Qalbimizga bir nazar

Rivoyat qilishlaricha, bir ulug' odamning xotini juda yomon ayolligini hamma bilarkan. Lekin u kishi bu haqda hech kimga shikoyat qilmas ekan. Ulug' insonning sabr-qanoatiga hayron qolganlar oxiri so'rashibdi:
— Ayolingizning fe'lu atvori chidab bo'lmas darajada yomonligini hamma biladi-yu, bu haqda hech gapirmaysiz. Dilingizni yorsangiz, yengil tortasiz…
— Men nima uchun boshqalarga o'z xotinimdan shikoyat qilishim kerak? — deb so'zlovchining gapini bo'libdi u.
Lekin uning oilasi baribir buzilibdi, er xotinidan ajralishga majbur bo'libdi. Odamlar juda qiziquvchan-da, yana uning og'zini poylashibdi. Ammo javobini bergandan keyin ham u ayol haqida lom-mim demasmish.
— Avval xotiningiz bo'lgani uchun barchaga ma'lum yomonliklaridan ham og'iz ochmasdingiz. Endi u sizga begona, qutulganingizga shukur qilib gapirmaysiz ham…
Odamlarning bu luqmasiga dono inson:
— Men nima uchun o'zimga begona bo'lgan ayol haqida nojo'ya so'z aytishim kerak? – deb javob bergan ekan.
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xuddi kinofilmdek namoyish etilayotgan eri Rossiyaga ishlash uchun ketgan yosh ayolning begona erkak bilan zino qilgani voqeasi… boshqalar nima deydi, bilmayman, nazarimda, biz – ayrim kattalarning ham qalbidagi illatlarni ochib qo'ydi.
Avvalo, hayot tajribasi boru yo'q bo'lgan turli yosh, turli toifa vakillari to'siqlarsiz ochib ko'rishi mumkin bo'lgan ijtimoiy tarmoqqa yosh ayolning yotoqxonasida deyarli yalang'och o'tirgan erkakni asosiy ob'yekt qilib ko'rsatish axloq-hayo qoidalarimizga umuman to'g'ri kelmaydi. Kimdir bu holatni: “Mana shunday buzuqlarni sharmanda qilib ko'rsatish kerak”, degan fikrda bo'lsa… Milliy qadriyatlarimizda hatto otalarning o'z qizlari, aka-ukalarning tug'ishgan opa-singillari yonida ichki yoki kalta-kulta kiyimlarda yurishi ham oqlanmaydi. Zero, bunaqa oriyatsizlik qizlaru ayollar ko'zidan, qalbidan andisha, nomus pardasini ko'taradi. Betini qotiradi.
Videolavhadagi gap-so'zlar ichida “Biz uni o'zimiz poylab yurgandik… Mana endi tutib oldik” degan gaplar eshitiladi. Yon-atrofingdagi odamlarga bunday munosabat yo'ldan ozayotgan, noto'g'ri qadam bilan jar yoqasiga yaqinlashayotgan, bilimsizligi yo boshqa sabab bilan sog'ligi, tinchligi, boyligi, obro'yini yo'qotib borayotgan kishiga nisbatan: “Qani, kutib turaylik, nima ahvolga tusharkin. Keyin boplab adabini beramiz yoki tomoshasini ko'ramiz”, degan kabi emasmi? O'zigayu boshqalarga yaxshilik istaganlar xato, kamchilik, yomonlikni ko'rgan, sezgan zahoti uni yo'qotishga, maddalab ketmasligiga ta'sir qiladilar, kerak bo'lsa, yordam beradilar. Bu, inshoolloh, tarozuda tosh bosadigan bag'rikenglikning, shafqatlilikning, insonsevarlik, millatsevarlikning ifodasi bo'lgan fazilatdir. Axir, yomonlik, bid'at, buzuqlik, buzg'unchilik kabi illatlar jamiyatda barham topishi uchun hamisha kurashga tayyor bo'lmagan qalbning o'zi bu g'illu g'ashliklardan ozoda, deb aytish mumkinmi?
Videodagi ovoz, muhokamalardan gunoh sodir bo'lgan xonaga shu oila a'zolaridan tortib qo'shniyu qarindoshlar vakillari ham yig'ilgani bilinib turibdi. Voqeada ishtirok etayotgan ichki ishlar xodimining ko'z o'ngida odamlardan biri zinokorni urib ketdi, huquq-tartibot idorasi xodimi bunga hech qanday munosabat bildirmadi.
Yana… eng ko'p o'ylantirgan, to'g'rirog'i, alam qilgan jihati… Keyingi bir yil ichida ichki ishlar xodimlari tomonidan tutib olib qamab qo'yilgan (aniq sababi ularning o'zi bilan tuproqqa ko'mildi) bir necha fuqarolarning o'ligi chiqdi. Ulardan birgina misol: ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan voqea: Farg'ona viloyatining tumanlaridan birida kasalmand onasining tikilib termulgan o'g'li, keksa otaxonning beliga quvvat bo'lib turgan yolg'izgina nabira (maktabda o'qishdan tashqari vaqtlarida kosibdan hunar o'rganayotgan) – o'n to'rt yoshli bolani 17 ming so'mlik mayda-chuyda yeguliklarni pul to'lamay olib chiqib ketayotgani uchun do'kon sotuvchilarining murojaati bilan ichki ishlar xodimlari qamab qo'yishgan, ikki kundan keyin uning murdasini qaytarib berishgan.
O'shanda o'smirning 17 ming so'mlik o'g'irlik ustida qo'lga tushgani haqidagi gaplar ijtimoiy tarmoqda xo'pam aylandi. Uning fojiali o'limi sabablari… to'g'ri, ninaniyam beso'roq olish mumkin emas. Lekin hayot-da, ozgina mehru insoniylik bilan surishtirilsa, sababi o'rganilsa, o'smirning kambag'al oilaning farzandi ekanini, (balki) o'sha paytda qorni ochu cho'ntagi qup-quruqligidan bilib-bilmay noto'g'ri qadam qo'yganini tushunish mumkin edi. Zero, u erka-tantiq, bebosh emas, yetishmovchilikda ulg'ayib, yosh boshiga ham o'qib, ham hunar o'rganayotgan farzand, nabira bo'lgan deyishmoqda. Bir norasida, hayoti sinovda kechayotgan onaning suyanchig'i pul topib insof topmaganlar, mansab topib mehru muruvvat, shafqatu odamgarchilikdan mosuvo bo'lganlar sabab o'lib ketdi. Qo'ni-qo'shnilar, mahalla, maktab jamoasi jim, jim… Buzuqchiliklar atrofida ariday g'ujg'on bo'lib, uni kuzatib, tomosha qilib, elu yurtga ovoza etamiz-u, og'ir ijtimoiy fojialarni muhokama, tahlil qilish, ularning hayotiy ildizlarini quritish uchun ehtiyojimiz, jur'atimiz yo'qligi, hech birlashmasligimiz alam, yuragingni qon qiladi…
Hadisi sharifda aytilishicha, mo'min inson toki jannatga kirmaguncha yaxshilikka to'ymas ekan.
Muhtarama ULUG'OVA