Ozarbayjonga ko'ngil ko'zi bilan qaragan olim
Olmos ULVI,
filologiya fanlari doktori, professor,
“Do'stlik” ordeni sohibi
Ozarbayjonning nufuzli adabiy nashrlaridan biri “525-chi gazet”da filologiya fanlari doktori, professor, “Do'stlik” ordeni sohibasi Olmos Ulvining adabiyotshunos olim, professor Adhambek Alimbekov haqidagi “Ozarbayjonga ko'ngil ko'zi bilan qaragan olim” sarlavhali maqolasi chop etildi. O'zbek adabiyoti haqida ko'plab adabiy tadqiqotlar muallifi Olmos xonimning maqolasini ayrim qisqartishlar bilan e'tiboringizga havola etayapmiz.
2013 yili Ozarbayjon Fanlar akademiyasi muxbir a'zosi, professor Nushoba Arasli bilan birga Alisher Navoiy xotirasiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy anjumanga taklif etildik. Bizni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo'limi boshlig'i, professor Adhambek Alimbekov kutib oldi va Toshkent yaqinidagi “Do'rmon” ijod uyiga olib bordi. Xushhavo bog'dagi shoir va olimlar makonining fusunkor muhiti, turli-tuman serhosil daraxtlar, anvoyi gullar va bu go'zallikdan jo'shgan qushlarning “chah-chah”i bizni sehrlab qo'ydi. Nushoba xonim so'lim tabiat qo'ynida yaratilgan bog'dan hayratda qolganini yashirmadi: “Bunday go'shada yashab turib ijod qilmaslik, yozmaslikning o'zi gunoh”. Klassik an'anaga ko'ra, bog'ning to'rt tomonidan tiniq suvli ariqlar oqar, bu esa o'zgacha zavq bag'ishlardi.
Biz bu go'zal maskanda atigi bir kun bo'ldik, ertasiga ilmiy anjumanda ishtirok etish uchun Toshkentga keldik. Safarimiz davomida bizga cheksiz mehmondo'stlikni namoyon qilgan bu inson o'z samimiyati, olijanobligi bilan xotiramizda chuqur iz qoldirdi.
Suhbat davomida Adhambek Alimbekov Ozarbayjonni qardoshlik muhabbati bilan sevishini, bu o'lka o'zining tarixi va jug'rofiyasi bilan ko'nglidan joy olgan turkiy Vatan ekanini e'tirof etdi. Keyinchalik u Ozarbayjonga bir necha bor keldi. To'g'ri, bizning qo'limizdan u qilgan ishlarning yuzdan biri ham kelmagan bo'lsa-da, birgalikda qatnashgan kitob taqdimotlari va anjumanlarda unga o'z hurmat-ehtiromimizni ko'rsatishga harakat qilardik.
Bu yil ilm-ma'rifat sohibi bo'lgan professorning 70 yilligi nishonlanadi. Ushbu qisqa tavsif orqali u bilan yaxshiroq tanishasiz, degan umiddaman.
Adhambek Alimbekov 1954 yil 11 aprelda Chimkent viloyati, Bugun tumanining “Qo'shtegirmon” qishlog'ida tavallud topgan. 1971 yili Hamza nomidagi 30-o'rta maktabni oltin medal bilan tugatib, Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetiga o'qishga kirgan. 1976 yilda universitetni imtiyozli diplom bilan bitirib, aspiranturada tahsilni davom ettirgan. 1982 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. Aspiranturani tugatgach, universitetda o'zbek va jahon adabiyotidan dars bergan. Ko'plab maqola va darsliklar, monografiyalar, adabiy risolalar muallifi Adhambek Alimbekov 1996 yilda dotsent, 2022 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo'lgan.
Adhambek Alimbekov 1976 yildan beri adabiy jarayonda faol ishtirok etib kelmoqda. U televidenie va radioda adabiy, madaniy-ma'naviy mavzudagi dasturlar olib borgan olimlardan biri. O'zbek adabiyoti va jahon adabiyotining qiyosiy tahlili, adabiy aloqalar, zamonaviy yozuvchi va shoirlar ijodiga bag'ishlangan o'nlab ilmiy maqolalar muallifidir. Xalqaro ilmiy anjumanlarda o'zbek adabiyotining bugungi davrdagi taraqqiyoti, O'zbekistonda jahon adabiyotini o'rganish bo'yicha qiziqarli ma'ruzalari bilan ishtirok etgan. Xususan, Alisher Navoiy ijodini Sharq mamlakatlarida o'rganishga bag'ishlangan maqolalari olimlar tomonidan e'tirof etilgan.
Uning “Yulduzning besh qirrasi”, “Latif she'riyat”, “Turk adabiyoti”, “So'z chamani ichra navo ko'rguzib” nomli ilmiy monografiyalari, Ozarbayjon va qozoq adabiyotlari haqidagi “Qardosh turkiy xalqlar adabiyoti” to'plamlari, turk adabiyotiga bag'ishlangan o'quv qo'llanmalari, “Ishq asiri bo'lgan jon”, “Bilib aytilgan so'z”, “Ezgulikka esh ko'ngil”, “Chingiz Aytmatov — dildoshimiz” singari risolalari ilmiy doiralarda mutaxassislarning diqqatini jalb etdi. Adhambek Alimbekovning maqolalari ozarbayjon, turk, qozoq, qoraqalpoq, ingliz, rus, arab, panjob tillarida e'lon qilingan. Badiiy ijod bilan ham jiddiy shug'ullangan Adhambek Alimbekovning “Yaproq hikoyalar” to'plami 2017 yili nashr etilgan.
U o'zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilishda faol ishtirok etmoqda. Koreys tilida “XX asr o'zbek she'riyati namunalari”, “XX asr o'zbek hikoyalari”, “Zulfiya she'riyati”, ingliz tilida “Qalbim sizga intizor”, rus tilida “Ko'nglim daryosi” nomli o'zbek nasri va she'riyati antologiyalari tuzuvchisi va targ'ibotchisi.
Keyingi yillarda u Sharq tarjimashunosligi tarixiga, o'zbek tarjimonlari, umuman, tarjimashunoslikka oid kitoblar (masalan, “Sharq xalqlari adabiyotidan tarjimalar”, “Tarjima masalalari”) tuzuvchisi va taqrizchisi sifatida ham tanildi.
Hozirgi kunda professor Adhambek Alimbekov Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tarjimonlarning yangi avlodini tayyorlashga o'z hissasini qo'shmoqda.
Ozarbayjonga qalban bog'langan ma'rifatparvar olim va pedagog, qadrdon birodarimiz Adhambek Alimbekovni qutlug' yoshi bilan samimiy muborakbod etib, unga ijodiy zafarlar tilaymiz.
Ozarbayjon tilidan
Shahlo QOSIMOVA tarjimasi.