Muruvvatda mehr bor
Mamlakatimizda har sohada tashabbus keng quloch yozdi. Buni bugungi o'zgarishlardan ham bilib, sezib, his qilib yashayapmiz.
Inson fikrlashi asnosida jonzotlardan farq qiladi, degan gapni ko'p bor eshitganmiz. Va uning hissiyot qo'rg'oni — yuragi urib turar ekan, yaxshilik va ezgulik qilishdan, mehr-saxovat ulashishdan charchamaydi. Garchi bu sana yilda bir marotaba nishonlansa-da, mazkur yo'nalishdagi ezgu ishlar, e'tibor va g'amxo'rlikning e'tirofini biz mamlakatimizning har bir hududida har kuni ko'rishimiz mumkin.
Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, dunyo miqyosida nogironlar hayot tarzini yaxshilashga e'tibor qaratish maqsadida BMT tomonidan 1983-1992 yillar Xalqaro nogironlar o'n yilligi etib belgilangan edi.
Mazkur o'n yillik yakunida, 1992 yil 14 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida e'tirof etilgan. Shundan buyon har yili mazkur sana doirasida nogironlar duch kelayotgan muammolarni chuqurroq anglash, shunday masalalarni hal etish, ularning qadr-qimmati, huquqini himoyalash, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar uyushtiriladi, moddiy ko'mak ajratiladi.
Bu borada mamlakatimizda ham tizimli xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu toifa insonlar imkoniyati sog'lig'i bilan bog'liq muammo sabab cheklangan. Shu bois har tomonlama qo'llab-quvvatlash orqali jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida ularning faolligini ta'minlashga katta e'tibor qaratiladi.
Bugungi kunga kelib dunyoda 1 milliarddan ortiq inson, ya'ni har yetti kishidan biri nogironlikning muayyan turidan aziyat chekadi. Ularning 100 milliondan ortig'i bolalar. Umuman, yer yuzida nuqsoni bor fuqarolarning 80 foizdan ko'pi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Demak, safimizdagi imkoniyati cheklanganlarning har tomonlama teng huquqliligini ta'minlash, qadr-qimmatini himoya qilish zarur.
Ma'lumki, nogironlarning sog'lig'ini saqlash, ularga ta'lim, ish berish, jamiyatda to'laqonli ishtirok etish imkonini taqdim etish oson emas.
Shunga qaramasdan, so'nggi bir necha yil davomida nogiron bolalar va kattalar imkoniyatini kengaytirish bo'yicha ijobiy tendensiya kuzatilyapti. Shu o'rinda mamlakatimizda ham nogironlarga e'tibor yuqori ekanini alohida ta'kidlash kerak.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, har bir kishi ta'lim olish huquqiga ega va davlat o'rta maxsus ta'limini bepul olishi mumkin. O'rta maktabga kirish imkoniyati nogironligi bo'lmagan kishilar uchun 99,8 foizni tashkil etsa-da, nogironligi bor kishilar uchun bu ko'rsatkich 84 foizga teng.
Milliy miqyosda nogironligi bo'lgan kishilarning saylovda ovoz berish huquqini ta'minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2016 yilgi O'zbekiston Prezidenti saylovida erkinlikka erishish borasida muayyan o'zgarish qayd etilgan. Saylov uchastkalari o'zaro zich binolarda tashkil qilingan, “brayl” alifbosida saylov byulletenlari tayyorlanib, nogironlar o'z uyida ovoz berish huquqidan foydalangan.
2017 yil nogironlar va siyosiy partiyalar o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolandi. Ushbu hujjatga ko'ra, siyosiy partiyalarga turli saylovlarda nogiron nomzodlarni ham ko'rsatish majburiyati yuklatildi. Zero, nogironligi bo'lgan kishilarning siyosiy hayotda faol ishtirok etishi inson huquqlari to'g'risidagi konvensiya doirasida majburiyat hisoblanadi.
Jamiyatimizda fuqarolar dini, e'tiqodi, sog'lig'i, ijtimoiy ahvoli va jinsidan qat'i nazar teng huquqlidir. Salomatligida muammo yoki nuqson bor kishilar, asosan, nogiron yoshlar mehr-muruvvat, e'tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo'llab-quvvatlash ham konstitutsion, ham insoniy burchimizdir.
Muqaddas QOSIMOVA,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi.