Men, bu — mengina emasman
yoki hamma narsaning javobi bor…
Inson yashar ekan, doim intilishda, erishmagan nimasigadir erishish uchun harakatda bo'ladi. O'zini o'zi bunyod qilib boradi. Shu bilan birga u atrofdagi olam bilan chambarchas bog'liq holda yashaydi. Bu bog'liqlik shu darajada mukammalki, biz uning biror rishtasini uzolmaymiz. Bu bizga bog'liq emas, ayni paytda bog'liq ham. Buning sababini quyida bilib olishga harakat qilamiz.
Borliqaro uch zamon mavjud ekan, biz ana shu uchala zamonga ham taalluqlimiz. Uch zamon birgina bizning fe'l-atvorimiz, xatti-harakatimiz, xulq-atvorimiz bilan mavjuddir. Avvallari xalqimizda yetti pushtini surishtirish rasm bo'lgan. Odamlar bir-birlari bilan quda-anda bo'lishayotganda bu udumga amal qilishgan. Buning zamirida moddiy ne'matlar bilangina bog'liqlik emas, balki ulkan ma'naviy mazmun-mohiyat ham yotadi. Xo'sh, nega? Chunki har bir inson o'zi bir qutbdir. U o'tmish bilan ham, kelajak bilan ham bog'liq. Xalqimizning hikoyatlariga, rivoyatlariga quloq soling, ularni teran mushohada qiling, shunda buni anglaysiz. Bizni qisman o'tmish boshqaradi, biz ham o'tmishga ta'sir etamiz.
Biz kelajakni boshqaramiz, ayni paytda kelajak ham bizga ta'sir etmay qolmaydi. Aniqroq qilib aytganda, bizning o'y-xayollarimiz, niyatlarimiz, xatti-harakatlarimiz, odob-axloqimiz o'tmish ajdodlarimizga ta'sir etadi, shu bilan birga kelajak nasllarimizning hayotlariga yo'l tashlab qo'yadi. Kelajak nasllar esa ana shu bizning niyatlarimiz, o'y-xayollarimiz, xulq-atvorimiz chizib qo'ygan yo'ldan yurishga ba'zan majbur bo'lib qoladi. Buni har bir inson o'z hayotini tahlil qila turib sezishi mumkin. Birgina misol:
Talabalik yillarimda, (ayni kuchga to'lgan, o'zimga sig'maydigan yoshimda) bir kuni kursdoshlarim bilan hayvonot bog'iga aylangani bordim. Tomosha qilib yurib, yo'lbars yotgan qafasning oldiga kelganimda g'alati bir hissiyot meni qamrab oldi. Yo'lbarsni minish, uning junlarini mahkam changallab olish xayoli ichimda shunaqa kuchli istakka aylandiki, qani endi qafas ochilsa-yu shu qafasga kirib yo'lbarsga tashlansam. O'sha paytdagi bu hissiyot qanchalik bema'ni ekanligini o'zingiz sezib turibsiz. Ammo ne qilayki, ko'nglimda bu istak juda kuchli edi. Bu hissiyot menda qayoqdan paydo bo'ldi? Oradan yigirma yillar o'tib, bu savolga javob topganday bo'ldim. Ancha keksayib qolgan tog'amni ziyorat qilgani borgandim. Uzoq suhbatlashdik. Uzoq o'tmishda o'tgan bobolarimiz haqida gapira turib, tog'am oltinchi bobosi yotgan joyga hech ziyorat qilgani borolmagani haqida o'kinib gapirdi. O'sha bobosi O'zganda Qilichburhon ota qabristoniga qo'yilganini menga uqtirdi. Ma'lum bo'ldiki, o'sha ajdodimiz qaysidir hukmdorning ov boshisi bo'lib, ko'pincha to'qaylarda quruq qo'l bilan yo'lbars ovlar ekan. Yoshi o'tib qolgan paytida yo'lbars bilan olishib halok bo'lgan ekan. Vujudim titrab ketdi. Demak, o'sha uzoq ajdodimning niyati, o'y-fikri talabalik chog'imda menda zuhur qilgan ekan-da?!
Biz o'tmish ajdodlarimizga qanday ta'sir etamiz? Buni anglash uchun xalq hikoyatlariga quloq soling. Afsonayu rivoyatlar, hikoyatlar zamirida ayni haqiqatlar mavjud.
