Maqsadsiz hayot, jonsiz muloqot
Fan va texnologiyalar sohasida kutilmagan yangiliklar yuz berayotgan shiddatli zamonimizda ko'pchilik hayotiy maqsadi va bu maqsadga olib boruvchi vositalarni ajratolmayotgani yaqqol sezilmoqda. Yashashdan maqsadi nimaligi haqida jiddiy o'ylab ko'rishga fursat topolmaydigan kishilar ham kam emas. Yaxshi yashashni, mashina olishni, dang'illama uy solishni orzu qilganlar esa, niyatiga yetish yo'lida ko'proq pul topishi lozimligini yaxshi bilishadi. Ammo mashinalarning yangidan-yangi rusumlari ishlab chiqarilayotgani unga tinchlik bermaydi, qayta-qayta mashina almashtirishga majbur. Afsuski, u hatto elektromobil sotib olganda ham o'zini xotirjam his etolmaydi. Chunki bu, baribir ulov, insonning chinakam orzusiga yetish yo'lida (transport) vosita, xolos.
Yana kimdir, ayniqsa, yoshlar so'nggi rusumdagi telefon sotib olishni orzu qilishadi. Keyingi vaqtlarda metroga tushganda yoki avtobusga chiqqanda atrofga qarasangiz, yo'lovchilarning deyarli barchasi telefondan ko'z uzmay o'tirganiga guvoh bo'lasiz. Beixtiyor yoningizdagi yoshi elliklardan oshgan kishining telefoniga ko'z tashlaysiz: kap-katta kishi telefonda narda o'ynab ketyapti. Uning narigi yonidagi talaba qizning qo'l telefonida yangicha urfdagi liboslar — chiroyli kiyingan qizlar surati aylanadi. U qarshisida qari kampir tik turganini sezmaydi, u tarafga qaramaydi: ayni vaqtda xayoli juda qiziqarli mashg'ulot bilan bandligi bois o'zidan kattalarga joy bo'shatish malol keladi. Eshik oldida qulog'iga “naushnik” taqqan yigitcha bir qaraganda xuddi o'zi bilan o'zi gaplashayotganga o'xshaydi. Xullas, hamma qandaydir qiziqarli o'yin va tomoshalar girdobida. Ha, zamonaviy telefonlar odamlarni o'zi bilan o'zini ovora qilib qo'ygani bor gap. Telefonda kitob o'qib o'tirgan yo'lovchilar ham bor, ammo ular onda-sondagina duch keladi.
Telefonning ta'sir va xizmat doirasi tobora kengayib borayotgani barchaga ma'lum. Bundan yigirma yil avval unda faqat gaplashilardi, o'n besh yil oldin xabar yuborish imkoniyati paydo bo'ldi, o'n yil oldin internet orqali istalgan axborotni olish, hatto teleko'rsatuvlarni ko'rish mumkin bo'ldi va televizor ko'ruvchilar soni keskin kamayib ketdi.
Telefon beg'araz dastyorga aylandi. Hatto bir zamonlar eshikma-eshik yurib to'yga aytishdek milliy udumlarimiz chetga surildi: telefon orqali bitta xabar yuborilsa, bas. Demak, milliy urf-odatlardan biri kundalik turmushimizdan chiqarib tashlandi.
Bunday yo'qotishlar haqida istagancha yozish mumkin.
Eng xavotirlisi, telefonga do'st tutingan yoshlarimizda muloqot yuritishga, muomala madaniyatini saqlashga sabr-toqat qolmayotgani sezilmoqda. Shuningdek, kuzatuvlarga ko'ra, husnixat, she'r yodlash va ifodali o'qish, gazeta, kitob mutolaa qilish singari fazilatlar (endilikda fazilat desak ham bo'ladi!) ham barham topayotgandek ko'rinadi. Chunki miyasi turli kerakli-keraksiz, turli mavzudagi axborotlarga, filmlarga to'lib-toshgan o'quvchi va talabalar she'r yodlashga qiynaladi. Asosiysi, vaqt topolmaydi. Qolaversa, she'rni telefonga qarab o'qib berishdan uyalmaydi.
Men hozirgi yoshlarni ayblash fikridan yiroqman. Ular otalar yaratgan muhitda o'sib-ulg'aymoqda. Bundan ming yil burun alloma bobomiz Yusuf Xos Hojib zamonasidagi yoshlardan nolib, oxirzamon bo'ldi, shekilli, deb yozgan ekan. Otalar va bolalar orasidagi ziddiyatlar davom etaveradi. Bu tarixiy jarayon. Faqat milliy o'ziga xosliklarni har qanday sharoitda ham bolalar otalaridan meros qilib olishlari lozim. Bu merosning asosiy qismi, albatta, ibrat, muloqot va suhbatlar orqali avloddan-avlodga o'tadi.
Shu o'rinda telefonning salbiy ta'sirlarini o'rganish borasida bizda qandaydir imkoniyatlar mavjudligini ta'kidlash joiz. Bizdan oldinroq telefon, smartfon, internet va boshqa texnik vositalarni ixtiro etib, amalga kiritgan ilg'or davlatlar tajribasini o'rganish, xulosa chiqarish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko'rish mumkin. Ya'ni, xorijliklar shunday axborot inqilobini sodir etib nimaga erishdi va buning oqibatida nimalardan mahrum bo'lishdi? Albatta, bu borada ilmiy yondashuvga ehtiyoj katta. Ayniqsa, falsafa, sotsiologiya, etika-estetika singari sohalar jamiyatda yuz berayotgan o'zgarishlarga o'z munosabatlarini bildirishsin. Bu masala kompyuter va smartfonga ko'p qarash oqibatida kelib chiqadigan ko'z kasalliklarining oldini olish yo'lida tadqiqot olib borayotgan oftalmolog vazifasidan ko'ra muhimroqdir.
Yildan-yilga ijtimoiy muammolar doirasi kengayib borayotganini ta'kidlagan holda yana yuqoridagi fikrga qaytamiz. Bizda vositalar maqsadga aylanib qolmayaptimi? Inson umrini yelga sovuradigan ermaklar ko'payib ketmayaptimi?
Humoyun AKBAROV