O'zbekiston – BRIKS:

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-24 oktyabr kunlari Rossiya raisligida Qozon shahrida bo'lib o'tadigan BRIKS sammiti doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.

Ma'lumki, ushbu tuzilma 2006 yil iyun oyida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida tashkil etilgan. Tashkilotni tuzish  Rossiya tomoni tashabbusi bilan boshlangan edi.

Rossiya, Braziliya, Xitoy tashqi ishlar vazirlari va Hindiston mudofaa vaziri ishtirokidagi o'sha paytdagi BRIKning birinchi yig'ilishi 2006 yil 20 sentyabrda Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 61-sessiyasi doirasida bo'lib o'tgan edi.

2010 yil 12 noyabrda Seulda bo'lib o'tgan G20 sammitida Janubiy Afrika Respublikasi BRIKga qo'shilish istagini bildirdi. Janubiy Afrikaning qo'shilishi bilan tuzilma nomi BRIKS sifatida qayta  tashkil etildi.

2023 yil avgustda bo'lib o'tgan sammitda Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Efiopiya va BAA BRIKSga to'laqonli a'zo sifatida qo'shilish uchun taklif qilingan edi.

2024 yil yanvarda ushbu davlatlardan to'rttasi – Misr, Eron, BAA va Efiopiya tashkilotga rasman qo'shildi.

Birlashmaga a'zo bo'lgan davlatlar nufuzli xalqaro tuzilmalar – BMT, G20, Jahon savdo tashkiloti, Qo'shilmaslik harakati, G77 guruhi, shuningdek, qator yirik mintaqaviy birlashmalarning nufuzli ishtirokchilari hisoblanadi.

BRIKS hamkorlari o'rtasidagi munosabatlar BMT Nizomi, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va normalari, shuningdek, tenglik, ochiqlik, pragmatizm, birdamlik, qo'shilmaslik va uchinchi tomonlarga betaraflik tamoyillari asosida qurilgan.

Birlashma mexanizmi, ta'kidlanganidek, tinchlik, xavfsizlik, taraqqiyot va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. BRIKSning asosiy maqsadi  ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy va texnologik salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlash yo'lida samarali aloqalar uchun sharoit yaratishdir.

BRIKS doirasida Ishbilarmonlar kengashi va BRIKS Taraqqiyot banki faoliyat yuritadi. Iqtisodiy yo'lda tuzilma mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlik 2025 yilgacha bo'lgan Iqtisodiy sheriklik strategiyasiga asoslanadi.  U a'zo mamlakatlarning ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarini ularning ko'p tomonlama formatdagi o'zaro ta'siri bilan to'ldirishni, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, birlashmalar va forumlarda, birinchi navbatda Jahon savdo tashkilotida muvofiqlashtirishni ta'minlashni nazarda tutadi.

BRIKS mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlar formatlari tizimi oliy darajadagi yillik rejalashtirilgan uchrashuvlarni o'z ichiga oladi. BRIKSga raislik taqvimi yil davomida ishtirokchi davlatlar tomonidan rotatsiya asosida amalga oshiriladi. Barcha qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi.

O'zbekiston uchun BRIKS inklyuziv hamkorlik va barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surish uchun izlanayotgan platforma hisoblanadi.

2015 yilning 9 iyul kuni O'zbekiston Rossiya tomoni raisligida Ufa shahrida bo'lib o'tgan ShHT va BRIKSga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi. Yig'ilishda tashkilotga a'zo 9 davlat rahbarlari qatnashgan.

O'zbekiston Prezidenti 2022 yil 24 iyun kuni “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo'yicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etdi. Xitoy tomoni raisligida o'tgan ushbu onlayn-forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi.

Rossiyaning BRIKSga joriy raisligi doirasida O'zbekiston Yoshlar sammiti, BRIKS sport o'yinlari, IX yuridik forumi, X parlament forumi, turdosh shaharlar va munitsipalitetlar forumi, shuningdek, BRIKS va “BRIKS plyus” mamlakatlarida xavfsizlik masalalarini nazorat qiluvchi  yuqori  darajali  shaxslar  uchrashuvida ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 24 iyun kuni bo'lib o'tgan “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo'yicha yuqori darajadagi muloqotda so'zlagan nutqida, “Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlarni yengib o'tish maqsadida savdodagi to'siqlarni bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasi bo'yicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sun'iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, vaksinalar ishlab chiqish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ahamiyatga ega”, deya ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Qo'shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yo'lga qo'yishni taklif qildi.

“Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishish uchun keng ko'lamli xalqaro sheriklikka, shu jumladan, “Janub – Janub” formatidagi hamkorlikka ochiqmiz va bu yo'lga sodiqmiz”,  dedi O'zbekiston yetakchisi.

 “Dunyo” AA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 5 =