O'tgan zamonda juda faqir, hammollik bilan kunlik nonini arang topib yeydigan bir yigit tush ko'ribdi. Tushida ko'pgina odamlar daryo bo'yida o'tirishganmish, shularning ichida uning ota-onasi ham bormish. Boshqa odamlarning oldilarida turli-tuman yeguliklar bor emish-u, ota-onasining oldilarida hech narsa yo'q, och o'tirishganmish. Yigit otasidan buning sababini so'rabdi.
— Chunki sendan bizga hech qanday ehson kelmayapti-da, — debdi otasi.
Yigit mahzun bo'lib uyg'onibdi. Qanday qilib bo'lmasin ehson qilishni o'ylab qolibdi. U bir ilmli, nuroniy odamga maslahat solibdi.
— Ehson qilishning qiyin joyi yo'q, bolam, — debdi nuroniy, — choy ichgani o'tirganingda chiroyli qilib dasturxon yoz. Yegan bir burda noningning savobini ota-onangga bag'ishla. Dasturxonda qolgan non ushoqlarini pokiza joyga qoq, “qush-qo'noqlar yesa, shuning ham savobini ota-onamga bag'ishladim”, deb duo qil. Shuning savobi yetarli bo'ladi.
Yigit nuroniy aytganiday qilishni odat qilib olibdi. Bir necha fursat o'tganidan keyin tag'in tush ko'ribdi. Yana o'sha odamlar daryo bo'yida o'tirishganmish. Ota-onasining oldilarida ajoyib noz-ne'matlar bisyor emish. Yigit otasidan buning sababini so'rasa, buncha noz-ne'matlar uning duosi barakotidan kelayotganini aytibdi.
Bu shunchaki bir hikoyat-da, deganlar adashadilar. Aslida, bu ayni haqiqat. Bizning xatti-harakatlarimizdan, gap-so'zlarimizdan o'tmishdoshlarimiz bahramand bo'lib turadilar.
Mahallada bir ayolning onasi vafot etdi. Bilamizki, ayollarimiz azani ba'zan haddan oshirib yuboradilar. Shu ayol ertadan kechgacha “onam”lab yig'lashni odat qilib olibdi. Bo'lsa-bo'lmasa onasini yo'qlab yig'layverarkan. Qirq kun deganda tush ko'ribdi. Tushida onasi bo'g'zigacha suvga botib turganmish. Ayol chirqirab onasini qutqarmoqchi bo'lsa, onasi unga musht o'qtalarmish. “Sening bema'ni yig'ilaring meni suvga g'arq qilyapti. Ahvolimni ko'ryapsanmi? Meni bu ahvolga sen solding. Yig'ining o'rniga bir hovuch duo qilmaysanmi?” debdi. O'shandan keyin Qur'on tilovat qilib duo qilishni odat qilgan ayolning tushiga yana onasi kiribdi. Endi onasi oppoq libos, oq ro'molda emish, ko'p odamlar bilan bir yoqqa ketayotganmish. Qayoqqa ketayotganini so'rasa: “O'zimdan keyin kelganlar bilan hajga ketayapman-da, sening yig'ilaring meni qo'yvormayotgandi-da, mana endi bo'shadim”, debdi. Bu hikoyada ham ayni majoziy haqiqat mavjud emasmi? Xalq ichida bunday gap-so'zlarni ko'p eshitgan bo'lsangiz kerak, albatta.
E'tibor berganmisiz, keksalarimiz kechasi tirnoq olma, tirnog'ing o'tga tushmasin, deb uqtirishadi. Tirnoq o'tga tushsa, yangi tirnoqlar bujmayib chiqarmish. Siz shunga ishonasizmi? Men ishonaman. Bu ham ayni rost gap. Lekin yangi tirnoq bilan o'tga tushgan tirnoq orasida qanday bog'liqlik bor — mana shunisi sir. Fan buni izohlab berolmaydi.
