O'zbekistonning muhim qadamlari

Italiya parlamentida Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va  ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga bag'ishlangan brifing bo'lib o'tdi

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo'mitasi raisi Malika Kadirxanova boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 31 yanvar – 3 fevral kunlari amaliy  tashrif bilan Rimda bo'ldi.

Delegatsiya tarkibidan O'zbekiston adliya vazirining o'rinbosari Muzraf Ikromov, “Yuksalish” milliy harakati raisi Bobur Bekmurodov o'rin oldi.

Tashrif davomida Italiya parlamentida «O'zbekistonda yangi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy islohotlar: Yevroparlament va Italiya bilan hamkorlik va muloqotni chuqurlashtirish istiqbollari» mavzusidagi brifing tashkil  etildi. Unda 30 dan ortiq deputat, Italiya parlamenti senatorlari, shuningdek, tahliliy tuzilmalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Malika Kadirxanova brifing ishtirokchilariga Yangi O'zbekistonni isloh qilish strategiyasining asosiy yo'nalishlari, yangilangan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va ahamiyati, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, xususan, Italiya bilan  ko'p qirrali o'zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berdi.

O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini, gender tengligini ta'minlash, fuqarolik jamiyati ins­titutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish, xorijiy investorlar manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarga alohida e'tibor qaratilayotgani  ta'kid­landi.

Muzraf Ikromov va Bobur Bekmurodov o'z chiqishlarida,  Italiya tomoni O'zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatining mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslarini shakllantirish, shuningdek, NNT faoliyatini takomillashtirish va sezilarli darajada soddalashtirishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlari qabul qilinishi haqida ma'lumot berdilar. Shu bilan birga, so'z va vijdon erkinligini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida erishilgan natijalar alohida urg'ulandi.

Italiya Deputatlar palatasi vitse-prezidenti Ettore Rozato o'z navbatida, so'nggi yillarda Italiya – O'zbekiston munosabatlari rivojlanish cho'qqisiga chiqqanini ta'kidladi. Qayd etilganidek, Italiya uchun O'zbekiston mudofaa, xavfsizlik, energetika, ta'lim va turizm sohalarida muhim hamkor hisoblanadi. Shuningdek, global muammolarni hal etishda O'zbekiston va Italiyaning pozitsiyalari ko'p jihatdan mos keladi yoki juda  yaqin.

“O'zbekiston rahbariyati tomonidan iqtisodiyotni liberallashtirishning ushbu sohalarida islohotlarni amalga oshirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish borasidagi jiddiy qadamlarni yuksak qadrlaymiz”, – dedi Ettore Rozato.

Parlament Deputatlar palatasidagi “Italiya-Markaziy Osiyo” parlament do'stlik guruhi rahbari Fabritsio Bensoni ma'ruzasida O'zbekistonda 2023 yilda  o'tkazilgan  konstitutsiyaviy referendum va muddatidan ilgari Prezident saylovining yakuniy natijalarini e'tirof etdi. “O'zbekiston fuqarolik ja­miyati institutlarini yangilash borasida muhim qadam tashlamoqda. Rasmiy Toshkent konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, jumladan, yangilangan Konstitutsiyaga gender tengligi va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga doir alohida normalarni kiritish orqali Italiya tajribasini joriy etayotganidan juda mamnunmiz”, – dedi siyosatchi.

Shuningdek, u mamlakatimizda davlat banklari va yirik kompaniyalarni xususiylashtirish jarayonlari tufayli italiyalik investorlarning O'zbekiston bozoriga qiziqishi kuchayib borayotganini ta'kidladi. Unga ko'ra, Italiya yaqin kelajakda mamlakatimizning 10 ta asosiy iqtisodiy, savdo va sarmoyaviy hamkorlari qatoriga kirish niyatida.

Italiya parlamenti Senati a'zosi Marko Skurriya o'z chiqishida dunyoda davom  etayotgan turli  global muammolar jarayonida Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa davlatlarining qo'llab-quvvatlashiga har qachongidan ham muhtoj ekaniga e'tibor qaratdi.

“Italiya Markaziy Osiyoning mustaqil siyosiy yo'nalishini qo'llab-quvvatlaydi va barcha Yevropa Ittifoqi davlatlarini mintaqa mamlakatlari bilan strategik sheriklik o'rnatish uchun samarali choralar ko'rishga chaqiraman. Bugungi ochiq muloqot shunchaki tadbir emas, balki rasmiy Rimning Toshkent bilan strategik sheriklikni amalga oshirish va do'stona aloqalarni mustahkamlashga tayyorligining tasdig'idir”, – dedi u.

O'zbekiston delegatsiyasi  Italiyaga amaliy  tashrif doirasida, shuningdek,  ushbu mamlakat parlament qo'mitalari rahbarlari, deputatlar, ekspertlar va tahlil markazlari  vakillari  bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazdi.

Xususan, Italiya Senatining Tashqi ishlar va mudofaa komissiyasi raisi Stefaniya Kraksi bilan  kechgan  muloqot chog'ida u Rim Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O'zbekiston bilan hamkorlikni  har tomonlama rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta'kidladi. “Chunki Toshkent Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi  davlatlari o'rtasidagi munosabatlarni mus­tahkamlash jarayonlarining “lokomotivi”ga aylanmoqda. Biz shuningdek,  ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o'rtasida mudofaa va xavfsizlik sohasidagi faol hamkorlikni ham olqishlaymiz”, — dedi u.

Stefaniya Kraksi, shuningdek, Afg'onistonda xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash bilan bog'liq vaziyat nuqtai nazaridan Italiya tomoni O'zbekistonning Termiz shahridagi afg'on yoshlarini, xususan, ushbu  mamlakat xotin-qizlarini o'qitish markazini hamda Xalqaro transport va logistika markazi orqali Afg'oniston aholisiga gumanitar yordam ko'rsatishni qo'llab-  quvvatlashini bildirdi.

Italiya Xalqaro tashkilotlar jamiyati prezidenti Rikkardo Sessa 2023 yil ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va do'stligi tufayli ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim va juda samarali yil bo'lganidan mamnunligini bildirdi. Ta'kidlanishicha, O'zbekiston Prezidentining iyun oyida Rimga va Italiya Prezidenti Serjo Matarellaning noyabr oyida Toshkentga tashrifi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.

U shuningdek, O'zbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, inson huquqlari, gender tengligi, ommaviy axborot vositalari erkinligini va qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy va ma'muriy islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini  aytib o'tdi.

Bundan  tashqari, Rikkardo Sessa “Markaziy Osiyo + Italiya” formatining ahamiyatini alohida  qayd etdi. “Joriy yilning iyun oyida Rimda Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvini tashkil etish, nafaqat Italiyaning siyosiy va iqtisodiy doiralari, balki Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari uchun Markaziy Osiyo mintaqasiga yanada katta qiziqish uyg'otishiga  sabab bo'ladi”, — dedi u.

Mamlakatimiz vakillari tashrif davomida Italiya-O'zbekiston do'stlik jamiyati prezidenti Magda Pedachi bilan ham uchrashuv o'tkazdilar.

Magda Pedachi muloqot avvalida 2023 yil noyabr oyida Italiya Prezidenti Serjo Matarella boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O'zbekistonga tashrif buyurganini esga oldi.

“Men tashrif davomida  O'zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotganiga,  amalga  oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va mamlakatining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganiga  shaxsan amin bo'ldim”, — dedi jamiyat rahbari.

Osiyo va Afrika uchun O'rta Yer dengizi instituti bosh kotibi Vinchenso Valenti bilan o'tkazilgan suhbatda 2023 yilda Toshkent va Rimda o'tgan oliy darajadagi sammitlar yakunlariga ko'ra, Italiya-O'zbekis­ton munosabatlari strategik sheriklik davriga qadam qo'ygani ta'kidlandi.

“Mamlakatingizdagi jadal sur'at bilan davom etayotgan islohotlar  davlatingiz rahbarining siyo­siy irodasi va O'zbekiston xalqining har tomonlama qo'llab-quvvatlashi tufayli amalga oshirilmoqda, — dedi bosh kotib. — Ikki davlatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun  ham ulkan salohiyat mavjud”.

 “Dunyo”AA,

Rim shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − nine =