu amallari bilan elga tanilgan, kitobsiz hayotini tasavvur qila olmaydigan, elu yurti, Piskenti uchun jon fido insonlardan biri — yetmish besh yoshli Abdunabi Siddiqovdir. Garchi kasbi irrigator bo'lsa-da, ochilmay yotgan tarix sirlarini qidirishga yigirma yildan ortiqroq vaqt sarfladi. U “Ohangaron (iloq) vohasi va Piskent tarixidan lavhalar” nomli kitobini yozib, 2018 yilda chop ettirdi. Mana sizga ibrat maktablarining ibratli muallimlari, mana sizga zamonamizning hazrati insonlari! Mana sizga adabiyot ziyolilari! Ular haqida yozilajak ocherklarimiz, bitilajak kitoblarimiz bor.
* * *
Kezi kelganda yana bir mulohaza: keyingi yillarda respublikamizda bo'lgani kabi viloyatlarda ham kitob festivallari, asarlar taqdimotlari, ijodiy kechalar, ma'naviyat targ'ibotchilarining tadbirlari tez-tez o'tkazilmoqda. Bunday tadbirlarning ahamiyati katta, ammo ta'sir kuchi va samaradorligi qanday bo'layotir? Ushbu anjumanga tinglovchilar taklif etishga mas'ul bo'lgan tashkilotchilar xo'jako'rsin uchun ish qilganga o'xshaydi. “Bitmas xazina” kitob festivali doirasida o'tkazilgan “Xalqaro tajriba: adabiy agentlik va mesenatlik faoliyatlari” mavzusidagi konferensiyaga viloyatning shahar va tumanlaridagi ma'naviyat bo'limlari hamda maktablarning ma'naviyat sohasida ishlaydigan vakillari taklif qilinibdi. Ularning amaliyotida bu mavzu dolzarb emasligi, lo'nda qilib aytganda, qiziqtirmasligi sababidan tinglovchilardan ayrimlari tadbir davomida esnab o'tirishdi, hatto uxlab ham qolganlari bo'ldi. Bu holat esa minbarda jon kuydirib so'zlayotgan O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurovning haqli ravishdagi tanbehlariga sabab bo'ldi. Festival kun tartibidagi mavzuga mos kelmaydigan tinglovchilar olib kelingani bois, ulardan birortasi fikr bildirish u yoqda tursin, mutaxassislarga savol ham berishmadi. Toshkent viloyatida kitob yozish ishqida yonayotgan yuzlab ijodkorlarni bilamiz. Ularning ko'pchiligi yozgan asarlarini nashr ettirishga mablag' ham, homiy ham topa olmay boshlari qotib yurishibdi. Hisobot uchun olib kelingan tinglovchilar mehmon adiblar ko'z o'ngida, sovg'a uchun kitob tarqatilayotganda odob va madaniyat me'yorlaridan chetga chiqib ketishdi. Bunday ko'ngilsiz holat oy yuzidagi dog'ga o'xshab turardi.
Unutmaylik, zamon juda rivojlanib ketgan. Bugun eski haybarakallachilik uslublari bilan ijodiyotda yuqori manzillarni zabt etib bo'lmaydi. Qaysidir pog'onadagi rahbarlarning masala mohiyatini anglashga layoqati yetishmasligi oqibatida katta mablag' sarflab o'tkazilayotgan festivallar samaradorligi pasayib ketmasligi kerak.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida ta'kidlaganlaridek, havas qilsa arzigulik buyuk adabiyotimiz, albatta, paydo bo'ladi. Sportda bo'lgani kabi adabiyotda ham olamshumul asarlar yaratilishiga ishonchimiz komil. Yuksak marralarni qo'lga kiritish uchun ijodkorlaru tarjimonlarning, noshirlaru muharrirlarning, adabiy agentlaru mesenatlarning intellektual salohiyati yuqori va zamonaviy andozalar darajasida bo'lsa qanday yaxshi! Kitob festivalining maqsadi ham shu!
Eslatib o'tamiz, kitob festivali AOKA, “UzReport TV” telekanali, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligi, Milliy kutubxona, Xalq banki, “Green Hills Resort” dam olish maskani hamkorligida tashkil etildi.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, publitsist.