E'tibor berganmisiz, ba'zan obro'li, amaldor odamlarning farzandlari sal nojo'ya yo'ldan ketib qolishadi. Bunga kim sabab? Bunga ota-ona sabab. Chunki ota-onaning xayolidan qanday shaytoniy xayollar, qanday yomon o'ylar, kibru havo o'tganini xudodan o'zga hech kim bilmaydi. Ana shu xislatlar farzandda zuhur qilgan. Ba'zan oddiy, ko'p ham birov nazariga ilmaydigan odamlarning farzandlari ziyoli, o'qimishli odamlar bo'lib yetishadi. Bunga ham sabab ota-ona emasmi? Ular ziyoli odamlarga havas bilan qarashgan, farzandlarining shu odamlarday ilmli bo'lishini astoydil istashgan. Shuning uchun farzandlar qoniga ilmga, ma'rifatga intilish hissi o'rnashgan. Sobiq sho'rolar davrida juda ko'p ziyoli odamlar qatag'on qilingan. Xalqqa aksar hollarda savodsiz, yuqoridan nima topshiriq kelsa, shuni o'ylamay-netmay bajaradigan yoki ota-bobolari kun ko'rmagan odamlar rahbar etib tayinlanavergan. Ana shular xalqning sho'ri bo'lgan. Poraxo'rlar, qing'ir yo'llar bilan kun ko'ruvchilar, davlat mulkiga ko'z olaytiruvchilar, mana, qaerdan kelib chiqqan! Bunday odamlarni to'ydirib bo'lmaydi, chunki ularning qon-qoniga ochlikdan qo'rqish kabi shaytoniy hissiyot o'rnashib qolgan. Ana shu narsa, ana shu nafs ularni egri yo'lga boshlab turadi. Bunday insonlar hayotda to'lib yotibdi. Ular uchun inson taqdiri, yurt, el taqdiri hech qanday ahamiyatga ega emas. Ularning qalbiga el dardi, VATAN dardi sig'maydi.
Yuqoridagi gaplarga hayotda misollar juda ko'p. Barchasida inson ongidagi o'y-xayollarning kelajak nasllarga ta'siri namoyondir. Sizga ba'zilarini misol qilib keltiraman.
Bundan qirq yillar oldin tumanimizdagi shifoxonada nomi mashhur bir shifokor ishlardi. Yaxshi mutaxassis edi. Qabuliga odamlar ko'p kelardi. Lekin bir nuqsoni bor edi: ishi tushgan odamga “bizga ataganingiz bormi?” deb turardi. Bugun o'sha odamning bir farzandi bor. Ko'rinishidan tuppa-tuzuk. Biroq hech qaerda ishlamaydi. Korxonalarning darvozalariga borib, ishga kelayotgan odamlarning yo'lini poylaydi. “Bizga ataganingiz bormi, aka?” deb tilanchilik qiladi. Endi o'zingiz ayting, shu bolaning nuqsoni o'sha vrachning fe'l-atvoridan kelib chiqmaganmi?
Ikki tengdoshimiz bo'lardi. Shu odamlar ko'p shahvoniy filmlarni ko'rishga ruju qo'yib qoldilar. Ilmli odamlar bir necha marotaba nasihat qilishdi. Ular quloq solish o'rniga o'zlarining yo'lini targ'ib qilardi. Yillar o'tdi. Bolalar ulg'aydi. O'sha tengdoshlarimizdan birining qizi yaxshi odamlarga kelin bo'ldi. Lekin shu qiz xiyonatkor xotin bo'ldi. Uni yo'ldan qaytarishga ko'p urindilar. Afsus… Ikkinchisining esa yolg'izgina o'g'li bor edi. Shu bola, nima bo'ldi-yu, bir kasallikka chalindi. Ko'p o'tmay vafot etdi. Otalarning kasofati bolalarga urdi. Shu tariqa yomon o'y, yomon fikr uchun tovon to'landi.
Yoki bo'lmasa, yana bir narsani aytsam: qishloqda bir ayol bo'lardi. Eriga ko'p bevafoliklar qildi. Umri bo'yi ko'p hunarlar ko'rsatdi. Eri jilovlay olmadi, lekin uning butun qilmishlariga sabr qildi sho'rlik. Bugun o'sha ayolning kelini xuddi o'zidek bo'lib chiqdi. Ana sizga – qaytar dunyo!
Demak, har bir qadamimiz uchun javob berishimiz kerak ekan-da. Har bir bosgan qadamimizning ajrini olaverar ekanmiz. Ammo niyatlarimiz, ongimizdan o'tgan o'y-xayollarimiz uchun kelajagimiz jazolanib qolishi ham mumkin ekan. Hayotdagi juda ulkan vazifamiz ongimizni, niyatimizni poklash ekan. Demakki, uch zamon bizda, biz esa uch zamonda zuhur qilar ekanmiz.
Sobirjon HAKIMOV