O'zbekiston Prezidenti mamlakatni tashqi dunyoga ochdi

Parijda O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollariga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi.

Mamlakatimiz elchixonasida “O'zbekiston va Fransiya o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga yangicha yondashuv” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.

Tadbirda Fransiya Senati, Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, madaniyat va jamoat doiralari vakillari, shuningdek, O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi  mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Anjuman chog'ida 2017 yildan buyon O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida so'z yuritildi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari chiqishlarida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida erishilayotgan yutuqlarga alohida to'xtalib o'tildi. O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida inson huquqlari to'liq aks etgani, ilg'or jahon tajribasiga to'la mos kelishi ta'kidlandi. Shuning­dek, fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri sifatida O'zbekistonda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. O'zbekistonning gender tengligini ta'minlash tajribasi  bo'yicha batafsil  taqdimot o'tkazildi.

Fransiya siyosiy va ekspert doiralari vakillari o'z chiqishlarida O'zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, ko'p qirrali o'zbek-fransuz hamkorligining turli jihatlariga to'xtaldilar.

“Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi vitse-prezidenti, senator Andre Rishar o'z ma'ruzasida Shavkat Mirziyoyev O'zbekis­ton Prezidenti etib saylanishi bilan mamlakatda inson hayotining barcha jabhalarida, birinchi navbatda, iqtisodiyotda keskin o'zgarishlar yuz berganini ta'kidladi.

“O'z mohiyatiga ko'ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni tashqi dunyoga ochdi, respublika iqtisodiyotini faol rivojlantirmoqda, ta'lim, sog'liqni saqlash va turizm sohalarida katta islohotlarni amalga oshirdi. O'zbekistonda 2023 yilda bo'lib o'tgan Prezident saylovi natijalariga keng ko'lamli islohotlarni davom ettirish kafolati sifatida qarash kerak. Shuningdek, xalqaro maydonda davom etayotgan geosiyosiy noaniqlik sharoitida O'zbekis­ton siyosati alohida e'tiborga loyiq. Toshkent mus­taqil, biroq ayni paytda mutanosib tashqi siyosat yuritayotganini alohida ta'kidlash joiz.  Davlatingiz yetakchisining bunday yondashuvi tufayli Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi do'stlik va ishonch muhiti shakl­landi. Bu O'zbekiston Prezidentining diplomatik muvaffaqiyatidir”,  dedi u.

Andre  Rishar O'zbekiston-Fransiya hamkorligiga to'xtalar ekan, ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar o'zining eng yaxshi rivojlanish davrini boshidan kechirayotganini alohida ta'kidladi.

Sorbonna universiteti professori Jan-Antuan Dyupra o'z chiqishida, O'zbekis­ton iqtisodiyotining liberallashuvi fonida fransuz biznesining qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.

“Yirik fransuz kompaniyalari O'zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirmoqda. Xususan, xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Shu bilan birga, mamlakat qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish uchun alohida salohiyatga ega”,  dedi u.

Termizdagi Fransiya arxeologiya mis­siyasiga rahbarlik qilgan arxeolog Per Leriche olimlarning sa'y-harakatlari bu hudud tarixi va madaniyatini tashqi dunyoga ochishga qaratilganini ta'kidladi.

“Tadqiqotlar natijasida biz topgan qadimiy osori atiqalar Termiz muzeyida namoyish etildi. Bugungi kunda ushbu muzey O'zbekistondagi mashhur muzeylardan biriga aylandi”,  dedi arxeolog.

Fransiyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Jan-Klod Rishard ishtirokchilarga Fransiya-O'zbekiston munosabatlari tarixi haqida ma'lumot berar ekan, ikki tomonlama munosabatlardagi dinamiklikdan juda mamnun ekanligini ta'kidladi.

Davra suhbati doirasida, shuningdek, Jeneva Diplomatik doirasi prezidenti Rolan Blyumning “O'zbekiston – Markaziy Osiyo durdonasi” kitobining taqdimoti ham o'tkazildi.

 “Dunyo” AA,

Parij shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 17 =